O'qildi: 59
09.10.2026
/ 28 Rabiul-oxir 1448
Fatvo mavzusi: Duo — Iltijolar
Savol
Men va ayolim farzand ko‘rishga harakat qilyapmiz. Namozda yoki duoda tilovat qilish uchun farzand ko‘rishimizga yordam beradigan Qur’ondagi biror sura haqida ayta olasizmi? Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Siz Zakariyo alayhissalomning quyidagi duolarida mahkam boʻling. U kishi aytganlar:
«Parvardigorim, meni yolg‘iz holda tashlab qo‘yma (ya’ni, menga O‘z dargohingdan bir merosxo‘r farzand ato et), O‘zing vorislarning yaxshirog‘idirsan (ya’ni, hammaning ortida qolguvchidirsan)» (Anbiyo: 89).
Ushbu duo holatga juda munosib, go‘zal duolar sarasidandir. Shuningdek, u kishining alayhissalom yana bir duolari bor:
«Parvardigorim, menga ham O‘z huzuringdan bir pokiza farzand ato et! Albatta, Sen duo-iltijolarimni eshitguvchisan» (Oli Imron: 38).
Zakariyo alayhissalomning qissalarida katta ibratlar bor. Alloh taolo ushbu ibratlarni O‘z kitobida bir necha o‘rinlarda bizga hikoya qilib bergan. Ulardan biri Oli Imron surasida Maryam alayhassalom haqida kelgan:
«Bas, Parvardigori uni (Maryamni) xush qabul aylab, chiroyli parvarish etdi va unga Zakariyoni kafil qildi. Har qachon Zakariyo (Maryamning) oldiga — hujraga kirganida uning huzurida bir rizq-nasiba ko‘rdi. U: «Ey Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?», deb so‘raganida (Maryam) javob qildi: «Bular Alloh huzuridandir. Albatta, Alloh O‘zi istagan kishilarga behisob rizq berur». O‘shanda Zakariyo Parvardigoriga duo qilib dedi: «Parvardigorim, menga ham O‘z huzuringdan bir pokiza farzand ato et! Albatta, Sen duo-iltijolarimni eshitguvchisan». So‘ng mehrobda namoz o‘qib turgan vaqtida unga farishtalar nido qildilar: «(Ey Zakariyo), Alloh senga Allohning so‘zini tasdiq etadigan, (o‘z qavmiga) xoja bo‘ladigan, (shahvatlardan o‘zini) tiyadigan va solih payg‘ambarlardan bo‘ladigan Yahyo ismli farzand xushxabarini berur». «Parvardigorim, menga keksalik yetgan, xotinim tug‘mas bo‘lsa, mendan qanday farzand bo‘lsin?», dedi (Zakariyo). (Alloh) aytdi: «Shunday, Alloh istagan ishini qilur». Parvardigor, men uchun (kampirim homilali bo‘lganiga) biron belgi — alomat qilsang», dedi u. Alloh aytdi: «Senga belgi shuki, uch kun odamlarga faqat imo-ishora bilangina gapira olasan. Parvardigoringni mudom yod qil va tun-u kun U zotni poklab ibodat qil!» (Oli Imron: 37-41).
