O'qildi: 574
19.12.2025
/ 28 Jumadal-oxira 1447
Fatvo mavzusi: Jinlar, sehr va nazarga iymon
Savol
Qur’oni Karimda jinlar haqida o‘qidim, ammo ular haqiqatda nimaligini bilmayman. Iloji bo‘lsa, ular haqida qo‘shimcha ma’lumot berishingizni so‘rayman.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Qur’on va sunnat dalillari jinlarning mavjudligini tasdiqlab, ularning yaratilishidan asosiy maqsad faqat Allohga ibodat qilish ekanligini ko‘rsatadi. Alloh taolo aytadi:
«Men jin va insni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Zoriyot: 56).
Boshqa oyatda aytadi:
«Ey jin va inson jamoasi, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar Mening oyatlarimni so‘zlagan va sizlarni mana shu (ya’ni, Qiyomat) kuningizdagi uchrashuvdan qo‘rqitgan hollarida kelmadilarmi?» (An’om: 130).
Jinlar olami mustaqil olam bo‘lib, uning o‘ziga xos tabiati va insonlar olamidan yashirin bo‘lgan xususiyatlari bor. Ular va insonlar o‘rtasida aql, idrok va yaxshilik yoki yomonlik yo‘lini tanlash qobiliyati borasida umumiy jihatlar mavjud. Ular ko‘zdan yashirin bo‘lganlari uchun jin deb atalgan. Alloh taolo aytadi:
«Chunki u va uning malaylari sizlarni o‘zingiz bilmaydigan tarafdan ko‘rib turadilar» (A’rof: 27).
Alloh O‘zining Kitobida jinlarning kelib chiqishi haqida xabar berib, shunday deydi:
«Jinlarni esa (Odamdan) ilgari otash-olovdan yaratgan edik» (Xijr: 27).
Boshqa oyatda aytadi:
«Jinlarni esa alanga-olovdan yaratdi» (Rahmon: 15).
Hadisi sharifda keladi:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Farishtalar nurdan yaratilgan. Jinlar olovning alangasidan yaratilgan. Odam esa sizlarga vasf qilingan narsadan yaratilgan» (Sahihi Muslim, 2996).
Alloh jinlarni turli toifalarda yaratgan. Jinlar orasida it va ilon kabi turli qiyofalarga kira oladiganlari mavjud. Ular orasida qanotli bo‘lganlari, shamol kabi uchuvchilari, bir joyda turuvchilari va joydan joyga ko‘chib yuruvchilari ham bor.
Abu Sa’laba al-Xushaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh ﷺ dedilar: «Jinlar uch toifaga bo‘linadi: birinchi toifasi qanotli bo‘lib, havoda uchib yuradi; ikkinchi toifasi ilonlar va itlardan iborat; uchinchi toifasi esa ko‘chmanchi (kelib-ketib yuradigan) jinlar» (Ibn Hibbon, 6156; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 3114).
Har bir insonning jinlardan bo‘lgan bir hamrohi bor.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan biror kishi yo‘qki, uning jinlardan vakil qilingan hamrohi bo‘lmasa», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, sizning hammi?» deyishdi. U zot: «Ha, mening ham. Lekin Alloh meni uning ustidan g‘olib qildi va u musulmon bo‘ldi. U meni faqat yaxshilikka undaydi», dedilar» (Sahihi Muslim, 2814).
Imom Navaviy aytadi: «Hadisdagi «Fa-aslama» iborasi – u musulmon bo‘ldi, mo‘min bo‘ldi, deganidir. Buning zohiriy ma’nosi shu. Qozi Iyoz aytadi: «Bilingki, ummat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jismlari, fikrlari va so‘zlari shaytondan himoyalanganiga ijmo qilgan. Bu hadisda hamrohning fitnasi, vasvasasi va zalolatidan ogohlantirish bor. Shuning uchun u zot sollallohu alayhi va sallam jindan boʻlgan hamrohimiz biz bilan ekanini ma’lum qildilar, toki undan iloji boricha ehtiyot bo‘laylik» («Sahihi Muslim sharhi», 17/175).
