O'qildi: 45
17.02.2026
/ 29 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Roʻza masalalari
Savol
Ramazon oyining kirishi munosabati bilan musulmonlarga qanday xabar yoʻllamoqchisiz?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Batafsil javob:
Alloh taolo aytadi:
«Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat boʻlib va hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq oyatlari boʻlib Qurʼon nozil qilingan. Bas, sizlardan kim bu oyda hozir boʻlsa, roʻza tutsin. Va kim xasta yoki musofir boʻlsa, u holda (roʻza tutolmagan kunlarining) sanogʻini boshqa kunlarda (tuzalgach yoki safardan qaytgach) tutadi. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, sizlarga ogʻir boʻlishini istamaydi. Bu sanoqni toʻldirishingiz va hidoyat qilgani sababli Allohni ulugʻlashingiz uchundir. Shoyad shukr qilsangiz» (Baqara: 185).
Bu muborak oy yaxshilik, baraka, ibodat va toat uchun buyuk bir mavsumdir.
Ramazon oyi ulugʻ oy, muborak mavsumdir. Bu oyda yaxshi amallarning savobi koʻpaytiriladi, yomon amallar yanada ogʻirlashadi, jannat eshiklari ochiladi, doʻzax eshiklari yopiladi va gunohkorlarning Allohga qilgan tavbasi qabul etiladi.
Shunday ekan, Alloh sizga inʼom etgan ezgulik va baraka mavsumlariga, sizlarga xos fazilat sabablari va barcha turli-tuman, moʻl-koʻl neʼmatlariga shukr qiling. Sharafli vaqtlar va fazilatli mavsumlarni toat-ibodatlar bilan obod qilish va harom ishlarni tark etish bilan gʻanimat biling. Shunda dunyoda pokiza hayot kechirasiz va oʻlimdan soʻng saodatga erishasiz.
Sodiq moʻmin uchun barcha oylar ibodat mavsumi, butun umr esa toat-ibodat faslidir. Lekin Ramazon oyida uning yaxshilikka boʻlgan gʻayrati ortadi, qalbi ibodatga yanada faollashadi va Rabbisi subhanahu va taologa yuzlanadi. Karamli Rabbimiz Oʻz lutf-u karami bilan roʻzador moʻminlarga marhamat koʻrsatib, ushbu muborak maqomda ularning ajr-u savoblarini koʻpaytirib beradi va solih amallari uchun mukofot va atolarni moʻl-koʻl qiladi.
Bugungi kecha oʻtgan kechaga naqadar oʻxshaydi. Bu kunlar xuddi lahzalardek tez oʻtib ketmoqda. Yaqindagina Ramazonni kutib olgan edik, soʻng u bilan xayrlashdik. Oradan qanchadir vaqt oʻtib, yana Ramazonni kutib olmoqdamiz. Shunday ekan, bu ulugʻ oyda solih amallarga shoshilishimiz, uni Allohni rozi qiladigan va Unga yoʻliqqan kunimizda bizni saodatga erishtiruvchi amallar bilan toʻldirishga haris boʻlishimiz darkor.
Ramazonga tayyorgarlik quyidagi kamchiliklarimiz sababli nafsni hisob-kitob qilish orqali amalga oshadi:
Banda Ramazon oyida iymoni yuksak darajada boʻlishi uchun xulqini tuzatadi. Zero, iymon ziyoda va noqis boʻladi: toat-ibodat bilan ortadi va gunoh-maʼsiyat bilan kamayadi. Banda roʻyobga chiqaradigan birinchi toat – bu Allohning Oʻzigagina bandalikni roʻyobga chiqarish va Allohdan oʻzga haq maʼbud yoʻqligini qalbiga jo aylashidir. Shunda u har qanday ibodatni faqat Allohga yoʻnaltiradi va ibodatlarida U Zotga hech kimsani sherik qilmaydi. Xuddi shunday, har birimiz quyidagi haqiqatga amin boʻlamiz: bizga yetib kelgan narsalar bizni chetlab oʻtolmas edi, bizni chetlab oʻtgan narsalar esa bizga yetib kelolmas edi. Har bir narsa Alloh tomonidan taqdir qilingan, belgilangandir.
