Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Fatvo: 31822

O'qildi: 18

30.06.2026

/ 15 Muharram 1448

Fatvo mavzusi:

Haj sifati

Savol

Haj ibodati haqida batafsilroq ma’lumot bera olasizmi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Muqaddima

Javob xulosasi:

Haj eng afzal va eng ulugʻ ibodatlardan. Bu ibodat Alloh taolo Oʻzining paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi va sallamni yuborgan Islom arkonlaridan biri boʻlib, bandaning dini ularsiz mukammal boʻlmaydi. Ibodat bilan Allohga yaqinlashish va uning maqbul boʻlishi faqat ikki narsa bilan amalga oshadi:

  1. Alloh azza va jallaga ixlos qilish, yaʼni u bilan Allohning yuzini va oxirat diyorini qasd qilish
  2. Ibodatda Nabiy sollallohu alayhi va sallamga soʻzda va amalda ergashish. Shuning uchun, kim Alloh taologa biror ibodat – haj yoki boshqasi bilan ibodat qilishni iroda qilsa, unda Nabiy sollallohu alayhi va sallamning yoʻllarini oʻrganishi vojibdir, toki uning amali sunnatga muvofiq boʻlsin.

Javob:

Alloh taologa hamd-u sanolar, Paygʻambarimizga salavot va salomlar boʻlsin.

Ibodatlarning qabul boʻlish shartlari

Haj eng afzal ibodatlardan va eng ulugʻ toatlardandir. Bu ibodat Alloh taolo oʻzining paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi va sallamni yuborgan Islom arkonlaridan biri boʻlib, bandaning dini ularsiz mukammal boʻlmaydi.

Har qanday ibodat, jumladan haj ibodati bilan Allohga yaqinlashish va ibodatning maqbul boʻlishi faqat ikki narsa bilan amalga oshadi:

Birinchisi: Alloh azza va jallaga ixlos qilish, yaʼni ushbu ibodat ila Allohning Yuzini va oxirat diyorini qasd qilish lozim. Bu esa ibodatda riyo – xoʻjakoʻrsin va sum’a – odamlash eshitsin degan e’tiqoddan chetlanish hamda dunyodan biror ulushni qasd qilmaslik orqali amalga oshadi.

Ikkinchisi: ibodat qabul boʻlishining ikkinchi sharti soʻzda ham, amalda ham Nabiy sollallohu alayhi va sallamga ergashish. Nabiy sollallohu alayhi va sallamga ergashish esa faqat u zotning sunnatlarini bilish bilangina roʻyobga chiqadi.

Shuning uchun, kim biror ibodat – hox haj ibodati yoki boshqa amal bilan Alloh taologa ibodat qilishni istasa, unda Nabiy sollallohu alayhi va sallamning yoʻllarini oʻrganishi vojibdir, toki uning amali sunnatga muvofiq boʻlsin.

Haj amalini bajarish tartibi

Ushbu satrlarda sunnatda kelganidek haj sifatini qisqacha bayon qilamiz.

31819-raqamli savolning javobida umra sifati bayon qilingan edi, oʻshanga murojaat qilinsin.

Haj turlari

Haj amali uch turga boʻlinadi: tamattuʼ, ifrod va qiron hajlari.

Tamattuʼ: haj oylarida (ya’ni Shavvol, Zulqaʼda va Zulhijja oylarida («Sharh al-Mumtiʼ», 7/62) hajga emas, umraga ehrom bogʻlashdir. Makkaga yetib kelgach, umraning tavofi va saʼyini bajaradi, sochini oldiradi yoki qisqartiradi va ehromidan chiqadi. Tarviya kuni, yaʼni Zulhijjaning sakkizinchi kuni kelganda, Makkaning oʻzida turib, miyqotga chiqmay hajga ehrom bogʻlaydi va hajning barcha amallarini bajaradi. Demak, tamattuʼ qiluvchi toʻliq umra va toʻliq haj qilgan sanaladi.

Ifrod: faqatgina haj qilish uchun ehrom bogʻlashdir. Ushbu haj turida hoji Makkaga yetib kelgach, tavoful qudum qiladi va haj uchun saʼy qiladi. Sochini oldirmaydi, qisqartirmaydi va ehromidan chiqmaydi, balki hayit kuni jamarotul aqabaga tosh otgandan keyin ehromdan chiqquniga qadar ehromda qoladi. Agar haj saʼyini haj tavofidan keyinga qoldirsa, zarari yoʻq.

Qiron: umra va hajga birgalikda ehrom bogʻlash yoki avval umraga ehrom bogʻlab, soʻng umraning tavofini boshlashdan oldin bu amalga hajni kiritishdir. (Bu esa uning tavofi va saʼyi haji va umrasi uchun ekanini niyat qilishi bilan boʻladi).

