O'qildi: 49
18.11.2025
/ 27 Jumadal-ula 1447
Fatvo mavzusi: Daʼvatchining xislatlari
Savol
Allohga da’vat qilish har bir musulmon erkak va ayolga vojibmi yoki faqat ulamolar va ilm toliblariga cheklanganmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Agar inson nimaga da’vat qilayotganini aniq bilsa, u katta olim bo‘ladimi, jiddiy ilm tolibi bo‘ladimi yoki oddiy kishi bo‘lib, masalani to‘g‘ri bilsa ham farqi yo‘q, u da’vat qilishi mumkin.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mendan bir oyatni bo‘lsa ham yetkazinglar. Banu Isroil haqida esa so‘zlayveringlar, tanglik yo‘q. Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 3461).
Da’vatchining ilmda katta darajaga yetishi shart emas, lekin nimaga da’vat qilayotganini bilishi shart. Ammo johillik bilan turib, o‘z hissiyotlariga asoslanib da’vat qilsa, bu joiz emas.
Shu sababli, Allohga da’vat qiladigan, ammo ilmlari oz bo‘lgan birodarlarda, hissiyotlarining kuchliligi tufayli Alloh harom qilmagan narsani harom qilishlarini va Alloh O‘z bandalariga vojib qilmagan narsani vojib qilishlarini ko‘ramiz. Bu juda xatarli ishdir, chunki Alloh halol qilgan narsani harom qilish Alloh harom qilgan narsani halol qilish kabidir. Ular, masalan, boshqalarning bu narsani halol sanashini inkor qilsalar, boshqalar ham ularning buni harom sanashini inkor qiladi. Holbuki, Alloh bu ikki ishni teng qoralagan.:
«Alloh sha’niga yolg‘on to‘qish uchun (ya’ni, Alloh buyurmagan hukmlarni Allohniki deyish uchun) tillaringizga kelgan yolgonni gapirib: «Bu halol, bu harom», deyavermanglar! Chunki Alloh sha’niga yolg‘on to‘qiydigan kimsalar hech najot topmaslar. (Unday kimsalar uchun bu hayoti dunyoda) ozgina foyda bo‘lur. (Oxiratda esa) ular uchun alamli azob bordir» (Nahl: 116-117).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?