O'qildi: 88
19.03.2026
/ 30 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Yangi oyni koʻrish
Savol
Muayyan sharoitlar tufayli Pokiston davlatiga yashash uchun ko‘chib o‘tdik. Men uchun bir qancha narsalar, namoz vaqtlaridan tortib boshqa narsalargacha o‘zgardi… Sizlardan so‘ramoqchi bo‘lganim, men Arafa kuni ro‘za tutishga rag‘batim bor, lekin Pokistondagi hijriy sana Saudiya Arabistonidagidan farq qiladi. Pokistondagi sana 8-kun bo‘lib, u Saudiyadagi 9-kunga to‘g‘ri kelishi mumkin… Men 8-kuni, ya’ni Saudiyadagi 9-kun sanasida ro‘za tutaymi yoki Pokiston sanasiga qarabmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Shayx Ibn Usaymiyn rahimahullohdan, oy chiqishida turli mintaqalarning ixtilofi natijasida Arafa kuni farq qilsa, biz o‘zimiz turgan yurtning oyni ko‘rishiga qarab ro‘za tutamizmi yoki Haramayn (Makka va Madina)ning oyni ko‘rishiga qarab ro‘za tutamizmi, deb so‘rashdi.
U kishi shunday javob berdilar: «Bu masala ahli ilmning ixtilofiga borib taqaladi. Ya’ni butun dunyoda oy bittami yoki u chiqish joylariga qarab farq qiladimi?
To‘g‘ri qavl shuki, u chiqish joylariga qarab farq qiladi. Masalan, agar oy Makkada ko‘ringan bo‘lsa va bu kun to‘qqizinchi kun bo‘lsa, boshqa bir yurtda esa Makkadan bir kun oldin ko‘ringan bo‘lib, ularda Arafa kuni o‘ninchi kunga to‘g‘ri kelsa, ularning bu kunda ro‘za tutishlari joiz emas, chunki u hayit kunidir. Shuningdek, agar oyni ko‘rish Makkadan kechikkan bo‘lsa va Makkadagi to‘qqizinchi kun ularda sakkizinchi kun bo‘lsa, ular o‘zlaridagi to‘qqizinchi kuni ro‘za tutadilar, bu esa Makkadagi o‘ninchi kunga to‘g‘ri keladi. Bu rojih (quvvatliroq) qavldir.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam [yoki Abulqosim sollallohu alayhi vasallam] dedilar: «Uni (hilolni) ko‘rib, ro‘za tutinglar va uni ko‘rib, ro‘zani ochinglar. Agar sizlarga bilinmay qolsa, Sha’bonning adadini o‘ttiztaga yetkazinglar» (Sahihi Buxoriy, 1909; Sahihi Muslim, 1081).
O‘z tomonlarida oyni ko‘rmaganlar uni ko‘rmagan bo‘ladilar. Xuddi ijmo’ bilan odamlar har bir mintaqada tong otishi va quyosh botishini o‘sha mintaqaga qarab e’tiborga olishlari kabi, oylik vaqt hisobi ham kunlik vaqt hisobi kabi bo‘ladi. [Majmu’ul Fatavo, 20]
U zot rahimahullohdan Haramayn yurti elchixonasining ba’zi xodimlari tomonidan bir davlatda so‘raldi: «Biz bu yerda muborak Ramazon oyi ro‘zasi va Arafa kuni ro‘zasi borasida qiynalmoqdamiz. U yerdagi birodarlar uch guruhga bo‘linganlar:
Bir guruh aytadi: Saudiya Arabistoni bilan ro‘za tutamiz va Saudiya Arabistoni bilan ro‘zani ochamiz.
Ikkinchi guruh aytadi: Biz turgan davlat bilan ro‘za tutamiz va ular bilan ro‘zani ochamiz.
Uchinchi guruh aytadi: Ramazonni biz turgan davlat bilan tutamiz, ammo Arafa kunini esa Saudiya Arabistoni bilan.
Shunga binoan, ushbu davlat o‘tgan besh yil mobaynida na Ramazon oyida, na Arafa kunida Saudiya Arabistoniga ro‘zada muvofiq kelmaganini inobatga olgan holda, muborak Ramazon oyi ro‘zasi hamda Arafa kuni borasida shayx janoblaridan qoniqarli va batafsil javob berishidan umidvormiz. Chunki Ramazon oyi ro‘zasi Saudiya Arabistonida e’lon qilinganidan bir yoki ikki kun, ba’zan uch kun keyin boshlanadi.
