Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Namoz bobi » Namoz ahkomlari » Farz namozini bir kunda ikki marta o‘qish hukmi
Fatvo: 315799

O'qildi: 28

27.02.2026

/ 10 Ramazon 1447

Fatvo mavzusi:

Farz namozini bir kunda ikki marta o‘qish hukmi

Savol

Farz namozini ikki marta o‘qishning hukmi nima? Ikkinchi namoz birinchisini botil qiladimi? Agar farz namozini o‘qiyotganingizda namozning vaqti chiqib ketsa, buning hukmi nima?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Birinchidan:

Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir kunda farz namozini ikki marta takror o‘qishdan qaytarganlar. Bu haqda sahih hadis sobit boʻlgan:

عَنْ سُلَيْمَانَ بْنِ يَسَارٍ يَعْنِي مَوْلَى مَيْمُونَةَ، قَالَ: أَتَيْتُ ابْنَ عُمَرَ عَلَى الْبَلَاطِ وَهُمْ يُصَلُّونَ، فَقُلْتُ: أَلَا تُصَلِّي مَعَهُمْ، قَالَ: قَدْ صَلَّيْتُ، إِنِّي سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ ﷺ، يَقُولُ: «لَا تُصَلُّوا صَلَاةً فِي يَوْمٍ مَرَّتَيْنِ»

Maymuna roziyallohu anhoning mavlosi Sulaymondan rivoyat qilinadi: «Ibn Umarning oldiga Balotga* borsam, odamlar namoz o‘qishayotgan ekan. «Ular bilan birga namoz o‘qimaysizmi?» desam, «Men namozni o‘qib bo‘lganman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Bir kunda bir namozni ikki marta o‘qimanglar», deganlarini eshitganman», dedi» (Abu Dovud, 579; Hadis hukmi: «hasan sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 7350).

Nasoiy esa ayni shu hadisni quyidagi lafz bilan rivoyat qilgan:

قَالَ: إِنِّي قَدْ صَلَّيْتُ، إِنِّي سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ ﷺ يَقُولُ: لَا تُعَادُ الصَّلَاةُ فِي يَوْمٍ مَرَّتَيْنِ».

Ibn Umar: «Men namoz o‘qib bo‘ldim. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Namoz bir kunda ikki marta qayta o‘qilmaydi», dedi» (Nasoiy, 860; Hadis hukmi: «hasan sahih». Manba: «Sahihi Nasoiy», 860).

Bayhaqiyning rivoyatida esa:

«لَا صَلَاةَ مَكْتُوبَةً فِي يَوْمٍ مَرَّتَيْنِ»

«Farz namozi bir kunda ikki marta o‘qilmaydi», deb kelgan.

Bu qaytariq ikkinchi namozni farz niyati bilan o‘qigan kishiga tegishlidir. Ammo agar uni nafl niyatida o‘qimoqchi bo‘lsa, bunda hechqisi yo‘q va u farzni ikki marta o‘qidi, deyilmaydi.

Ibn Abdulbarr aytadi:

«Ahmad ibn Hanbal va Is’hoq ibn Rohavayh Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «Bir kunda bir namozni ikki marta o‘qimanglar» degan so‘zlarining ma’nosi shuki, kishi o‘ziga farz bo‘lgan namozni o‘qib, tugatganidan so‘ng turib, uni yana farz sifatida qayta o‘qishidir, degan fikrga ittifoq qilishgan.

Ular aytdilar: Ammo ikkinchisini jamoat bilan, o‘zi uchun nafl niyatida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bunga buyruqlariga va namozni jamoatda qayta o‘qishga buyurgan kishilarga: «U sizlar uchun nafldir» degan so‘zlariga iqtido qilib o‘qigan kishiga kelsak, u bir kunda namozni ikki marta qaytarganlardan emas, chunki birinchisi farz, ikkinchisi nafldir» («Istizkor», 2/156).

Demak, kim farz namozini o‘qigan bo‘lsa, bu holda ayni shu namozni yana farz niyatida qayta o‘qishi joiz emas.

Lekin, kim uyida yoki masjidda farz namozini o‘qib, so‘ng boshqa masjidga kelsa-yu, ularning namoz o‘qiyotganini ko‘rsa, ular bilan birga namoz o‘qiydi. Faqat ushbu namozi unga nafl sanaladi.

