Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Roʻza masalalari » Nafl roʻzalar » Qasam kafforati uchun shavvol oyining olti kunida ro‘za tutish
Fatvo: 125811

O'qildi: 76

24.03.2026

/ 5 Shavvol 1447

Fatvo mavzusi: »

Qasam kafforati uchun shavvol oyining olti kunida ro‘za tutish

Savol

Allohga qasam ichish borasida savolim bor. Men Allohga falon joyga bormaslikka qasam ichdim, lekin bir haftadan keyin o‘sha joyga bordim va Shavvolning olti kunida uch kun ro‘za tutishga qaror qildim, bu qasam uchun kafforat hisoblanadimi? Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Birinchidan:

Savol so‘rovchi birodarimizni uning aniq masalasiga javob berishdan oldin muhim ishlardan ogohlantiramiz:

  1. Musulmon kishining asli – qasamini u yer-bu yerda, Alloh taologa qasam ichishga arzimaydigan ishlarda aytishdan saqlashidir. Alloh taolo aytadi:
﴿وَاحْفَظُوا أَيْمَانَكُمْ﴾

«Qasamlaringizni (buzishdan) saqlaningiz» (Moida: 89).

Shayx Muhammad ibn Solih al-Usaymin rahimahulloh aytadilar:

«Asl shuki, qasamni ko‘paytirmaslik kerak. Alloh taoloning «Qasamlaringizni saqlangiz» degan so‘ziga binoan. Ba’zi ulamolar uning tafsirida: ya’ni, qasamlarni ko‘paytirmang, deganlar. Shubhasiz, bu inson uchun avlo, salomatliroq va zimmasini oqlovchiroqdir» («Sharhul-mumti’», 15/117).

  1. Siz bormaslikka qasam ichgan joyga kelsak: agar u Alloh taoloning shariatida borishingiz halol bo‘lmagan harom joy bo‘lsa, qasamingizga vafo qilishingiz va bormasligingiz vojib. Agar borish vojib bo‘lsa (masalan, silai rahm yoki qarindoshni ziyorat qilish kabi ishlarda), qasamingizni buzishingiz vojib, shuningdek, borish mustahab bo‘lsa, qasamingizni buzishingiz mustahab. Agar o‘sha joyga borish muboh bo‘lsa, diningiz va dunyoingiz uchun xayrlirog‘ini hamda Rabbingiz subhanahu va taologa nisbatan taqvo sanalganini ko‘ring va shunga amal qiling. Agar borish xayrliroq va taqvodan bo‘lsa, boring va qasamingiz uchun kafforat oʻtang, aks holda o‘zingizni u yerga borishdan tiyishda davom eting.
عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ سَمُرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: «وَإِذَا حَلَفْتَ عَلَى يَمِينٍ، فَرَأَيْتَ غَيْرَهَا خَيْرًا مِنْهَا، فَأْتِ الَّذِي هُوَ خَيْرٌ، وَكَفِّرْ عَنْ يَمِينِكَ»

Abdurrahmon ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Biror narsaga qasam ichib, keyin boshqasini undan yaxshiroq deb bilsang, o‘sha yaxshisini qilib, qasamingga kafforat bergin», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 6722; Sahihi Muslim, 1652).

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: «مَنْ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ فَرَأَى غَيْرَهَا خَيْرًا مِنْهَا فَلْيَأْتِ الَّذِي هُوَ خَيْرٌ وَلْيُكَفِّرْ عَنْ يَمِينِهِ».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim biror qasam ichsa-yu, so‘ngra boshqasini undan yaxshiroq deb bilsa, o‘sha yaxshirog‘ini qilsin va qasamiga kafforat bersin», dedilar» (Sahihi Muslim, 1650).

