O'qildi: 18
28.06.2026
/ 13 Muharram 1448
Fatvo mavzusi: Azon
Savol
Azonni qo‘shiq qilib aytish va cho‘ziladigan harflarni cho‘zishning shar’iy hukmi nima? Qo‘shiqning haromligi haqidagi hadis unga (azonga) pul olishni ham o‘z ichiga oladimi? Azonni qo‘shiq qilib aytish harommi yoki yo‘qmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Azonni qo‘shiq qilib aytish va ohangga solish joiz emas. Lekin bu qo‘shiqning haromligi kabi emas, balki u makruhlik va haromlik o‘rtasidadir, magar choʻzishlik ma’noni o‘zgartirsa, unda harom bo‘ladi.
Azonni dona-dona qilib aytish mustahabdir, … tamtit, ya’ni cho‘zish va [tag‘anniy] ya’ni ohangga solish makruhdir. Chunki bir kishi Ibn Umarga: «Men sizni Alloh yo‘lida yaxshi ko‘raman», deganida, Ibn Umar unga: «Men esa seni Alloh yo‘lida yomon ko‘raman, chunki sen azoningni ohangga solib aytasan», dedi. Hammod aytadi: «Ibn Umar tatribni (ohangga solishni) nazarda tutgan».
Shoshiy aytadi: To‘g‘risi shuki, uning ovozi mahzunlik va mayinlik bilan bo‘lishi, unda a’robiylarning so‘zidagi qo‘pollik ham, o‘zini o‘likka soluvchi yumshoq ovozlik ham bo‘lmasligi lozim…( «al-Mu’tamad»).
«al-Hoviy» sohibi aytadi: Bag‘iy – so‘zni katta olib, og‘izni to‘ldirib gapirishdir. Azonni ohangga solish makruhdir. Chunki ohang azonning ma’nosini buzadi va salaflar undan chetlanganlar, bu faqat ulardan keyin paydo bo‘lgan. («Tarh at-tasrib», 3/118 – 120)
Azonni ohanglar bilan aytishdan qaytarish haqidagi fasl
O‘zi ohanglar bilan azon aytishdan saqlansin va boshqalarni ham qo‘shiqqa o‘xshatib aytishdan qaytarsin. Zero, agar qo‘shiqqa o‘xshash ohangga solinsa, hatto azon lafzlaridan ma’nosi bilinmay, faqat ko‘tarilib-pasayadigan ovozlar eshitiladi. Bu yaqinda paydo bo‘lgan yomon ko‘rilgan bid’at bo‘lib, uni ba’zi amirlar o‘zlari qurgan madrasada paydo qilgan, so‘ng u yerdan boshqa joylarga tarqalgan. Bu azon hozirgi zamonda Shomda amal qilinadigan azondadir va u qabih bid’atdir. Chunki azondan maqsad namozga chaqirishdir, shuning uchun uning lafzlarini eshituvchiga tushuntirish lozim. Bu azondan esa uning lafzlariga kirib qolgan hindcha ohanglar va qo‘shiqqa o‘xshash narsalar tufayli hech narsa tushunilmaydi. Hadisda u zot alayhissalotu vassalomdan rivoyat qilinganki: «Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani paydo qilsa, u rad qilingandir», deganlar… Imom Abu Tolib al-Makkiy rahimahulloh o‘z kitobida aytadi: Ular paydo qilgan narsalardan biri azonda ohangga solishdir va bu undagi bag‘iy hamda haddan oshishdir. Muazzinlardan bir kishi Ibn Umarga: «Men sizni Alloh yo‘lida yaxshi ko‘raman», dedi. U unga: «Lekin men seni Alloh yo‘lida yomon ko‘raman», dedi. U: «Nima uchun, ey Abu Abdurahmon?» dedi. U: «Chunki sen azoningda bag‘iy qilasan (azonni ohangga solasan) va unga haq olasan», dedi. Abu Bakr al-Ojurriy rahimahulloh aytar edi: «Men Bag‘doddan chiqib ketdim. Menga u yerda yashash halol bo‘lmadi. Ular har bir narsada, hatto Qur’on qiroati va azonda ham bid’atlar paydo qilishdi». Ya’ni, (qiroat va azon uchun) haq olish va ohangga solib (cho‘zib) aytishni nazarda tutmoqda. Iqtibos tugadi. («al-Madxal», 2/245, 246).
Ushbu naqllarning xulosasi shuki, muazzinning ovozi chiroyli va baland bo‘lishi, ovozini qaytarishi mustahabdir. Qo‘pol, dahshatli ovoz, tatrib va tahzin haddan oshmasa, makruhdir, aks holda haromdir. («Mavohib al-jalil» li-Hattob, 1/437, 438).
Malhun: (xato) sodir bo‘lgan, ya’ni arab tili qoidalariga zid boʻlib u ikki qismga bo‘linadi:
Birinchi qism: ma’noni o‘zgartiradigan xato: u holda azon durust bo‘lmaydi.
Ikkinchi qism: ma’noni o‘zgartirmaydigan choʻzish. Bunda azon durust bo‘ladi, ammo bunday azon aytish makruhdir. Agar muazzin «Allohu akbaar» desa, durust bo‘lmaydi, chunki bu ma’noni buzadi. Ya’ni, «asbaab» «sabab»ning ko‘pligi bo‘lgani kabi «akbaar» «kabar»ning ko‘pligidir. («Sharh al-mumti’», 2/62, 63).
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Shayx Muhammad Solih al-Munajjid.
Bu javob foydali bo’ldimi?