Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Roʻza masalalari » Taroveh namozi va qadr kechasi » Taroveh namozi rakaatlari borasida ixtilof chiqarmang
Fatvo: 9036

O'qildi: 79

16.02.2026

/ 28 Shaban 1447

Fatvo mavzusi:

Taroveh namozi rakaatlari borasida ixtilof chiqarmang

Savol

Men bu savolni ilgari ham bergan edim va oldingi javob qoniqarsiz boʻlgani uchun, iltimos, menga foydali boʻladigan javob berishingizni soʻrayman. Savol taroveh namozi haqida: u 11 rakaat boʻladimi yoki 20 rakaatmi? Sunnatda 11 rakaat deyilgan, Shayx Alboniy «Qiyom va taroveh» kitobida 11 rakaatni zikr qilganlar. Baʼzi odamlar 11 rakaat oʻqiydigan masjidlarga borsa, boshqalari 20 rakaat oʻqiydigan masjidlarga boradi. Bu masala bizning Qoʻshma Shtatlarda juda nozik mavzuga aylangan. 11 rakaat oʻqiydiganlar 20 rakaat oʻqiydiganlarni tanqid qiladi va aksincha, 20 rakaat oʻqiydiganlar 11 rakaat oʻqiydiganlarni tanqid qiladi. Hatto Masjidul Haromda ham 20 rakaat namoz oʻqishadi, bu esa ixtilof manbaiga aylanib qolgan. Nega Masjidul Harom va Masjidun Nabaviydagi namoz sunnatdan farq qiladi? Nega Masjidul Harom va Masjidun Nabaviyda tarovehni 20 rakaat oʻqishadi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Muqaddima

Javobning qisqacha mazmuni:

Kim taroveh namozini Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilinganidek oʻn bir rakaat qilib ado etsa, yaxshi amal qilgan va sunnatga muvofiq ish tutgan boʻladi. Kim qiroatni yengillashtirsa-yu, rakaatlar sonini koʻpaytirsa, u ham savobli ish qilgan hisoblanadi. Bu ikki yoʻldan birini tanlaganlar tanqidga uchrashi lozim emas.

 

Batafsil javob:

 

Musulmon kishi ijtihodiy masalalarga qanday munosabatda boʻladi?

Bizning fikrimizcha, musulmon kishi ulamolar oʻrtasidagi ijtihodiy masalalarga bunday noziklik bilan yondashib, ijtihodli masalalarni musulmonlar oʻrtasida boʻlinish va fitnalarga sabab qilmasligi kerak.

Shayx Ibn Usaymin rahimahulloh imom bilan oʻn rakaat namoz oʻqib, soʻng vitr namozini kutib oʻtirgan va imom bilan taroveh namozini oxirigacha oʻqimagan kishi haqidagi masalani muhokama qilganlarida shunday deganlar:

«Bizni juda afsuslantiradigan jihati shuki, keng fikrli Islom ummati ichida ixtilof qilish joiz boʻlgan masalalarda ixtilof qiladigan, bu ixtilofni qalblarning ixtilofiga sabab qiladigan guruhni koʻramiz. Ummat ichida ixtiloflar sahobalar davrida ham boʻlgan, shunga qaramay, ularning qalblari oʻzaro ittifoq boʻlgan.

Shu sababli, yoshlar, ayniqsa dinga amal qiluvchilarning barchasi amalda va tashqi koʻrinishda hamjihat boʻlishlari shart. Chunki ularning fursat poylab turgan dushmanlari bor» («Sharh al-Mumtiʼ», 4/225).

 

Taroveh namozining rakaatlari soni

Taroveh namozining rakaatlari miqdori masalasida ikki toifa haddan oshdi. Birinchisi, oʻn bir rakaatdan oshganlarni inkor qilib, ularning bu amalini bidʼat deb atadi. Ikkinchi guruh esa oʻn bir rakaat bilan cheklanganlarni tanqid qilib, ijmoga qarshi chiqqanlarini taʼkidladi.

