Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar

Namoz


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Plastik jarrohlik amaliyotining hukmi
Fatvo: 1006

O'qildi: 438

26.07.2025

/ 1 Safar 1447

Fatvo mavzusi: » » »

Plastik jarrohlik amaliyotining hukmi

Savol

Agar ayolning tanasi homiladorlik paytida sezilarli darajada o‘zgarib, eri oldida ko‘rinishdan uyaladigan holatga kelsa, unga kosmetik jarrohlik qildirish joizmi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Aziz singlim, savolingiz plastik jarrohlik amaliyoti o‘tkazishning hukmi haqida bo‘lib, bu haqda qisqacha ma’lumot beramiz.

Mutaxassis shifokorlar kosmetik jarrohlikni tananing ko‘rinadigan qismini yaxshilash uchun bajariladigan amaliyot deb ta’riflaydilar. U ixtiyoriy yoki zaruriy bo‘lishi mumkin.

Zaruriy yoki zarurat hukmidagi jarrohlik: bu nuqsonni, masalan, kamchilik, ortiqchalik, shikastlanish yoki xunuklikni bartaraf etish uchun kerak bo‘lgan amaliyot. Shu bilan birga, u ta’siri va natijalari jihatidan estetik hisoblanadi.

Nuqsonlar ikki turlidir: tug‘ma nuqsonlar va kasalliklar natijasida yuzaga kelgan nuqsonlar. Tug‘ma nuqsonlarga lab va tanglay yoriqligi, barmoqlarning birlashib qolishi misol bo‘ladi. Orttirilgan nuqsonlarga moxov kabi kasalliklar yoki baxtsiz hodisa va kuyishlar natijasida paydo bo‘lgan nuqsonlar kiradi. Shubhasiz, bu nuqsonlar insonga ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan zarar yetkazadi. Shuning uchun bunday nuqsonlarga ega bo‘lgan kishilarning jarrohlik yo‘li bilan ularni bartaraf etishi, tuzatishi yoki yengillashtirishi shar’an joizdir. Chunki bu nuqsonlar jarrohlik amaliyotiga ruxsat beradigan jismoniy yoki ruhiy zararni o‘z ichiga oladi, zero, bunga katta ehtiyoj bor, bu oʻrinda ehtiyoj zarurat darajasiga chiqadi hamda harom ishni mubohga aylantiradi. Demak, kosmetik jarrohlik turkumiga kiruvchi va zarur deb topilgan har qanday jarrohlik amaliyoti, agar zarar sababli ehtiyoj tugʻilsa, joiz bo‘lib, Alloh taoloning yaratganini o‘zgartirish hisoblanmaydi.

Nima halol, nima harom ekanini yanada aniqroq farqlash uchun quyida Imom Navaviyning «Sahihi Muslim»da kelgan hadis sharhidagi soʻzlarini keltiramiz:

عَنْ عَلْقَمَةَ، عَنْ عَبْدِ اللهِ قَالَ: « لَعَنَ اللهُ الْوَاشِمَاتِ وَالْمُسْتَوْشِمَاتِ، وَالنَّامِصَاتِ وَالْمُتَنَمِّصَاتِ، وَالْمُتَفَلِّجَاتِ لِلْحُسْنِ، الْمُغَيِّرَاتِ خَلْقَ اللهِ».

Alqamadan rivoyat qilinadi: «Abdulloh shunday dedi: «Alloh tatuirovka qiluvchi, tatuirovka qildiruvchi, qosh teruvchi, qosh terdiruvchi, husn uchun tishning orasini ochuvchi va Allohning yaratganini o‘zgartiruvchi ayollarni la’natlasin» (Sahihi Muslim, 3966).

Imom Navaviy aytadi:

  • «Tatuirovka qildiruvchi ayol» («al-vaashimat») – qo‘lining orqa tomoni, bilagi, labi yoki boshqa a’zosiga igna, bigiz yoki shunga o‘xshash narsa bilan qon chiqqunicha sanchib, keyin o‘sha joyni yashil rangga kiradigan qilib boʻyoq bilan to‘ldiradigan ayoldir. Bu ish uni qiluvchiga ham, oʻz ixtiyori bilan shunday qildiruvchiga ham haromdir…
  • «Qosh teruvchi» («an-naamisoot») – yuzdagi tuklarni olib tashlovchi, «qosh terdiruvchi» («al-mutanammisoot») – boshqadan qoshini terib qoʻyishni so‘rovchi ayol, bu amal haromdir, faqat ayolda soqol yoki mo‘ylov o‘sib qolsa, ularni olish harom emas…
  • «Tishining orasini ochuvchi» («al-mutafallijaat») – bu tishlarini egovlab, old va yon tishlar orasida tirqish hosil qiluvchi ayollar. Buni keksa ayollar va ularga yaqin yoshdagilar yosh ko‘rinish va chiroyli tishlarga ega bo‘lish uchun qiladilar. Chunki tishlar orasidagi bu jozibali bo‘shliq yosh qizlarga xos. Ayol keksaygach, tishlari kattalashib va deformatsiyalan Shunda u tishlarini egov bilan silliqlab, chiroyli qilishi va o‘zini yosh ko‘rsatishi mumkin. Ushbu hadislarga ko‘ra, bu ish ham bajaruvchi, ham qildiruvchi uchun haromdir, chunki u Alloh taoloning yaratganini o‘zgartirish, firibgarlik va aldovdir.
  • Hadisdagi «Go‘zallik uchun tishining orasini ochuvchi» degan so‘zining ma’nosi – ular buni chiroyli ko‘rinish uchun qiladilar, bu go‘zallikka intilish uchun qilingan narsa harom ekanligiga ishora qiladi. Ammo tibbiy muolaja yoki tishdagi nuqsonni to‘g‘rilash kabi sabablar uchun zarur bo‘lsa, buning zarari yo‘q. Alloh bilguvchiroqdir» (Navaviy, «Sahihi Muslim sharhi», 13/107).

Shuni ta’kidlash kerakki, plastik jarrohlar xavf darajasiga yetgan va yetmagan ehtiyojning orasini ajratmaydilar, ularning tashvishi faqat pul topish va mijozni qondirishdir. Orzu-havasga va moddiyatga berilganlar, erkinlik tarafdorlari inson o‘z tanasi bilan istagan ishini qilishi mumkin, deb o‘ylaydilar. Bu haqdan ogʻishdir, chunki jism Allohniki bo‘lib, U Zot bu borada O‘zi xohlaganidek hukm qiladi. Alloh azza va jalla Iblis insoniyatni adashtirish uchun va’da qilgan yo‘llar haqida xabar bergan, shulardan biri uning:

﴿ وَلَـَٔامُرَنَّهُمۡ فَلَیُغَیِّرُنَّ خَلۡقَ ٱللَّهِۚ

«Va buyursam Alloh yaratgan narsalarni o‘zgartirib-buzadilar» (Niso: 119) degan so‘zidir.

HAROM KOSMETIK JARROHLIK AMALIYOTLARI

Shunday plastik jarrohlik amaliyotlari borki, ularda shar’an ruxsat berilgan sabablar mavjud emas va yaratilishni buzish, go‘zallik va jozibani izlash hisoblanadi. Bunga ko‘krakni kattalashtirish yoki kichraytirish, yuzni tortish va shunga o‘xshash qarish belgilarini yo‘qotish kabi muolajalar misol bo‘ladi. Islomiy nuqtayi nazardan, bunday amaliyotlarga ruxsat berilmaydi, chunki ularga shoshilinch ehtiyoj yoki zarurat yo‘q. Uning yagona maqsadi Allohning yaratganini o‘zgartirish va uni odamlarning xohish-istaklariga ko‘ra o‘zgartirishdir. Bu harom bo‘lib, qiluvchi la’natlanadi, chunki unda hadisda zikr qilingan ikki narsa mavjud: go‘zallik izlash va Allohning yaratishini o‘zgartirish.

Bundan tashqari, bu jarrohlik amaliyotlarining ba’zilari aldov va firibgarlikni o‘z ichiga oladi, shuningdek, abort qilingan homilalardan noqonuniy yo‘l bilan, masalan, firibgarlik va sotib olish orqali olingan moddalarni inyeksiya qilishni ham o‘z ichiga oladi, bu esa eng og‘ir jinoyatlardan biridir. Shuningdek, mutaxassis shifokorlar ta’kidlaganidek, ko‘plab kosmetik jarrohlik amaliyotlari doimiy og‘riq, shikastlanish va asoratlarga olib keladi (Muhammad Muxtor Shinqitiyning «Jarrohlik ahkomlari» kitobi).

Yuqoridagilarga asoslanib, savol beruvchi aziz singlim, shunday xulosa qilish mumkin:

Agar sizga sodir bo‘lgan holat kutilmaganda yuz berib, eringizda qattiq xijolat va nafrat uyg‘otsa, masalan, va siz buni go‘zalroq ko‘rinish uchun emas, balki xunuklikni bartaraf etish hamda uyatni yo‘qotish yoki kamaytirish uchun qilmoqchi bo‘lsangiz, unda bu ishni qilishingizda sizga gunoh bo‘lmaydi, inshaalloh.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Tarmoqli marketing hukmi