Qiron qiluvchining amali ifrod qiluvchining amali bilan bir xil, faqat qiron qiluvchiga hadiy (qurbonlik) vojib, ifrod qiluvchiga esa hadiy vojib emas.

Bu uch turning eng afzali tamattuʼdir. Nabiy sollallohu alayhi va sallam sahobalariga shuni buyurganlar va unga targʻib qilganlar. Hatto inson qiron yoki ifrodga ehrom bogʻlagan boʻlsa ham, ehromini umraga oʻzgartirib, soʻng ehromdan chiqib, tamattuʼ qiluvchiga aylanishi taʼkidlanadi, garchi bu qudum tavofi va saʼy qilganidan keyin boʻlsa ham. Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam vidolashuv haji yilida sahobalari bilan birga tavof va saʼy qilganlarida, oʻzlari bilan hadiy olib kelmagan har bir kishiga ehromini umraga oʻzgartirishni, sochlarini qisqartirib, ehromdan chiqishni buyurdilar va: «Agar men hadiy olib kelmaganimda, sizlarga buyurgan ishni qilgan boʻlardim», dedilar.

Ehrom va miyqotlar

(Ehrom bu – til va dil jo‘rligida «Labbaykallohumma hajjan» yoki «Labbaykallohumma umrotan», deb niyat qilishdir. Ehrom bogʻlanadigan joy – miyqot deb ataladi. Haj yoki umra qilishni istagan kishi ehrom bog‘lashi lozim bo‘lgan va ehromsiz undan nariga o‘tishi joiz bo‘lmagan joylar miyqotdir. Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Madina ahli uchun Zulhulayfani, Shom ahli uchun Juhfani, Najd ahli uchun Qarnul-manozilni va Yaman ahli uchun Yalamlamni miyqot qilib belgiladilar. Bu makonlar o‘sha yerliklar uchun hamda boshqa yerlardan bu joylarga haj va umra qilmoqchi bo‘lib kelganlar uchundir. Kim bu miyqotlarning ichida yashasa, u o‘sha joydan ehromga kiradi. Makka ahlining (haj uchun) miyqoti esa Makkadandir» (Sahihi Muslim, 1218; «Vidloashuv haji» hadisi.)

Miyqotda g‘usl qilib, poklanib, imkon bo‘lsa niyat qilishdan oldin badaniga xushbo‘y narsa surtadi. Erkaklar hamma kiyimlarini yechib, «ehrom» deb atalmish, biri yelkaga, ikkinchisi belga o‘rab olinadigan ikki bo‘lak matoga o‘ranadilar. Erkaklarga ehromning rangi oq bo‘lishi afzal. Ayollar esa o‘zlari xohlagan kiyimlarini kiyishlari mumkin, biroq kiyimlari sodda, e’tiborni tortmaydigan, keng, erkaklar kiyimiga va kofirlar kiyimiga o‘xshamaydigan bo‘lishi shart. Ular shuningdek, qo‘lqop va yuzga moslab tikilgan niqob taqmaydilar, nomahram erkaklar oldida esa, yuzlarini ro‘mollari bilan to‘sishlari joiz. Hayzli hamda nifosli ayollar haj va umraga niyat qilib, ehrom kiyishlari joiz. Uzrli ayollar ehrom kiyishdan oldin g‘usl qilib olishlari sunnatdir. Ehrom kiygach, qalb va til jo‘rligida «Labbaykallohumma umrotan», yoki «Labbaykallohumma hajjan» deb ibodatga kirishga niyat qilinadi. Ehromga kirish uchun maxsus namoz yoʻq, ammo farz namozidan soʻng ehromga kirish sunnatdir, agar farz namozidan boshqa payt boʻlsa ikki rakaat nafl namoz oʻqib olish mandubdir. Ehromga kirgandan so‘ng, ehromdan avval muboh bo‘lgan bir qancha amallar haromga aylanadi. Bu haqda quyida batafsil soʻz yuritiladi – tarj.)

Xulosa qilib aytganda, namozdan forigʻ boʻlgach yoki uloviga mingach ehromga niyat qilinadi:

  1. Agar tamattuʼ qiluvchi boʻlsa: «Labbaykallohumma bi umro», deydi.
  2. Agar qiron qiluvchi boʻlsa: «Labbaykallohumma bi hajjatin va umro», deydi.
  3. Agar ifrod qiluvchi boʻlsa: «Labbaykallohumma hajjan», deydi.