Ushbu goʻzal qissalardan yana biri Maryam surasidagi oyatlardir:
«(Ey Muhammad alayhissalotu vassalom, ushbu) Parvardigoringiz O‘z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri-qissasidir. Eslang, Parvardigoriga xufyona duo-iltijo qilib, (Zakariyo) degan edi: «Parvardigorim, darhaqiqat, mening suyaklarim mo‘rtlashdi, keksalikdan boshim — sochim oqardi. Parvardigorim, men senga duo qilib (hech qachon) noumid bo‘lgan emasman. Men ortimda qoladigan qarindosh-urug‘larim (mening dinimni zoye qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim tug‘mas bo‘lib qolgan. Endi Sen o‘z dargohingdan menga bir do‘st (ya’ni, farzand) hadya etgin. Menga va (bobom) Ya’qub xonadoniga merosxo‘r bo‘ladigan (bir do‘st ya’ni, farzand hadya etgin) va uni (O‘z nazdingda) rozi bo‘linadigan (solih) kishilardan qilgin». (Alloh aytdi): «Ey Zakariyo, Biz senga bir farzand xushxabarini berurmizki, uning ismi Yahyo bo‘lib, ilgari unga biron (kimsani) otdosh qilgan emasmiz». (Zakariyo) dedi: «Parvardigorim, xotinim tug‘mas bo‘lib qolgan, o‘zim esa keksalikning (umrimning) nihoyasiga yetib qolgan bo‘lsam, mendan qanday farzand (bunyod) bo‘lsin?» (Alloh) aytdi: «Shunday, Parvardigoring ayturki, bu (ish) Menga osondir. (Axir) Men ilgari hech narsa bo‘lmagan paytingda seni (ham) yaratgan edimku (ya’ni, yo‘qdan bor qilgan edimku)!». «Parvardigorim, men uchun (kampirim homilali bo‘lganiga) biron belgi-alomat qilsang», dedi u (Zakariyo). (Alloh) aytdi: «Senga belgi shuki, soppa-sog‘ bo‘lgan holingda uch kungacha odamlarga gapira olmaysan». Bas, (Zakariyo) mehrobdan qavmining oldiga chiqib, ularga erta-yu kech (Allohni) poklab — ibodat etishni ishora qildi» (Maryam: 2-11).
Zakariyyo alayhissalomning ibratli hikoyalaridan yana biri Anbiyo surasida zikr qilingan:
«Zakariyoning: «Parvardigorim, meni yolg‘iz holda tashlab qo‘yma (ya’ni, menga O‘z dargohingdan bir merosxo‘r farzand ato et), O‘zing vorislarning yaxshirog‘idirsan (ya’ni, hammaning ortida qolguvchidirsan)», deb nido qilgan paytini (eslang). Bas, Biz uning (duosini) mustajob qildik va unga Yahyoni hadya etdik hamda juftini o‘nglab (tug‘maydigan kampirni bola ko‘rishga qodir qilib) qo‘ydik. Darhaqiqat, ular yaxshi ishlarni qilishga shoshar va Bizga rag‘bat va qoʻrquv bilan duo-iltijo qilar edilar. Ular Bizga ta’zim-itoat qilguvchi edilar» (Anbiyo: 89-90).
Zakariyo alayhissalomning qissasini tafakkur qilish farzand koʻrmagan har bir erkag-u ayol uchun juda foydalidir. Shuningdek, Ibrohim va uning ayoli Soraning qissasi ham. Alloh ularning sabrlari evaziga ularga Is’hoq alayhissalomni rizq qilib berdi. Ibrohim alayhissalomga keksaygan chog‘larida oʻgʻli Ismoil alayhissalom ham ato etildi, Alloh taolo O‘z xalili haqida aytganidek:
«Menga keksalik paytimda Ismoil va Is’hoqni hadya qilgan zot — Allohga hamd-u sanolar bo‘lsin. Albatta, Parvardigorim (barcha) duolarni eshitguvchidir» (Ibrohim: 39).
Musulmon kishi barcha holatlarda Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lishi kerak, garchi umr bo‘yi bepusht bo‘lib qolsa ham. Balki uning sabri u uchun farzanddan yaxshiroq bo‘lar. Allohning barcha qazosi yaxshilik, barcha taqdiri hikmat va hamma narsa Uning xohishi va amri bilandir, Alloh subhanahu va taolo:
«(Fir’avn) aytdi: «Men izn bermay turib unga iymon keltirdingizmi?! Albatta u (Muso) sizlarga sehr o‘rgatgan kattangizdir. Endi yaqinda bilursizlar — albatta men oyoq-qo‘llaringizni qarama-qarshisiga (o‘ng qo‘l, chap oyoq yoki aksincha) kesurman va sizlarning barchangizni dorga osurman». Ular dedilar: «Zarari yo‘q. Zero, bizlar Parvardigorimizga qaytguvchidirmiz» (Sho‘ro: 49-50).
Va sollallohu vasallama ’ala nabiyyina Muhammad.
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Shayx Muhammad Solih al-Munajjid
Bu javob foydali bo’ldimi?