Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Plastik jarrohlik amaliyotining hukmi
Fatvo: 1006

O'qildi: 112

Iyul 26, 2025

/ 1 Safar 1447

Fatvo mavzusi: » » »

Plastik jarrohlik amaliyotining hukmi

Savol

Agar ayolning tanasi homiladorlik paytida sezilarli darajada o‘zgarib, eri oldida ko‘rinishdan uyaladigan holatga kelsa, unga kosmetik jarrohlik qildirish joizmi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Aziz singlim, savolingiz plastik jarrohlik amaliyoti o‘tkazishning hukmi haqida bo‘lib, bu haqda qisqacha ma’lumot beramiz.

Mutaxassis shifokorlar kosmetik jarrohlikni tananing ko‘rinadigan qismini yaxshilash uchun bajariladigan amaliyot deb ta’riflaydilar. U ixtiyoriy yoki zaruriy bo‘lishi mumkin.

Zaruriy yoki zarurat hukmidagi jarrohlik: bu nuqsonni, masalan, kamchilik, ortiqchalik, shikastlanish yoki xunuklikni bartaraf etish uchun kerak bo‘lgan amaliyot. Shu bilan birga, u ta’siri va natijalari jihatidan estetik hisoblanadi.

Nuqsonlar ikki turlidir: tug‘ma nuqsonlar va kasalliklar natijasida yuzaga kelgan nuqsonlar. Tug‘ma nuqsonlarga lab va tanglay yoriqligi, barmoqlarning birlashib qolishi misol bo‘ladi. Orttirilgan nuqsonlarga moxov kabi kasalliklar yoki baxtsiz hodisa va kuyishlar natijasida paydo bo‘lgan nuqsonlar kiradi. Shubhasiz, bu nuqsonlar insonga ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan zarar yetkazadi. Shuning uchun bunday nuqsonlarga ega bo‘lgan kishilarning jarrohlik yo‘li bilan ularni bartaraf etishi, tuzatishi yoki yengillashtirishi shar’an joizdir. Chunki bu nuqsonlar jarrohlik amaliyotiga ruxsat beradigan jismoniy yoki ruhiy zararni o‘z ichiga oladi, zero, bunga katta ehtiyoj bor, bu oʻrinda ehtiyoj zarurat darajasiga chiqadi hamda harom ishni mubohga aylantiradi. Demak, kosmetik jarrohlik turkumiga kiruvchi va zarur deb topilgan har qanday jarrohlik amaliyoti, agar zarar sababli ehtiyoj tugʻilsa, joiz bo‘lib, Alloh taoloning yaratganini o‘zgartirish hisoblanmaydi.

Nima halol, nima harom ekanini yanada aniqroq farqlash uchun quyida Imom Navaviyning «Sahihi Muslim»da kelgan hadis sharhidagi soʻzlarini keltiramiz:

عَنْ عَلْقَمَةَ، عَنْ عَبْدِ اللهِ قَالَ: « لَعَنَ اللهُ الْوَاشِمَاتِ وَالْمُسْتَوْشِمَاتِ، وَالنَّامِصَاتِ وَالْمُتَنَمِّصَاتِ، وَالْمُتَفَلِّجَاتِ لِلْحُسْنِ، الْمُغَيِّرَاتِ خَلْقَ اللهِ».

Alqamadan rivoyat qilinadi: «Abdulloh shunday dedi: «Alloh tatuirovka qiluvchi, tatuirovka qildiruvchi, qosh teruvchi, qosh terdiruvchi, husn uchun tishning orasini ochuvchi va Allohning yaratganini o‘zgartiruvchi ayollarni la’natlasin» (Sahihi Muslim, 3966).

Imom Navaviy aytadi:

