Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Namoz bobi » Namoz ahkomlari » Qiblaning Baytul Maqdisdan Ka’baga o‘zgartirilish sababi
Fatvo: 1953

O'qildi: 147

11.11.2025

/ 20 Jumadal-ula 1447

Fatvo mavzusi:

Qiblaning Baytul Maqdisdan Ka’baga o‘zgartirilish sababi

Savol

Musulmonlar nima uchun avval Baytul Maqdisga qarab namoz o‘qiganlarini va nima uchun qibla Ka’baga o‘zgartirilganini bilmoqchiman? Alloh sizga yaxshilik ato etsin.

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilganlarida, Baytul Maqdisga yuzlanib namoz o‘qirdilar va bu holat o‘n olti yoki o‘n yetti oy davom etdi.

عَنِ الْبَرَاءِ ﵁: «أَنَّ رَسُولَ اللهِ ﷺ صَلَّى إِلَى بَيْتِ الْمَقْدِسِ سِتَّةَ عَشَرَ شَهْرًا، أَوْ سَبْعَةَ عَشَرَ شَهْرًا، وَكَانَ يُعْجِبُهُ أَنْ تَكُونَ قِبْلَتُهُ قِبَلَ الْبَيْتِ، وَإَِنَّهُ صَلَّى، أَوْ صَلَّاهَا، صَلَاةَ الْعَصْرِ وَصَلَّى مَعَهُ قَوْمٌ، فَخَرَجَ رَجُلٌ مِمَّنْ كَانَ صَلَّى مَعَهُ فَمَرَّ عَلَى أَهْلِ الْمَسْجِدِ وَهُمْ رَاكِعُونَ، قَالَ: أَشْهَدُ بِاللهِ، لَقَدْ صَلَّيْتُ مَعَ النَّبِيِّ ﷺ قِبَلَ مَكَّةَ، فَدَارُوا كَمَا هُمْ قِبَلَ الْبَيْتِ، وَكَانَ الَّذِي مَاتَ عَلَى الْقِبْلَةِ قَبْلَ أَنْ تُحَوَّلَ قِبَلَ الْبَيْتِ رِجَالٌ قُتِلُوا، لَمْ نَدْرِ مَا نَقُولُ فِيهِمْ، فَأَنْزَلَ اللهُ: ﴿وَمَا كَانَ اللهُ لِيُضِيعَ إِيمَانَكُمْ إِنَّ اللهَ بِالنَّاسِ لَرَؤُوفٌ رَحِيمٌ﴾».

Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Baytul-Maqdisga qarab o‘n olti oy yoki o‘n yetti oy namoz o‘qidilar. U zot qiblalari Bayt tarafda bo‘lishini istar edilar. (Bir kuni) u zot asr namozini o‘qidilar [yoki uni o‘qidilar]. Qavm ham u zot bilan birga namoz o‘qidi. Birga namoz o‘qiganlardan bir kishi chiqib, (boshqa bir) masjid ahlining yonidan o‘tdi. Ular ruku’da edilar. Shunda u: «Alloh ila guvohlik beramanki, men Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga Makka tarafga qarab namoz o‘qidim!» dedi. Ular o‘sha hollarida Bayt tomon burilishdi. Qibla Bayt tomonga o‘zgarishidan oldin bir qancha kishilar vafot etgan va qatl qilingan edilar, ular haqida nima deyishni bilmay qoldik. Shunda Alloh: «Alloh iymoningizni zoye qilmaydi. Albatta, Alloh odamlarga o‘ta shafqatli va rahmlidir»(oyati)ni nozil qildi» (Baqara: 143)» (Sahihi Buxoriy, 4486).

So‘ngra Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Ka’ba (Baytul Haram)ga yuzlanishni buyurdi.

﴿فَوَلِّ وَجْهَكَ شَطْرَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ ۚ وَحَيْثُ مَا كُنْتُمْ فَوَلُّوا وُجُوهَكُمْ شَطْرَهُ﴾

«Yuzingizni Masjidul-Harom (Makka) tomonga buring! (Ey mo‘minlar, sizlar ham) qayerda bo‘lsangizlar, yuzlaringizni uning tarafiga buringiz» (Baqara: 144).


