Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Oisha roziyallohu anhoga tuhmat qilgan kishining hukmi
Fatvo: 954

O'qildi: 332

18.07.2025

/ 23 Muharram 1447

Fatvo mavzusi: » » »

Oisha roziyallohu anhoga tuhmat qilgan kishining hukmi

Savol

Oisha roziyallohu anhoga tuhmat qilgan kishining hukmi qanday?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Oisha onamiz va boshqa mo‘minlarning onalari Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning sahobalari umumiy toifasiga kiradi. Sahobalarni haqoratlashdan qaytaradigan har bir dalil Oisha onamizni ham o‘z ichiga oladi. Jumladan:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ : «لَا تَسُبُّوا أَصْحَابِي، فَلَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا، مَا بَلَغَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلَا نَصِيفَهُ».

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Sahobalarimni so‘kmanglar! Agar sizlardan biringiz Uhud tog‘idek oltin sadaqa qilsa ham ulardan birining bir muddiga* (yarim kilogrammiga) ham, uning yarmiga ham yetmaydi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 3673)

Ma’lumot uchun: Mudd hajmda 0,6875 litr (≈ 688 millilitr), og‘irlikda taqriban yarim kilogrammga (544 grammga) teng. Uhud tog‘ining balandligi: 1077 metr, uzunligi: 7.5 kilometr, kengligi: 2-3 kilometr.

7.5 km × 2.5 km × 1.077 km ≈ 20 km³

Tog‘ tizmalari uchun geologlar ko‘pincha to‘g‘ri burchakli parallelepipedning 0.3-0.4 atrofidagi to‘ldirish koyeffisiyentini qo‘llaydilar. Shunda tog‘ning hajmi taqriban:

20 km³ × 0.35 ≈ 7 km³.

Tog‘ asosan qizil granitdan tashkil topganini va granitning zichligi taxminan 2,700 kg/m³ ekanligini hisobga olsak:

7 × 10⁹ m³ × 2,700 kg/m³ = 19 milliard tonna.

Uhud tog‘ining og‘irligi taqriban 19 milliard tonnaga to‘g‘ri keladi. Albatta bu ilmiy asosga ega bo‘lsa ham, taxminiy hisob-kitob, chunki tog‘ni tarozida tortish imkonsiz va uning shakli ancha murakkab. Tog‘ ichida tabiiy bo‘shliqlar va yoriqlar, tashida esa ba’zi cho‘qqilar va vodiylar bor. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, boshqalarning milliardlab tonna sadaqasi bir sahobiyning yarim kilogramm sadaqasiga ham, uning yarmiga ham barobar bo‘lmasligi ularning Islomdagi ulkan fazlini namoyon etadi.

Bundan tashqari, ahli sunnat va’l-jamoat ulamolari bir ovozdan Oisha roziyallohu anhoga Alloh taolo poklagan narsada tuhmat qilgan kishi Alloh taoloning Nur surasida u kishining begunohligini aytgan oyatlarini inkor qilgani uchun kofir bo‘lishiga ittifoq qilganlar.

Imom Ibn Hazm Hishom ibn Ammorning shunday deganini naql qiladi: «Men Imom Molikni shunday deyayotganini eshitdim: «Kim Abu Bakr va Umarni so‘ksa, darra uriladi. Kim Oishani so‘ksa, o‘ldiriladi». Unga: «Nega Oishani soʻksa o‘ldiriladi?» deyildi. U aytdi: «Chunki Alloh taolo Oisha roziyallohu anho haqlarida:

﴿يَعِظُكُمُ اللَّهُ أَنْ تَعُودُوا لِمِثْلِهِ أَبَدًا إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ۝١٧﴾

«Agar mo‘min bo‘lsangizlar, hargiz unga o‘xshagan narsalarga qaytmasliklaringizni Alloh sizlarga pand-nasihat qilur» (Nur: 17).

Imom Molik aytdi: «Kim uni ayblasa, Qur’onga osiy bo‘lgan bo‘ladi. Qur’onga osiy boʻlgan kishi esa o‘ldiriladi».

Ibn Hazm aytadi: «Molikning bu gapi to‘g‘ri. Bu butunlay dindan qaytish va Alloh subhanahu va taoloning Oishaning begunohligi haqidagi xabarini inkor etishdir».