Alloh taolo jinlarga insonga bermagan qobiliyatlarni ato etgan. Ularning ba’zi qobiliyatlari haqida Alloh bizga xabar bergan. Masalan, tez harakat qilish va sayohat qilish qobiliyati. Jinlardan biri – ifrit Sulaymon payg‘ambarga Yaman malikasining taxtini odam joyidan oʻtirib turishidan tezroq muddatda Quddusga keltirishni va’da qilgan. Alloh taolo aytadi:
«(Shunda) jinlardan bir paxlavoni aytdi: «Men uni sen o‘rningdan turishingdan ilgari senga keltirurman. Albatta, men bunga qodir va ishonchlidirman». Kitobdan ilmi bor bo‘lgan bir zot esa: «Men uni ko‘zing o‘zingga qaytgunicha (ya’ni, ko‘z ochib yumguncha) senga keltirurman», dedi. Qachonki (Sulaymon) u(taxt)ning o‘z huzurida qaror topganini ko‘rgach: «Bu Parvardigorimning men shukr qilamanmi yoki kufroni ne’mat qilamanmi, imtihon etish uchun bergan fazl-u-marhamatidandir», dedi» (Naml: 39-40).
Jinlar yeydilar va ichadilar.
Omirdan rivoyat qilinadi: «Alqamadan: «Ibn Mas’ud ham «jin kechasi» Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lganmi?» deb so‘radim. Alqama dedi: «Men Ibn Mas’uddan «Jin kechasi sizlardan biror kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lganmi?» deb so‘raganman. U shunday degan: «Yo‘q. Lekin biz bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga edik. U zotni yo‘qotib qo‘ydik. U zotni vodiylar-u daralardan qidirib, «Yo u zot uchirib olib ketilganlar, yo u zotga suiqasd qilingan», dedik. O‘sha kecha biz uchun eng yomon kecha bo‘ldi. Tong otganda u zot Hiro tomondan kelib qoldilar. «Ey Allohning Rasuli, sizni yo‘qotib qo‘yib, qidirib topa olmadik, bu kecha biz uchun eng yomon kecha bo‘ldi», dedik. Shunda u zot: «Huzurimga jinlarning chorlovchisi keldi. U bilan birga borib, ularga Qur’on o‘qib berdim», dedilar. U zot bizni olib borib, ularning izlarini, olovlarining qoldiqlarini bizga ko‘rsatdilar. Ular u zotdan yemish haqida so‘rashgan ekan, u zot: «Allohning ismi zikr qilingan, qo‘llaringizga tushgan go‘shtli suyak sizlar uchun (yemish)dir. Har qanday tezak esa hayvonlaringiz uchun yemdir», debdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shu ikkisi bilan istinjo qilmanglar, chunki bular birodarlaringizning yemagidir», dedilar» (Sahihi Muslim, 450).
Boshqa rivoyatda:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga tahorat suvlari va ehtiyojlari uchun bir teri obdasta ko‘tarib yurar edim. Men uni ko‘tarib olib, u zotning orqalaridan borayotgan edim, «Bu kim?» dedilar. «Men Abu Hurayraman», dedim. U zot: «Tozalanishimga tosh topib kel, ammo suyak yoki tezak olib kelib yurma», dedilar. Men etagimda bir nechta toshni ko‘tarib, u zotning yonlariga olib borib qo‘yib, keyin ortga qaytdim. U zot forig‘ bo‘lgach, (birga) yurib ketar ekanman: «Suyak va tezak bo‘lsa nima bo‘ladi?» dedim. U zot: «Bu ikkisi jinlarning yeguliklaridandir. Mening huzurimga Nasibin* jinlarining delegatsiyasi* keldi. Qanday yaxshi jinlar ekan! Ular mendan ozuqa so‘rashdi. Shunda men ular biror suyak yoki tezakning yonidan o‘tishsa, unda yegulik topishlarini so‘rab, haqlariga Allohga duo qildim», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 3860).
(*Nasibin – qadimiy shaharlardan. Hozirda Turkiyaning Suriyaga chegaradosh Mardin viloyatiga qaraydi.
*Vafd – podsho, amir kabilarning huzuriga kelgan maxsus mehmonlar jamoasi, delegatsiya).
Shunday qilib, Allohning ismi zikr qilingan har bir suyak mo‘min jinlar uchundir. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularga Allohning ismi zikr qilinmagan narsani halol qilmagan edilar. Allohning ismi zikr qilinmagan narsalar esa kofir jinlar uchundir.