Keling, fazilatli shayx Ibn Usaymin rahimahullohning quyidagi nasihatlariga quloq tutaylik:

«Bu borada biz na haddan oshishimiz, na eʼtiborsiz boʻlishimiz kerak. Baʼzi kishilar rakaatlar soni masalasida sunnatga amal qilishda haddan oshib ketadilar va: «Sunnatda kelgan adaddan oshirish joiz emas», deb, bunday qilganlarni qattiq inkor etib, ularni gunohkor va osiy deb tanqid qiladilar.

Bu shubhasiz xatodir. Qanday qilib bu kishilar gunohkor, osiy boʻlsin, axir Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamdan tungi namoz haqida soʻralganda, u zot adadni cheklamaganlar.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ : «أَنَّ رَجُلًا سَأَلَ رَسُولَ اللهِ ﷺ عَنْ صَلَاةِ اللَّيْلِ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ ﵇: صَلَاةُ اللَّيْلِ مَثْنَى مَثْنَى…»

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tungi namoz haqida soʻradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tungi namoz ikki (rakaat) -ikki (rakaat) dan boʻladi…», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 990; Sahihi Muslim, 749).

Maʼlumki, tungi namoz haqida soʻragan kishi uning rakaatlari sonidan bexabar edi. Bu tabiiy hol, chunki namozning mohiyatini bilmagan odam uning aniq sonini ham bilmasligi tabiiy. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga xizmat qilganlardan emaski, u zotning uylari ichida nima boʻlayotganini biladi, deyilsa. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga namozning mohiyatini tushuntirib, biroq rakaatlar sonini aniq belgilamagan boʻlsalar, bu masalada kenglik borligi va kishi yuz rakaat oʻqib, bir rakaat vitr bilan tugatishi joizligi maʼlum boʻladi.

Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning:

«وَصَلُّوا كَمَا رَأَيْتُمُونِي أُصَلِّي»

«Va mening namoz oʻqiganimni koʻrganingizdek namoz oʻqing» (Sahihi Buxoriy, 631, 6008, 7246), bu hatto ularning nazarida ham har doim qoʻllanadigan qoida deb hisoblanmaydi. Shu sababli, ular bir kishiga vitr namozini bir marta besh rakaat, bir marta yetti rakaat yoki bir marta toʻqqiz rakaat oʻqishni vojib qilmaydilar. Agar buni umumiy qoida sifatida qabul qiladigan boʻlsak, vitrni bir marta besh rakaat, bir marta yetti rakaat va bir marta toʻqqiz rakaat oʻqish vojib, degan boʻlar edik. Aksincha, «Va mening namoz oʻqiganimni koʻrganingizdek namoz oʻqing», degan ibora namozning tarzi va shaklini (koʻrinishini) nazarda tutadi. Biroq, namozlar soni masalasiga kelsak, Qurʼon va sunnatda aniq miqdori cheklangan holatlardan tashqarida bu qoida amal qilmaydi.

Har holda, inson kengchilik boʻlgan ishda odamlarga nisbatan qattiqqoʻl boʻlmasligi lozim. Hatto bu masalada oʻta qatʼiy boʻlgan baʼzi birodarlarimizning oʻn bir rakaatdan ortiq namoz oʻqiydigan imomlarni bidʼatchi deb atab, masjidni tark etayotganlarini koʻrdik. Shunday qilib, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarida zikr etilgan savobdan oʻzlarini mahrum qiladilar:

«مَنْ قَامَ مَعَ الْإِمَامِ حَتَّى يَنْصَرِفَ كُتِبَ لَهُ قِيَامُ لَيْلَةٍ».

«Kim imom bilan birga, u (namozini tugatib) qaytgunicha birga namoz oʻqisa, unga kechani toʻliq (ibodat bilan) oʻtkazganlik ajri yoziladi» (Termiziy, 806; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Termiziy», 806).