Ibn Qudoma rahimahulloh aytadi:

«Kim farzini o‘qib, so‘ng o‘sha namozni jamoatda topsa, uni qayta o‘qishi mustahabdir, qaysi namoz bo‘lishidan qat’i nazar, sharti shuki, u masjidda bo‘lganida namozga iqomat aytilsa yoki u masjidga kirganida ular namoz o‘qiyotgan bo‘lsalar.

Bu Hasan, Shofe’iy va Abu Savrning so‘zidir.

Qoziy namoz oʻqishdan qaytarilgan paytda qayta o‘qishning joiz boʻlishi uchun mahalla imomi bilan birga bo‘lishi shartligini ta’kidlagan.

Xiroqiy mahalla imomi va boshqalar orasini, shuningdek, jamoat bo‘lib namoz o‘qiydiganlar bilan yolg‘iz o‘qiydiganlar orasini ajratmagan.

Ahmadning so‘zlari ham shunga dalolat qiladi.

Asram aytadi: Men Abu Abdullohdan jamoatda o‘qigan kishi haqida so‘radim, u masjidga kirsa va ular namoz o‘qiyotgan bo‘lsalar, ular bilan o‘qiydimi?, deb soʻraganimda, u: «Ha», deb javob berdi.

Soʻng Abu Hurayraning hadisini zikr qilib: «Ammo bu, Abul Qosimga osiy bo‘ldi», dedi.

Tarjimon izohi: Abu Hurayraning hadisidan murod ushbu hadisdir:

عَنْ أَبِي الشَّعْثَاءِ قَالَ: « كُنَّا قُعُودًا فِي الْمَسْجِدِ مَعَ أَبِي هُرَيْرَةَ فَأَذَّنَ الْمُؤَذِّنُ، فَقَامَ رَجُلٌ مِنَ الْمَسْجِدِ يَمْشِي فَأَتْبَعَهُ أَبُو هُرَيْرَةَ بَصَرَهُ حَتَّى خَرَجَ مِنَ الْمَسْجِدِ فَقَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ: أَمَّا هَذَا فَقَدْ عَصَى أَبَا الْقَاسِمِ ﷺ ».

Abu Sha’sodan rivoyat qilinadi: «Abu Hurayra bilan masjidda o‘tirgan edik. Muazzin azon aytdi. Shu payt bir kishi turib, masjiddan chiqib keta boshladi. Abu Hurayra u masjiddan chiqib ketgunicha ortidan qarab turdi. Keyin Abu Hurayra: «Manavi Abulqosim sollallohu alayhi vasallamga osiy bo‘ldi», dedi».

Imom Ahmad oʻz soʻzida davom etib: «Bunisi unga nafldir, u holda masjidga kirmasin; agar kirsa, jamoatga qoʻshilib namoz o‘qisin, garchi avvalgi marotabasini jamoatda o‘qigan bo‘lsa ham», dedi.

Bunga Jobir ibn Yazid ibn Asvad otasidan rivoyat qilgan hadisni dalil qildi:

عَنْ جَابِرِ بْنِ يَزِيدَ بْنِ الْأَسْوَدِ ، عَنْ أَبِيهِ ، قَالَ: شَهِدْتُ مَعَ رَسُولِ اللَّهِ ﷺ حَجَّتَهُ فَصَلَّيْتُ مَعَهُ صَلَاةَ الصُّبْحِ فِي مَسْجِدِ الْخَيْفِ ، فَلَمَّا قَضَى صَلَاتَهُ وَانْصَرَفَ فَإِذَا هُوَ بِرَجُلَيْنِ فِي آخِرِ الْقَوْمِ لَمْ يُصَلِّيَا مَعَهُ ، فَقَالَ: «عَلَيَّ بِهِمَا»، فَأُتِيَ بِهِمَا تَرْعَدُ فَرَائِصُهُمَا ، فَقَالَ: «مَا مَنَعَكُمَا أَنْ تُصَلِّيَا مَعَنَا؟»، قَالَا: يَا رَسُولَ اللَّهِ كُنَّا قَدْ صَلَّيْنَا فِي رِحَالِنَا ، قَالَ: «لَا تَفْعَلَا ، إِذَا صَلَّيْتُمَا فِي رِحَالِكُمَا ثُمَّ أَتَيْتُمَا مَسْجِدَ جَمَاعَةٍ فَصَلَّيَا مَعَهُمْ فَإِنَّهَا لَكُمْ نَافِلَةٌ».