Qiblaning o‘zgarish hikmati

Buning hikmatini tushuntirishdan oldin, avvalo quyidagilarni esda tutish lozim:

Birinchidan, Musulmonlarga Allohdan amr kelsa, uning hikmati ochiq bo‘lmasa ham, uni qabul qilish va unga taslim bo‘lish vojibdir. Alloh taolo aytadi:

﴿وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ وَلَا مُؤْمِنَةٍ إِذَا قَضَى اللَّهُ وَرَسُولُهُ أَمْرًا أَنْ يَكُونَ لَهُمُ الْخِيَرَةُ مِنْ أَمْرِهِمْ﴾

«Alloh va Uning payg‘ambari bir ishni hukm qilgan — buyurgan vaqtida biron mo‘min va mo‘mina uchun (Allohni hukmini qo‘yib) o‘z ishlaridan ixtiyor qilish joiz emasdir» (Ahzob: 36).

Ikkinchidan, Alloh subhanahu va taolo faqat buyuk hikmat ila hukm chiqaradi, garchi biz buni tushunmasak ham. Alloh taolo shunday deydi:

﴿ذَٰلِكُمْ حُكْمُ اللَّهِ ۖ يَحْكُمُ بَيْنَكُمْ ۚ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ﴾

«Bu Allohning hukmidir. U sizlarning o‘rtangizda hukm qilur. Alloh bilguvchi va hikmat Sohibidir» (Mumtahana: 10).

Uchinchidan, Alloh subhanahu va taolo biror hukmni faqat undan yaxshiroq yoki unga o‘xshash hukm bilan nasx qiladi (almashtiradi). Alloh taboraka va taolo aytganidek:

﴿مَا نَنْسَخْ مِنْ آيَةٍ أَوْ نُنْسِهَا نَأْتِ بِخَيْرٍ مِنْهَا أَوْ مِثْلِهَا ۗ أَلَمْ تَعْلَمْ أَنَّ اللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ۝١٠٦﴾

«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), biron oyatni bekor qilsak yoki yodingizdan chiqarsak, undan yaxshirog‘ini yoki o‘shaning mislini keltiramiz. Alloh har narsaga qodir zot ekanini bilmadingizmi?» (Baqara: 106).

Endi bu masalalar oydinlashtirilgach, qiblaning o‘zgartirilishi borasidagi quyidagi hikmatlarni bayon qilamiz:

  1. Sodiq mo‘minni imtihon qilish va sinash. Sodiq mo‘min Alloh azza va jallaning hukmini qabul qiladi, boshqasi esa bunday emas. Alloh buni shunday ta’kidlagan:
﴿وَمَا جَعَلْنَا الْقِبْلَةَ الَّتِي كُنْتَ عَلَيْهَا إِلَّا لِنَعْلَمَ مَنْ يَتَّبِعُ الرَّسُولَ مِمَّنْ يَنْقَلِبُ عَلَىٰ عَقِبَيْهِ ۚ وَإِنْ كَانَتْ لَكَبِيرَةً إِلَّا عَلَى الَّذِينَ هَدَى اللَّهُ﴾

«Siz ilgari qaragan qiblani Biz faqatgina kim payg‘ambarga ergashib, kim orqasiga qaytib ketishini bilish uchun qilganmiz, xolos. Shubhasiz, bu og‘ir ish. Magar Alloh hidoyat qilgan zotlargagina (og‘ir emasdir)» (Baqara: 143).

  1. Makka harami Masjidul aqsodan afzaldir. Bu ummat esa eng yaxshi ummatdir. Shu bois, Alloh taolo eng yaxshi ummatga eng Afzal qiblani tanladi. Alloh taolo aytganidek:
﴿كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ﴾

«(Ey ummati Muhammad), sizlar odamlar uchun chiqarilgan ummatlarning eng yaxshisi bo‘ldingiz» (Oli Imron: 110).

Alloh taolo qibla oyatlarining orasida:

﴿وَكَذَٰلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا﴾

«Shuningdek, sizlarni o‘rta (adolatli, tanlangan) bir ummat qildik» (Baqara: 143) degan. «Vasat» so‘zi adolatli yoki tanlangan degan ma’noni anglatadi. Boshqacha aytganda, qiblaning o‘zgartirilishidagi ikkinchi hikmat shuki, Alloh taolo bu ummat uchun har bir narsaning eng yaxshisini, har qanday hukm va amalning eng afzalini, shu jumladan qiblani ham eng afzalini tanlagan. U Zot bu ummat uchun Ibrohim alayhissalomning qiblasini tanladi.