Yuqorida zikr qilingan Ibn Mas’udning hadisida jinlar Rasulullohdan taom so‘raganlarida: «… Har qanday tezak esa hayvonlaringiz uchun yemdir», deb aytganlar.
Jinlar biz yashaydigan yerda yashaydi va ular ko‘pincha xarobalar, hojatxonalar, axlatxonalar va qabristonlar kabi nopok joylarda uchraydi. Shuning uchun nabaviy ko‘rsatmalarda bunday joylarga kirishda tegishli choralarni ko‘rish – shar’iy zikrlarni aytish buyurilgan.
Shunday hadislardan biri:
Anas roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam xaloga kirganlarida: «Allohumma inni a’uzu bika minal-xubusi val-xobaisi», der edilar». (Duoning tarjimasi: «Allohim, erkak va urg‘ochi nopok jinlardan panoh berishingni Sendan so‘rayman») (Sahihi Buxoriy, 142 va Sahihi Muslim, 375).
Xattobiy aytadi: «Arab tilida «xubus» so‘zi – xabis so‘zining ko‘pligi sanaladi. «Xobais» esa xabisa so‘zining ko‘pligi bo‘lib, bu ikki kalima erkak va ayol shaytonlarga nisbatan ishlatiladi.
Jinlardan iymon keltirganlari ham, kofir bo‘lganlari ham bor. Alloh taolo jinlar haqida shunday deydi:
«Albatta, bizlarning oramizda musulmonlar ham bordir va (shuningdek), oramizda (yo‘ldan) ozganlar ham bordir. Bas, kimki musulmon bo‘lsa, demak ana o‘shalar To‘g‘ri Yo‘lni maqsad qilib olibdilar. Endi (yo‘ldan) ozganlarga kelsak, bas, ular jahannam uchun o‘tin bo‘lgan kimsalardir» (Jin: 14-15).
Hatto musulmon jinlar ham solihlik va itoatkorlik darajalarida bir-biridan farq qiladilar. Alloh taolo shu suraning o‘zida aytadi:
«Albatta bizlarning oramizda yaxshilar ham bordir va (shuningdek), oramizda undoq emaslar (ya’ni, yomonlar) ham bordir. Bizlar (Qur’onni eshitishdan ilgari) bo‘lak-bo‘lak yo‘llarda edik» (Jin: 11).
Bu ummatdagi dastlabki jinlar Islomni qabul qilishi qissasi quyidagi hadisda kelgan:
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir guruh sahobalari bilan Ukoz bozoriga borish uchun yo‘lga chiqdilar. O‘sha paytda shaytonlar bilan osmon xabari orasi to‘silib, ularga uchqun otilayotgan edi. Shaytonlar o‘z qavmlarining oldiga qaytib kelishganda, (qavmlari:) «Sizlarga nima bo‘ldi?» deyishdi. Ular: «Biz bilan osmon xabari orasi to‘silib, bizlarga uchqun otildi», deyishdi. Ular: «Sizlar bilan osmon xabari orasini faqat yangi ro‘y bergan hodisa to‘sishi mumkin. Endi Yerning mashrig‘i-yu mag‘ribini kezib, sizlar bilan osmon xabari orasini to‘sgan narsa nima ekanini qarab ko‘ringlar», deyishdi. Tihoma* tomonga yo‘lga chiqqan(jin)lar Nabiy sollallohu alayhi vasallamni uchratib qolishdi, u zot o‘z as’hoblari bilan Ukoz bozoriga ketayotib, Naxlada** ular bilan bomdod namozini o‘qiyotgan edilar. Qur’onni eshitganda unga quloq tutishdi va: «Allohga qasamki, sizlar bilan osmon xabari orasini to‘sgan mana shudir», deyishdi. O‘sha yoqdan qavmlariga qaytib borib:
«Ey qavmimiz, biz ajoyib Qur’onni eshitdik. U to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. Bas, biz unga iymon keltirdik va Robbimizga hech kimni sherik qilmasmiz», deyishdi. Shunda Alloh O‘z Nabiyi sollallohu alayhi vasallamga: «Ayt, menga vahiy qilindiki…»*** oyatini nozil qildi. U zotga jinlarning aynan o‘sha so‘zlari vahiy qilingan edi» (Sahihi Buxoriy, 773).
* Tihoma – Arabiston yarimorolining Qizil dengizga tutash joylari shunday nomlanadi. Tihoma dengiz sohili bo‘ylab Yanbu’dan Najrongacha cho‘zilgan tekisliklardan iborat.