Jobir ibn Yazid ibn Asvad otasidan rivoyat qiladi. U aytdi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga hajlarida qatnashdim va u zot bilan Xayf masjidida bomdod namozini o‘qidim. Namozlarini tugatib, o‘girilganlarida, qavmning oxirida u zot bilan birga namoz o‘qimagan ikki kishini ko‘rdilar va: «Ularni oldimga olib kelinglar», dedilar. Ular olib kelindi, ularning yelkalari titrardi. U zot: «Sizlarni biz bilan namoz o‘qishdan nima to‘sdi?», dedilar. Ular: «Yo Rasulalloh, biz turar joylarimizda namoz o‘qib olgan edik», deyishdi. U zot: «Bunday qilmanglar, agar turar joylaringizda namoz o‘qib, so‘ng jamoat masjidiga kelsangiz, ular bilan birga namoz o‘qinglar, chunki u (keyingi o‘qigan namozingiz) sizlar uchun nafl bo‘ladi», dedilar» (Doraqutniy, 1532; Termiziy, 219; Ibn Hibbon, 1565; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Shuayb Arnautning Ibn Hibbon sahihi taxriji», 1565).

Imom Molik «Muvatto» asarida Zayd ibn Aslamdan, u Busr ibn Mihjandan, u otasidan rivoyat qiladi: «U Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan o‘tirgan edi, namozga azon aytildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam turib namoz o‘qidilar, so‘ng qaytib keldilar, Mihjan esa o‘z o‘rnida edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Seni odamlar bilan namoz o‘qishdan nima man qildi, sen musulmon emasmisan?» dedilar.

U: «Ha, yo Rasululloh, lekin men ahlimda o‘qib olgan edim», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga: «Agar kelsang, odamlar bilan namoz o‘qi, garchi o‘qigan bo‘lsang ham», dedilar.

Muslimning sahihida keladi:

عَنْ أَبِي ذَرٍّ قَالَ: « قَالَ لِي رَسُولُ اللهِ ﷺ: كَيْفَ أَنْتَ إِذَا كَانَتْ عَلَيْكَ أُمَرَاءُ يُؤَخِّرُونَ الصَّلَاةَ عَنْ وَقْتِهَا – أَوْ يُمِيتُونَ الصَّلَاةَ عَنْ وَقْتِهَا -؟ قَالَ: قُلْتُ: فَمَا تَأْمُرُنِي؟ قَالَ: صَلِّ الصَّلَاةَ لِوَقْتِهَا، فَإِنْ أَدْرَكْتَهَا مَعَهُمْ فَصَلِّ فَإِنَّهَا لَكَ نَافِلَةٌ».

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Namozni o‘z vaqtidan kechiktiradigan [yoki namozni o‘z vaqtidan o‘tkazib «o‘ldiradigan»*] amirlar kelganda holing ne kecharkin?» dedilar. «Shunday bo‘lsa nima qilayin?» dedim. U zot: «Namozni o‘z vaqtida o‘qib ol. Keyin unga (namozga) ular bilan ham to‘g‘ri kelib qolsang, o‘qiyver. Bu sen uchun nafl bo‘ladi», dedilar» (Sahihi Muslim, 648).

Boshqa bir rivoyatda:

صَلِّ الصَّلَاةَ لِوَقْتِهَا، فَإِنْ أَدْرَكْتَ مَعَهُمْ فَصَلِّ، وَلَا تَقُلْ: إِنِّي صَلَّيْتُ، فَلَا أُصَلِّي».

«Namozni o‘z vaqtida o‘qi. Agar ular bilan birga o‘qishga ulgursang, o‘qiyver ammo, «Men o‘qib bo‘ldim, endi (qayta) o‘qimayman», dema» (Sunani Nasoiy, 778; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Nasoiy», 777).

… Hadislar mutlaq holda qayta o‘qishga dalolat qiladi, xoh mahalla imomi bilan bo‘lsin, xoh boshqasi bilan, xoh yolg‘iz o‘qigan bo‘lsin, xoh jamoatda.

