O'qildi: 27
Iyun 29, 2025
/ 6 Muharram 1447
Fatvo mavzusi: Fitrat sunnatlari » Hadis sharhlari » Hadis terminologiyasi » Hadis va sunnat
Savol
Bizlar sunnatga ergashishimiz kerakmi yoki faqat Qur’onga ergashish kifoyami? Shuningdek, musulmon kishi ma’lum bir mazhabga ergashishi shartmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Birinchi savol haqiqiy musulmon uchun ajablanarli va hayratomuz tuyuladi. Axir dinning asosi bo’lgan narsa qanday qilib muhokama va munozara mavzusiga aylanishi mumkin?
Lekin, modomiki savol berilgan ekan, Allohdan madad so‘rab, sunnatning hujjatligi, unga ergashishning vojibligi, uning ahamiyati va sunnatni inkor qilgan kishining hukmi haqida ilmiy-shar’iy asoslarni keltirib o‘tamiz. Shu bilan birga, qalblarida shubha boʻlgan hamda o’zlarini «Qur’oniylar» deb ataluvchi, Qur’onning esa ularga hech qanday aloqasi boʻlmagan adashgan guruhga raddiya beramiz. Bu asoslar masalaning asl mohiyatini tushunishni istagan har bir kishiga Allohning izni bilan foyda beradi:
Sunnatning hujjat ekaniga dalillar
Birinchidan: Qur’oni Karim sunnatning hujjatligiga dalolat qiladi.
Bu bir necha jihatdan oʻz isbotini topgan:
Birinchisi: Alloh taolo aytadi:
«Kimki payg‘ambarga itoat etsa, demak, Allohga itoat etibdi» (Niso: 80).
Alloh taolo O‘z Payg’ambari sollallohu alayhi va sallamga itoat etishni O‘ziga itoat etishga tengladi.
So‘ngra O‘ziga va Payg‘ambarga itoat o‘rtasida bog‘liqlik o‘rnatdi. Alloh taolo aytadi:
«Ey mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz va Payg’ambarga itoat qilingiz!» (Niso: 59)
Ikkinchisi: Alloh azza va jalla O‘z Payg‘ambari sollallohu alayhi va sallamga xilof qilishdan ogohlantirdi va unga osiy bo‘lganlarni do‘zaxda abadiy qolish bilan tahdid qildi. Alloh taolo aytadi:
«(Payg‘ambarning) amriga xilof ish qiladigan kimsalar o‘zlariga biron fitna-kulfat yetib qolishdan yoki alamli azob yetib qolishidan hazir bo‘lsinlar!» (Nur: 63).
Uchinchisi: Alloh taolo Payg‘ambari sollallohu alayhi va sallamga itoat etishni iymon shartlaridan, unga xilof qilishni esa munofiqlik alomatlaridan qilib qoʻydi. Alloh taolo aytadi:
«Yo‘q, Parvardigoringizga qasamki, to ular o‘z o‘rtalarida chiqqan kelishmovchiliklarda sizni hakam qilmagunlaricha va keyin siz chiqargan hukmdan dillarida hech qanday tanglik topmay, to‘la taslim bo‘lmagunlaricha-bo‘ysunmagunlaricha zinhor mo‘min bo‘la olmaydilar» (Niso: 65).
To’rtinchisi: U Zot bandalarini Oʻzining va Payg‘ambarining da’vatini qabul qilishga buyurdi. Alloh taolo aytadi:
«Ey mo‘minlar, Alloh va Uning Payg‘ambari sizlarni abadiy hayot beradigan narsaga (ya’ni, dinga) da’vat qilar ekan, uni qabul qilinglar» (Anfol: 24).
Beshinchisi: So‘ngra Alloh taolo bandalariga barcha kelishmovchiliklarni O‘ziga va Rasuliga havola qilishni buyurdi. Alloh taolo aytadi:
«Bordi-yu biron narsa haqida talashib-tortishib qolsangiz, — u narsani Allohga va Payg‘ambariga qaytaringiz!» (Niso: 59).
Ikkinchidan: Sunnatning o‘zi ham uning hujjat ekaniga dalolat qiladi.
Bu quyidagi jihatlardan:
Birinchisi: Termiziy Abu Rofe’ va boshqalardan rivoyat qilgan Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamga nisbat berilgan hadis:
Ubaydulloh ibn Abu Rofeʼ otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Birortangiz supasida yonboshlab yotganida unga men buyurgan yoki qaytargan ishlardan birortasi yetib borganida zinhor «Buni bilmaymiz, biz Allohning Kitobida nima kelsa, shunga ergashamiz», deganini koʻrmayin» (Sunani Abu Dovud, 4605).