U kishi quyidagicha javob berdilar:
«Agar musulmonlar yurtlaridan birida oy ko‘rinsa-yu, boshqasida ko‘rinmasa, barcha musulmonlarga unga amal qilish lozimmi? Yoki faqat uni ko‘rganlar va ularga oy chiqishida muvofiq bo‘lganlar yoxud uni ko‘rganlar va ular bilan bir boshqaruv ostida bo‘lganlargagina lozim boʻladimi? Shu masalada ulamolar rahimahumulloh ixtilof qilganlar.
Rojih (quvvatliroq) qavl shuki, bu masalada bilim ahliga murojaat qilinadi. Agar ikki yurtning oy chiqish joylari bir-biriga to‘g‘ri kelsa, ular bir yurt kabi bo‘ladilar. Agar ularning birida oy ko‘rinsa, uning hukmi ikkinchisida ham sobit bo‘ladi. Ammo oy chiqish joylari farq qilsa, har bir yurtning o‘z hukmi bo‘ladi. Bu shayxulislom rahimahullohning ixtiyoridir va bu Qur’on-u Sunnatning zohiri hamda qiyos taqozosidir:
Qur’on daliliga kelsak, Alloh taolo aytgan:
﴿فَمَنْ شَهِدَ مِنْكُمُ الشَّهْرَ فَلْيَصُمْهُ ۖ وَمَنْ كَانَ مَرِيضًا أَوْ عَلَىٰ سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِنْ أَيَّامٍ أُخَرَ ۗ يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ وَلِتُكْمِلُوا الْعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَىٰ مَا هَدَاكُمْ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ﴾
«Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘za tutsin. Va kim xasta yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tutolmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda (tuzalgach yoki safardan qaytgach) tutadi. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, sizlarga og‘ir bo‘lishini istamaydi. Bu sanoqni to‘ldirishingiz va hidoyat qilgani sababli Allohni ulug‘lashingiz uchundir. Shoyad shukr qilsangiz» (Baqara: 185).
Oyatning mazmuni shuki: kim unga shohid bo‘lmasa, unga ro‘za tutish lozim emas.
Ibn Umar roziyallohu anhumo aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Uni (hilolni) ko‘rsangiz, ro‘za tuting. Uni ko‘rsangiz, ro‘zani oching». (Roviylardan) Uqayl va Yunus: «Ramazon hilolini» deyishgan (Sahihi Buxoriy, 1900; Sahihi Muslim, 1080).
Hadisning mazmuni shuki, agar hilolni ko‘rmasak, ro‘za tutish ham, ro‘zani ochish ham lozim emas.
Qiyosga kelsak, ro‘zaning boshlanishi va tugashi (saharlik va iftorlik) har bir hududda oyning chiqishi va botishiga muvofiq alohida belgilanadi. Bu borada ulamolarning ijmosi (yakdil fikri) mavjud. Sharqiy Osiyo aholisi ro‘za tutishni va og‘iz ochishni g‘arbliklarga qaraganda ertaroq boshlaydi, chunki ularda tong ertaroq otadi va quyosh ham oldinroq botadi. Agar bu qoida kundalik ro‘za va iftorlik uchun o‘rnatilgan bo‘lsa, u holda bir oylik ro‘zaning boshlanishi va tugashiga ham hech bir farqsiz qo‘llanilishi lozim.
Lekin, agar ikki yurt bir hukmdor ostida bo‘lsa va yurt hokimi ro‘za tutishga yoki ochishga buyursa, uning amriga itoat qilish vojib bo‘ladi, chunki bu masala ixtiloflidir va hokimning hukmi ixtilofni ko‘taradi.
Shunga binoan, sizlar turgan yurt ahli qanday ro‘za tutsa va ochsa, sizlar ham shunday ro‘za tutinglar va ochinglar, xoh u asl yurtingizga muvofiq kelsin, xoh xilof bo‘lsin. Arafa kunida ham sizlar turgan yurtga ergashinglar» [Majmu’ul fatovo, 19].
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?