Soʻng: «Allohumma hazihi hajjatun la riya’a fiha va la sumʼa» (Maʼnosi: Allohim, bu riyo va sumʼasiz hajdir), deydi.

Soʻng Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytgan talbiyani aytadi:

لَبَّيْكَ اللَّهُمَّ لَبَّيْك، لَبَّيْكَ لَا شَرِيكَ لَكَ لَبَّيْك، إِنَّ الْحَمْدَ وَالنِّعْمَةَ لَكَ وَالْمُلْك، لَا شَرِيكَ لَكَ

«Labbaykallohumma labbayk, labbayka la sharika laka labbayk, innal hamda van neʼmata laka val mulk, la sharika lak» (Talbiyaning ma’nosi: «Labbay Allohim, labbay! Iloho, amringga ijobat qilib, buyrug‘ingga bo‘ysunib keldim. Sening hech qanday sheriging yo‘q! Labbay Allohim! Barcha hamdu sano, ne’mat, mol-mulk Senikidir, Sening hech qanday sheriging; tenging, o‘xshashing yo‘q!»).

U zot sollallohu alayhi va sallam gohida: «Labbayka ilahal haqq», deb talbiya aytganlar. Ibn Umar esa talbiyaga:

لَبَّيْكَ وَسَعْدَيْكَ، وَالْخَيْرُ فِي يَدَيْكَ، لَبَّيْكَ وَالرَّغْبَاءُ إِلَيْكَ وَالْعَمَلُ

«Labbayka va saʼdayk, val xoyru biyadayk, var rogʻba’u ilayka val ʼamal» (ya’ni, «Mana men huzuringdaman (buyurug‘ingga tayyorman) va Senga itoat etishda baxtiyorman. Barcha yaxshilik Sening qo‘lingdadir. Rag‘bat (intilish va xohish) Sengadir va amal (ham Sen uchundir)», deb qoʻshimcha qilar edilar. (Sahihi Muslim, 1184).

Erkak kishi talbiyani ovozini koʻtarib aytadi, ayol kishi esa yonidagi boshqa ayol eshitadigan darajada aytadi. Agar yonida mahrami boʻlmagan erkak boʻlsa, unda ichida aytadi.

Agar ehrom bogʻlamoqchi boʻlgan kishi ibodatini tugatishga toʻsqinlik qiluvchi biror monelikdan (kasallik, dushman, qamoq yoki boshqa) qoʻrqsa, ehrom bogʻlashda shart qoʻyishi lozim. U:

إِنْ حَبَسَنِي حَابِسٌ فَمَحِلِّي حَيْثُ حَبَسْتَنِي

«In habasaniy habisun fa mahilliy haysu habastaniy» – yaʼni «Agar meni biror to‘siq (kasallik, dushman yoki biror uzr) to‘sib qolsa, meni (ehromdan) chiqish joyim Sen meni to‘sgan joydir», deydi.

عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ: «دَخَلَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم عَلَى ضُبَاعَةَ بِنْتِ الزُّبَيْرِ فَقَالَ لَهَا: لَعَلَّكِ أَرَدْتِ الْحَجَّ؟ قَالَتْ: وَاللهِ لَا أَجِدُنِي إِلَّا وَجِعَةً، فَقَالَ لَهَا: حُجِّي وَاشْتَرِطِي، قُولِي اللَّهُمَّ مَحِلِّي حَيْثُ حَبَسْتَنِي. وَكَانَتْ تَحْتَ الْمِقْدَادِ بْنِ الْأَسْوَدِ»

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zuboʻa bint Zubayrning oldiga kirib, unga: «Hajni iroda qilibsanmi?» dedilar. U: «Allohga qasamki, oʻzimni betob his qilyapman», dedi. U zot unga: «Haj qilaver va shart qilib, «Allohim! Ehromdan chiqish yerim Sen meni tutib qolgan joydir», deb ayt», dedilar. U Miqdod ibn Asvadning nikohida edi» (Sahihi Buxoriy, 5089; Sahihi Muslim, 1207).

Kim shart qoʻysa va unga ibodatini tugatishga toʻsqinlik qiluvchi narsa yuz bersa, u ehromidan chiqadi va unga hech narsa vojib boʻlmaydi.

Ammo ibodatini tugatishga toʻsqinlik qiluvchi monelikdan qoʻrqmaydigan kishiga shart qoʻyish lozim emas. Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam shart qoʻymaganlar va hammaga shart qoʻyishni buyurmaganlar. Balki faqat Zuboʻa bint Zubayrga unda betoblik borligi sabab buyurganlar.

