Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Namoz bobi » Namoz ahkomlari » Sajdaga borishda oldin qo‘llar tushadimi yoki tizzalarmi?
Fatvo: 2108

O'qildi: 203

23.11.2025

/ 2 Jumadal-oxira 1447

Fatvo mavzusi:

Sajdaga borishda oldin qo‘llar tushadimi yoki tizzalarmi?

Savol

Namozdagi sajda bilan bog‘liq masalada ikki xil fikr haqida o‘qidim. Birinchi fikr, sajdaga ketayotganda tizzalarni qo‘llardan oldin qo‘yish afzalroq deb aytiladi. Lekin «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning namoz o‘qish sifati» kitobida inson sajdada qo‘llarini tizzalaridan oldin qo‘yishi ma’qulroq deyilgan va bu haqda dalil keltirilgan hadis zikr qilingan. Unda tizzalarni qo‘llardan oldin qo‘yish tuyaning harakatiga o‘xshashligi va bu harakat to‘g‘ri emasligi aytilgan. Bu masalada to‘g‘ri yo‘l qanday?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Ulamolar sajdaga borishda qo‘lni avval qo‘yish yoki tizzani avval qo‘yish masalasida turli fikrlarga ega bo‘lganlar. Abu Hanifa, Shofe’iy va Ahmaddan kelgan bir rivoyatga ko‘ra, namoz o‘qiyotgan kishi avval tizzalarini, keyin qo‘llarini yerga qo‘yishi lozim. Imom Termiziy bu ko‘pchilik ulamolarning fikri ekanligini ta’kidlagan: «Ko‘pchilik ahli ilmning amali shunday: ularning fikricha, namozxon sajda qilganda avval tizzalarini, so‘ng qo‘llarini yerga qo‘yishi, qiyomga turganda esa avval qo‘llarini, keyin tizzalarini ko‘tarishi kerak» («Sunani Termiziy», 2/57).

Bu fikrni quvvatlagan olimlar o‘z dalillari sifatida quyidagi hadisni keltirganlar:

عَنْ وَائِلِ بْنِ حُجْرٍ، قَالَ: «رَأَيْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا سَجَدَ وَضَعَ رُكْبَتَيْهِ قَبْلَ يَدَيْهِ، وَإِذَا نَهَضَ رَفَعَ يَدَيْهِ قَبْلَ رُكْبَتَيْهِ».

Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam sajda qilishda qo‘llaridan oldin tizzalarini qo‘yganlarini, turganlarida esa tizzalaridan oldin qo‘llarini ko‘targanlarini ko‘rganman» (Abu Dovud, 838; Hadis hukmi: «zaif». Manba: «Irvo’ul g‘olil», 357).

Bu hadisni Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja va Doraqutniy rivoyat qilgan va u: «Bu hadisni faqat Yazid ibn Horun Sharikdan rivoyat qilgan va Sharikdan boshqa hech kim uni Osim ibn Kulaybdan rivoyat qilmagan. Sharik ishonchli roviy emas», degan. Bayhaqiy «Sunan»da (2/101): «Bu hadisning sanadi zaif», degan. Alboniy ham «Mishkot» (898) va «Irvo’ul G‘olil, 357»da bu hadisni zaif sanagan. Boshqa ayrim olimlar, jumladan Ibn Qayyim «Zodul Maod» kitobida bu hadisni sahih deb aytgan.

Imom Molik, Avzoiy va ahlihadislar ham qo‘llarni tizzalardan oldin qo‘yish mashru’ deb hisoblaganlar va ular quyidagi hadisni dalil sifatida keltirganlar.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِذَا سَجَدَ أَحَدُكُمْ فَلَا يَبْرُكْ كَمَا يَبْرُكُ الْبَعِيرُ، وَلْيَضَعْ يَدَيْهِ قَبْلَ رُكْبَتَيْهِ».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Biringiz sajda qilishda tuya cho‘kkanidek cho‘kmasin, ikki qo‘lini ikki tizzasidan oldin qo‘ysin», dedilar» (Abu Dovud, 840; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 595).

Sajdaga borishda tizzalarni qo‘llardan oldin qo‘yishni afzal deb bilganlar orasida shayxulislom Ibn Taymiya, uning shogirdi Ibn Qayyim, zamonaviy ulamolardan esa shayx Abdulaziz ibn Boz va shayx Muhammad ibn Solih al-Usaymin kabi olimlar bor. Bu olimlarning barchalari yuqorida zikr etilgan Abu Hurayra roziyallohu anhudan kelgan sahih hadisni asos qilishgan.