Anasdan rivoyat qilinadi, u aytdi: Abu Muso bizga Mirbadda bomdod namozini o‘qib berdi, so‘ng jome’ masjidiga yetib bordik, namozga iqomat aytildi, biz Mug‘iyra ibn Shu’ba bilan birga o‘qidik.

Siladan, u Huzayfadan rivoyat qilinadi: u peshin, asr va shom namozlarini qayta o‘qidi, holbuki ularni jamoatda o‘qigan edi.

Ikkalasini ham Asram rivoyat qilgan» («Mug‘niy», 52/519-521).

Shayx Muhammad ibn Odam al-Asyubiy aytadi:

«Rojih (quvvatliroq) fikr shuki, qayta o‘qish mutlaqo mashru’dir, xoh yolg‘iz o‘qigan bo‘lsin, xoh jamoat bilan, yuqorida o‘tgan hadislarning mutlaqligiga binoan.

Bobdagi hadisga kelsak [ya’ni, javobning boshida zikr qilingan Ibn Umarning hadisi]: u hadisdan bir kunda ikki marta, yolgʻiz holda qayta o‘qish yoki har ikkisi ham farz bo‘lishi tushuniladi. Bunga: «Bir kunda farz namozi ikki marta o‘qilmaydi» degan rivoyat dalolat qiladi» («Sharhi Sunani Nasoiy», 10/655).

Ikkinchidan:

Kim namozni qayta o‘qisa, uning birinchi namozi bu bilan botil bo‘lmaydi, balki birinchisi farzdir.

Ibn Qudoma aytadi:

«Agar namozni qayta o‘qisa, birinchisi uning farzidir.

Bu Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilingan qavl, shuningdek Imom Abu Hanifa, Savriy, Is’hoq va Shofe’iyning yangi qavlidir.

Sahih hadisdagi u zot sollallohu alayhi va sallamning: «Sizlar uchun nafl bo‘ladi» degan so‘zlariga va Abu Zarr hadisidagi: «U sen uchun nafl bo‘ladi» degan so‘zlariga binoan.

Chunki birinchisi farz bo‘lib voqe’ bo‘ldi va zimmadagi farzni soqit qildi, buning dalili shuki, bitta namoz bir kunda ikki marta farz bo‘lmaydi. Agar birinchisi bilan zimmadagi farz soqit bo‘lsa, ikkinchisining farz bo‘lishi va birinchisining nafl qilinishi amri mahol (imkonsiz) bo‘ladi.

Hammod Ibrohim Naxoiydan naql qiladi: «Agar kishi namozni niyat qilsa va farishtalar uni yozsa, kim uni o‘zgartira oladi? Undan keyin o‘qigani tatovvu’ (nafl) bo‘ladi».

Shunga binoan, ikkinchisida farz namozni niyat qilmaydi, lekin uni qayta o‘qilgan peshin deb niyat qiladi, agar nafl niyat qilsa, sahih bo‘ladi» («Mug‘niy», 2/522).

Bag‘aviy rahimahulloh aytadi:

«Agar farz namozni oʻzi yolg‘iz o‘qib boʻlganidan keyin jamoat bilan o‘qisa, aksariyat ulamolar nazdida birinchisi uning farzi, ikkinchisi nafldir… So‘ngra bu soʻziga: «U ikkovingiz uchun nafldir» hadisini dalil qildi». Iqtibos tugadi.

«Tuhfat al-Ahvaziy»da shunday keladi:

«(U ikkovingiz uchun nafldir)» degan so‘zda qayta o‘qilgan namozda ikkinchisi nafl ekanligiga ochiq-oydin ishora bor. Buning zohiridan birinchisi jamoatda bo‘ladimi yoki yolg‘izmi, farqi yo‘qligi kelib chiqadi. Chunki ehtimol o‘rnida tafsilotni tark qilish, so‘zda umumiylik o‘rniga o‘tadi». Iqtibos tugadi.

Uchinchidan:

Kimdir namozning to‘g‘riligiga shubha qilib, ehtiyotkorlik yuzasidan uni qayta o‘qisa-yu, keyinchalik birinchi namozning to‘g‘riligi ma’lum bo‘lib qolsa, yuqorida keltirilgan dalillarga ko‘ra, birinchi namoz farz, ikkinchisi esa nafl bo‘ladi.