Ehromdagi kishiga, ayniqsa, holatlar va vaqtlar oʻzgarganda, masalan, tepalikka koʻtarilganda, pastlikka tushganda, kecha yoki kunduz kirganda talbiyani koʻp aytishi, undan soʻng Allohdan Uning roziligini va jannatni soʻrashi hamda Uning rahmati bilan doʻzaxdan panoh tilashi lozim.

Talbiya umrada ehromdan boshlab tavofni boshlaguncha, hajda esa ehromdan boshlab hayit kuni jamratul aqabaga birinchi bora tosh otguncha shariatda belgilangan.

Makkaga kirish uchun gʻusl qilish

Makkaga yaqinlashganda, agar imkoni boʻlsa, unga kirish uchun gʻusl qilishi lozim:

عَنْ نَافِعٍ، «أَنَّ ابْنَ عُمَرَ كَانَ لَا يَقْدَمُ مَكَّةَ إِلَّا بَاتَ بِذِي طَوًى حَتَّى يُصْبِحَ، وَيَغْتَسِلَ، ثُمَّ يَدْخُلُ مَكَّةَ نَهَارًا، وَيَذْكُرُ عَنِ النَّبِيِّ أَنَّهُ فَعَلَهُ»

Nofeʼdan rivoyat qilinadi: «Ibn Umar Zu Tovoda tunamay turib, Makkaga kirmas edi. Tong otgach, gʻusl qilib, keyin Makkaga kunduzi kirar edi va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday qilganlarini aytar edi» (Sahihi Muslim, 1259).

Soʻng Masjidul Haromga kirganda oʻng oyogʻini oldinga qoʻyib:

بِسْمِ اللهِ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِ اللهِ، اللهُمَّ اغْفِرْ لِي ذُنُوبِي، وَافْتَحْ لِي أَبْوَابَ رَحْمَتِكَ. أَعُوذُ بِاللهِ الْعَظِيمِ، وَبِوَجْهِهِ الْكَرِيمِ، وَسُلْطَانِهِ الْقَدِيمِ، مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ.

«Bismillah vas-solatu vas-salamu ʼala rosulillah, Allohummagʻfir liy zunubiy vaftah liy abvaba rohmatik. Aʼuzu billahil ʼaziym va bivajhihil kariym va sultonihil qodiym minash shaytonir rojiym» (ya’ni, «Allohning nomi bilan (masjidga kiraman). Rasulullohga salavot va salomlar bo‘lsin. Allohim, gunohlarimni mag‘firat qil va menga rahmat eshiklaringni och! Buyuk Allohdan, Uning karamli Yuzidan va azaliy saltanatidan quvilgan shaytondan panoh tilayman»), deydi («Termiziy», 314; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Hidoyatur ruvot», 698).

Soʻng tavofni boshlash uchun Hajarul asvadga boradi. Tavof qilish tartibi 31819-raqamli fatvoda zikr qilingan  (Ayni shu fatvoda umraning bajarilish tartibi ham batafsil bayon etilgan. Koʻproq foyda olish uchun 31819-raqamli fatvoga murojaat qiling).

Soʻng tavof va ikki rakat namozdan keyin saʼy qilinadigan joyga kelib, Safo va Marva orasida saʼy qiladi. Saʼy qilish tartibi ham 31819-raqamli savolda bayon etilgan.

Tamattuʼ qiluvchi umra uchun saʼy qiladi. Ifrod va qiron qiluvchilar esa haj uchun saʼy qiladilar va ular saʼyni ifoza tavofidan keyinga qoldirishlari mumkin.

Sochni olish yoki qisqartirish

Tamattuʼ qiluvchi yetti marta saʼy qilib boʻlgach, agar erkak kishi boʻlsa, sochini oladi yoki qisqartiradi. Sochni olish butun boshni qamrab olishi vojib. Shuningdek, qisqartirish ham boshning hamma tomonini qamrab olishi kerak. Sochni olish qisqartirishdan afzalroqdir:

عَنْ يَحْيَى بْنِ الْحُصَيْنِ، عَنْ جَدَّتِهِ «أَنَّهَا سَمِعَتِ النَّبِيَّ فِي حَجَّةِ الْوَدَاعِ دَعَا لِلْمُحَلِّقِينَ ثَلَاثًا وَلِلْمُقَصِّرِينَ مَرَّةً«

Yahyo ibn Husoyn buvisi roziyallohu anhodan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Vidolashuv hajida sochini qirdirganlarni uch marta, sochini qisqartirganlarni bir marta duo qilganlarini eshitganman» (Sahihi Muslim, 1303).