  • «Tatuirovka qildiruvchi ayol» («al-vaashimat») – qo‘lining orqa tomoni, bilagi, labi yoki boshqa a’zosiga igna, bigiz yoki shunga o‘xshash narsa bilan qon chiqqunicha sanchib, keyin o‘sha joyni yashil rangga kiradigan qilib boʻyoq bilan to‘ldiradigan ayoldir. Bu ish uni qiluvchiga ham, oʻz ixtiyori bilan shunday qildiruvchiga ham haromdir…
  • «Qosh teruvchi» («an-naamisoot») – yuzdagi tuklarni olib tashlovchi, «qosh terdiruvchi» («al-mutanammisoot») – boshqadan qoshini terib qoʻyishni so‘rovchi ayol, bu amal haromdir, faqat ayolda soqol yoki mo‘ylov o‘sib qolsa, ularni olish harom emas…
  • «Tishining orasini ochuvchi» («al-mutafallijaat») – bu tishlarini egovlab, old va yon tishlar orasida tirqish hosil qiluvchi ayollar. Buni keksa ayollar va ularga yaqin yoshdagilar yosh ko‘rinish va chiroyli tishlarga ega bo‘lish uchun qiladilar. Chunki tishlar orasidagi bu jozibali bo‘shliq yosh qizlarga xos. Ayol keksaygach, tishlari kattalashib va deformatsiyalan Shunda u tishlarini egov bilan silliqlab, chiroyli qilishi va o‘zini yosh ko‘rsatishi mumkin. Ushbu hadislarga ko‘ra, bu ish ham bajaruvchi, ham qildiruvchi uchun haromdir, chunki u Alloh taoloning yaratganini o‘zgartirish, firibgarlik va aldovdir.
  • Hadisdagi «Go‘zallik uchun tishining orasini ochuvchi» degan so‘zining ma’nosi – ular buni chiroyli ko‘rinish uchun qiladilar, bu go‘zallikka intilish uchun qilingan narsa harom ekanligiga ishora qiladi. Ammo tibbiy muolaja yoki tishdagi nuqsonni to‘g‘rilash kabi sabablar uchun zarur bo‘lsa, buning zarari yo‘q. Alloh bilguvchiroqdir» (Navaviy, «Sahihi Muslim sharhi», 13/107).

Shuni ta’kidlash kerakki, plastik jarrohlar xavf darajasiga yetgan va yetmagan ehtiyojning orasini ajratmaydilar, ularning tashvishi faqat pul topish va mijozni qondirishdir. Orzu-havasga va moddiyatga berilganlar, erkinlik tarafdorlari inson o‘z tanasi bilan istagan ishini qilishi mumkin, deb o‘ylaydilar. Bu haqdan ogʻishdir, chunki jism Allohniki bo‘lib, U Zot bu borada O‘zi xohlaganidek hukm qiladi. Alloh azza va jalla Iblis insoniyatni adashtirish uchun va’da qilgan yo‘llar haqida xabar bergan, shulardan biri uning:

﴿ وَلَـَٔامُرَنَّهُمۡ فَلَیُغَیِّرُنَّ خَلۡقَ ٱللَّهِۚ

«Va buyursam Alloh yaratgan narsalarni o‘zgartirib-buzadilar» (Niso: 119) degan so‘zidir.

HAROM KOSMETIK JARROHLIK AMALIYOTLARI

Shunday plastik jarrohlik amaliyotlari borki, ularda shar’an ruxsat berilgan sabablar mavjud emas va yaratilishni buzish, go‘zallik va jozibani izlash hisoblanadi. Bunga ko‘krakni kattalashtirish yoki kichraytirish, yuzni tortish va shunga o‘xshash qarish belgilarini yo‘qotish kabi muolajalar misol bo‘ladi. Islomiy nuqtayi nazardan, bunday amaliyotlarga ruxsat berilmaydi, chunki ularga shoshilinch ehtiyoj yoki zarurat yo‘q. Uning yagona maqsadi Allohning yaratganini o‘zgartirish va uni odamlarning xohish-istaklariga ko‘ra o‘zgartirishdir. Bu harom bo‘lib, qiluvchi la’natlanadi, chunki unda hadisda zikr qilingan ikki narsa mavjud: go‘zallik izlash va Allohning yaratishini o‘zgartirish.

Bundan tashqari, bu jarrohlik amaliyotlarining ba’zilari aldov va firibgarlikni o‘z ichiga oladi, shuningdek, abort qilingan homilalardan noqonuniy yo‘l bilan, masalan, firibgarlik va sotib olish orqali olingan moddalarni inyeksiya qilishni ham o‘z ichiga oladi, bu esa eng og‘ir jinoyatlardan biridir. Shuningdek, mutaxassis shifokorlar ta’kidlaganidek, ko‘plab kosmetik jarrohlik amaliyotlari doimiy og‘riq, shikastlanish va asoratlarga olib keladi (Muhammad Muxtor Shinqitiyning «Jarrohlik ahkomlari» kitobi).

