O'qildi: 27
Sentabr 1, 2025
/ 9 Rabiul-avval 1447
Fatvo mavzusi: Yangi oyni koʻrish
Savol
Ramazon ro‘zasini boshlash va Ramazon hayitini belgilashda musulmon ulamolar orasida katta ixtilof bor. Ba’zi ulamolar:
«صُومُوا لِرُؤْيَتِهِ، وَأَفْطِرُوا لِرُؤْيَتِهِ»
«Uni (hilolni) ko‘rib, ro‘za tutinglar, uni ko‘rib ro‘zani to‘xtatinglar» degan hadisga asoslanib, ramazon hilolini kuzatish asosida amal qilishadi. Boshqalar esa astronomlarning fikriga suyanib, ular ilm-fanning cho‘qqisiga erishganlari va qamariy oylarning boshlanishini aniqlay olishlari mumkinligini ta’kidlaydilar. Bu masaladagi to‘g‘ri fikr qaysi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Birinchidan: Amal qilinishi kerak bo‘lgan to‘g‘ri fikr Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning soʻzlariga asoslangan fikrdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uni (hilolni) ko‘rib, ro‘za tutinglar, uni ko‘rib ro‘zani to‘xtatinglar. Agar u sizlarga ko‘rinmay qolsa, sanog‘ini to‘liq qilinglar», dedilar. (Sahihi Muslim, 1081).
Ushbu hadis Ramazon oyining boshi va oxirida hilolni ko‘z bilan ko‘rish muhimligini ta’kidlaydi. Chunki Alloh payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni yuborgan Islom shariati umum, qiyomatgacha abadiy davom etadigan qonundir. Islom shariati dunyoviy ilmlar rivojlanganmi yoki yo‘qmi, zamonaviy jihozlar mavjudmi yoki yo‘qmi, shahar aholisi orasida astronomik hisob-kitoblarni tushunadigan odamlar bormi yoki yo‘qmi, bundan qat’i nazar, har bir zamon va makonda yaroqlidir.
Oyni koʻrish asosida ish tutish har bir davr va har qanday mamlakatdagi odamlarning qo‘lidan keladi, astronomik hisob-kitobda esa uni biladiganlar bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Shuningdek, zamonaviy jihozlar ham mavjud bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin.
Ikkinchidan: Alloh taolo astronomiya va boshqa ilmlarning qanday rivojlanishini, bo‘lib oʻtganini va keyin nima bo‘lishini biladigan Zotdir. Shunday bo‘lsa-da, U Zot shunday deydi:
«Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘za tutsin» (Baqara: 185).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buni quyidagi hadisda izohlaganlar:
«Uni (hilolni) ko‘rib, ro‘za tutinglar, uni ko‘rib ro‘zani to‘xtatinglar» (Sahihi Muslim, 1081).
Shunday qilib, u Zot Ramazon ro‘zasini tutish va Ramazonning tugashini astronomik hisob-kitoblar bilan emas, balki hilolni ko‘rish bilan bog‘lagan. Holbuki, Alloh taolo astronomlarning yulduzlarni kuzatish va ularning harakatlarini hisoblashda ilgarilab ketishlarini bilardi. Demak, musulmonlar Alloh taolo O‘z Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallam orqali buyurgan narsalarga itoat qilishlari, ro‘za tutish va roʻzani tugatishda hilolni ko‘rishga asoslanishi kerak. Bu ulamolar orasida deyarli ijmoiy masala. Bunga xilof qilib, astronomik hisob-kitoblarga asoslanadiganlarning fikri shoz (hujjatga yaroqsiz, ko‘pchilik ishonchli olimlarning soʻziga qarshi, yakkalanib qolgan fikr) bo‘lib, unga tayanib bo‘lmaydi.
Alloh biluvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?