O'qildi: 78
13.01.2026
/ 24 Rajab 1447
Fatvo mavzusi: Namoz ahkomlari
Savol
Namozdagi a’uzu va basmala (A’uzu billahi minash shaytonir rojiym, so‘ngra «bismillah» deyish) iftitoh duosi boshlanishining bir qismimi? Agar bir kishi imom ortida namoz o‘qisa, u a’uzu va basmalani past ovozda aytishi kerakmi? Namozxon bularni har rakaatda aytishi kerakmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
A’uzu va basmala namoz boshlanishida o‘qiladigan narsalar bo‘lsa-da, hadisda rivoyat qilingan iftitoh duosining bir qismi emas. Masalan,
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni takbir bilan boshlar edilar» (Sahihi Muslim, 498).
Ikkinchi rakaatda ularni aytish masalasiga kelsak, bunda ulamolar orasida ixtilof bor. Basmala Fotihani o‘qishda barcha rakaatlarda aytiladi, ammo ovoz chiqarilmaydi. Chunki uning Fotihaning bir oyati ekanligi yoki emasligi to‘g‘risida ixtilof bor. Ulamolardan kimki, u Fotihaning oyati emas desa, barcha rakaatlaarda Fotihadan oldin uni o‘qish mustahab deydi. Namozxon uchun ehtiyotlirog‘i, basmalani har rakaatda ovoz chiqarmasdan o‘qishdir.
«Isti’oza»ga kelsak, ulamolar a’uzuning Fotiha surasining oyati emasligida ixtilof qilmaganlar, lekin ularga Alloh taoloning:
«Qur’on o‘qigan chog‘ingda, Allohdan quvilgan shayton (sharri)dan panoh so‘ragin» (Nahl: 98) degan soʻzini tushunish mushkul boʻldi. Kimki oyatning zohiriga qarasa, har rakaatda Fotiha va basmaladan oldin Allohdan panoh so‘rashning mashru’ligini oladi. Bu shofe’iylar mazhabi va bu ularning eng sahih fikri («Al-Majmu’» 3/323).
Har rakaatda panoh so‘rashni Hasan Basriy, Ato va Ibrohim Naxa’iy mustahab deb hisoblaganlar. Ibn Hazm ham ushbu qarashni ma’qul sanagan. Bu fikr Imom Muhammad ibn Abdulvahhobdan rivoyat qilingan, u buni «Namozga yurish odoblari»da zikr qilgan. Bu fikrni ShayxulIslom Ibn Taymiyya tanlagan («Al-Insof» 2/74) va: «Har bir qiroatning boshida panoh so‘rash mustahabdir», degan (Ixtiyorot, 50). Alloma Alboniyning tanlovi ham shudir.
Ulamolarning bir guruhi esa «a’uzu»ni faqat birinchi rakaatda o‘qish mashru’ bo‘lib, qolgan rakaatlarda takrorlanmasligini aytgan. Bu hanbaliylar mazhabidagi asosiy fikr («Al-Insof» 2/73). Shavkoniy faqat birinchi rakaatda o‘qishni afzal degan («Naylul Avtor» 3/39, 139-140).
Ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohim, men Sendan quvilgan shaytondan, uning siqishidan, puflashidan va dam urishidan panoh so‘rayman». (Roviy) aytdi: Uning siqishi – jinnilik, dam urishi – she’r, puflashi esa – kibrdir (Sunani Ibn Moja, 808; Hadis hukmi: «sahih». Manba: Sahihi Ibn Moja, 665).
Boshqa hadisda:
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi namozga tursalar, takbir aytar edilar va so‘ngra «Subhaanakallohumma va bihamdika, tabaarokasmuka va ta’aalaa jadduka va laa ilaaha g‘oyruk», der edilar (Buning ma’nosi: «Allohim! Seni hamding ila poklab yod etaman, isming muborakdir, sha’ning oliydir, Sendan boshqa haq iloh yo‘qdir»). Keyin uch marta «Laa ilaaha illalloh», der edilar (tavhid kalimasining ma’nosi: «Allohdan o‘zga haq iloh yo‘q», deganidir). So‘ngra uch marta «Allohu akbaru kabiyro», (ya’ni «Alloh buyuklarning buyugidir»), derdilar. Keyin «A’uuzu billaahis-samiy’il ’aliymi minash-shaytonir-rojiymi min hamzihi va nafxihi va nafsih» der edilar» (Ma’nosi: «Eshitguvchi va bilguvchi Allohdan quvilgan shaytonning siqishi, puflashi va dam urishidan panoh so‘rayman»). So‘ngra qiroat qilardilar» (Sunani Abu Dovud, 775; Hadis hukmi: «hasan». Manba: Sifatus sola, 96).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?