O'qildi: 36
25.10.2026
/ 14 Jumadal-ula 1448
Fatvo mavzusi: Ayolning mahramsiz safar qilishi » Haj va umraga imkoniyat
Savol
Umra amalini ado etmoqchi edim, lekin mahramim yo‘qligi meni bundan toʻsyapti, shu sababli juda xafaman. Erim doim ish bilan band, ishini 8-10 kunga ham qoldira olmaydi. Iltimos, ayting-chi, bunday vaziyatda qanday qilib umraga borishim mumkin?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Birga safar qiladigan mahrami yo‘q ayolga haj ham, umra ham vojib emas. U ayol bu amalni tark etishida gunoh yoʻq, u uzrlidir. Ayol kishiga mahramsiz hajga ham, boshqa joyga ham safarga chiqish haromdir. Bu ayol oʻzi bilan birga safar qiladigan mahramni Alloh muyassar qilgunicha sabr qilishi kerak.
Yaxshilik yo‘llari ko‘pdir. Agar musulmon ba’zi ibodatlarni qila olmasa, boshqa, oʻzi qila oladigan ibodatlarda jiddu jahd qiladi, toki Alloh unga qodir bo‘lmagan ibodatlarni ham muvaffaq va muyassar qilishi uchun.
Alloh taoloning mo‘min bandalariga bo‘lgan fazlidandir-ki, agar banda bir toatni qilishga qasd qilsa-yu, lekin uzr sababli uni qila olmasa, unga o‘sha ishni qilganning savobi beriladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotidan qaytib, Madinaga yaqinlashganlarida: «Madinada shunday qavmlar borki, sizlar biron yo‘ldan yurmang yoki biron vodiyni kesib o‘tmang, albatta ular sizlar bilan bo‘ldilar», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, ular Madinada bo‘laturib-a?» deyishdi. «Ha, ular Madinada bo‘laturib. (Lekin) ularni uzr tutib qoldi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 4423).
Doimiy qoʻmita fatvosida keladi: «Mahrami yo‘q ayolga haj vojib emas. Chunki mahram ayol uchun yo‘lning bir qismidir, yo‘lga qodir bo‘lish esa hajning vojibligi shartidir. Alloh taolo aytadi:
«Va yo‘lga qodir bo‘lgan kishilar zimmasida Alloh uchun mana shu uyni haj-ziyorat qilish burchi bordir» (Oli Imron: 97).
Bu qizga ham, uning onasiga ham eri yoki mahrami bilan bo‘lmasa, hajga yoki boshqa safarga chiqish joiz emas.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Er kishi ayol kishi bilan zinhor xoli qolmasin! Mahrami birga bo‘lmasa, ayol kishi zinhor safar qilmasin!» deyayotganlarini eshitibdi. Shunda bir kishi turib: «Yo Rasulalloh, men falon-falon g‘azotga yozilgan edim, ayolim esa haj qilib yo‘lga chiqqan», debdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Bor, ayoling bilan haj qil», debdilar» (Sahihi Buxoriy, 3006; Sahihi Muslim, 1341).
Ayol kishining mahramsiz safar qilishi, jumladan haj va umraga borishi joiz emasligi buyuk imomlardan: Hasan Basriy, Ibrohim Naxo’iy, Ahmad ibn Hanbal, Is’hoq ibn Rohavayh, Ibn Munzir va Abu Hanifa rahimahulloh bosh hanafiy mazhabi ulamolarining mazhabidir va bu toʻgʻri, ham quvvatli qarashdir. Chunki zikr qilingan oyat va ayolning eri yoki mahramisiz safar qilishini man qiluvchi hadislarning umumiyligi bu ishning harom ekaniga dalolat qiladi. Boshqa mazhab imomlari, Imom Molik, Imom Shofe’iy va Avzo’iy bu so‘zga xilof qilganlar va ularning har biri hujjati bo‘lmagan shartlarni qo‘yganlar. Ibn Munzir aytadi: Ular hadisning zohiriga amal qilishni tark etdilar va har biri bu masalaga hujjati bo‘lmagan shartni qo‘ydilar» («Doimiy qoʻmita fatvolari», 11/90).
Doimiy qoʻmita ulamolari yana quyidagilarni qoʻshimcha qildi:
«Agar vaziyat haqiqatan ham siz aytgandek bo‘lsa, ya’ni eringiz yoki mahramingizning siz bilan birga farz haj safariga chiqish imkoniyati bo‘lmasa, u holda to mana shunday holatda ekaningizcha haj siz uchun farz hisoblanmaydi. Chunki safarda eringiz yoki mahramingiz hamrohlik qilishi siz uchun hajning farz bo‘lishi shartlaridandir. Ulamolarning ikki fikridan sahihrog‘iga ko‘ra, hatto tug‘ishgan aka-ukangizning ayoli va bir guruh ayollar bilan birga bo‘lsa ham, mahramsiz hajga yoki boshqa har qanday safarga chiqishingiz haromdir. Chunki bu borada quyidagi sahih hadis vorid boʻlgan:
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ayol kishi uch kun(lik masofa)ga mahramsiz safar qilmaydi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1087; Sahihi Muslim, 1338).
Bu muttafaqun alayh hadislardan sanaladi, ya’ni Imom Buxoriy va Imom Muslim sahihligiga ittifoq qilgan hadislardan hisoblanadi. Biroq, agar akangiz o‘z ayoli bilan birga bo‘lsa, u sizga mahram bo‘lgani uchun u bilan safarga chiqishingiz joizdir. Shuningdek, safarga chiqishni talab qilmaydigan solih amallarni qilishga intiling va Alloh mushkulingizni oson qilib, eringiz yoki mahramingiz hamrohligida haj qilish imkoniyatini berishidan umid qilgan holda sabrli bo‘ling («Ilmiy tadqiqotlar va fatvolar boʻyicha doimiy qoʻmita fatvolari», 11/96).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?