Biroq, agar kishi birinchi namozning noto‘g‘riligiga qat’iy ishonsa, ikkinchi namoz birinchisining o‘rniga o‘tadimi? Axir u qat’iy emas, balki ehtiyot yuzasidan o‘qilgan edi-ku?

Bu masalada xilof bor, ammo eng to‘g‘ri qarash shuki, u birinchi namozning o‘rnini bosadi.

Zarkashiy shunday deydi: «Agar kishi yolg‘iz yoki jamoat bilan namozini ado etib, so‘ng uni qayta o‘qisa va keyinchalik birinchi namozda qandaydir nuqson bo‘lgani ma’lum bo‘lsa, bunga oʻxshash masalalarning qiyosiga ko‘ra, garchi nafl niyatida o‘qilgan bo‘lsa ham, bu namoz kifoya qiladi.

G‘azzoliy ham o‘z fatvolarida shunday javob bergan.

Bunga o‘xshash holat tahoratda uchraydi. Masalan: agar tahorat olayotgan kishi birinchi yuvishda biror a’zoni yuvishni unutib qo‘yib, keyin ikkinchi va uchinchi martasida birinchi yuvishni takrorlash niyatida yuvsa, eng toʻgʻri fikrga ko‘ra, hatto ikkinchi va uchinchisi nafl niyatida bo‘lsa ham, bu yetarli hisoblanadi…

U yana shunday deydi: «Tahqiq shuki, bu holatlar naflning farz o‘rniga o‘tishi qabilidan emas; chunki keyingilari haqiqatda nafl emas; balki o‘z o‘rnida voqe’ bo‘lgan vojibdir va uni nafl niyati bilan bajarishning ta’siri yo‘q; chunki niyat faqat zohirga, ya’ni yuvish va boshqa vojiblarning hosil bo‘lishiga binoan qilingan, xatosi aniq bo‘lgan gumonning e’tibori yo‘q» («Mansur fil-qavoid al-fiqhiyya», 3/306).

Ikkinchi namozning sahihligini va birinchisining o‘rniga o‘tishini tasdiqlaydigan unsurlardan biri shuki, agar vojibni ehtiyot yuzasidan bajarish hech narsaga o‘tmaganida, ular hech kimga buni qilishni buyurmagan bo‘lardilar, chunki bundan foyda bo‘lmasdi.

Zarkashiy yana aytadi: «Agar to‘rt rakaat peshinni qazo niyati bilan o‘qisa va zimmasida farz borligini bilmasa, so‘ng zimmasidagi farz ayon boʻlsa, «Bahr» muallifi aytganidek: «Uning qazo farzi o‘rniga o‘tadi; chunki ijmo’ga ko‘ra, agar peshinni o‘qib tugatsa, so‘ng uning ba’zi farzlarida shubha qilsa, farz niyati bilan qayta o‘qish «mustahab»dir. Agar birinchi namoz botil bo‘lgani aniq bo‘lganida, ikkinchi namozi esa zimmasidagi farzning o‘rniga o‘tmaganida, qayta o‘qishning ma’nosi bo‘lmas edi.

Bu shuni ko‘rsatadiki, namozning zimmasidagi farz ekaniga shubha qilish uning to‘g‘ri ado etilganligini yo‘qqa chiqarmaydi» («Mansur fil-qavoid al-fiqhiyya», 2/270).

Ko‘proq ma’lumot uchun «al-Mansur fi al-qavoid al-fiqhiyya» (2/305-311) va «Qavoid al-ahkom fi masolih al-anom»ga (1/126) qarang.

Shuningdek, 248621-savolga murojaat qiling .

To‘rtinchidan:

Fuqaholar namozning vaqti chiqishidan oldin bir rakaatiga ulgurgan kishi, namozga ulgurgan hisoblanadi, degan fikrga ittifoq qilishgan. Ammo bir rakaatdan kamrog‘iga ulgursa, namozga vaqtida ulgurgan bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bu borada ixtilof bor.