Yuqoridagilarga asoslanib, savol beruvchi aziz singlim, shunday xulosa qilish mumkin:

Agar sizga sodir bo‘lgan holat kutilmaganda yuz berib, eringizda qattiq xijolat va nafrat uyg‘otsa, masalan, va siz buni go‘zalroq ko‘rinish uchun emas, balki xunuklikni bartaraf etish hamda uyatni yo‘qotish yoki kamaytirish uchun qilmoqchi bo‘lsangiz, unda bu ishni qilishingizda sizga gunoh bo‘lmaydi, inshaalloh.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Spirtli ichimliklar sotiladigan restoranda ishlash hukmi

    Ko‘plab musulmon talabalar bu mamlakatlarda yashash va o‘qish xarajatlarini qoplash uchun ishlashga majbur, chunki ularning aksariyati oilalaridan yetarli mablag‘ olmaydi. Shu bois, ishlash ular uchun hayotiy zarurat hisoblanadi. Ko‘pincha ular faqat spirtli ichimliklar sotiladigan yoki cho‘chqa go‘shti va boshqa taqiqlangan taomlar tayyorlanadigan restoranlardagina ish topishi mumkin. Bunday muassasalarda ishlashning hukmi qanday? Musulmonning spirtli ichimliklar va cho‘chqa go‘shti sotishi, spirtli ichimliklar ishlab chiqarishi va ularni g‘ayridinlarga sotishining shar’iy hukmi qanday? E’tibor bering, bu mamlakatlarda ba’zi musulmonlar buni o‘zlariga kasb qilib olishgan.
  • Musulmon kishi boʻlmagan joydagi masjidni sotish joizmi?

    Agar musulmonlar masjid joylashgan hududdan ko‘chib ketgan bo‘lsa va masjidning buzilishi yoki boshqalar tomonidan egallab olinishi xavfi bo‘lsa, masjidni sotishning hukmi qanday? Ko‘pincha musulmonlar uy sotib olib, uni masjidga aylantiradilar, ammo ko‘plab musulmonlar ish sharoitlari tufayli hududni tark etganda, masjid tashlandiq yoki qarovsiz qoladi va boshqalar uni egallab olishlari mumkin. Uni sotib, tushgan mablag‘ni musulmonlar yashaydigan hududda masjid qurishga sarflash joizmi? Bunday savdo yoki ayirboshlashning hukmi qanday? Agar uni boshqa masjidga almashtirishning iloji bo‘lmasa, masjid mablag‘ini sarflashning eng to‘g‘ri yo‘li qaysi?
  • Klinik o‘lim holatidagi bemordan sun’iy nafas apparatini olib tashlash hukmi

    Ko‘pchilik shifokorlar klinik o‘lim holatidagi bemordan sun’iy nafas oldirish apparatini olib tashlashda ikkilanishadi. Shifokor ikki tuyg‘u o‘rtasida qoladi: bir tomondan, ular o‘lim va ogʻriq holatidagi insonning azobini cho‘zayotgan bo‘lishi mumkin va agar apparat olib tashlansa, bemor o‘lim orqali tinchlik topishi mumkin; boshqa tomondan esa, apparatni olib tashlash bemorning tirik qolish imkoniyatini yo‘qotishiga sabab bo‘lishidan xavotirlanishadi. Qachon klinik o‘lim holatidagi kishidan sun’iy nafas oldirish apparatini olib tashlash joiz bo‘ladi?
  • Zakot pulidan yetimlarning mulkini ta’mirlash

    Men bir necha yil oldin otasi vafot etgan yetimlarning vasiysiman. Ularning oylik nafaqa daromadi taxminan 1000 dollar atrofida. Yillar davomida ular uchun katta miqdorda pul, jumladan zakotdan 40 ming dollarga yaqin mablagʻ yig‘dim. Endi ularga zakot olishdan to‘xtashim kerakmi? Qo‘limdagi zakot pulini nima qilsam bo‘ladi? Agar ularning ko‘chmas mulk fondidan ipoteka krediti bo‘yicha 64 ming dollar qarzi bo‘lsa, marhumning qarzini uzish uchun bu mablag‘ni to‘lashim joizmi? Shahar ma’muriyatidan olingan yerlari bo‘lsa, shu mablag‘lardan foydalanib atrofiga devor qurishimiz joizmi yoki yo‘qmi?
  • Oʻzida yoʻq molni sotish hukmi

    Sizning fikringizcha, «bay’u tasrif» (realizatsiyaga mol sotib olish) savdosi va chet eldan keltirilgan tovarlarni do‘konga yetib kelmasidan oldin sotishning islomiy hukmi qanday?
  • Saf to‘lganda iqtido qiluvchi imomning o‘ng tomonida turadimi

    Safda joy topa olmagan va imomning o‘ng tomoniga turib olgan muqtadiyning namozi hukmi qanday boʻladi?