Illo, agar haj vaqti yaqin boʻlib, boshdagi sochning oʻsishiga vaqt yetmasa, unda qisqartirish afzalroqdir, toki hajda oladigan sochi qolsin. Bunga dalil, Nabiy sollallohu alayhi va sallam vidolashuv hajida sahobalariga umra uchun sochlarini qisqartirishni buyurganlar, chunki ularning kelishlari Zulhijjaning toʻrtinchi kuni tongida boʻlgan edi. Ayol kishi esa sochidan bir barmoq uchi miqdoricha qisqartiradi.

Shu amallar bilan tamattuʼ qiluvchining umrasi tugaydi va undan keyin toʻliq ehromdan chiqadi. Kiyim kiyish, xushboʻylanish, ayoliga yaqinlik qilish va boshqa ehromdan chiqqanlar qiladigan ishlarni qiladi.

Ifrod va qiron qiluvchilar esa sochlarini olmaydilar, qisqartirmaydilar va ehromlaridan chiqmaydilar, balki hayit kuni jamratul aqabani otgandan va soch oldirgandan yoki qisqartirgandan keyin ehromdan chiqqunlaricha ehromda qoladilar.

Soʻng tarviya kuni, yaʼni Zulhijjaning sakkizinchi kuni boʻlganda, tamattuʼ qiluvchi Makkadagi turgan joyidan choshgoh vaqtida hajga ehrom bogʻlaydi. Hajga ehrom bogʻlashda umraga ehrom bogʻlaganda qilgan gʻusl, xushboʻylanish va namoz kabi amallarni qilishi mustahabdir. Soʻng hajga ehromni niyat qiladi va talbiya aytib: «Labbaykallohumma hajjan», deydi.

Agar hajini tugatishga toʻsqinlik qiluvchi monelikdan qoʻrqsa, shart qoʻyib: «Va in habasaniy habisun famahilliy haysu habastaniy», deydi. Agar monelikdan qoʻrqmasa, shart qoʻymaydi. Unga hayit kuni jamratul aqabani otishni boshlaguncha talbiyani oshkora aytishi mustahabdir.

Minoga borish

Soʻng Minoga chiqib, u yerda peshin, asr, shom, xufton va bomdod namozlarini jam qilmasdan qasr qilib oʻqiydi. Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam «Minoda qasr qilardilar, jam qilmasdilar». Qasr – toʻrt rakatli namozni ikki rakat qilishdir. Makka ahli va boshqalar Mino, Arafot va Muzdalifada qasr qiladilar. Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam vidolashuv hajida odamlarga imom boʻlib namoz oʻqiganlar va ular bilan Makka ahli ham bor edi, ularga namozni toʻliq oʻqishni buyurmaganlar. Agar bu ularga vojib boʻlganida, Fath yilida buyurganlaridek, buyurar edilar. Lekin Makkaning imoratlari kengayib, Minoni ham oʻz ichiga olgani va u goʻyo uning mahallalaridan biriga aylangani sababli, Makka ahli u yerda qasr qilmaydilar.

Arafotga borish

Arafa kuni quyosh chiqqach, Minodan Arafotga yuradi va peshin vaqtigacha Namiraga tushadi (Namira – Arafotdan sal oldingi joy), agar imkoni boʻlsa. Boʻlmasa, zarari yoʻq, chunki Namiraga tushish sunnat, vojib emas. Quyosh zavolga ketgach (yaʼni peshin namozi vaqti kirgach), peshin va asrni ikki rakat-ikki rakatdan jamʼi taqdim qilib oʻqiydi, Nabiy sollallohu alayhi va sallam qilganlaridek, toki vuquf va duo vaqti uzaysin.

Soʻng namozdan keyin zikr, duo va Alloh azza va jallaga tazarru qilishga kirishadi va qoʻllarini koʻtarib, qiblaga yuzlangan holda xohlagan duosini qiladi, garchi Arafot togʻi orqasida boʻlsa ham. Chunki sunnat toqqa emas, qiblaga yuzlanishdir:

عَنْ جَابِرٍ فِي حَدِيثِهِ ذَلِكَ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ قَالَ: «نَحَرْتُ هَا هُنَا وَمِنًى كُلُّهَا مَنْحَرٌ، فَانْحَرُوا فِي رِحَالِكُمْ، وَوَقَفْتُ هَا هُنَا وَعَرَفَةُ كُلُّهَا مَوْقِفٌ، وَوَقَفْتُ هَا هُنَا وَجَمْعٌ كُلُّهَا مَوْقِفٌ»

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Men mana bu yerda soʻydim, lekin Minoning hammasi soʻyish joyidir. Toʻxtagan joylaringizda ham soʻyaveringlar. Men mana bu yerda vuquf qildim, lekin Arafotning hamma joyi mavqifdir. Men mana bu yerda vuquf qildim, lekin Jamʼning hamma joyi mavqifdir» (Sahihi Muslim, 1218).