عَنْ عَائِشَةَ، قَالَتْ … «إِنَّهُمْ لَا يَحْسُدُونَا عَلَى شَيْءٍ كَمَا يَحْسُدُونَا عَلَى يَوْمِ الْجُمُعَةِ الَّتِي هَدَانَا اللهُ لَهَا وَضَلُّوا عَنْهَا، وَعَلَى الْقِبْلَةِ الَّتِي هَدَانَا اللهُ لَهَا وَضَلُّوا عَنْهَا، وَعَلَى قَوْلِنَا خَلْفَ الْإِمَامِ: آمِينَ»

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam ahli kitoblar haqida shunday deganlar: «Ular bizga hech narsaga Alloh bizni hidoyat qilib, ularni adashtirgan juma kuniga, Alloh bizni hidoyat qilib, ularni adashtirgan qiblaga va imom ortidan aytadigan «omin» deyishimizga hasad qilganchalik hasad qilmaydilar»(Musnadi Ahmad, 25029; Hadis hukmi: «sahih lig‘oyrihi». Manba: «Sahihi targ‘ib», 515).

Mavzu haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun Ibn Qayyim rahumahullohning «Badoi’ul favoid» (4/157-174) kitobiga murojaat qiling.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Joynamoz yig‘ishtirilmasa jinlar namoz oʻqib qoʻyadimi?

    Bizda namoz o‘qib bo‘lgach, joynamozni yig‘ishtirib qo‘yish odat tusiga kirgan. Aytishlaricha, agar joynamoz yig‘ishtirib olinmasa, jinlar kelib, uning ustida namoz o‘qir yoki uyga jinlar kirib olar emish! Bu gap menga juda g‘alati tuyuldi, axir ular chindan ham bunda ibodat qilishsa, bu katta baxt-ku, shunday emasmi? Shar’iy manbalarda bu gapning biror asosi bormi yoki bu bid’at tushunchami?
  • Farz namozini bir kunda ikki marta o‘qish hukmi

    Farz namozini ikki marta o‘qishning hukmi nima? Ikkinchi namoz birinchisini botil qiladimi? Agar farz namozini o‘qiyotganingizda namozning vaqti chiqib ketsa, buning hukmi nima?
  • A’uzu va basmala iftitoh duosining bir qismimi?

    Namozdagi a’uzu va basmala (A’uzu billahi minash shaytonir rojiym, so‘ngra «bismillah» deyish) iftitoh duosi boshlanishining bir qismimi? Agar bir kishi imom ortida namoz o‘qisa, u a’uzu va basmalani past ovozda aytishi kerakmi? Namozxon bularni har rakaatda aytishi kerakmi?
  • Bosh kiyimsiz namoz oʻqish

    Namoz paytida shapka yoki bosh kiyim kiyish sunnatdanmi?
  • Namozda rukudan qaytganda qo‘l bogʻlanadimi?

    Rukudan turgandan keyin qo‘llarni bog’lash yoki bogʻlamaslik masalasida batafsil javob bersangiz. Bu masalada ikki xil fikr eshitdim, ularning qaysi biri to‘g‘riroq?
  • Bomdod namozining kirish vaqti

    Britaniyaning Nyukasl viloyatida xufton va bomdod namozlarining kirish vaqti bilan bogʻliq muammo kuzatiladi. Bu yerda musulmonlar bomdod va xufton namozi vaqti, shuningdek Ramazonda saharlik vaqti boshlanishini aniqlashda katta qiyinchilikka duch kelmoqdalar. Chunki, quyosh chiqishidan oldin atrof yorishib ketadi va quyosh botganidan keyin ham, ba’zan tun bo‘yi bu hol davom etadi. Bu yerdagi falakshunoslar (astronomlar) yorug‘lik paydo bo‘lishidan quyosh chiqishigacha bo‘lgan vaqtni hamda quyosh botishidan yorug‘lik yo‘qolishigacha bo‘lgan vaqtni uch qismga ajratishgan:Birinchi qism: kishi bemalol ishlashi mumkin bo’lgan yorug‘lik;Ikkinchi qism: yorug‘lik shu qadar past boʻlib, biron ish bajararishning imkoni yoʻq;Uchinchi qism: to‘liq qorong‘ilik.Savolim shuki, ushbu astronomik taqsimot asosida bomdod va xufton namozi hamda saharlik vaqtining boshlanishini qanday aniqlash mumkin?