Bir jamoa ahli ilmlar takbiri tahrima bilan vaqtga ulgurgan sanaladi, degan fikrga borishgan. Kim vaqt chiqishidan oldin takbiri tahrimani aytsa, namozga ulgurgan bo‘ladi va namoz ado hisoblanadi, qazo emas. Bu hanafiylar va hanbaliylarning mazhabidir.

Boshqa ulamolar esa, kishi to‘liq bir rakaat o‘qimaguncha namozni vaqtida ado etgan sanalmaydi, degan fikrga borishgan. Bu molikiylar va shofe’iylarning mazhabidir va u rojih (quvvatliroq) fikrdir. Bu Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning ushbu hadislariga binoan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ : أَنَّ رَسُولَ اللهِ ﷺ قَالَ: «مَنْ أَدْرَكَ رَكْعَةً مِنَ الصَّلَاةِ فَقَدْ أَدْرَكَ الصَّلَاةَ».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim namozning bir rak’atiga ulgursa, demak, namozga ulguribdi», dedilar» (Sahihi Buxoriy 580; Sahihi Muslim, 607).

Shunga ko‘ra, kim namozdan bir rakaat o‘qisa, so‘ng uning vaqti chiqsa, namozga vaqtida ulgurgan sanaladi. Kim to‘liq bir rakaatga ulgurmay qolsa, namozni o‘z vaqtida ado etgan hisoblanmaydi, balki qazo qilgan sanaladi.

Ko‘proq foyda uchun 96836-raqamli savolning javobiga qarang.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • A’uzu va basmala iftitoh duosining bir qismimi?

    Namozdagi a’uzu va basmala (A’uzu billahi minash shaytonir rojiym, so‘ngra «bismillah» deyish) iftitoh duosi boshlanishining bir qismimi? Agar bir kishi imom ortida namoz o‘qisa, u a’uzu va basmalani past ovozda aytishi kerakmi? Namozxon bularni har rakaatda aytishi kerakmi?
  • Bosh kiyimsiz namoz oʻqish

    Namoz paytida shapka yoki bosh kiyim kiyish sunnatdanmi?
  • Namozda rukudan qaytganda qo‘l bogʻlanadimi?

    Rukudan turgandan keyin qo‘llarni bog’lash yoki bogʻlamaslik masalasida batafsil javob bersangiz. Bu masalada ikki xil fikr eshitdim, ularning qaysi biri to‘g‘riroq?
  • Bomdod namozining kirish vaqti

    Britaniyaning Nyukasl viloyatida xufton va bomdod namozlarining kirish vaqti bilan bogʻliq muammo kuzatiladi. Bu yerda musulmonlar bomdod va xufton namozi vaqti, shuningdek Ramazonda saharlik vaqti boshlanishini aniqlashda katta qiyinchilikka duch kelmoqdalar. Chunki, quyosh chiqishidan oldin atrof yorishib ketadi va quyosh botganidan keyin ham, ba’zan tun bo‘yi bu hol davom etadi. Bu yerdagi falakshunoslar (astronomlar) yorug‘lik paydo bo‘lishidan quyosh chiqishigacha bo‘lgan vaqtni hamda quyosh botishidan yorug‘lik yo‘qolishigacha bo‘lgan vaqtni uch qismga ajratishgan:Birinchi qism: kishi bemalol ishlashi mumkin bo’lgan yorug‘lik;Ikkinchi qism: yorug‘lik shu qadar past boʻlib, biron ish bajararishning imkoni yoʻq;Uchinchi qism: to‘liq qorong‘ilik.Savolim shuki, ushbu astronomik taqsimot asosida bomdod va xufton namozi hamda saharlik vaqtining boshlanishini qanday aniqlash mumkin?
  • Nog‘ora chalib namozga chaqirish joizmi?

    Filippin va boshqa joylardagi ayrim masjidlarda odamlarni namozga chaqirish uchun avval nog‘ora chalinadi, so‘ngra azon aytiladi. Islom dinida bu ish joizmi?
  • Namoz vaqtlari

    Biz uchun asr namozining vaqti kollejdagi ma’ruza vaqtimizga to‘g‘ri keladi. Professor nasroniy bo‘lib, bizga ibodat qilishga imkon bermaydi. Shu bois, namozni ketganimizdan so‘ng, shom namozidan taxminan bir soat oldin o‘qiymiz. Bu ishimizning hukmi qaday boʻladi?