Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Haj va umra masalalari » Haj va umra ahkomlari » Musulmonning ruhiyati va hayotiga hajning ta’siri
Fatvo: 2807

O'qildi: 27

21.04.2026

/ 4 Zulqada 1447

Fatvo mavzusi:

Musulmonning ruhiyati va hayotiga hajning ta’siri

Savol

Haj ibodati musulmon kishining nafsi va hayotiga qanday ta’sir etadi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Haj manosiklarini ado etishning ko‘plab fazilatlari va buyuk hikmatlari bor. Kim ularni tushunsa va ularga amal qilsa, ulkan yaxshilikka muvaffaq bo‘libdi. Quyida imkon qadar ularni zikr qilishga harakat qilamiz:

  1. Insonning haj manosiklarini ado etish uchun safar qilishi: unga Alloh va oxirat diyoriga safarini eslatadi. Safarda yaqinlar, ahl, farzandlar va vatandan ayriliq bo‘lganidek, oxirat diyoriga safar ham shundaydir.
  2. Bu safarga chiquvchi o‘zini muqaddas diyorlarga yetkazadigan ozuqa olganidek, Parvardigoriga safari uchun ham o‘zini omonlik manziliga yetkazadigan ozuqa bilan bo‘lishi lozimligini eslasin. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
﴿وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَىٰۖ وَٱتَّقُونِ يَٰٓأُوْلِي ٱلۡأَلۡبَٰبِ﴾

«Va (haj qilish uchun yo‘lga tushishdan avval zarur ozuqa bilan) ta’minlanib oling! Eng yaxshi ozuqa (ya’ni, o‘zingiz bilan birga bo‘lishi lozim bo‘lgan eng yaxshi narsa) Allohdan qo‘rqishdir. Mendan qo‘rqingiz, ey ahli donishlar!» (Baqara: 197).

  1. Safar azobning bir bo‘lagi bo‘lganidek, oxirat diyoriga safar ham shunday, balki undan bir necha barobar ulug‘roqdir. Insonning oldida jon chiqishi, o‘lim, qabr, hashr, hisob, mezon, sirot, so‘ngra jannat yoki do‘zax bor. Saodatli kishi Alloh taolo najot bergan kishidir.
  2. Ehromga kiruvchi ehromning ikki kiyimini kiyganida, o‘zi kafanlanadigan kafanini eslaydi. Bu uni ma’siyat va gunohlardan xalos bo‘lishga undaydi. Kiyimlaridan yechinganidek, gunohlaridan ham yechinishi lozim. Ikkita oppoq, top-toza kiyim kiyganidek, uning qalbi va a’zolari ham gunoh va ma’siyat qoraligi aralashmagan oppoq bo‘lishi lozim.
  3. Miyqotda «Labbaykallohumma labbayk» deyish, insonning Parvardigoriga labbay deya ijobat qilganini anglatadi. Unda nega u gunoh va ma’siyatlarda davom etib, ular haqida Parvardigoriga «Labbaykallohumma labbayk», ya’ni: «Sen meni ulardan qaytarganingga ijobat qildim va mana endi ularni tark etish vaqti keldi», demaydi?
  4. Ehromdalik paytida man qilingan narsalarni tark etishi, talbiya va zikr bilan mashg‘ul bo‘lishi: unga musulmon kishi aslida qanday holatda bo‘lishi zarurligini uqtiradi. Buning zamirida nafsni tarbiyalash yotadi. U nafsini riyozat qildiradi va aslida muboh bo‘lgan, lekin Alloh bu yerda unga harom qilgan narsalarni tark etishga o‘rgatadi. Unda qanday qilib Alloh unga har zamon va har makonda harom qilgan narsalarga tajovuz qilishi mumkin?
  5. Alloh insonlar uchun omonlik maskani qilgan Baytul Haromga kirish bandaga qiyomat kunidagi omonlikni va unga faqat mashaqqat hamda mehnat bilan erishishini eslatadi. Qiyomat kuni insonni eng ko‘p omonlikda saqlaydigan narsa tavhiddir – Allohga shirk keltirishni tark etishdir. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
﴿الَّذِينَ آمَنُوا وَلَمْ يَلْبِسُوا إِيمَانَهُمْ بِظُلْمٍ أُولَٰئِكَ لَهُمُ الْأَمْنُ وَهُمْ مُهْتَدُونَ۝٨٢﴾

«Iymon keltirgan, o‘z iymonlarini zulm (shirk) bilan aralashtirmagan zotlar — ana o‘shalar xotirjam bo‘lguvchidirlar va o‘shalar hidoyat topguvchidirlar» (An’om: 82).