Abu Bakr ibn al-Arabiy aytdi: «Ifk ahli, yaʻni boʻhtonchilar pokdoman Oisha onamizni fohishalikda aybladilar. Soʻngra Alloh bu ayolni oqladi. Shunday ekan, kim uni Alloh poklagan narsada ayblasa, Allohni yolg‘onchiga chiqargan bo‘ladi. Kim Allohni yolg‘onchiga chiqarsa, kofir bo‘ladi. Bu Imom Molikning mazhabi bo‘lib, aql egalari uchun aniq-ravshan yo‘ldir».

Qozi Abu Ya’lo aytdi: «Kim Oishani Alloh poklagan narsada ayblasa, u shubhasiz kofirdir. Bu haqda bir nechta olimlar ijmo‘ qilgan va imomlarning bir qanchasi bu hukmni ochiq aytgan».

Ibn Abu Muso aytdi: «Kim Oisha roziyallohu anhoni Alloh poklagan narsada ayblasa, dindan chiqqan bo‘ladi va uning musulmon bilan turmush qurishi joiz emas».

Ibn Qudoma aytdi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ayollari, har qanday yomonlikdan pok mo‘minlar onalaridan rozi bo‘lish sunnatdir. Ularning eng afzali Xadija binti Xuvaylid va Alloh taolo O‘z Kitobida poklab, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning xotini qilgan Abu Bakrning qizi Oishadir. Kim uni Alloh poklagan narsada ayblasa, shubhasiz, Alloh azza va jallaga kufr keltirgan bo‘ladi».

Imom Navaviy rahimahulloh aytdi: «Oisha roziyallohu anhoning tuhmatdan pokligi Qur’oni Karimdagi dalilga ko‘ra qat’iydir. Kimki bundan shubhalansa – Allohdan asrasin – musulmonlar ijmo‘siga ko‘ra murtad bo‘ladi».

Ibn Qayyim rahimahulloh aytdi: «Oisha roziyallohu anhoni qoralagan kishining kofir boʻlishiga butun ummat ittifoq qilgan».

Hofiz Ibn Kasir o‘z tafsirida aytdi: «Ulamolar rahmatullohi alayhim barchalari ushbu oyat nozil bo‘lganidan keyin uni ayblovchi yoki unga tuhmat qiluvchi kishi Qur’onni inkor qilgani uchun kofir bo‘lishiga ijmo qilishgan».

Badruddin az-Zarkashiy aytadi: «Kim Oishaga tuhmat qilsa, kofir bo‘ladi, chunki Qur’onda uning begunohligi ochiq-oydin aytilgan».

Ulamolar Oishaga tuhmat qilgan kishiga berilgan hukmni quyidagi dalillarga asoslashgan:

  1. Nur surasida kelgan Oisha onamizning pokligi haqidagi ochiq oyatlar. Kim u kishini Alloh poklagandan keyin ayblasa, Allohning kalomini yolg‘onga chiqargan bo‘ladi. Bu esa, shak-shubhasiz kufrdir.
  2. Nabiy sollallohu alayhi va sallamning oila a’zolariga tuhmat qilish u zot sollallohu alayhi va sallamga ozor berish hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi va sallamga ozor berish esa ijmo‘ga ko‘ra kufrdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xotinlari sha’niga qilingan tuhmatdan ranjiganliklariga dalil Buxoriy va Muslimning ikki sahihida kelgan ifk voqeasi haqidagi uzun hadisdir. Unda aytiladi:
عَنِ ابْنِ شِهَابٍ، حَدَّثَنِي عُرْوَةُ، وَابْنُ الْمُسَيَّبِ، وَعَلْقَمَةُ بْنُ وَقَّاصٍ، وَعُبَيْدُ اللهِ، عَنْ عَائِشَةَ ﵂، «حِينَ قَالَ لَهَا أَهْلُ الْإِفْكِ، قَالَتْ: فَقَامَ رَسُولُ اللهِ عَلَى الْمِنْبَرِ فَقَالَ: يَا مَعْشَرَ الْمُسْلِمِينَ، مَنْ يَعْذِرُنِي مِنْ رَجُلٍ بَلَغَنِي أَذَاهُ فِي أَهْلِي، وَاللهِ مَا عَلِمْتُ عَلَى أَهْلِي إِلَّا خَيْرًا فَذَكَرَ بَرَاءَةَ عَائِشَةَ».