Islom fiqhi ensiklopediyasida shunday deyilgan:

«Qasamga vafo qilishning ma’nosi: qasamida sodiq bo‘lishi, qasam ichgan narsasini bajarishidir. Alloh taolo aytadi:

﴿وَأَوْفُوا بِعَهْدِ اللَّهِ إِذَا عَاهَدْتُمْ وَلَا تَنْقُضُوا الْأَيْمَانَ بَعْدَ تَوْكِيدِهَا وَقَدْ جَعَلْتُمُ اللَّهَ عَلَيْكُمْ كَفِيلًا ۚ إِنَّ اللَّهَ يَعْلَمُ مَا تَفْعَلُونَ ۝٩١ ﴾

«Ahd-paymon bergan vaqtlaringizda, Allohga bergan ahdingizga vafo qilingiz! Allohni kafil qilib ichgan qasamlaringizni (Alloh nomini zikr etish bilan) mustahkam qilganingizdan keyin buzmangiz! Albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur» (Nahl: 91) («Mavsu’atul-fiqhiyya», 8/63).

Bu vojibni bajarishga yoki haromni tark etishga qasam ichishda vojibdir, bu toat qasami bo‘lib, unga vafo qilish, qasam ichgan narsasiga rioya qilish vojib bo‘ladi va uni buzish haromdir.

Ammo vojibni tark etishga yoki harom ishni bajarishga qasam ichsa, bu ma’siyat qasami deyiladi va bunday qasamni buzish vojib sanaladi.

Agar nafl amalni bajarishga, masalan, nafl namoz yoki nafl sadaqa qilishga qasam ichsa, bu qasamga rioya qilish mandub, unga xilof qilish makruhdir.

Agar naflni tark etishga qasam ichsa, bu makruh qasam deyiladi va uni bajarish ham makruh sanaladi, bunday qasamni buzish sunnatdir. Agar u muboh ishni bajarishga bo‘lsa, uni buzish mubohdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Agar bir qasamga qasam ichsang va undan boshqasini yaxshiroq deb bilsang, yaxshiroq bo‘lganini qil va qasaming uchun kafforat ber». Iqtibos tugadi.

  1. Qasamingizni buzganingiz evaziga uch kun ro‘za tutishingiz haqidagi qaroringiz: faqat o‘nta miskinni taomlantirish yoki kiyintirishdan ojiz bo‘lsangizgina joizdir. Qasam kafforati: o‘nta miskinni taomlantirish, yoki ularni kiyintirish, yoki bir qul ozod qilishdir. Kim bunga qodir boʻlmasa, uch kun ro‘za tutadi. Alloh taolo aytadi:
﴿لَا يُؤَاخِذُكُمُ اللَّهُ بِاللَّغْوِ فِي أَيْمَانِكُمْ وَلَٰكِنْ يُؤَاخِذُكُمْ بِمَا عَقَّدْتُمُ الْأَيْمَانَ ۖ فَكَفَّارَتُهُ إِطْعَامُ عَشَرَةِ مَسَاكِينَ مِنْ أَوْسَطِ مَا تُطْعِمُونَ أَهْلِيكُمْ أَوْ كِسْوَتُهُمْ أَوْ تَحْرِيرُ رَقَبَةٍ ۖ فَمَنْ لَمْ يَجِدْ فَصِيَامُ ثَلَاثَةِ أَيَّامٍ ۚ ذَٰلِكَ كَفَّارَةُ أَيْمَانِكُمْ إِذَا حَلَفْتُمْ ۚ وَاحْفَظُوا أَيْمَانَكُمْ ۚ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ ۝٧٩﴾

«Alloh sizlarni tillaringizdagi behuda qasamlaringiz sababli jazolamaydi. Balki (dillaringizdagi) mahkam tuggan qasam sababli (agar shunday qasamni buzsangiz) jazolaydi. Bas, uning kafforati o‘z oilangizni boqadigan o‘rtacha taomlardan o‘nta miskinga taom berish yoki ularning sarposini qilish, yoxud bir qulni ozod qilishdir. Kim (bu narsalarni) topa olmasa, uch kun ro‘za tutsin! Mana shu — qasam ichgan (va uni buzgan) paytingizdagi qasamlaringiz kafforatidir. Qasamlaringizni (buzishdan) saqlaningiz. Shukr qilishingiz uchun Alloh sizlarga O‘z oyatlarini mana shunday ochiq-oydin bayon qilur» (Moida: 89).