Bu kishilar oʻn rakaat namozdan soʻng oʻtirib olishadi, natijada ularning oʻtirishlari sabab saflar uziladi va baʼzan gaplashib, namozxonlarga xalaqit berishadi.

Biz ularning yaxshi niyatiga va ijtihod qilayotganlariga shubha qilmaymiz, ammo ijtihod qilganlarning barchasi ham haqqa erishavermaydi.

Ikkinchi tomon esa, bularning aksidir. Ular oʻn bir rakaat bilan cheklanganlarni qattiq inkor qilib: «Sizlar ijmodan chiqdingiz. Alloh taolo aytadi:

﴿وَمَنْ يُشَاقِقِ الرَّسُولَ مِنْ بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُ الْهُدَىٰ وَيَتَّبِعْ غَيْرَ سَبِيلِ الْمُؤْمِنِينَ نُوَلِّهِ مَا تَوَلَّىٰ وَنُصْلِهِ جَهَنَّمَ ۖ وَسَاءَتْ مَصِيرًا ۝١١٥﴾

«Kim haq yoʻlni aniq bilganidan keyin paygʻambarga xilof ish qilsa va moʻminlarning yoʻllaridan boshqa yoʻlga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qoʻyib beramiz. Soʻngra jahannamga doxil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!» (Niso: 115). Sizdan oldingilarning barchasi faqat yigirma uch rakaatni bilgan, deb aytishadi. Keyin esa buni qatʼiy inkor etishadi. Bu ham xato hisoblanadi». («Sharh al-Mumtiʼ», 4/73–75).

Taroveh namozida sakkiz rakaatdan oshirish joiz emas, deganlarning daliliga kelsak, u Abu Salama ibn Abdurrahmonning hadisidir.

عَنْ أَبِي سَلَمَةَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ: «أَنَّهُ سَأَلَ عَائِشَةَ ﵂: كَيْفَ كَانَتْ صَلَاةُ رَسُولِ اللهِ ﷺ فِي رَمَضَانَ؟ فَقَالَتْ: مَا كَانَ يَزِيدُ فِي رَمَضَانَ وَلَا فِي غَيْرِهَا عَلَى إِحْدَى عَشْرَةَ رَكْعَةً، يُصَلِّي أَرْبَعًا، فَلَا تَسَلْ عَنْ حُسْنِهِنَّ وَطُولِهِنَّ، ثُمَّ يُصَلِّي أَرْبَعًا، فَلَا تَسَلْ عَنْ حُسْنِهِنَّ وَطُولِهِنَّ، ثُمَّ يُصَلِّي ثَلَاثًا. فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَتَنَامُ قَبْلَ أَنْ تُوتِرَ؟ قَالَ: يَا عَائِشَةُ، إِنَّ عَيْنَيَّ تَنَامَانِ وَلَا يَنَامُ قَلْبِي».

Abu Salama ibn Abdurrahmondan rivoyat qilinadi: «U Oisha roziyallohu anhodan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondagi namozlari qanday boʻlgan?» deb soʻrabdi. U kishi shunday debdi: «Ramazonda ham, undan boshqasida ham oʻn bir rakaatdan oshirmas edilar. Toʻrt rakaat oʻqir edilar. Uning goʻzalligiyu uzunligi haqida asti soʻrama. Keyin yana toʻrt rakaat oʻqir edilar. Uning ham goʻzalligiyu uzunligi haqida asti soʻrama. Soʻngra uch rakaat oʻqir edilar. Men: «Ey Allohning Rasuli, vitr oʻqishdan oldin uxlaysizmi?» dedim. U zot: «Ey Oisha, albatta, mening koʻzlarim uxlaydi, ammo qalbim uxlamaydi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 2013; Sahihi Muslim, 738).

Ular: «Bu hadis Paygʻambarimizning Ramazon oyida ham, boshqa vaqtlarda ham tungi namozlari doimiy bir xil boʻlganiga dalolat qiladi», deyishadi.