Shuningdek, ikki shahodatni roʻyobga chiqarishga zid boʻlgan har qanday amaldan tiyilamiz, bu esa bidʼat (dindagi yangiliklar)dan uzoqlashish orqali amalga oshadi. Yana, “al-valo val-baro”ni roʻyobga chiqarish, yaʼni moʻminlarni doʻst tutib, kofir va munofiqlarga dushmanlik qilamiz, musulmonlarning dushmanlar ustidan gʻalaba qozonishidan xursand boʻlamiz, Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam va u zotning sahobalariga ergashamiz, u zot sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga hamda u zotdan keyingi hidoyatdagi roshid xalifalarning sunnatlariga amal qilamiz, u zotni yaxshi koʻramiz, shuningdek, uning sunnatlaria amal qiladigan va sunnatlarni himoya qiladigan kishini, u qayerda, qanday rangda va qay bir millat vakili boʻlishidan qatʼi nazar, uni yaxshi koʻramiz.
Shundan soʻng nafsimizni toat-ibodatlarni bajarishdagi kamchiliklar uchun, masalan, namozlarni masjidda jamoat bilan oʻqish, Alloh azza va jallani zikr qilish, qoʻshnilar, qarindoshlar va musulmon birodarlarimizlarning haqlarini ado etishda, salomni keng yoyish, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish va haqqa daʼvat qilishdagi kamchiliklar uchun hisob-kitob qilamiz. Shuningdek, bu yoʻlda sabr-toqatli boʻlish: munkarlardan oʻzini tiyishda sabr qilish, ibodatlarni bajarishda bardoshli boʻlish va Alloh taoloning taqdirlariga rozi boʻlib, sabot bilan qabul qilish.
Maʼsiyatlar va shahvatlarga ergashish boʻyicha hisob-kitob qilish, oʻzimizni ularda davom etishdan toʻxtatish orqali amalga oshadi. Bu xoh kichik, xoh katta boʻlsin, har qanday gunohdir. Alloh taolo harom qilgan narsalarga qarash orqali koʻz bilan gunoh sodir etishdan, musiqa tinglashdan, Alloh taolo rozi boʻlmagan narsalarga qadam qoʻyishdan, Alloh rozi boʻlmagan yoʻllar bilan qoʻlimiz orqali boshqalarga zulm oʻtkazishdan, Alloh harom qilgan sudxoʻrlik (ribo), poraxoʻrlikdan yoki shu kabi odamlarning mollarini nohaq yoʻl bilan yeyishga kiruvchi narsalardan oʻzimizni tiymasligimiz, ana oʻsha gunohlar sarasiga kiradi.
Alloh azza va jalla kunduzi yomonlik qilgan odam tavba qilishi uchun kechasi qoʻlini ochishi hamda kechasi yomonlik qilgan odam tavba qilishi uchun kunduzi qoʻlini ochishi yodimizda boʻlmogʻi kerak.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Alloh azza va jalla kunduzi yomonlik qilgan odam tavba qilishi uchun kechasi qoʻlini ochadi. U Zot kechasi yomonlik qilgan odam tavba qilishi uchun kunduzi qoʻlini ochadi, toki quyosh botadigan joyidan chiqquniga qadar (yaʼni, qiyomatgacha) shunday boʻladi» (Sahihi Muslim, 2759).
