O'qildi: 73
Oktabr 8, 2025
/ 16 Rabiul-oxir 1447
Fatvo mavzusi: Yangi oyni koʻrish
Savol
Boshqalar Ramazon hilolini ko‘rganini aytsa-da, o‘zi ko‘rmaguncha ro‘za tutmagan kishining hukmi qanday? Ular «Hilolni ko‘rganda ro‘za tutinglar va hilolni ko‘rganda og‘iz ochinglar» hadisiga asoslanadilar. Ularning bu hadisga tayanishi to‘g‘rimi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Agar hilol ko‘ringani isbotlansa, garchi uni birgina solih, odil musulmon ko‘rgan bo‘lsa ham, ro‘za tutish farz bo‘ladi. Bunga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir badaviyning hilolni ko‘rganiga guvohlik berganida ro‘za tutishga buyurganlari misol bo‘ladi. «Hilolni ko‘rganda ro‘za tutinglar va hilolni ko‘rganda og‘iz ochinglar» hadisini har kishi o‘zi ko‘rgandagina ro‘za tutishi kerak, deb talqin qilish noto‘g‘ri. Bu hadis ro‘za tutish haqidagi umumiy ko‘rsatma bo‘lib, agar hilol ko‘ringani isbotlansa, hatto birgina odil musulmon ko‘rgan bo‘lsa ham, ro‘za tutish vojib bo‘ladi (Doimiy qo‘mita fatvolari, 10/94).
Barcha musulmonlarga ro‘za farz bo‘lishi uchun birgina ishonchli, adolatli musulmonning hilolni ko‘rishi yetarli ekanini isbotlovchi hadislardan biri:
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Odamlar hilolni ko‘rishga chiqishdi. Shunda men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uni ko‘rganimni aytgan edim, o‘zlari ham ro‘za tutdilar, odamlarni ham ro‘za tutishga buyurdilar» (Abu Dovud, 2342; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2342).
Ayrim bid’atchilar noto‘g‘ri e’tiqodlari, ya’ni hilolni o‘zlari ko‘rmaguncha ro‘za tutish vojib emas, degan qarash tufayli boshqa musulmonlardan keyinroq ro‘za tutishni boshlaydilar. Hadislar bu fikrni rad etadi. Shunda ulardan so‘raymiz: «Ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi kishi nima qilishi kerak?» Bu masala Alloh taolo aytganidek:
«Zero, ko‘zlar ko‘r bo‘lmas, balki ko‘kslaridagi ko‘ngillar ko‘r bo‘lur» (Haj: 46).
Alloh to‘g‘ri yo‘lga hidoyatlovchidir.
Bu javob foydali bo’ldimi?