O'qildi: 46
21.06.2026
/ 6 Muharram 1448
Fatvo mavzusi: Axloq
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisga ko‘ra, sichqonni o‘ldirishda gunoh yo‘q.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadi: «Hafsa dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Besh xil hayvon borki, ularni o‘ldirganga gunoh yo‘q: qarg‘a, kalxat, sichqon, chayon va qopag‘on it», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1828).
Qosim ibn Muhammad aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Oisha roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «To‘rt narsa borki, hammasi fosiqdir, ular hillda ham, haramda ham o‘ldirilaveradi: kalxat, qarg‘a, sichqon va qopag‘on it», deganlarini eshitganman». (Sahihi Muslim, 1198).
Chunki sichqon zararli mavjudotlardandir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam buni o‘z so‘zlari bilan bayon qilganlar:
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Sichqon kelib, pilikni sudrab borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan xumraning (xurmo novdasidan to‘qilgan kichik joynamoz, bo‘yracha) ustiga tashlagan edi, dirhamdek joyi kuydi. Shunda u zot: «Uxlaganda shamchiroqlarni o‘chiringlar, chunki shayton mana bunga o‘xshaganlarni shunga undasa, sizlarni yondirib yuboradi», dedilar» (Abu Dovud, 5247; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Abu Dovud», 5247).
Uydagi sichqon – bu «fuvaysiqa» (kichik fosiq) bo‘lib, Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni hilda ham, haramda ham o‘ldirishga buyurganlar. «Fisq»ning asli to‘g‘ri yo‘ldan chiqish va zulmdir. Shu sababli osiy «fosiq» deb nomlangan. Bu hayvonlarning «fosiqlar» deb nomlanishi ularning yovuzligi uchun istiora tariqasidadir. Yana aytilishicha, ularning hilda ham, haramda ham hurmatdan chiqqanliklari uchundir, ya’ni ularning hech qanday hurmati yo‘qdir. Tahoviy «Ahkomul Qur’on»da o‘z sanadi bilan Yazid ibn Abu Nuaymdan rivoyat qiladi, u Abu Said al-Xudriydan sichqon nima uchun «fuvaysiqa» deb nomlanganini so‘ragan. U shunday degan: «Bir kecha Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyg‘onib ketdilar, bir sichqon chiroqning piligini olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarini yoqib yubormoqchi bo‘lgan edi. U zot turib, uni o‘ldirdilar va halol (ehromda bo‘lmagan) va muhrim (ehromda bo‘lgan) kishi uchun ham sichqonni o‘ldirishni halol qildilar». Buni alloma ad-Damiriy zikr qilgan.
Buxoriy va Muslim o‘z «Sahih»larida Abu Muso al-Ash’ariy hadisidan rivoyat qilganlar:
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Madinada bir uy kechasi egalari bilan birga yonib ketdi. Ular haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallamga aytishgan edi, u zot: «Bu olov ayni dushmaningizdir. Uxlaganingizda uni o‘chirib qo‘yinglar», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 6294; Sahihi Muslim, 2016).
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Idishlarni yopinglar, eshiklarni berkitinglar, chiroqlarni o‘chiringlar. Chunki «fosiqcha» (sichqon) pilikni tortib, xonadon ahliga o‘t qo‘yib yuborishi mumkin», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 6295).
Muslim ham shu ma’noda rivoyat qilgan, unda: «Fuvaysiqa uy ahlining uyini yondiradi», deyilgan.
Tabariy aytadi: «Bu hadislarda uyda yolg‘iz o‘zi tunamoqchi bo‘lgan va u yerda olov yoki chiroq bo‘lgan kishi uni o‘chirmaguncha tunamasligi haq ekaniga dalolat bor…». Bu hadisni Hokim rivoyat qilib, «sanadi sahih» degan. Iqtibos tugadi («Avn al-Ma’bud sharhu Abi Dovud»).
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Shayx Muhammad Solih al-Munajjid.
Bu javob foydali bo’ldimi?