Ulamolar bu hadisni dalil sifatida qoʻllashni inkor etib, bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning amallari ekanini va amallar oʻz-oʻzidan (yaʼni, biror buyruqsiz) farzlikni anglatmasligini taʼkidlaganlar.

 

Tungi namozning muayyan adad bilan cheklanmaganiga dalillar

Tungi namoz, jumladan, taroveh namozining muayyan adad bilan cheklanmaganiga ochiq dalillardan biri quyidagi hadisdir.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ : «أَنَّ رَجُلًا سَأَلَ رَسُولَ اللهِ ﷺ عَنْ صَلَاةِ اللَّيْلِ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ ﵇: صَلَاةُ اللَّيْلِ مَثْنَى مَثْنَى، فَإِذَا خَشِيَ أَحَدُكُمُ الصُّبْحَ صَلَّى رَكْعَةً وَاحِدَةً، تُوتِرُ لَهُ مَا قَدْ صَلَّى».

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tungi namoz haqida soʻradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tungi namoz ikki (rakaat) –ikki (rakaat)dan boʻladi. Birortangiz tong otib qolishidan qoʻrqsa, bir rakaat oʻqiydi. Shu uning oʻqigan namozlarini vitr (toq) qiladi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 990; Sahihi Muslim, 749).

 

Taroveh namozini oʻn bir rakaatdan oshirishga oid ulamolarning qarashlari

Moʻtabar mazhablar ulamolarining soʻzlariga eʼtibor qaratilsa, bu masalada ish kengligi va oʻn bir rakaatdan oshishning zarari yoʻqligi ayon boʻladi:

Hanafiy mazhabi imomlaridan Saraxsiy shunday deydi: «Bizning qarashimizga koʻra, taroveh namozi vitrdan tashqari yigirma rakaatdir» («al-Mabsut», 2/145).

Ibn Qudoma aytadi: «Abu Abdulloh (yaʼni Imom Ahmad) rahimahulloh nazdida ixtiyor qilingani yigirma rakaatdir. Sufyon Savriy, Abu Hanifa va Shofeʼiy ham xuddi shunday fikrni bildirganlar. Molik esa: «Oʻttiz olti», degan» («Mugʻniy», 1/457).

Imom Navaviy aytadi: «Taroveh namozi ulamolar ijmosi bilan sunnatdir. Bizning mazhabimizga koʻra, u oʻn salom bilan yigirma rakaat boʻlib, uni yakka holda ham, jamoat bilan ham oʻqish joizdir» («Majmuʼ», 4/31).

Bular toʻrt mazhab imomlarining taroveh namozi rakaatlari soni haqidagi qarashlari boʻlib, ularning barchasi oʻn bir rakaatdan ziyoda qilishni aytganlar. Ularning oʻn bir rakaatdan ziyoda qilishga undagan omillardan baʼzilari quyidagilar boʻlishi mumkin:

  1. Ular Oisha roziyallohu anhoning hadisi bu son bilan cheklanishni taqozo qilmaydi, deb hisoblaganlar.

Rakaatlar sonini koʻpaytirish koʻplab salaflardan rivoyat qilingan. Manba: «Mugʻniy» (2/604), «Majmuʼ» (4/32).

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam oʻn bir rakaat namoz oʻqir va uni juda ham choʻzib, deyarli butun kechani qamrab olar edilar. Hatto, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan taroveh namozini oʻqigan kechalarning birida tong otishiga yaqin namozni tugatganlar, sahobalar esa saharlikni oʻtkazib yuborishdan xavotirga tushganlar. Sahobalar roziyallohu anhumlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlarida namoz oʻqishni yaxshi koʻrar va uni uzoq deb hisoblamasdilar. Shunda ulamolar, agar imom namozni bu qadar choʻzsa, jamoatga qiyinchilik tugʻdirishi va ehtimol ularni namozdan bezdirishi mumkin, degan fikrga bordilar. Shu bois, imom qiroatni yengillashtirishi va rakaatlarni koʻpaytirishi lozim, degan xulosaga kelganlar.