Bu hadisni Ahmad (2/381), Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilgan. Navaviy o‘zining «Al-Majmu’» (3/421) asarida: «Bu hadisni Abu Dovud va Nasoiy yaxshi isnod bilan rivoyat qilganlar», deb aytgan. Shayx Alboniy «Irvoul g‘alil» (2/78) kitobida bu hadisni sahih deb topgan va shunday degan: «Bu sahih isnoddir, barcha roviylar Muslim sahihining ishonchli roviylaridir, faqat Muhammad ibn Abdulloh ibn al-Hasan (an-Nafs az-Zakiya al-Alaviy nomi bilan tanilgan roviy) bundan mustasno (ya’ni u Imom Muslim sahihidagi roviy emas), biroq u ham ishonchlidir».

Shayxulislom rahimahulloh ham bu masalaga oid e’tiborga molik mulohazalar bildirgan: «Ulamolar ijmo‘si bilan ikki usulda ham namoz o‘qish joizdir. Namozxon xohlasa tizzalarini qo‘llaridan oldin, yoki xohlasa qo‘llarini tizzalaridan oldin yerga qo‘yishi mumkin. Ulamolar ijmo‘siga ko‘ra, har ikki holatda ham namoz durus sanaladi, biroq qaysi usul afzalroq ekanligi borasida ular o‘rtasida bahs-munozara bo‘lgan» («Majmu’ul fatovo», 22/449).

Tolibi ilm o‘zi uchun rojih bo‘lgan usulni amalda qo‘llaydi, omma xalq esa ilmiga ishongan kishilarning fatvosiga ergashadilar.

Vallohu a’lam.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Joynamoz yig‘ishtirilmasa jinlar namoz oʻqib qoʻyadimi?

    Bizda namoz o‘qib bo‘lgach, joynamozni yig‘ishtirib qo‘yish odat tusiga kirgan. Aytishlaricha, agar joynamoz yig‘ishtirib olinmasa, jinlar kelib, uning ustida namoz o‘qir yoki uyga jinlar kirib olar emish! Bu gap menga juda g‘alati tuyuldi, axir ular chindan ham bunda ibodat qilishsa, bu katta baxt-ku, shunday emasmi? Shar’iy manbalarda bu gapning biror asosi bormi yoki bu bid’at tushunchami?
  • Farz namozini bir kunda ikki marta o‘qish hukmi

    Farz namozini ikki marta o‘qishning hukmi nima? Ikkinchi namoz birinchisini botil qiladimi? Agar farz namozini o‘qiyotganingizda namozning vaqti chiqib ketsa, buning hukmi nima?
  • A’uzu va basmala iftitoh duosining bir qismimi?

    Namozdagi a’uzu va basmala (A’uzu billahi minash shaytonir rojiym, so‘ngra «bismillah» deyish) iftitoh duosi boshlanishining bir qismimi? Agar bir kishi imom ortida namoz o‘qisa, u a’uzu va basmalani past ovozda aytishi kerakmi? Namozxon bularni har rakaatda aytishi kerakmi?
  • Bosh kiyimsiz namoz oʻqish

    Namoz paytida shapka yoki bosh kiyim kiyish sunnatdanmi?
  • Namozda rukudan qaytganda qo‘l bogʻlanadimi?

    Rukudan turgandan keyin qo‘llarni bog’lash yoki bogʻlamaslik masalasida batafsil javob bersangiz. Bu masalada ikki xil fikr eshitdim, ularning qaysi biri to‘g‘riroq?
  • Bomdod namozining kirish vaqti

    Britaniyaning Nyukasl viloyatida xufton va bomdod namozlarining kirish vaqti bilan bogʻliq muammo kuzatiladi. Bu yerda musulmonlar bomdod va xufton namozi vaqti, shuningdek Ramazonda saharlik vaqti boshlanishini aniqlashda katta qiyinchilikka duch kelmoqdalar. Chunki, quyosh chiqishidan oldin atrof yorishib ketadi va quyosh botganidan keyin ham, ba’zan tun bo‘yi bu hol davom etadi. Bu yerdagi falakshunoslar (astronomlar) yorug‘lik paydo bo‘lishidan quyosh chiqishigacha bo‘lgan vaqtni hamda quyosh botishidan yorug‘lik yo‘qolishigacha bo‘lgan vaqtni uch qismga ajratishgan:Birinchi qism: kishi bemalol ishlashi mumkin bo’lgan yorug‘lik;Ikkinchi qism: yorug‘lik shu qadar past boʻlib, biron ish bajararishning imkoni yoʻq;Uchinchi qism: to‘liq qorong‘ilik.Savolim shuki, ushbu astronomik taqsimot asosida bomdod va xufton namozi hamda saharlik vaqtining boshlanishini qanday aniqlash mumkin?