Ibn Shihobdan rivoyat qilinadi: «Urva, Ibn Musayyab, Alqama ibn Vaqqos va Ubaydullohlar Oisha roziyallohu anhoning ifkchilar o‘zi haqida gap-so‘z qilgan kezlarda shunday deganini menga so‘zlab berishdi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam minbarda turib: «Ey musulmonlar jamoasi! Kim ahlim haqida menga ozor yetkazgan kishi(ni jazolash) xususida meni ma’zur tutadi? Allohga qasamki, ahlim xususida yaxshilikdan boshqani bilmayman», deb Oishaning pokligini zikr qildilar» (Sahihi Buxoriy, 7369).

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning «kim meni ma’zur tutadi» degani ya’ni: oilamga qilingan ozorlardan o‘zimni himoya qilganimda kim menga adolat qiladi va meni qo‘llaydi, demoqchi boʻldilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bundan qattiq xafa bo‘lganlari, ranjiganlari va ozorlanganlarini anglatadi.

Imom Qurtubiy Alloh taoloning:

﴿يَعِظُكُمُ اللَّهُ أَنْ تَعُودُوا لِمِثْلِهِ أَبَدًا إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ۝١٧﴾

«Agar mo‘min bo‘lsangizlar, hargiz unga o‘xshagan narsalarga qaytmasliklaringizni Alloh sizlarga pand-nasihat qilur» (Nur: 17), oyatining tafsirida shunday deydi: «Bu Oisha haqida… chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlarining sha’ni va oilasi uchun qattiq xafa bo‘ldilar va ranjidilar. Buni qilgan kishining ishi kufrdir».

  1. Bundan tashqari, Oisha onamizga tuhmat qilish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ham tuhmat qilishni anglatadi, chunki Alloh taolo shunday degan:
﴿ٱلۡخَبِیثَـٰتُ لِلۡخَبِیثِینَ وَٱلۡخَبِیثُونَ لِلۡخَبِیثَـٰتِۖ

«Nopok ayollar nopok erlar uchundir (ya’ni, loyiqdir), nopok erlar nopok ayollar uchundir» (Nur: 26).

Hofiz Ibn Kasir rahimahulloh aytadi: «Ya’ni, agar Oisha pokdomon bo‘lmaganida, Alloh taolo uni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga jufti halol qilib qo‘ymas edi, chunki u zot har qanday yaxshi kishidan afzalroqdir. Agar u yomon bo‘lganida, na shar’iy jihatdan, na maqomi jihatidan u zotga munosib bo‘lmas edi».

Nihoyat, shuni eslatib o‘tamizki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga eng sevimli inson Abu Bakrning qizi Oisha Siddiqa edilar. Bu Amr ibn Osdan sahih rivoyatda kelgan:

عَنْ أَبِي عُثْمَانَ قَالَ: حَدَّثَنِي عَمْرُو بْنُ الْعَاصِ : «أَنَّ النَّبِيَّ بَعَثَهُ عَلَى جَيْشِ ذَاتِ السَّلَاسِلِ، فَأَتَيْتُهُ فَقُلْتُ: أَيُّ النَّاسِ أَحَبُّ إِلَيْكَ؟ قَالَ: عَائِشَةُ فَقُلْتُ: مِنَ الرِّجَالِ؟ فَقَالَ: أَبُوهَا قُلْتُ: ثُمَّ مَنْ؟ قَالَ: ثُمَّ عُمَرُ بْنُ الْخَطَّابِ فَعَدَّ رِجَالًا».

Amr ibn Os roziyallohu anhu shunday so‘zlab berdi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam meni Zotus-salosil qo‘shiniga bosh qilib yubordilar. U zotning huzurlariga kelib: «Odamlarning qay biri siz uchun eng sevimli?» dedim. «Oisha», dedilar. «Erkaklardan-chi?» dedim. «Uning otasi», dedilar. «Keyin kim?» dedim. «Keyin Umar ibn Xattob», deb turib, bir qancha kishilarni sanadilar» (Sahihi Buxoriy, 3662).