Izoh: «Mavqif» – turish joyi degani boʻlib, Arafa kuni turish uchun belgilangan, Arafot togʻi va uning atrofidan bir qismini oʻz ichiga olgan hudud. Jamʼ – Muzdalifa. Bu yer hojilar jamlanadigan joy boʻlgani uchun shunday atalgan.

Nabiy sollallohu alayhi va sallamning oʻsha ulugʻ mavqifdagi eng koʻp duolari: «La ilaha illallohu vahdahu la sharika lah, lahul mulku va lahul hamdu va huva ʼala kulli shay’in qodiyr» edi.

Agar malollansa va sahobalari bilan foydali suhbatlar qurib yoki foydali kitoblardan, ayniqsa, Allohning saxovati va ulkan inʼomlariga oid kitoblardan muyassar boʻlganicha oʻqib, dam olmoqchi boʻlsa, toki oʻsha kunda umidvorlik tomonini kuchaytirsin, bu yaxshidir. Soʻng yana Allohga tazarru qilish va duoga qaytadi va kunning oxirini duo bilan oʻtkazishga harakat qiladi. Chunki eng yaxshi duo Arafa kunining duosidir.

Muzdalifaga borish

Quyosh botgach, Muzdalifaga yuradi… U yerga yetib borgach, shom va xuftonni bir azon va ikki iqomat bilan oʻqiydi. Agar Muzdalifaga yarim tundan keyin yetib borishdan qoʻrqsa, yoʻlda oʻqiydi. Namozni yarim tundan keyinga kechiktirish joiz emas.

Muzdalifada tunaydi. Tong otgach, bomdodni erta, azon va iqomat bilan oʻqiydi. Soʻng Mashʼarul Haromni (bu Muzdalifadagi masjid oʻrni) qasd qiladi. U yerda Allohga tavhid aytib, takbir aytib, to tong yorishguncha (isfor – quyosh chiqishidan oldin kunduz yorugʻligining paydo boʻlishi) xohlagan duosini qiladi. Agar Mashʼarul Haromga borish imkoni boʻlmasa, oʻz joyida duo qiladi. Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

وَوَقَفْتُ هَا هُنَا وَجَمْعٌ كُلُّهَا مَوْقِفٌ»

Men mana bu yerda vuquf qildim, lekin Jamʼning (Muzdalifaning) hamma joyi mavqifdir» (Sahihi Muslim, 1218), deganlar. Zikr va duo holatida qiblaga yuzlanib, qoʻllarini koʻtaradi.

Minoga borish

Tong yaxshilab yorishgach, quyosh chiqishidan oldin Minoga yuradi va Muhassir vodiysida (bu Muzdalifa va Mino orasidagi vodiy) tez yuradi. Minoga yetib borgach, Jamratul aqabani, yaʼni Makka tomondagi oxirgisini (u Makkaga eng yaqin jamaradir) yettita tosh bilan ketma-ket, birin-ketin otadi. Har bir tosh taxminan noʻxat donasidek boʻladi. Har bir tosh bilan takbir aytadi. (Jamratul aqabani otishda sunnat – jamaraga yuzlanib, Makkani chap tomonda, Minoni esa oʻng tomonda qoldirishdir). Tosh otib boʻlgach, hadiyini soʻyadi, soʻng agar erkak boʻlsa, sochini oladi yoki qisqartiradi. Ayol kishi esa sochidan bir barmoq uchi miqdoricha qisqartiradi. (Shu bilan ehromdagi kishi birinchi ehromdan chiqishga erishadi va unga ayoliga yaqinlik qilishdan boshqa hamma narsa halol boʻladi). Soʻng Makkaga tushib, haj uchun tavof va saʼy qiladi (soʻng ikkinchi ehromdan chiqishga erishadi va unga ehrom sababli harom boʻlgan hamma narsa halol boʻladi).

Tosh otish va soch oldirishdan keyin tavof uchun Makkaga tushmoqchi boʻlsa, xushboʻylanish sunnatdir. Oisha roziyallohu anhoning soʻzlariga koʻra:

عَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها زَوْجِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، قَالَتْ: «كُنْتُ أُطَيِّبُ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم لِإِحْرَامِهِ حِينَ يُحْرِمُ، وَلِحِلِّهِ قَبْلَ أَنْ يَطُوفَ بِالْبَيْتِ»

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ehrom bogʻlayotganlarida ehromga kirayotganlari uchun, Baytni tavof qilishlaridan oldin esa ehromdan chiqayotganlari uchun xushboʻylik surib qoʻyar edim».

