O'qildi: 45
21.02.2026
/ 4 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Jamoat namozi » Masjid ahkomlari » Taroveh namozi va qadr kechasi
Savol
Bolalarning onalari bilan taroveh namoziga kelishini taqiqlashimiz kerakmi, chunki ular koʻpincha tartibni buzib, xalaqit berishadi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Shayx Abdulaziz ibn Boz rahimahullohga bu savol berilganda u kishi shunday javob qildilar:
«Hadislarda kelganidek, bolalar oʻz hollariga qoʻyiladi. Avvalgilarni sigʻdirgan narsa keyingilarni ham sigʻdiradi». Iqtibos tugadi.
Tarjimon izohi:
Shayx rahimahullohning «bolalar oʻz hollariga qoʻyiladi», degan soʻzlari ularning masjidlarga kirishdan man etilmasligini anglatadi. U kishining «Avvalgilarni sigʻdirgan narsa keyingilarni ham sigʻdiradi» degan soʻzlari sahobalar bolalarni masjidlarga olib kelganini, shuning uchun biz ham shunday qilishimiz kerakligini bildiradi.
«Tuhfatul arus» muallifi aytgan soʻzlarni ozgina oʻzgartirish bilan keltiraman: «Shayx shunday dedi: «Agar ish mening qoʻlimda boʻlganida, masjidlarga bolalar oʻyinchoqlarini qoʻygan boʻlardim, toki ularning qalbida masjidga, namozga va Islomga muhabbat uygʻonib, shu bilan ulgʻaysinlar». (Iqtibos tugadi).
Biz esa, afsuski, namozdagi xushuʼ bahonasida bolalarni masjidlardan uzoqlashtirish uchun qoʻlimizdan kelganini qilamiz. Albatta, masjidda osoyishtalik va namozda xushuʼ boʻlishi kerak, ammo bunga fuqaholar koʻrsatgan sharʼiy usullar orqali erishish lozim, masalan, masjidlarda ortiqcha bezaklardan saqlanish va telefonlarning musiqali jiringlashini oldini olish kabi boshqa yoʻllar bilan.
Bolalarning yigʻlashini bahona qilib, ularni masjidga kiritmaydigan har bir imom va har bir «yaxshi niyatli qoʻriqchi»lar shuni unutmasinlarki, islom ummatining birinchi imomi, habibi va sayyidi Muhammad sollallohu alayhi vasallam siz qilayotgan ishni qilmaganlar, bolalarni masjiddan toʻsmaganlar. Aksincha, ularning rioyasini qilib, hatto namozni uzaytirmaganlar.
Abdulloh ibn Abu Qatoda Ansoriy otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men namozni uzun oʻqimoqchi boʻlib turaman-da, keyin goʻdak yigʻisini eshitib, onasiga mashaqqat tugʻdirib qoʻygim kelmay, namozimni yengil qilaman», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 868).
Yoʻllarning (hidoyatlarning) eng yaxshisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yoʻllaridir. Shubhasiz, Alloh toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilguvchidir.
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Shayx Abdulaziz ibn Boz rahimahulloh
Bu javob foydali bo’ldimi?