Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Roʻza masalalari » Nafl roʻzalar » Shavvolning olti kunini zulqa’dada qazo qilish joizmi?
Fatvo: 83292

O'qildi: 68

23.03.2026

/ 4 Shavvol 1447

Fatvo mavzusi:

Shavvolning olti kunini zulqa’dada qazo qilish joizmi?

Savol

Bir ayol Shavvol oyining olti kunidan to‘rttasini tutdi, so‘ngra Shavvolning oxirida hayz ko‘rdi va olti kunni tugata olmadi. Qolgan ikki kunini Shavvoldan keyin tutib, olti kunga yetkazib qoʻysa boʻladimi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Muqaddima

Javobning xulosasi:

Ba’zi ulamolar nazdida, agar Shavvolning olti kuni uzr sababli o‘tib ketsa, uni Zulqa’dada tutish joizdir. Lekin, Nabaviy hadisda bayon qilinganidek, to‘liq ajrga erishish uchun uni Shavvolda tutish afzalroqdir.

 

Batafsil javob:

Shavvolning olti kunlik ro‘zasining fazilati

عَنْ أَبِي أَيُّوبَ الْأَنْصَارِيِّ أَنَّ رَسُولَ اللهِ قَالَ: « مَنْ صَامَ رَمَضَانَ، ثُمَّ أَتْبَعَهُ سِتًّا مِنْ شَوَّالٍ، كَانَ كَصِيَامِ الدَّهْرِ»

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazon ro‘zasini tutib bo‘lib, ketidan shavvolda olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi», dedilar» (Sahihi Muslim, 1164).

Hadisning zohiriga ko‘ra, bu ajrga faqat shavvolda olti kun ro‘za tutgan kishi erishadi.

 

Shavvolning olti kunlik ro‘zasining qazosini Zulqa’dada tutish joizmi?

Ahli ilmlar Shavvoldan boshqa oyda olti kun ro‘za tutgan kishi, uzrli yoki uzrsiz bo‘lsin, Shavvoldagi ro‘zaning fazilatiga erishadimi yoki yo‘qmi, degan masalada bir necha fikrlarga bo‘linganlar:

Birinchi fikr: Molikiylardan bir jamoa va ba’zi hanbaliylarning fikricha, fazilat Shavvolda yoki undan keyin olti kun ro‘za tutgan kishiga hosil bo‘ladi va hadisda Shavvolning zikr qilinishi mukallafga yengillik yaratish uchundir, chunki Ramazondan keyin ro‘za tutish undan keyingi vaqtlarda tutishdan osonroqdir.

Adaviy aytadi: «Shori’ning (Shariat sohibining): «Shavvoldan» deyishi ro‘za tutish jihatidan yengillatish uchundir, uning hukmini o‘sha vaqtga xoslash uchun emas. Shubhasiz, uni Zulhijjaning o‘n kunligida, undagi ro‘zaning fazilati haqida rivoyat qilingan narsalar bilan birga bajarish yaxshiroqdir, chunki zikr qilingan kunlarning fazilatiga ega bo‘lish bilan birga maqsad ham hosil bo‘ladi. Balki uni Zulqa’dada tutish ham yaxshidir.

Xulosa shuki vaqti qanchalik uzoqlashsa, mashaqqatning og‘irligi sababli savobi ham shunchalik ko‘payadi». Iqtibos tugadi («Sharhul Xuroshiy», 2/243).

Makkadagi molikiylar muftiysi Muhammad ibn Ali ibn Husayn tomonidan Ibnul Arabiy al-Molikiydan naql qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «Shavvoldan» degan so‘zlari «misol tariqasidadir, maqsad shuki, Ramazon ro‘zasi o‘n oyga, olti kunlik ro‘za esa ikki oyga tengdir va bu mazhab [ya’ni, Imom Molik mazhabi] shundaydir. Agar u Shavvoldan boshqa oyda bo‘lsa ham, hukmi shunday bo‘lar edi. U shunday deydi: «Bilib qoʻying, bu yuzaki masala emas, balki teran va nozik aqliy xulosadir». Iqtibos tugadi («Tahzib furuq al-Qarofiy», 2/191).