Izoh: Bu yerda tosh otib, soch oldirib boʻlgandan keyingi, ifoza tavofidan oldingi holat nazarda tutilgan.

Soʻng tavof va saʼydan keyin Minoga qaytib, oʻn birinchi va oʻn ikkinchi kunlarning kechalarini oʻsha yerda oʻtkazadi va ikki kun davomida quyosh zavolga ketgach, uchta jamarani otadi. Tosh otishga piyoda borish afzal, agar ulovda borsa ham zarari yoʻq. Birinchi jamarani, yaʼni Makkadan eng uzogʻini, Xayf masjidi yonidagisini yettita tosh bilan ketma-ket, birin-ketin otadi va har bir toshdan keyin takbir aytadi. Soʻng biroz oldinga oʻtib, xohlagancha uzoq duo qiladi. Agar uzoq turish va duo qilish mashaqqatli boʻlsa, oʻziga oson boʻlgancha, ozgina boʻlsa ham duo qiladi, toki sunnat hosil boʻlsin.

Soʻng oʻrta jamarani yettita tosh bilan ketma-ket otadi, har bir tosh bilan takbir aytadi. Soʻng chap tomonga oʻtib, qiblaga yuzlangan holda qoʻllarini koʻtarib, agar imkoni boʻlsa, uzoq duo qiladi. Boʻlmasa, imkoni boricha turadi. Duo uchun turishni tark qilish kerak emas, chunki bu sunnatdir. Koʻp odamlar buni yo bilmaslikdan, yo eʼtiborsizlikdan tark qiladilar. Sunnat qanchalik zoye qilinsa, uni qilish va odamlar orasida yoyish shunchalik taʼkidlanadi, toki u tark qilinmasin va oʻlmasin.

Soʻng Jamratul aqabani yettita tosh bilan ketma-ket otadi, har bir tosh bilan takbir aytadi. Soʻng qaytib ketadi va undan keyin duo qilmaydi.

Oʻn ikkinchi kuni jamaralarni otib boʻlgach, agar xohlasa, shoshilib Minodan chiqadi. Agar xohlasa, kechikib, oʻn uchinchi kechani ham oʻsha yerda oʻtkazadi va avvalgidek zavoldan keyin uchta jamarani otadi. Kechikish afzalroqdir. Lekin oʻn ikkinchi kuni Minoda ekanida quyosh botsa, unga kechikish vojib boʻladi, toki ertasi kuni zavoldan keyin uchta jamarani otsin. Ammo oʻn ikkinchi kuni Minoda quyosh uning ixtiyorisiz botsa, masalan, joʻnab, ulovga mingan boʻlsa-yu, lekin mashinalar tirbandligi va shunga oʻxshash sabablar bilan kechiksa, unga kechikish vojib boʻlmaydi, chunki uning quyosh botguncha kechikishi ixtiyorisiz boʻlgan.

Makkadan oʻz yurtiga chiqmoqchi boʻlsa, vidolashuv tavofini qilmaguncha chiqmaydi.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: «كَانَ النَّاسُ يَنْصَرِفُونَ فِي كُلِّ وَجْهٍ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ : لَا يَنْفِرَنَّ أَحَدٌ حَتَّى يَكُونَ آخِرُ عَهْدِهِ بِالْبَيْتِ»

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «(Haj tugab,) odamlar har tarafga qaytishayotgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Biror kishi amallarining oxirgisi Bayt (tavofi) boʻlmasdan joʻnamasin», dedilar» (Sahihi Muslim, 1327).

Boshqa rivoyatda:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما قَالَ: «أُمِرَ النَّاسُ أَنْ يَكُونَ آخِرُ عَهْدِهِمْ بِالْبَيْتِ، إِلَّا أَنَّهُ خُفِّفَ عَنِ الْحَائِضِ»

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Odamlarga oxirgi qiladigan ishlarining Bayt (tavofi) boʻlishi buyurildi. Faqat hoizaga yengillashtirildi» (Sahihi Buxoriy, 1755; Sahihi Muslim, 1328).

Hayz koʻrgan va nifosdagi ayollarga vidolashuv tavofi vojib emas. Ularga Masjidul Harom eshigi oldida vidolashish uchun turishlari ham lozim emas, chunki bu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilinmagan.