Allogʻ subhanahu va taolo aytgan:
«Va Parvardigoringiz tomonidan boʻlgʻusi magʻfiratga hamda taqvodorlar uchun tayyorlab qoʻyilgan eni osmonlar va Yer barobarida boʻlgan jannatga shoshilingiz! (U taqvodor zotlar) yaxshi–yomon kunlarda infoq–ehson qiladigan, gʻazablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) afv etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni xush koʻradi. (U taqvodor zotlar) qachon biron-bir noloyiq gunoh ish qilib qoʻysalar yoki (qandaydir gunoh ish qilish bilan) oʻzlariga zulm qilsalar, darhol Allohni eslab, gunohlarini magʻfirat qilishni soʻrarlar, gunohlarini Allohdan oʻzga kim ham magʻfirat qilardi? Shuningdek, ular bilib turib, qilgan gunohlarida bardavom boʻlmaslar. Ularning mukofotlari Parvardigorlari tomonidan magʻfirat va taglaridan daryolar oqib turguvchi jannatlar boʻlib, ular oʻsha joyda abadiy qolajaklar. Yaxshi amal qilguvchilarning ajrlari naqadar yaxshi ajr!» (Oli Imron: 133-136).
Yana U Zot aytadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Mening oʻz jonlariga jinoyat qilgan (turli gunoh-maʼsiyatlar qilish bilan) bandalarimga ayting: «Allohning rahmat-marhamatidan noumid boʻlmangiz! Albatta Alloh (Oʻzi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini magʻfirat qilur. Albatta Uning Oʻzigina magʻfiratli, mehribondir» (Zumar: 53).
Yana boshqa oyatda aytadi:
«Kim biron-bir yomon ish qilsa yoki oʻz joniga jabr qilsa, soʻngra Allohdan magʻfirat soʻrasa, Allohni magʻfirat qilguvchi va mehribon ekanini topar-koʻrar» (Niso: 110).
Biz Ramazonni mana shunday oʻzimizni hisob-kitob qilgan holda, tavba-tazarruʼ va istigʻfor bilan kutib olishimiz darkor.
Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ziyrak kishi oʻz nafsini hisob-kitob qilgan (boʻysundirgan) va oʻlimdan keyingi hayot uchun amal qilgan kishidir. Ojiz esa nafsini uning havoi xohishiga ergashtirgan va Alloh azza va jalladan (amalsiz) umid qilgan kishidir» (Hokim, Mustadrak ala sahihayn, 2459; Hadis hukmi: «sahih»).
Darhaqiqat, Ramazon oyi gʻanimat va foydalar oyidir. Mohir savdogar foyda koʻpaytirish uchun mavsumiy imkoniyatlardan foydalanganidek, siz ham bu oyni ibodat, koʻp namoz oʻqish, Qurʼon tilovati, kechirimlilik, boshqalarga yaxshilik qilish va kambagʻallarga xayr-ehson bilan gʻanimat biling.
Ramazon oyida jannat eshiklari ochiladi, doʻzax eshiklari yopiladi va shaytonlar zanjirband qilinadi. Har kecha bir jarchi nido qiladi: «Ey yaxshilik izlovchi, oldinga chiq! Ey yomonlik izlovchi, toʻxta!»
Shu bois, ey Allohning bandalari, bu masalada salafi solihlaringizga ergashib, Paygʻambaringiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari bilan hidoyat topib, yaxshi amal qiluvchilar safida boʻling, toki Ramazondan gunohlarimiz kechirilgan va solih amallarimiz qabul etilgan holda chiqaylik.
Shuni bilingki, Ramazon oyi oylarning eng afzalidir.
Ibn Qayyim aytadi: «Shu jumladan – yaʼni Alloh yaratgan narsalar orasidagi afzallik – Ramazon oyining boshqa oylardan afzalligi va uning soʻnggi oʻn kechasining boshqa kechalardan afzalligidir» («Zodul-maʼod», 1/56).
Bu oy boshqa oylardan toʻrt jihatdan ajralib turadi:
Bu oyda butun yil davomidagi kechalar orasidagi eng yaxshi kecha – Qadr kechasi bor. Alloh taolo aytadi:
«Albatta Biz u (Qurʼon)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Qadr kechasi nima ekanligini siz qayerdan bilar edingiz? Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (yaʼni, Jabroil alayhissalom) Parvardigorlarining izni-ixtiyori ila (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar bilan (osmondan zaminga) tushurlar. U (kecha) to tong otgunicha tinchlik-omonlikdir» (Qadr: 1-5).
Darhaqiqat, bu kechadagi ibodat ming oylik ibodatdan yaxshiroqdir.