Manosiklardan birinchi boshlaydigan ishi bo‘lgan Hajarul asvadni o‘pishi ziyoratchini sunnatni ulug‘lashga va Allohning shariatiga o‘zining noqis aqli bilan tajovuz qilmaslikka oʻrgatadi. U Alloh insonlar uchun shariatga kiritgan narsalarda hikmat va yaxshilik borligini biladi hamda o‘zini Parvardigoriga bandalik qilishga tarbiyalaydi. Bu haqda Umar roziyallohu anhu Hajarul asvadni o‘pganidan keyin shunday degan:

عَنْ عَابِسِ بْنِ رَبِيعَةَ، عَنْ عُمَرَ : «أَنَّهُ جَاءَ إِلَى الْحَجَرِ الْأَسْوَدِ فَقَبَّلَهُ، فَقَالَ: إِنِّي أَعْلَمُ أَنَّكَ حَجَرٌ لَا تَضُرُّ وَلَا تَنْفَعُ، وَلَوْلَا أَنِّي رَأَيْتُ النَّبِيَّ يُقَبِّلُكَ مَا قَبَّلْتُكَ».

Obis ibn Robi’adan rivoyat qilinadi: «Umar roziyallohu anhu Hajarul asvadning oldiga kelib, uni o‘pdi-da: «Albatta, men sening zarar ham, foyda ham bera olmaydigan bir tosh ekaningni bilaman. Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning seni o‘payotganlarini ko‘rmaganimda, seni hargiz o‘pmas edim», dedi» (Sahihi Buxoriy, 1597 va Sahihi Muslim, 1270).

  1. Tavofida otasi Ibrohim alayhissalomni eslaydi. U zot Ka’bani insonlar uchun to‘planadigan va omonlik joyi bo‘lishi uchun qurganlar hamda ularni bu uyni haj qilishga chaqirganlar. So‘ng payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam kelib, insonlarni bu uyga chaqirdilar. Shuningdek, Muso va Iso alayhimassalom ham unga haj qilganlar. Bu uy o‘sha payg‘ambarlarning shiori bo‘lgan. Qanday qilib ham unday bo‘lmasin, axir Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga uni qurishni va ulug‘lashni amr qilgan.
  2. Zamzam suvini ichishi haj qiluvchiga Alloh taoloning insonlarga bergan ushbu muborak suv ne’matini eslatadi. Bu suvdan uzoq asrlar davomida millionlab insonlar ichib, chanqogʻini qondirishlariga, (qoʻshimcha oʻlaroq oʻz vatanlariga olib ketishlariga) qaramay bu suv qurib qolmaydi. Bu esa hojini suv ichayotganda duo qilishga undaydi, chunki hadisi sharifda shunday kelgan:
عَنْ جَابِرٍ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَاءُ زَمْزَمَ لِمَا شُرِبَ لَهُ»

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Zamzam suvi nima uchun ichilsa, o‘sha uchundir» (Musnadi Ahmad, 14849; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi targʻib», 1165)

  1. Safo va Marva orasida sa’y qilish haj qiluvchiga onamiz Hojarning sinovga bo‘lgan buyuk sabr-toqatini o‘rgatadi. U Safo va Marva orasida o‘zini bu mashaqqatli holatdan, ayniqsa, kichik o‘g‘li Ismoil uchun bir ho‘plam suv topish maqsadida qanday borib-kelganini eslatadi. Agar shu ayol bunday sinovga sabr qilib, Parvardigoriga yuzlangan bo‘lsa, biz uchun unda go‘zal o‘rnak bor. Erkak kishi ayolning tirishqoqligi va sabrini eslagach, o‘zidagi mashaqqatlar yengillashadi. Ayol esa o‘z jinsidan bo‘lgan kishini eslaydi, shunda unga qiyinchiliklar yengil bo‘ladi.
  2. Arafotda turish hojiga mahshar kunida xaloyiqning to‘planishini eslatadi. Agar hoji minglab odamlarning tiqilinchidan charchab, qiynalsa, xaloyiq yalangoyoq, yalang‘och, xatna qilinmagan holda to‘planganda qanday bo‘larkin?
  3. Shaytonga tosh otish haqida toʻxtaladigan boʻlsak, bunda musulmon o‘zini itoatga va Nabiy sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilishga o‘rgatadi. Bunda xolis bandalik namoyon bo‘ladi.
  4. Qurbonlik so‘yish esa hojiga otamiz Ibrohimning Alloh taoloning to‘ng‘ich o‘g‘li Ismoilni so‘yish haqidagi buyuk voqeani eslatadi. Shuningdek, Allohning amri va nahyiga zid bo‘lgan his-tuyg‘ularga o‘rin yo‘qligini eslatadi. Yosh Ismoilning soʻyilish chogʻida:
﴿يَا أَبَتِ افْعَلْ مَا تُؤْمَرُ ۖ سَتَجِدُنِي إِنْ شَاءَ اللَّهُ مِنَ الصَّابِرِينَ﴾

«Ey otajon, senga (tushingda Parvardigor tomonidan) buyurilgan ishni qilgin. Inshaalloh meni sabr qilguvchilardan topursan» (Soffot: 102), degan so‘zi bilan Alloh buyurgan narsaga ijobat qilish xulqini o‘rgatadi.