** Naxla – Makka bilan Toif o‘rtasidagi joy nomi.
*** Oyatning to‘liq shakli quyidagicha: «Ayt: «Menga vahiy qilindiki, albatta, jinlardan bir necha nafari quloq osdilar va dedilar: «Biz ajoyib Qur’onni eshitdik» (Jin: 1)
Jinlar qiyomat kuni hisob-kitob qilinadilar. Mujohid rahimahulloh Alloh taoloning:
«Holbuki, jinlar esa, (mushriklarning Alloh azobiga) hozir qilinguvchi ekanliklarini aniq bildilar» (Soffat: 158) so‘zi haqida: «Ular hisob-kitob uchun hozir qilinadilar», dedi (Sahih Buxoriy: jinlar, ularning mukofoti va jazosi haqidagi bob).
Jinlar bizni ko‘ra olsa-da, biz ularni ko‘ra olmaganimiz uchun Payg‘ambarimiz ﷺ bizga ularning zararidan saqlanish yo‘llarini o‘rgatganlar. Masalan, «A’uzu billahi minash shaytonir rojiym», quvilgan shaytondan Alloh panoh berishini so‘rayman, deyish, «Falaq» va «Nos» suralarini o‘qish.
Yoki Alloh taolo aytganidek:
«Va ayting: «Parvardigorim, men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so‘rayman. Yana men Sendan (yo) Parvardigorim, ular mening huzurimga kelishlaridan panoh berishingni so‘rayman» (Mo‘minun: 97-98), deb ushbu oyatlardagi kabi panoh so‘rash.
Shuningdek, uyga kirishdan oldin, ovqatlanish va ichishdan oldin, er-xotinlik munosabatlaridan oldin «Bismillah» (Allohning nomi bilan) deyish ham shaytonning uyda qolishidan, taom va ichimlikka sherik bo‘lishidan, er-xotinlik munosabatlariga aralashishidan to‘sadi.
Xuddi shunday, hojatxonaga kirishdan va yechinishdan oldin Allohning ismini zikr qilish jinlarning inson avratini ko‘rishidan va unga zarar yetkazishidan saqlaydi.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Jinlarning ko‘zi bilan Odam farzandlarining avrati o‘rtasidagi to‘siq insonning hojatxonaga kirayotganda «Bismillah» deyishidir» (Termiziy, 606; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 3611).
Agar insonning iymoni va dini mustahkam bo‘lsa, bu uni jinlar ozoridan himoya qiladi. Hatto ular jangda to‘qnashganda ham, mo‘min kishi g‘olib kelishi mumkin.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Muhammad ﷺ sahobalaridan biri jinga yo‘liqdi-da, jin bilan kurashib, uni yengib qo‘ydi. U kishi jinga: «Men seni zaif, ozg‘in ko‘ryapman, qo‘llaring ham xuddi itning qo‘llariga o‘xshaydi. Siz jinlarning barchangiz shunaqamisiz yoki faqat sen shundaymisan?», dedi. Jin: «Yo‘q, Allohga qasamki, men ular orasida kuchlirog‘iman. Lekin men bilan yana bir bor kurash. Agar meni yengsang, senga foydali bir narsa o‘rgataman», dedi. U: «Mayli», dedi. Jin: «Sen «Allohu la ilaha illa huval hayyul qayyum…» (Oyat al-Kursiyni) o‘qiysanmi?», deb so‘radi. U: «Ha», dedi. Jin: «Agar uni biror uyda o‘qisang, shayton u yerdan eshak hangrashiga o‘xshash ovoz chiqarib qochadi va tong otguncha u uyga qaytib kelmaydi», dedi» (Dorimiy, 3247; Hadisning roviylari ishonchli, lekin Omir ash-Sha’biy haqida Hokim, Doraqutniy va Abu Hotim: «Ibn Mas’uddan eshitmagan», deganlar).
Bu jinlar va ularning yaratilishi va tabiati haqida qisqacha ma’lumot edi. Alloh eng yaxshi himoyachi va U rahmlilarning rahmlisidir.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun Sulaymon Ashqarning «Jinlar va shaytonlar olami» kitobiga murojaat qilishingiz mumkin.
Alloh bilguvchiroqdir.
*
**
*** the end***
**
*
Bu javob foydali bo’ldimi?