45676-raqamli savolga qarang.

Ikkinchidan:

Qasam kafforati ro‘zasini shavvolda tutish va uni Ramazon bilan birga tutish fazilatida yil bo‘yi farz ro‘za tutgandek bo‘lishi aytilgan olti kunlik ro‘zadan hisoblash haqidagi savolingizga kelsak, bunga javobimiz shuki : agar taomlantirish va kiyintirishdan ojizligingiz sababli zimmangizga ro‘za tushib qolsa, uni shavvolning olti kunidan hisoblamang. Vojib niyat bilan nafl niyatni birlashtirish joiz emas. Kafforat ro‘zasi mustaqil niyatni talab qiladigan maxsus ro‘zadir, xuddi shavvolning olti kunlik ro‘zasi kabi. Shunga ko‘ra, qasamingiz kafforati uchun uch kunlik ro‘zangiz shavvolning olti kunlik ro‘zasidan hisoblanmaydi.

Doimiy Qo‘mita ulamolaridan soʻraldi:

«Agar kishi buzgan qasamlarining sanog‘ini bilmasa, Shavvol oyidagi olti kunlik, Ashuro va Arafa kunidagi (nafl) ro‘zalar o‘sha qasamlarga kafforat bo‘la oladimi?»

Ular quyidagicha javob berdilar:

«Qasamlarning kafforati: bir mo‘min qul ozod qilish, yoki o‘nta miskinni taomlantirish, yoki ularni kiyintirishdir. Agar bulardan birortasini topa olmasangiz, har bir qasam uchun uch kun ro‘za tutasiz.

Qasamlarni sanashdan ojizligingizga kelsak, ularni taxminan sanashga harakat qilishingiz, so‘ng ulardan buzganlaringiz uchun kafforat berishingiz vojib. Inshaalloh, shu sizga kifoya qiladi.

Oshuro, Arafa va shavvolning olti kuni ro‘zasi qasam kafforati o‘rniga o‘tmaydi, magar ularni tutishda tatavvu’ emas, balki kafforat uchun niyat qilsa, bundan mustasno» Imzo chekuvchilar: Shayx Abdulaziz ibn Boz, Shayx Abdurazzoq Afifiy, Shayx Abdulloh ibn Gʻudayyon» («Ilmiy tadqiqotlar va Fatvolar boʻyicha Doimiy Qoʻmita», 23/37, 38).

Shayx Muhammad ibn Solih al-Usaymin rahimahullohdan so‘raldi:

«Bir kishi qasam ichganini va uning kafforati uchun uch kun ro‘za tutishi kerakligini aytmoqda. U ushbu uch kunlik ro‘zani Shavvol oyining olti kunlik ro‘zasi bilan qo‘shib, jami olti kun ro‘za tutsa bo‘ladimi?»

U kishi javob berdilar:

«Birinchidan: qasam ichgan kishi qasamini buzsa, o‘nta miskinni taomlantirishni, yoki ularni kiyintirishni, yoki bir qul ozod qilishni topa olmasagina ro‘za tutishi joiz, chunki Alloh subhanahu va taolo aytgan:

﴿فَكَفَّارَتُهُ إِطْعَامُ عَشَرَةِ مَسَاكِينَ مِنْ أَوْسَطِ مَا تُطْعِمُونَ أَهْلِيكُمْ أَوْ كِسْوَتُهُمْ أَوْ تَحْرِيرُ رَقَبَةٍ ۖ فَمَنْ لَمْ يَجِدْ فَصِيَامُ ثَلَاثَةِ أَيَّامٍ ۚ ذَٰلِكَ كَفَّارَةُ أَيْمَانِكُمْ إِذَا حَلَفْتُمْ﴾

«Bas, uning kafforati o‘z oilangizni boqadigan o‘rtacha taomlardan o‘nta miskinga taom berish yoki ularning sarposini qilish, yoxud bir qulni ozod qilishdir. Kim (bu narsalarni) topa olmasa, uch kun ro‘za tutsin! Mana shu — qasam ichgan (va uni buzgan) paytingizdagi qasamlaringiz kafforatidir» (Moida: 89).