Ibn Muflih rahimahulloh aytadi: «Ehtimolga ko‘ra, uni Shavvoldan boshqa oyda tutish bilan ham fazilat hosil bo‘ladi. Bu ba’zi ulamolarning fikriga muvofiqdir, uni Qurtubiy zikr qilgan. Chunki uning fazilati Savbonning xabarida kelganidek, yaxshilik o‘n barobar bo‘lishidadir. Uni Shavvol bilan qaydlanishi esa, odatlanilgani uchun ro‘zaning osonligi sababli ruxsatdir, ruxsat esa avloroqdir». Iqtibos tugadi («Al-Furu’», 3/108).

Mardoviy rahimahulloh bu soʻzni naql qilib, unga shunday e’tiroz bildirgan: «Mening fikrimcha bu qarash zaif va hadisga ham ziddir. Aksincha, bu Shavvol oyi ro‘zasining fazilati Ramazon oyidan keyin kelishi bilan bog‘liqdir, yaxshilik o‘n barobar bo‘lgani uchun emas, chunki undagi ro‘za vojibning fazilatida Ramazonga tengdir», Iqtibos tugadi («Al-Insof», 3/344).

Ikkinchi fikr: Shofe’iylardan bir jamoaning fikricha, kim Shavvolning olti kunlik ro‘zasini o‘tkazib yuborsa, uning qazosini Zulqa’dada tutadi.

Lekin uning savobi Shavvolda tutgan kishining savobidan kamroq bo‘ladi. Kim Ramazon ro‘zasini tutib, unga Shavvoldan olti kunni ergashtirsa, unga bir yillik farz ro‘zaning savobi bo‘ladi. Ramazon va Shavvoldan boshqa oyda olti kun ro‘za tutgan kishi esa, unga Ramazonning savobi va olti kunlik nafl ro‘zaning savobi bo‘ladi.

Ibn Hajar al-Makkiy aytadi: «Kim uni har yili Ramazon bilan birga tutsa, bu ikki barobar ko‘paytirilmasdan bir yillik farz ro‘za kabi bo‘ladi. Kim undan boshqa olti kunni tutsa, bu ham ikki barobar ko‘paytirilmasdan nafl ro‘za kabi bo‘ladi». Iqtibos tugadi («Tuhfat al-muhtoj», 3/456).

Uchinchi fikr: Uning fazilati faqat Shavvolda tutish bilan hosil bo‘ladi. Bu hanbaliylar mazhabidir.

Buhutiy aytadi: «Uning, ya’ni olti kunning fazilati Shavvoldan boshqa oyda tutish bilan hosil bo‘lmaydi, xabarlarning zohiriga ko‘ra». Iqtibos tugadi («Kashshof al-qino’», 2/338)

Lekin uning ba’zisini tutib, uzr sababli tugata olmagan kishiga uning ajri va fazilatiga erishishi umid qilinadi.

Shayx Ibn Boz rahimahulloh aytadi: «Shavvol oyi o‘tgandan keyin uning qazosini tutish shariatda yo‘q, chunki u vaqti o‘tgan sunnatdir, uzrli yoki uzrsiz tark etilganidan qat’i nazar».

Shavvoldan to‘rt kun ro‘za tutib, ba’zi sharoitlar tufayli olti kunni tugata olmagan kishi haqida aytdi: «Shavvol oyining olti kunlik ro‘zasi vojib bo‘lmagan mustahab ibodatdir. Sizga tutgan kunlaringiz uchun ajr bor va agar uni tugatishga to‘sqinlik qilgan narsa shar’iy uzr bo‘lsa, sizga uning to‘liq ajri umid qilinadi, chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytganlar:

عَنْ إِبْرَاهِيمَ أَبِي إِسْمَاعِيلَ السَّكْسَكِيِّ قَالَ: «سَمِعْتُ أَبَا بُرْدَةَ: وَاصْطَحَبَ هُوَ وَيَزِيدُ بْنُ أَبِي كَبْشَةَ فِي سَفَرٍ فَكَانَ يَزِيدُ يَصُومُ فِي السَّفَرِ فَقَالَ لَهُ أَبُو بُرْدَةَ: سَمِعْتُ أَبَا مُوسَى مِرَارًا يَقُولُ: قَالَ رَسُولُ اللهِ : إِذَا مَرِضَ الْعَبْدُ أَوْ سَافَرَ كُتِبَ لَهُ مِثْلُ مَا كَانَ يَعْمَلُ مُقِيمًا صَحِيحًا»