Safarga joʻnamoqchi boʻlsa, vidolashuv tavofini Bayt bilan oxirgi ahdi qiladi. Agar vidolashuvdan keyin hamrohlarini kutish, yukini ortish yoki yoʻlida biror narsa sotib olish uchun qolsa, unga zarari yoʻq va tavofni qaytarmaydi. Illo, agar safarini kechiktirishni niyat qilsa, masalan, kunning avvalida safarga chiqmoqchi boʻlib, vidolashuv tavofini qilsa-yu, soʻng safarni kunning oxiriga, masalan, kechiktirsa, unga tavofni qaytarish vojib boʻladi, toki oxirgi ahdi Bayt boʻlsin.

Foyda

Haj yoki umraga ehrom bogʻlagan kishiga quyidagilar vojib boʻladi:

  1. Alloh unga vojib qilgan din shariatlariga, masalan, namozni oʻz vaqtida jamoat bilan oʻqishga rioya qilishi.
  2. Alloh taoloning:
﴿ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ﴾

«Bas, kim shu oylarda oʻziga hajni farz qilsa (haj qilishni niyat qilsa), haj davomida (juftiga) yaqinlashmaydi, gunoh ishlar, janjal-suron qilmaydi» (Baqara: 197), degan soʻziga binoan, Alloh qaytargan rafas (shahvoniy soʻzlar), fusuq (gunohlar) va isyondan saqlanishi.

  1. Mashʼarlarda (ibodat joylarida) yoki boshqa joylarda musulmonlarga soʻz yoki feʼl bilan ozor berishdan saqlanishi.
  2. Ehromning barcha man qilingan ishlaridan saqlanishi.
    • Sochidan yoki tirnogʻidan hech narsa olmasligi. Tikan kirishi va shunga oʻxshash holatlarda, garchi qon chiqsa ham, zarari yoʻq.
    • Ehromdan keyin badaniga, kiyimiga, yeguligiga yoki ichimligiga xushboʻylik surtmasligi. Xushboʻy sovun bilan tozalanmasligi. Ehromdan oldin surtgan xushboʻyligining asari qolgan boʻlsa, zarar qilmaydi.
    • Ov hayvonini oʻldirmasligi.
    • Ayoli bilan jinsiy aloqa qilmasligi.
    • Ushlash, oʻpish yoki boshqa yoʻllar bilan shahvat uchun yaqinlik qilmasligi.
    • Oʻziga yoki boshqaga nikoh bogʻlamasligi, oʻziga yoki boshqaga ayol sovchilik qilmasligi.
    • Qoʻlqop kiymasligi. Qoʻllarni latta bilan oʻrashning zarari yoʻq.

Bu yettita man qilingan ish erkak va ayolga birdek tegishlidir.

Erkak kishiga quyidagilar xosdir:

  • Boshini yopishib turadigan narsa bilan yopmasligi. Soyabon, mashina tomi, chodir bilan soyalanish va boshda yuk koʻtarishning zarari yoʻq.
  • Koʻylak, salla, burnus (bosh kiyimli uzun kiyim), shim va maxsi kiymasligi. Illo, agar izor (beldan pastki kiyim) topa olmasa, shim kiyadi yoki kavush topa olmasa, maxsi kiyadi.
  • Yuqorida aytilganlar maʼnosidagi narsalarni kiymasligi. Abo, qabo (ustki kiyim), doʻppi, futbolka va shunga oʻxshashlarni kiymaydi.
  • Kavush, uzuk, koʻzoynak, eshitish moslamasi kiyishi, qoʻliga soat taqishi yoki boʻyniga osishi va nafaqasini solish uchun kamar taqishi joiz.
  • Xushboʻyligi yoʻq narsalar bilan tozalanishi, boshini va badanini yuvishi va qashishi joiz. Agar shu sababli qasdsiz soch toʻkilsa, unga hech narsa vojib boʻlmaydi.

Ayol kishi niqob, yaʼni yuzini toʻsib, koʻzlari uchun teshik qoldirilgan narsani kiymaydi. Burqa (parda) ham kiymaydi.

Sunnat – yuzini ochishidir. Illo, agar uni nomahram erkaklar koʻrsa, ehrom holatida ham, boshqa holatda ham uni toʻsishi vojib boʻladi….»

Manbalar:

  1. Alboniyning «Manasikul haj val umra»si;
  2. Ibn Usayminning «Sifatul haj val umra»si;
  3. Ibn Usayminning «al-Manhaj li muridil umra val haj»i;

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Kanadalik yigitning hajga oid savoli

    Haj deb nimaga aytiladi?
  • Bemorning hajga borishi

    Men yaponiyalik erkakman, ammo musulmon emasman. Yaqinda Islomni qabul qilgan va hajga bormoqchi bo‘lgan do‘stim bor. Uning bir oyog‘ida jiddiy jarohat bor va faqat qo‘ltiqtayoq bilan yura oladi. U hajga borishi kerakmi?