Ko‘pchilik omi odamlar orasida qasamni buzganlik kafforati — o‘nta miskinni to‘ydirish, kiyintirish yoki ozod qilishga qodir bo‘lish-bo‘lmaslikdan qat’i nazar, uch kun ro‘za tutishdir, degan xato tushuncha keng tarqalgan. Aslida esa, qasamini buzgan kishi faqat o‘nta miskinni to‘ydirishga imkoni bo‘lmasa yoki imkoni bo‘la turib, miskinlarni topa olmasa, ketma-ket uch kun ro‘za tutishi kerak.

So‘ng, agar uch kunlik ro‘za tutishga kirishsa, ular bilan shavvolning olti kunini niyat qilishining oʻzi kifoya qilmaydi, chunki ular ikkita alohida-alohida ibodatdir, biri ikkinchisining o‘rniga o‘tmaydi. Balki shavvolning olti kunini tutadi, so‘ng olti kunlik ro‘zaga qo‘shimcha ravishda uch kunlik kafforat roʻzasini oʻtaydi» («Fatovo nurun alad-darb», 84, 85).

Ammo uch kunning ketma-ket bo‘lishi shart emas, biz buni 12700-raqamli savolning javobida bayon qilganmiz, oʻsha savolga murojaat qiling.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Shavvolning olti kunlik ro‘zasini tutib, ro‘zani yana davom ettirish

    Shavvolning olti kunlik ro‘zasini tugatib, ro‘zani davom ettirishning hukmini bilmoqchiman. Zimmamdagi ro‘zaning qazosini tutdim, so‘ngra Shavvolning olti kunlik ro‘zasini tutdim. Keyin turmush oʻrtogʻim nafl sifatida ro‘zani davom ettirishimizni taklif qildi. Buning shariatdagi hukmi qanday?Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
  • Shavvolning olti kunlik ro‘zasini zulqa’dada tutish hukmi

    Agar kishi shavvolning olti kunlik ro‘zasini zulqa’da oyida tutsa, hadisda zikr qilingan xos ajrga erishadimi?
  • Shavvolning ro‘zasini dushanba va payshanba kunlari tutish

    Dushanba va payshanba kunlari ro‘zasining savobiga erishish uchun Shavvol oyining olti kunlik ro‘zasini dushanba va payshanba kunlari tutishim joizmi?
  • Shavvolning olti kunini zulqa’dada qazo qilish joizmi?

    Bir ayol Shavvol oyining olti kunidan to‘rttasini tutdi, so‘ngra Shavvolning oxirida hayz ko‘rdi va olti kunni tugata olmadi. Qolgan ikki kunini Shavvoldan keyin tutib, olti kunga yetkazib qoʻysa boʻladimi?
  • Ramazon qazosi bilan shavvolning olti kunini bir niyatda jamlash

    Shavvol oyining olti kunlik ro‘zasini Ramazonda hayz sababli tutmagan kunlarimning qazosi niyati bilan jamlashim joizmi?
  • Shavvolning olti kunida ro‘za tutish makruhmi?

    Ramazondan keyin Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutish haqida nima deysiz? «Muvatto Molik» asarida kelishicha, Imom Molik ibn Anas Ramazondan keyingi olti kunlik ro‘za haqida shunday degan ekanlar: «Ahli ilm va fiqhdan birortasining bu kunlarda ro‘za tutganini ko‘rmadim va salaflardan birortasidan bu haqda menga xabar yetmagan. Ahli ilm buni makruh sanashadi va uning bid’atga aylanib, Ramazonga undan bo‘lmagan narsaning qo‘shilib qolishidan qo‘rqishadi». Bu gap «Muvatto» asarining birinchi juzida, 228-raqam ostida kelgan.