Xulosa: Kim Nabiy sollallohu alayhi vasallam koʻrsatgan tartibda oʻn bir rakaat namoz oʻqisa, yaxshi ish qilgan va sunnatga muvofiq amal qilgan boʻladi. Kim qiroatni osonlashtirib, rakaatlarni koʻpaytirsa, u ham savobli ish qilgan hisoblanadi. Bu ikki yoʻldan birini tanlagan kishi malomat qilinmasligi kerak.

Shayxulislom aytadi: «Tarovehni Abu Hanifa, Shofeʼiy va Ahmad mazhabiga koʻra yigirma rakaat yoki Molik mazhabiga koʻra oʻttiz olti rakaat, yoki oʻn uch, yoki oʻn bir rakaat oʻqisa, yaxshi ish qilgan hisoblanadi. Buni Imom Ahmad ochiq aytgan, chunki bu borada aniq cheklov yoʻq. Demak, rakaatlarni koʻpaytirish yoki kamaytirish namozda turishning uzun-qisqaligiga bogʻliq» («al-Ixtiyorot», 64-bet).

Suyutiy aytadi: «Sahih va hasan hadislarda kelgan narsa Ramazondagi tungi namozlarga buyruq va targʻib boʻlib, unda aniq son koʻrsatilmagan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarovehni yigirma rakaat oʻqiganlari sobit emas. Aksincha, u zot bir necha kecha namoz oʻqidilar, ammo ularning soni zikr qilinmadi. Soʻngra toʻrtinchi kechada bu namoz ularga farz boʻlib qolishidan va ular uni ado eta olmasliklaridan xavotirlanib, chiqmadilar».

Ibn Hajar al-Haytamiy aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tarovehni yigirma rakaat oʻqiganlari sahih emas. «U zot yigirma rakaat oʻqir edilar» degan rivoyat esa juda zaifdir» («al-Mavsuʼa al-fiqhiyya», 27/142–145).

Xulosa qilib aytganda, savol beruvchi aziz birodarim, taroveh namozini yigirma rakaat oʻqishdan ajablanmang. Oʻsha imomlar bizdan oldin avloddan-avlodga oʻtib kelgan. Har bir yondashuvda ezgulik mujassam.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

1

O’xshash fatvolar

  • Taroveh namozini uyda o‘qish hukmi

    Musulmon kishi taroveh namozini uyda o‘qishi joizmi? Agar joiz bo‘lsa, necha rakaat oʻqish kerak? Uning maxsus duolari bormi?Ro‘zador holatda yuzga yoki badanning boshqa qismlariga krem surtish joizmi?
  • Ramazonda bolalarni masjidga kiritmaslik hukmi

    Bolalarning onalari bilan taroveh namoziga kelishini taqiqlashimiz kerakmi, chunki ular koʻpincha tartibni buzib, xalaqit berishadi?
  • Tarovehni uch rakaat oʻqigan imom

    Imom taroveh namozida uchinchi rakaatga turib, namozni tugatdi. Soʻngra unga uch rakaat oʻqiganini aytishdi. U sajdai sahv qiladimi yoki uni toʻrt rakaat qilib toʻldiradimi?
  • Imomning taroveh namozidagi xatosi

    Tarovih namozida imom ikkinchi rakaatda tashahhud uchun oʻtirishni unutib, oʻrnidan tursa-yu, soʻng bir necha soniyadan keyin Fotiha surasini oʻqimasdan tezda tashahhudga qaytib oʻtirsa, imom va unga iqtido qilayotganlar uchun nima vojib boʻladi?
  • Tarovehda musʼhaf koʻtarib namoz oʻqish hukmi

    Taroveh namozlarida imomning qiroatini kuzatish maqsadida Qurʼoni Karimni koʻtarib turishning hukmi qanday?
  • Taroveh vaqtida ishlash

    Ish vaqtim imom taroveh namozini tugatmasidan oldin boshlanadi. Myen esa ishga borishim kerak. Bu holatda qanday yoʻl tutishim lozim?