O'qildi: 107
18.02.2026
/ 1 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Roʻza masalalari
Savol
Quyosh botgandan keyin iftorlik qilganim afzalmi yoki osmondagi yorugʻlik batamom soʻnishini kutganim maʼqulmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Iftorni tezlatish sunnat, yaʼni quyosh botganidan soʻng darhol iftor qilish afzal. Ammo iftorlikni yulduzlar chiqquncha kechiktirish yahudiylarning amali boʻlib, bu borada shiya rofiziylari ham ularga ergashgan. Shunday ekan, roʻzador iftorni juda kech qolguncha qasddan kechiktirishi, yoki azonning oxirigacha kechiktirishi joiz emas. Bularning barchasi Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning yoʻllaridan ogʻishdir.
Batafsil javob:
Sunnat iftorni tezlatishdir
Quyosh botgandan keyin darhol iftor qilish sunnat. Ammo iftorlikni yulduzlar chiqquncha kechiktirish yahudiylarning amali boʻlib, bu borada shiya rofiziylari ham ularga ergashgan. Shunday ekan, roʻzador iftorni juda kech qolguncha qasddan kechiktirishi, yoki azonning oxirigacha kechiktirishi joiz emas. Bularning barchasi Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning yoʻllaridan ogʻishdir.
Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Modomiki iftorga shoshilishar ekan, odamlar yaxshilikda boʻlaveradilar», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1957; Sahihi Muslim, 1098).
Imom Navaviy aytadi: «Hadisda quyosh botishi aniq boʻlganidan keyin iftorni tezlatishga undalmoqda. Buning maʼnosi: ummatning ishi muntazam boʻlib, ular bu sunnatni saqlar ekanlar, yaxshilikda boʻladilar. Agar iftorlikni kechiktirsalar, bu ular tushadigan fasod-buzgʻunchilikning alomati boʻladi» («Sharhi Sahihi Muslim», 7/208).
Ibn Abu Avfo roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga bir safarda edim. U zot kechgacha roʻza tutdilar. Bir kishiga: «Tush, menga tolqon qorib kel», dedilar. U: «Oqshom tushguncha kutib tursangiz boʻlardi», dedi. U zot: «Tush, menga tolqon qorib kel. Qachon tunning manavi yoqdan kirganini koʻrsang, demak, roʻzadorning iftor vaqti boʻlibdi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1958; Sahihi Muslim, 1101).
Abu Atiyyadan rivoyat qilinadi: «Masruq ikkimiz Oishaning oldiga kirdik. «Ey moʻminlarning onasi, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ikki sahobalari bor, biri iftorni ham erta qiladi, namozni ham erta oʻqiydi, boshqasi esa iftorni ham kechiktiradi, namozni ham kechiktiradi», dedik. «Iftorni ham erta qilib, namozni ham erta oʻqiydigani qaysi biri?» dedi. «Abdulloh» – yaʼni Ibn Masʼud – dedik. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilardilar», dedi» (Sahihi Muslim, 1099).
Hofiz Ibn Hajar aytadi: «Eslatma: Hozirgi davrda paydo boʻlgan munkar bidʼatlardan biri – Ramazonda bomdoddan taxminan yigirma daqiqa oldin ikkinchi azonni aytish va roʻza tutmoqchi boʻlganlarga yeyish-ichishni harom qilish alomati oʻlaroq chiroqlarni oʻchirishdir. Bu odatni joriy qilganlarning daʼvolariga koʻra, goʻyo ibodatda ehtiyotkorlik uchun shunday qilishayotgan emish! Buni faqat sanoqli odamlar biladi. Bu holat ularni shunday darajaga olib keldiki, endi ular oʻz daʼvolariga koʻra, vaqtni aniqlash uchun quyosh botganidan soʻng atigi bir daraja oʻtgach azon aytadigan boʻlishdi. Shunday qilib, ular iftorni kechiktirib, saharlikni tezlashtirdilar va sunnatga xilof qildilar. Natijada, ular orasida yaxshilik kamayib, yomonlik ziyoda boʻldi. Allohul mustaʼan!» («Fathul-Boriy», 4/199).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?