O'qildi: 70
23.03.2026
/ 4 Shavvol 1447
Fatvo mavzusi: Nafl roʻzalar
Savol
Bir ayol Shavvol oyining olti kunidan to‘rttasini tutdi, so‘ngra Shavvolning oxirida hayz ko‘rdi va olti kunni tugata olmadi. Qolgan ikki kunini Shavvoldan keyin tutib, olti kunga yetkazib qoʻysa boʻladimi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning xulosasi:
Ba’zi ulamolar nazdida, agar Shavvolning olti kuni uzr sababli o‘tib ketsa, uni Zulqa’dada tutish joizdir. Lekin, Nabaviy hadisda bayon qilinganidek, to‘liq ajrga erishish uchun uni Shavvolda tutish afzalroqdir.
Batafsil javob:
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazon ro‘zasini tutib bo‘lib, ketidan shavvolda olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi», dedilar» (Sahihi Muslim, 1164).
Hadisning zohiriga ko‘ra, bu ajrga faqat shavvolda olti kun ro‘za tutgan kishi erishadi.
Ahli ilmlar Shavvoldan boshqa oyda olti kun ro‘za tutgan kishi, uzrli yoki uzrsiz bo‘lsin, Shavvoldagi ro‘zaning fazilatiga erishadimi yoki yo‘qmi, degan masalada bir necha fikrlarga bo‘linganlar:
Birinchi fikr: Molikiylardan bir jamoa va ba’zi hanbaliylarning fikricha, fazilat Shavvolda yoki undan keyin olti kun ro‘za tutgan kishiga hosil bo‘ladi va hadisda Shavvolning zikr qilinishi mukallafga yengillik yaratish uchundir, chunki Ramazondan keyin ro‘za tutish undan keyingi vaqtlarda tutishdan osonroqdir.
Adaviy aytadi: «Shori’ning (Shariat sohibining): «Shavvoldan» deyishi ro‘za tutish jihatidan yengillatish uchundir, uning hukmini o‘sha vaqtga xoslash uchun emas. Shubhasiz, uni Zulhijjaning o‘n kunligida, undagi ro‘zaning fazilati haqida rivoyat qilingan narsalar bilan birga bajarish yaxshiroqdir, chunki zikr qilingan kunlarning fazilatiga ega bo‘lish bilan birga maqsad ham hosil bo‘ladi. Balki uni Zulqa’dada tutish ham yaxshidir.
Xulosa shuki vaqti qanchalik uzoqlashsa, mashaqqatning og‘irligi sababli savobi ham shunchalik ko‘payadi». Iqtibos tugadi («Sharhul Xuroshiy», 2/243).
Makkadagi molikiylar muftiysi Muhammad ibn Ali ibn Husayn tomonidan Ibnul Arabiy al-Molikiydan naql qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «Shavvoldan» degan so‘zlari «misol tariqasidadir, maqsad shuki, Ramazon ro‘zasi o‘n oyga, olti kunlik ro‘za esa ikki oyga tengdir va bu mazhab [ya’ni, Imom Molik mazhabi] shundaydir. Agar u Shavvoldan boshqa oyda bo‘lsa ham, hukmi shunday bo‘lar edi. U shunday deydi: «Bilib qoʻying, bu yuzaki masala emas, balki teran va nozik aqliy xulosadir». Iqtibos tugadi («Tahzib furuq al-Qarofiy», 2/191).
Ibn Muflih rahimahulloh aytadi: «Ehtimolga ko‘ra, uni Shavvoldan boshqa oyda tutish bilan ham fazilat hosil bo‘ladi. Bu ba’zi ulamolarning fikriga muvofiqdir, uni Qurtubiy zikr qilgan. Chunki uning fazilati Savbonning xabarida kelganidek, yaxshilik o‘n barobar bo‘lishidadir. Uni Shavvol bilan qaydlanishi esa, odatlanilgani uchun ro‘zaning osonligi sababli ruxsatdir, ruxsat esa avloroqdir». Iqtibos tugadi («Al-Furu’», 3/108).
Mardoviy rahimahulloh bu soʻzni naql qilib, unga shunday e’tiroz bildirgan: «Mening fikrimcha bu qarash zaif va hadisga ham ziddir. Aksincha, bu Shavvol oyi ro‘zasining fazilati Ramazon oyidan keyin kelishi bilan bog‘liqdir, yaxshilik o‘n barobar bo‘lgani uchun emas, chunki undagi ro‘za vojibning fazilatida Ramazonga tengdir», Iqtibos tugadi («Al-Insof», 3/344).