Yana Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis:
Irboz ibn Soriya Sulamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Birortangiz so‘risida yonboshlavolib, Alloh azza va jalla faqat Qur’ondagi mana shularnigina harom qilgan deb o‘ylaydimi? Bilib qo‘yinglar! Allohga qasamki, men ham va’z qildim, ko‘p narsalarni buyurdim va qaytardim. Bular Qur’ondagidek yoki undan ortiqroqdir!» (Abu Dovud, 3050; Hasan hadis).
Ikkinchisi: Yana Abu Dovud o‘z «Sunan»ida rivoyat qilgan boshqa hadisda:
Abdurrahmon ibn Amr Sulamiy va Hujr ibn Hujr aytadi: Irboz shunday dedi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga namoz o‘qib berdilar. So‘ng bizga yuzlanib, nihoyatda balog‘atli va’z qildilar, bundan (ta’sirlanib) ko‘zlardan yosh to‘kildi, qalblar titroqqa tushdi». Soʻngra: «Mening Sunnatimni va hidoyatdagi, roshid xalifalarning sunnatini mahkam tutinglar, uni oziq tishlaringiz bilan tishlab olinglar», dedilar (Abu Dovud, 4607; Sahih hadis).
Uchinchidan: Ulamolar ijmo’si sunnatning hujjatligiga dalolat qiladi
Imom Shofeiy rahimahulloh aytadilar: «Men sahobalardan ham, tobeinlardan ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan xabar berilganda, u zotning xabarlarini qabul qilmagan, unga bo‘ysunmagan va uni sunnatligini tasdiqlamagan biron kishini bilmayman… Tobe’inlardan keyingilar ham, biz uchratgan zotlar ham shunday qilishgan, ularning barchasi xabarlarni tasdiqlashgan va ularni sunnatdan deb bilishgan. Sunnatga ergashganlarni maqtab, unga xilof qilganlarni esa malomatlashgan. Kim bu yo‘ldan og‘sa, biz uni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sahobalari va ularga ergashgan ulamolarning yo‘lidan adashgan, johillardan deb hisoblar edik».
To‘rtinchidan: Sogʻlom aql sunnatning hujjatligiga dalolat qiladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Allohning elchisi ekanligi u zotning har bir so‘zlariga ishonishimiz va har bir amriga itoat etishimiz shartligini anglatadi. Shubhasiz, u bizga Qur’onda keltirilmagan qo‘shimcha ma’lumotlar va ko‘rsatmalar bergan. Bu masalalarni Qur’ondan ajratib, ularga rioya qilish va bo‘ysunish majburiyatiga boshqacha nazar solishga hech qanday dalil yo‘q, aksincha, bu ajratish asossis, botildir. Shuning uchun u zot sollallohu alayhi va sallamdan sobit boʻlgan hadislarni tasdiqlash, shuningdek, u zotning amriga itoat qilish vojibdir.
Sunnatning hujjatligini inkor qilgan kishi kofir sanaladi, chunki u dindagi «bilish majburiy bo’lgan» asosni inkor qilgan bo‘ladi.
Ikkinchi savolingizga kelsak, musulmon kishidan ma’lum bir mazhabga ergashish talab qilinmaydimi, degan savolingizga javob shuki, yoʻq, talab qilinmaydi. Har bir oddiy musulmonning mazhabi, o‘zining muftiysining mazhabidir. Uning zimmasida ilm va fatvo ahlidan ishongan kishisidan so‘rash majburiyati bor. Agar oʻzi dalillarni va olimlarning soʻzlarini ajrata oladigan tolibi ilm bo‘lsa, u holda ulamolarning so‘zlaridan Kitob va Sunnatga muvofiq, sahih dalil bilan tasdiqlangan eng quvvatli so‘zga ergashishi kerak.
Musulmon kishiga to‘rt mashhur fiqhiy mazhablardan biriga ergashish joiz, biroq, agar muayyan masalada haq boshqa mazhabda ekanligini bilib qolsa, u holda oʻz mazhabiga xilof qilishi, garchi boshqa mazhabda bo‘lsa ham, haqqa ergashishi vojib bo‘ladi. Chunki maqsad Kitob va Sunnat orqali aniqlanadigan haqqa ergashishdir. Fiqhiy mazhablar esa shar’iy hukmlarni bilish yo‘llari bo‘lib, Kitob va Sunnat hukmlariga dalolat qiladi, ammo ularning o‘zi Kitob va Sunnat emas.
Allohdan haqni haq qilib ko‘rsatishini va unga ergashishni nasib qilishini, botilni botil qilib ko‘rsatishini va undan saqlanishni nasib qilishini so‘raymiz. Payg‘ambarimiz Muhammadga Allohning salavoti bo‘lsin.
Bu javob foydali bo’ldimi?