O'qildi: 55
21.02.2026
/ 4 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Roʻza masalalari
Savol
Ramazonda dasturxonlarida taom va shirinlik turlarini koʻpaytiradigan kishilar haqida nima deysiz?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Hamma narsada, ayniqsa yeb-ichishda isrofgarchilik qoralanadi va bunga yoʻl qoʻyilmaydi. Alloh taolo aytadi:
﴿وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا ۚ إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ ٣١﴾
«Va yeb-ichaveringlar, faqat isrof qilmanglar. Zotan, U isrof qilguvchi kimsalarni sevmas» (Aʼrof: 31).
عَنْ مِقْدَامِ بْنِ مَعْدِي كَرِبَ، قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «مَا مَلَأَ آدَمِيٌّ وِعَاءً شَرًّا مِنْ بَطْنٍ، بِحَسْبِ ابْنِ آدَمَ أُكُلَاتٌ يُقِمْنَ صُلْبَهُ، فَإِنْ كَانَ لَا مَحَالَةَ فَثُلُثٌ لِطَعَامِهِ وَثُلُثٌ لِشَرَابِهِ وَثُلُثٌ لِنَفَسِهِ».
Miqdom ibn Maʼdiykarib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Odamzot qorindan koʻra yomonroq idishni toʻldirgan emas. Aslida odam farzandiga qaddini tik tutadigan bir necha luqma kifoya qiladi. Agar juda lozim boʻlsa, (qornining) uchdan biri taom uchun, uchdan biri ichimlik uchun va uchdan biri nafas olishi uchun boʻlsin» (Termiziy, 2380; Ibn Moja, 3349; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Termiziy», 2380).
Taomlanish va ichimlikdagi isrofning koʻplab yomon oqibatlari bor.
Birinchisi: Inson dunyoda pokiza neʼmatlardan qanchalik koʻp bahramand boʻlsa, uning oxiratdagi neʼmatlardan nasibasi shunchalik kamayadi.
عَنْ أَبِي جُحَيْفَةَ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: «إِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ فِي الدُّنْيَا شِبَعًا أَكْثَرُهُمْ فِي الْآخِرَةِ جُوعًا»
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Dunyoda eng koʻp toʻyib yuradigan odamlar oxiratda eng koʻp och qoladiganlardir», dedilar» (Mustadrak Xokim, 7170; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Targʻib», 2136).
Ibn Abu Dunyo bu hadisni rivoyat qilib, uning ortidan: «Bu hadisni rivoyat qilgan sahobiy Abu Juhayfa dunyodan oʻtgunicha qornini toʻydirib ovqatlanmadi», deya qoʻshimcha qilgan.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytdilar: «Allohga qasamki, agar istasam, orangizda eng mayin kiyimlarni kiyib, eng lazzatli taomlarni yeb, eng hashamatli turmush kechirishim mumkin edi. Biroq, Alloh taolo bir qavmni ularning qilmishlari uchun qattiq koyiganini eshitganman. U Zot shunday degan:
﴿أَذْهَبْتُمْ طَيِّبَاتِكُمْ فِي حَيَاتِكُمُ الدُّنْيَا وَاسْتَمْتَعْتُمْ بِهَا فَالْيَوْمَ تُجْزَوْنَ عَذَابَ الْهُونِ بِمَا كُنْتُمْ تَسْتَكْبِرُونَ فِي الْأَرْضِ بِغَيْرِ الْحَقِّ وَبِمَا كُنْتُمْ تَفْسُقُونَ ٢٠﴾
«Sizlar oʻz huzur-halovatlaringizni hayoti dunyolaringizdayoq ketkazdingiz va ulardan foydalanib boʻldingiz. Endi Bugun Yerda nohaq kibru havo qilganlaringiz va itoatsiz boʻlganlaringiz sababli xorlik azobi bilan jazolanursizlar» (Ahqof: 20)» («Hilyatul-avliyo», 1/49).
Ikkinchisi: Inson bu sababli koʻplab ibodatlardan, jumladan, Qurʼoni Karimni tilovat qilish kabi amallardan chalgʻib qoladi. Vaholanki, salafi-solihlar odatiga koʻra, Ramazon oyi davomida musulmon kishining asosiy mashgʻuloti aynan Qurʼon tilovati boʻlishi lozim.
Uchinchisi: Ayol kishi kunning aksariyat qismini ovqat tayyorlash uchun, kechaning koʻp qismini esa shirinlik va ichimliklar hozirlash uchun sarflayotganiga guvoh boʻlasiz.
Toʻrtinchisi: Inson koʻp ovqatlanganda, dangasalik unga taʼsir etib, koʻp uxlaydi va natijada vaqtini bekor oʻtkazadi.
Sufyon Savriy rahimahulloh aytganlar: «Agar taningiz sogʻlom, uyqungiz kam boʻlishini istasangiz, ovqat yeyishni ozaytiring».
Beshinchisi: Koʻp ovqatlanish qalbning gʻaflatga botishiga sabab boʻladi.
Imom Ahmad rahimahullohdan: «Kishi toʻyganda qalbida yumshash topa oladimi?», deb soʻrashdi. U kishi: «Menimcha, bunday boʻlmaydi», deb javob berdilar. Yaʼni, men bunday holatni koʻrmayapman, dedilar.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?