O'qildi: 38
06.03.2026
/ 17 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Roʻzani buzadigan narsalar
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Mo‘min tahoratini mukammal shaklda olishga buyurilgan. Hadisi sharifda keladi:
Osim ibn Laqiy al-Omiriy otasi (Laqiyt ibn Sabira roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Men: «Ey Allohning Rasuli! Menga tahorat haqida xabar bering (o‘rgating)», dedim. U zot ﷺ: «Tahoratni mukammal qil (a’zolarga suvni to‘liq yetkaz), barmoqlar orasiga xilol qil (suv yetkaz) va burunga suv tortishda mubolag‘a qil (chuqurroq tort), faqat ro‘zador bo‘lsang, bunday qilma», dedilar» (Abu Dovud, 142; Termiziy, 788; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Termiziy», 788).
Tahoratni mukammal qil: ya’ni, uni maromiga yetkaz deganidir.
U zot sollallohu alayhi va sallam ro‘za holatida og‘iz va burunni chayishda mubolag‘a qilishdan saqlanish borasida ogohlantirdilar, toki bu man qilingan narsaga, ya’ni ro‘za holatida ichga suv kirib ketishiga olib kelmasin. Ro‘za holatida shunchaki og‘iz chayishga kelsak, agar ro‘zadorning ichiga suv kirmasa, buning zarari yo‘q.
Shuning uchun sahih hadisda keladiki:
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattob aytadi: «Ehtirosga berilib ketib, ro‘zador holimda (ayolimni) o‘pdim. Keyin: «Ey Allohning Rasuli, men bugun katta gunoh qilib qo‘ydim, ro‘zador bo‘la turib, (ayolimni) o‘pdim», degan edim, u zot: «Ro‘zador holingda og‘zingni chaysang nima bo‘lardi?» dedilar» – (roviy) Iyso ibn Hammod o‘z rivoyatida aytadi: «(Umar aytadi) «Zarari yo‘q», dedim. – U zot: «Bo‘ldi bo‘lmasa (buning ham zarari yo‘q)» dedilar» (Abu Dovud, 2385; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2385).
Hadis shorihi u zot sollallohu alayhi va sallamning: «Ro‘zador holingda og‘zingni chaysang nima bo‘lardi?» degan so‘zlari haqida aytadi: «Bunda nozik bir fiqhga ishora bor, u ham bo‘lsa, og‘iz chayish ro‘zani buzmasligidir, holbuki u ichishning boshlanishidir…».
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?