    «Tarmoqli marketing» yoxud «Majburiy matritsa tizimi» shunday tizimki, unda bir kishi kompaniyaga 10 dollar to‘laydi. Shundan so‘ng, kompaniya va (tizimda avvaldan tanlangan) yana to‘rt kishining har biriga 2 dollardan o‘tkazib beriladi. Bu bir martalik to‘lov bo‘lib, to‘lovni amalga oshirgan kishi tizimga qo‘shiladigan yangi a’zolar ham shunday qilishini kutadi. Har safar yangi a’zo qo‘shilganda, tizimdagi har bir ishtirokchi 2 dollardan oladi, chunki yangi a’zolar to‘lovni bevosita o‘zidan yuqoridagi to‘rt kishiga to‘laydi. Kompaniya esa har bir a’zodan xizmat haqi sifatida o‘zining 2 dollarini olib qoladi. Ushbu dasturga qo‘shilish halolmi? Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
  • Piramida marketing sxemalari

    Ilmiy tadqiqotlar va fatvolar bo‘yicha doimiy qo‘mitaga «Biznes» va «Hibatul-Jazira» kabi piramida yoki tarmoqli marketing shirkatlarining faoliyati haqida ko‘plab savollar kelib tushdi. Bu shirkatlar faoliyatining mohiyati quyidagicha: bir kishi mahsulot yoki tovar sotib olishga ko‘ndiriladi, so‘ng u boshqalarni xuddi shunday qilishga undaydi, ular ham o‘z navbatida keyingilarni jalb qiladi va bu zanjir shu tarzda davom etadi. Ishtirokchilar qatlami qancha kengaysa, birinchi ishtirokchi shuncha ko‘p komission haq oladi va bu summa hatto minglab riyollarga yetishi mumkin. Har bir ishtirokchi o‘zidan keyingilarni a’zolar ro‘yxatiga yangi odamlarni jalb qila olsa, katta komission to‘lovlar olishi mumkinligi bilan qiziqtiradi. Aynan mana shu narsa piramida yoki tarmoqli marketing deb ataladi.
  • Namozdagi qunut

    Sizdan namozdagi qunut (ruku’dan keyin qo‘l ko‘tarib duo qilish) haqida so‘ramoqchiman. Bu amal Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridanmi yoki bu ish ularning holati sababli istisno tariqasida bo‘lganmi? Iltimos, menga javob bering, chunki masjidimiz imomi, Rasulullohdan qaysi namoz afzal, deb so‘ralganda, u zot alayhissalotu vassalom: «Qunuti uzunroq bo‘lgan namoz», deb javob berganlar», deb aytdi.
  • Ro‘zador kishi xotinini quchoqlashi joizmi?

    Yaqinda uylandim. Ramazon oyida ro‘za tutgan holda, saharlikdan so‘ng yotaman va ba’zan yonimda xotinim ham bo‘ladi. Uni quchoqlashim ro‘zamga ta’sir qiladimi? Ro‘zador kishi uchun qaysi ishlar joiz, qaysilari harom yoki ro‘zani buzuvchi hisoblanadi? Shu haqda tushuntirish bersangiz.
  • «CadenzaX Music» platformasi orqali pul topish hukmi

    Men sizlardan hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashayotgan «CadenzaX music» nomli platformaga (yoki shunga o‘xshash loyihalarga) qo‘shilish va undan daromad topishning Islomdagi hukmi haqida so‘ramoqchi edim. Bu sahifaning ishlash tizimi va daromad ko‘rish tartibi quyidagicha: 1. Sayt yoki ilova foydalanuvchilarga ma’lum musiqalarni eshitish, layk bosish yoki qandaydir oddiy vazifalarni bajarish evaziga pul to‘lashni va’da qiladi. 2. Ko‘proq pul ishlash uchun foydalanuvchidan dastlab o‘z yonidan pul kiritib, maxsus «VIP» darajalarni sotib olish talab etiladi. 3. Sayt qoidalariga ko‘ra, orqangizdan yangi odamlarni taklif qilsangiz va ular ham pul kiritsa, ularning sarmoyasidan sizga ma’lum foizlarda bonus (daromad) beriladi. Meni shubhalantirgan jihati shundaki, tizimning asosi aslida musiqa eshitish emas, balki tarmoqli marketing va moliyaviy piramidaga o‘xshab ketadi. Chunki tizim asosan yangi qo‘shilganlarning pullari hisobidan eskilariga pul to‘layotgandek ko‘rinadi.
  • Vitr duosi vojibmi va uni yod bilmasa nima deydi?

    Vitrdagi qunut duosi kabi duolarni yod olishga qiynalaman. Shuning uchun bu duoning oʻrniga biror sura oʻqirdim. Bu duoni oʻqishning farz ekanini bilgach, yod olishga harakat qildim va namoz paytida yonimdagi stol ustidan kitobni olib, qiblaga yuzlangan holda oʻqiydigan boʻldim. Shunday qilishim joizmi?