Ikkinchi fikr: Shofe’iylardan bir jamoaning fikricha, kim Shavvolning olti kunlik ro‘zasini o‘tkazib yuborsa, uning qazosini Zulqa’dada tutadi.
Lekin uning savobi Shavvolda tutgan kishining savobidan kamroq bo‘ladi. Kim Ramazon ro‘zasini tutib, unga Shavvoldan olti kunni ergashtirsa, unga bir yillik farz ro‘zaning savobi bo‘ladi. Ramazon va Shavvoldan boshqa oyda olti kun ro‘za tutgan kishi esa, unga Ramazonning savobi va olti kunlik nafl ro‘zaning savobi bo‘ladi.
Ibn Hajar al-Makkiy aytadi: «Kim uni har yili Ramazon bilan birga tutsa, bu ikki barobar ko‘paytirilmasdan bir yillik farz ro‘za kabi bo‘ladi. Kim undan boshqa olti kunni tutsa, bu ham ikki barobar ko‘paytirilmasdan nafl ro‘za kabi bo‘ladi». Iqtibos tugadi («Tuhfat al-muhtoj», 3/456).
Uchinchi fikr: Uning fazilati faqat Shavvolda tutish bilan hosil bo‘ladi. Bu hanbaliylar mazhabidir.
Buhutiy aytadi: «Uning, ya’ni olti kunning fazilati Shavvoldan boshqa oyda tutish bilan hosil bo‘lmaydi, xabarlarning zohiriga ko‘ra». Iqtibos tugadi («Kashshof al-qino’», 2/338)
Lekin uning ba’zisini tutib, uzr sababli tugata olmagan kishiga uning ajri va fazilatiga erishishi umid qilinadi.
Shayx Ibn Boz rahimahulloh aytadi: «Shavvol oyi o‘tgandan keyin uning qazosini tutish shariatda yo‘q, chunki u vaqti o‘tgan sunnatdir, uzrli yoki uzrsiz tark etilganidan qat’i nazar».
Shavvoldan to‘rt kun ro‘za tutib, ba’zi sharoitlar tufayli olti kunni tugata olmagan kishi haqida aytdi: «Shavvol oyining olti kunlik ro‘zasi vojib bo‘lmagan mustahab ibodatdir. Sizga tutgan kunlaringiz uchun ajr bor va agar uni tugatishga to‘sqinlik qilgan narsa shar’iy uzr bo‘lsa, sizga uning to‘liq ajri umid qilinadi, chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytganlar:
Ibrohim Abu Ismoil Saksakiy bunday so‘zlab berdi: «Abu Burdadan eshitdimki, u Yazid ibn Abu Kabsha bilan safarda birga bo‘libdi. Yazid safarda ham ro‘za tutar ekan. Shunda Abu Burda unga: «Men Abu Musoning bir necha marotaba: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon banda kasal bo‘lib qolsa yoki safarga chiqsa, unga muqim va sog‘ holida qilgan amallariga yozilganidek (savob) yoziladi», deganlar», deyayotganini eshitganman», debdi» (Sahihi Buxoriy, 2996).
Sizga qoldirgan kunlaringizning qazosi vojib emas. Alloh muvaffaq qiluvchidir» («Majmu’ fatovo ash-Shayx Ibn Boz» 15/389, 395).
Xulosa shuki, Shavvoldan boshqa oyda olti kun ro‘za tutishni ahli ilmlardan ba’zilari Shavvoldagi ro‘za kabi deb bilganlar, ba’zilari esa unga fazilat isbot qilganlar, lekin Shavvoldagi olti kunning fazilatidan kamroq. Ba’zilari esa uzr sababli uni tugata olmagan kishiga savob umid qilganlar. Allohning fazli keng, Uning atosining cheki yo‘q. Agar bu opamiz Shavvoldan o‘tkazib yuborgan kunlari o‘rniga Zulqa’dadan ikki kun ro‘za tutsa, bu yaxshi bo‘ladi va unga, inshaalloh, savob va ajr umid qilinadi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun quyidagi javoblarga murojaat qiling: 7858, 38355, 109217, 83292, 7865, 4082, 7863.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?