  1. Ehromdan chiqib, ehrom sababli Alloh unga harom qilgan narsalar halol bo‘lganida, bu uni sabrga o‘rgatadi va qiyinchilik bilan birga yengillik borligini, Allohning amriga ijobat qilgan kishining oqibati xursandchilik va surur ekanini o‘rgatadi. Bu shunday xursandchilikki, uni faqat itoat halovatini totgan kishi his qiladi, xuddi ro‘zador iftor qilganda yoki tunda namoz o‘qigan kishi namozidan keyin his qiladigan xursandchilik kabi.
  2. Haj manosiklarini tugatib, uni Alloh buyurgan va U Zot suygan tarzda ado etsa hamda manosiklarini mukammal qilsa, Parvardigoridan barcha gunohlarini kechirishini umid qiladi, chunki bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday va’dalari bor.
سَمِعْتُ أَبَا هُرَيْرَةَ قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ يَقُولُ: «مَنْ حَجَّ لِلهِ فَلَمْ يَرْفُثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمِ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ».

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Kim Alloh uchun haj qilsa-yu, shahvoniy narsalar hamda fosiqlik qilmasa, onasidan tug‘ilgan kundagidek bo‘lib qaytadi», deyayotganlarini eshitdim» (Sahihi Buxoriy, 1521 va Sahihi Muslim, 1350). Bu uni hayotida gunoh va ma’siyatlardan xoli yangi sahifa ochishga undaydi.

  1. Ahli va farzandlariga qaytib, ular bilan uchrashishdan xursand bo‘lganida, bu unga Allohning jannatida ular bilan uchrashishdagi kattaroq xursandchilikni eslatadi. Bu unga haqiqiy ziyon qiyomat kunida o‘zini va ahlini yo‘qotish ekanini bildiradi, Alloh taolo aytganidek:
﴿ قُلْ إِنَّ الْخَاسِرِينَ الَّذِينَ خَسِرُوا أَنْفُسَهُمْ وَأَهْلِيهِمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ۗ أَلَا ذَٰلِكَ هُوَ الْخُسْرَانُ الْمُبِينُ ۝١٥﴾

«(«Ey Muhammad alayhissalotu vassalom, agar ota-bobolaringning dinidan chiqsang, ziyonkor bo‘lursan», deydigan mushriklarga)   ayting: «Albatta ziyonkorlar Qiyomat Kuni o‘zlariga ham, ahli oilalariga ham ziyon qilguvchi (ya’ni, o‘zi ham mushrik bo‘lib, ahli oilasini ham To‘g‘ri Yo‘ldan ozdirgani sababli Qiyomat Kunida o‘zi va ahli oilasi do‘zax azobiga giriftor bo‘lguvchi) kimsalardir. Ogoh bo‘lingizkim, ana shugina ochiq ziyonkorlikdir» (Zumar: 15).

Zikr qilishga muyassar bo‘lganimiz shulardir.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Shaʼbonda umraga ehrom bogʻlab, uni ramazonda ado etsa, ramazondagi umraning ajri beriladimi?

    Shaʼbon oyining soʻnggi kuni shom azoni aytilishidan oldin bir kishi umra uchun ehromga kirdi. Shom namozidan keyin esa Ramazon oyi boshlanganini eʼlon qilishdi. Bu kishining umrasi Ramazon umrasi hisoblanadimi yoki yoʻqmi? Vaziyat quyidagicha: u quyosh botishidan avval niyat qilib ehromga kirgan va Ramazon kechasida umrani ado etgan.
  • Birovning nomidan haj qilish hukmi

    Kasalligi yoki vafot etganligi sababli haj amallarini bajara olmayotgan kishi nomidan haj qilishni niyat qilgan shaxsning vazifasi nimadan iborat? Bunday shaxs «Tamattu’» yoki «Ifrod» kabi haj turlaridan birini tanlashi shartmi?
  • Bemorning hajga borishi

    Men yaponiyalik erkakman, ammo musulmon emasman. Yaqinda Islomni qabul qilgan va hajga bormoqchi bo‘lgan do‘stim bor. Uning bir oyog‘ida jiddiy jarohat bor va faqat qo‘ltiqtayoq bilan yura oladi. U hajga borishi kerakmi?
  • Ka’ba tavof qiluvchilarning chap tomonida boʻlishining sababi

    Ka’bai Muazzamani tavof qilishning mohiyati va maqsadini bilmoqchi edim. Nima uchun Ka’ba tavof qiluvchining chap tomonida tutiladi? Tavof faqat Makkada bo‘ladimi yoki u kundalik ibodat hammi? Siz taqdim etadigan har bir ma’lumot uchun benihoya minnatdorman.