Bu oyda eng afzal kitoblar eng afzal paygʻambarlar alayhimussalomga nozil qilingan. Alloh taolo aytadi:
«Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat boʻlib hamda hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq oyatlari boʻlib Qurʼon nozil qilingan» (Baqara: 185).
U Zot subhonahu va taolo aytdi:
«Albatta Biz uni bir muborak-barakotli kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz (insonlarni ushbu Qurʼon bilan Oxirat azobidan) ogohlantirguvchi boʻldik. U (kecha)da barcha puxta-aniq ish(lar) ayrilur (belgilanur). (Bu kechada taqdir qilinadigan barcha ishlar) Bizning huzurimizdan boʻlgan Ishdir. Darhaqiqat, Biz (bashariyatga paygʻambarlar) yuborguvchi boʻldik» (Duxon: 3-5).
Vosila ibn Asqaʼ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ibrohimning sahifalari Ramazon oyining birinchi kechasida nozil boʻldi, Tavrot Ramazondan olti kun oʻtganda nozil qilindi, Injil Ramazondan oʻn uch kun oʻtganda nozil qilindi, Zabur Ramazondan oʻn sakkiz kun oʻtganda nozil qilindi va Qurʼon Ramazondan yigirma toʻrt kun oʻtganda nozil qilindi» (Tabaroniy: Moʻjamul avsat, 3740; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Silsilati sahiha», 1575).
Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar zanjirband qilinadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazon kirganda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar zanjirband qilinadi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 3277; Sahihi Muslim, 1079).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon Ramazon kelsa, rahmat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar zanjirband qilinadi», dedilar» (Nasoiy, 2099; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jomeʼ», 471).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Qachon Ramazon oyining ilk kechasi boʻlsa, shaytonlar va jinlarning ashaddiylari zanjirband qilinadi. Doʻzax eshiklari yopiladi va ulardan birortasi ham ochilmaydi. Jannat eshiklari ochiladi va ulardan birortasi ham yopilmaydi. Shunda bir jarchi: «Ey yaxshilik istovchi, kel! Ey yomonlik istovchi, toʻxta!” deya jar soladi. Allohning doʻzaxdan ozod qilinadigan bandalari bor va bu (Ramazonning) har kechasida sodir boʻladi» (Termiziy, 682; Ibn Moja, 1642; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihul Jomeʼ», 759).
Agar soʻralsa: Ramazon oyida shuncha yomonliklar va gunoh-maʼsiyatlar sodir boʻlayotganiga guvoh boʻlamiz. Agar shaytonlar zanjirband qilingan boʻlsa, bunday holat yuz bermasligi kerak emasmi?
Buning javobi quyidagicha: «Faqat roʻza shartlariga amal qilgan va odoblarga rioya qilgan kishilardagina kamayadi.
Yoki zanjirband qilinganlar shaytonlarning baʼzilari, yaʼni isyonkorlardir, ularning hammasi emas.
Yoki maqsad unda yomonliklarni kamaytirishdir va bu koʻzga tashlanadigan holatdir. Chunki bu oyda bunday hodisalar boshqa vaqtlarga qaraganda kamroq sodir boʻladi. Zero, ularning barchasi zanjirband qilingani yomonlik yoki maʼsiyat sodir boʻlmaydi degani emas, chunki shaytonlardan tashqari yomon istaklar, yomon insonlar, hunuk odatlar va insoniy shaytonlar kabi boshqa sabablar ham bor» («Fathul Boriy», 4/145).
Ramazon oyida koʻplab ibodatlar mavjud boʻlib, ularning baʼzilari boshqa oylarda uchramaydi, masalan, roʻza tutish, tungi namoz (taroveh), taom ulashish, eʼtikof, sadaqa va Qurʼon tilovati.
Ulugʻ va buyuk Allohdan barchamizga bu borada tavfiq berib, roʻza tutish, tungi ibodatlarni ado etish, toat-ibodatlar qilish va yomon ishlardan tiyilishda Oʻzi madadkor boʻlishini soʻrayman.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?