Ibrohim Abu Ismoil Saksakiy bunday so‘zlab berdi: «Abu Burdadan eshitdimki, u Yazid ibn Abu Kabsha bilan safarda birga bo‘libdi. Yazid safarda ham ro‘za tutar ekan. Shunda Abu Burda unga: «Men Abu Musoning bir necha marotaba: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon banda kasal bo‘lib qolsa yoki safarga chiqsa, unga muqim va sog‘ holida qilgan amallariga yozilganidek (savob) yoziladi», deganlar», deyayotganini eshitganman», debdi» (Sahihi Buxoriy, 2996).

Sizga qoldirgan kunlaringizning qazosi vojib emas. Alloh muvaffaq qiluvchidir» («Majmu’ fatovo ash-Shayx Ibn Boz» 15/389, 395).

Xulosa shuki, Shavvoldan boshqa oyda olti kun ro‘za tutishni ahli ilmlardan ba’zilari Shavvoldagi ro‘za kabi deb bilganlar, ba’zilari esa unga fazilat isbot qilganlar, lekin Shavvoldagi olti kunning fazilatidan kamroq. Ba’zilari esa uzr sababli uni tugata olmagan kishiga savob umid qilganlar. Allohning fazli keng, Uning atosining cheki yo‘q. Agar bu opamiz Shavvoldan o‘tkazib yuborgan kunlari o‘rniga Zulqa’dadan ikki kun ro‘za tutsa, bu yaxshi bo‘ladi va unga, inshaalloh, savob va ajr umid qilinadi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun quyidagi javoblarga murojaat qiling: 7858, 38355, 109217, 83292, 7865, 4082, 7863.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Shavvolning olti kunlik ro‘zasini tutib, ro‘zani yana davom ettirish

    Shavvolning olti kunlik ro‘zasini tugatib, ro‘zani davom ettirishning hukmini bilmoqchiman. Zimmamdagi ro‘zaning qazosini tutdim, so‘ngra Shavvolning olti kunlik ro‘zasini tutdim. Keyin turmush oʻrtogʻim nafl sifatida ro‘zani davom ettirishimizni taklif qildi. Buning shariatdagi hukmi qanday?Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
  • Qasam kafforati uchun shavvol oyining olti kunida ro‘za tutish

    Allohga qasam ichish borasida savolim bor. Men Allohga falon joyga bormaslikka qasam ichdim, lekin bir haftadan keyin o‘sha joyga bordim va Shavvolning olti kunida uch kun ro‘za tutishga qaror qildim, bu qasam uchun kafforat hisoblanadimi? Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
  • Shavvolning olti kunlik ro‘zasini zulqa’dada tutish hukmi

    Agar kishi shavvolning olti kunlik ro‘zasini zulqa’da oyida tutsa, hadisda zikr qilingan xos ajrga erishadimi?
  • Shavvolning ro‘zasini dushanba va payshanba kunlari tutish

    Dushanba va payshanba kunlari ro‘zasining savobiga erishish uchun Shavvol oyining olti kunlik ro‘zasini dushanba va payshanba kunlari tutishim joizmi?
  • Ramazon qazosi bilan shavvolning olti kunini bir niyatda jamlash

    Shavvol oyining olti kunlik ro‘zasini Ramazonda hayz sababli tutmagan kunlarimning qazosi niyati bilan jamlashim joizmi?
  • Shavvolning olti kunida ro‘za tutish makruhmi?

    Ramazondan keyin Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutish haqida nima deysiz? «Muvatto Molik» asarida kelishicha, Imom Molik ibn Anas Ramazondan keyingi olti kunlik ro‘za haqida shunday degan ekanlar: «Ahli ilm va fiqhdan birortasining bu kunlarda ro‘za tutganini ko‘rmadim va salaflardan birortasidan bu haqda menga xabar yetmagan. Ahli ilm buni makruh sanashadi va uning bid’atga aylanib, Ramazonga undan bo‘lmagan narsaning qo‘shilib qolishidan qo‘rqishadi». Bu gap «Muvatto» asarining birinchi juzida, 228-raqam ostida kelgan.