Shunday ekan, kim Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mahbubasini yomon ko‘rsa, u qiyomat kuni u zot sollallohu alayhi va sallamning g‘azabiga duchor bo‘lishga loyiqdir.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Xodimning xatolari uchun ish haqini ushlab qolish

    Biz xodimlarining xatolari uchun ularning ish haqidan bir-ikki kunlik miqdorni ushlab qoladigan shirkatda ishlaymiz. Bu jarimalar biror aniq qonunga asoslanmagan, balki bevosita rahbarning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi. Ammo juda arzimas xatolar uchun ham ish haqimizdan ushlab qolinishi bizni qattiq ranjitadi. Bizdan nohaq ushlab qolingan mablag‘ miqdoricha ish vaqtida shaxsiy ishlarimiz bilan shug‘ullansak to‘g‘ri bo‘ladimi? Bizning og‘ir mehnatimizdan shu yo‘l bilan foyda olishga ularning haqqi bormi? Holbuki, mehnat shartnomasida bu masala kelishilmagan edi.
  • A’uzu va basmala iftitoh duosining bir qismimi?

    Namozdagi a’uzu va basmala (A’uzu billahi minash shaytonir rojiym, so‘ngra «bismillah» deyish) iftitoh duosi boshlanishining bir qismimi? Agar bir kishi imom ortida namoz o‘qisa, u a’uzu va basmalani past ovozda aytishi kerakmi? Namozxon bularni har rakaatda aytishi kerakmi?
  • Haromligini bilishdan oldin kasb qilingan ribo molidan qutulish kerakmi?

    Bir kishi bankka qo‘ygan mablag‘lari uchun foiz olishga odatlangan edi. Keyinchalik bu ishning harom ekanligini bildi va foiz olishni to‘xtatdi. Shundan so‘ng u tavbasining shartlarini to‘liq ado etish uchun bu pulni xayriya qilishi kerakligini his qildi, ammo u ikki muammoga duch keldi: Birinchidan, u oldin bankdan olgan foizning to‘g‘ri miqdorini hisoblay olmaydi. Ikkinchidan, bu shaxsning hozirgi paytda mavjud jamg‘armasi avvalgi yillarda bankdan olgan foiz miqdoridan kamroq. Yuqoridagilarga asoslanib, quyidagilarga javob berishingizni so‘raymiz: 1. Bu shaxs tavbasining shartlaridan bankdan olgan barcha foiz miqdorlariga teng bo‘lgan to‘g‘ri summani xayriya qilish kerakmi? 2. Agar yuqoridagi savolga javobingiz ijobiy bo‘lsa, o‘zi va oila a’zolarining asosiy ehtiyojlarini ta’minlagandan so‘ng unda mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday mablag‘larni darhol xayriya qilishi kerakmi? Masalan, bu shaxs zaruriy ehtiyojlardan hisoblanmaydigan, ammo ahamiyatdan xoli bo‘lmagan narsalarni sotib olishi joizmi? Misol uchun, uy-joy, taom, kiyim-kechak, dori va transport vositalaridan tashqari kompyuter ham sotib olishi joizmi? 3. Agar ikkinchi savolga ham javobingiz ijobiy bo‘lsa, ushbu shaxs bank foiziga teng miqdordagi mablag‘ni xayriya qilishdan oldin o‘z ixtiyoriga kelib qolishi mumkin bo‘lgan har qanday mablag‘ bilan haj ibodatini ado etishi joizmi?
  • Tovus patlari bilan xonani bezash

    Tovus patidan foydalanishning hukmi nima va tovus patidan bezak sifatida foydalanilgan xonada namoz o‘qishning hukmi qanday?
  • Ayollar uchun ko‘rsatkich barmoq va bosh barmoqqa uzuk taqishning hukmi

    Agar ayol ko‘rsatkich barmog‘iga yoki bosh barmog‘iga uzuk taqsa, bu kofirlarga o‘xshashlik hisoblanadi, deyiladi. Iltimos, bizga bu masalani tushuntirib bering.
  • Vafot etgan shaxs merosini xotini, ikki o‘g‘li va qiziga taqsimlash

    Men meros haqida savol bermoqchiman. Oilaning holati quyidagicha deb faraz qilaylik: ota, ona, qiz va ikki o‘g‘il. Ota vafot etgan holatda, qolgan har bir oila a’zosining shar’iy ulushi qanday?