Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Roʻza masalalari » Yangi oyni koʻrish » Oy ko‘rishga oid ixtiloflarga munosabat
Fatvo: 1248

O'qildi: 271

04.09.2025

/ 12 Rabiul-avval 1447

Fatvo mavzusi:

Oy ko‘rishga oid ixtiloflarga munosabat

Savol

Biz AQSH va Kanadadagi musulmon talabalar har Ramazon boshida musulmonlarni uch guruhga ajratadigan muammoga duch kelamiz:
1. Bir guruh o‘zi yashayotgan shaharda hilolni ko‘rib ro‘za tutadi.
2. Boshqa guruh Saudiya Arabistonidagi ro‘za boshlanishiga qarab ro‘za tutadi.
3. Uchinchi guruh esa AQSH va Kanadadagi Musulmon Talabalar Uyushmasi xabar berganda ro‘za tutadi.
Bu uyushma Amerikaning turli hududlarida hilolni kuzatadi va u biror shaharda ko‘rinishi bilanoq, barcha markazlarga xabar beradi. Shunday qilib, shaharlar orasidagi katta masofalarga qaramay, Amerikadagi barcha musulmonlar bir kunda ro‘za tutadilar. Bu holatda qaysi yondashuvga amal qilish va shunga ko‘ra ro‘za tutish ma’qulroq? Iltimos, bizga fatvo bering. Alloh sizni mukofotlasin.

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Birinchidan: Yangi oyning chiqish o‘rinlarining turlicha bo‘lishi ham hissiy, ham aqliy jihatdan ma’lum bo‘lib, bu masalada hech bir olim ixtilof qilmagan. Biroq musulmon ulamolar orasida hilol chiqish joylarining turlichaligini e’tiborga olish yoki olmaslik borasida ixtilof yuzaga kelgan.

Ikkinchidan: Hilol chiqish joylarining turlichaligi va buni e’tiborga olish yoki olmaslik masalasi ijtihod o‘rni bo‘lgan nazariy masalalardandir. Bu masalada ilm va din sohasidagi nufuzli olimlar orasida ixtilof mavjud va bu o‘rinli ixtilofdir. Bunda mujtahid to‘g‘ri ijtihod qilsa, ikkita ajr – to‘g‘ri topganiga bir ajr, ijtihod qilganiga bir ajr; agar mujtahid xato qilsa, ijtihod qilgani uchun bitta ajr beriladi.

Ulamolar hilol chiqish joylarining turlichaligini e’tiborga olish masalasida ikki xil fikrga bo‘linganlar: Ulardan ba’zilari hilol chiqish joylarining turlichaligini e’tiborga olishni yoqlagan bo‘lsa, boshqalari bunga qarshi chiqqanlar. Har ikki guruh ham o‘z qarashlari uchun Qur’on va Sunnatdan dalillar keltirgan. Aslida, ikkala guruh ham bir xil dalillarga tayanganlar.

Masalan, Alloh taoloning ushbu oyati:

﴿يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْأَهِلَّةِ ۖ قُلْ هِيَ مَوَاقِيتُ لِلنَّاسِ وَالْحَجِّ ۗ﴾

«Sizdan hilollar — yangi chiqqan oylar haqida so‘rashadi. Ayting: u (oylar) odamlar va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir» (Baqara: 189).

Shuningdek, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِيَّ قَالَ: «صُومُوا لِرُؤْيَتِهِ، وَأَفْطِرُوا لِرُؤْيَتِهِ، فَإِنْ غُمِّيَ عَلَيْكُمْ فَأَكْمِلُوا الْعَدَدَ».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uni (hilolni) ko‘rib, ro‘za tutinglar, uni ko‘rib ro‘zani to‘xtatinglar. Agar u sizlarga ko‘rinmay qolsa, sanog‘ini to‘liq qilinglar» (Sahihi Muslim, 1081),

Ikkala toifa ulamolar ham yuqoridagi oyat va hadisni dalil sifatida keltirgan. Bu esa dalilni tushunishdagi tafovut va har bir toifaning dalil olishda o‘ziga xos yo‘l tutishi bilan bogʻliq.

Uchinchidan: Hay’at kengashi hilolni hisob-kitob bilan aniqlash masalasini va bu borada Qur’on va Sunnatda kelgan dalillarni hamda ulamolarning fikrlarini o‘rganib chiqdilar. Soʻngra Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari:

«صُومُوا لِرُؤْيَتِهِ، وَأَفْطِرُوا لِرُؤْيَتِهِ»

«Uni (hilolni) ko‘rib, ro‘za tutinglar, uni ko‘rib ro‘zani to‘xtatinglar» (Sahihi Muslim, 1081). Boshqa hadisda:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ : «أَنَّ رَسُولَ اللهِ ذَكَرَ رَمَضَانَ، فَقَالَ: لَا تَصُومُوا حَتَّى تَرَوُا الْهِلَالَ، وَلَا تُفْطِرُوا حَتَّى تَرَوْهُ، فَإِنْ غُمَّ عَلَيْكُمْ فَاقْدُرُوا لَهُ».

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonni zikr qilib turib: «Hilolni ko‘rmaguningizcha ro‘za tutmanglar va uni ko‘rmaguningizcha ro‘zani ochmanglar. Agar u sizlarga ko‘rinmay qolsa, hisobini qilinglar», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1906) hadislarini hamda shu ma’nodagi boshqa dalillarni hisobga olgan holda, shar’iy masalalarda yangi oyni aniqlashda astronomik hisob-kitoblarga tayanish joiz emas, degan yakdil xulosaga kelishdi.

Ilmiy tadqiqotlar va fatvo berish bo‘yicha doimiy qo‘mita islomiy bo‘lmagan mamlakatlarda Musulmon Talabalar Uyushmasi (yoki islom jamoasini ifodalovchi boshqa tashkilot) u yerdagi musulmonlar uchun hilolni tasdiqlash borasida islomiy hukumat o‘rnini egallaydi, deb hisoblaydi.

Yuqorida aytilganlarga asoslanib, bu uyushma ikki qavldan birini tanlash huquqiga ega: oyning chiqish o‘rinlarining turlichaligini e’tiborga olish yoki e’tiborga olmaslik. So‘ngra o‘z qarorini o‘zi faoliyat yuritayotgan mamlakatdagi musulmonlarga yoyishi lozim. Ular esa, bir soʻzga kelishishlari, ro‘za tutishni bir paytda boshlash hamda ixtilof va tartibsizlikdan chiqish uchun bu qarorga amal qilishlari kerak. O‘sha mamlakatlarda yashayotgan barcha kishilar o‘zlari joylashgan shaharlarda hilolni kuzatishlari lozim. Agar ulardan bir yoki bir nechta ishonchli kishi hilolni ko‘rsa, shu asosda ro‘za tutadilar va buni uyushmaga yetkazadilar, uyushma esa buni boshqalarga tarqatadi. Bu oyning boshlanishiga taalluqlidir. Oyning tugashiga kelsak, buning uchun Shavvol oyining hilolini ko‘rgan ikki adolatli kishining guvohligi yoki Ramazon oyining o‘ttiz kuni to‘liq tugashi talab etiladi. Chunki sahih hadisda:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ يَقُولُ قَالَ النَّبِيُّ أَوْ قَالَ: قَالَ أَبُو الْقَاسِمِ : «صُومُوا لِرُؤْيَتِهِ، وَأَفْطِرُوا لِرُؤْيَتِهِ، فَإِنْ غُبِّيَ عَلَيْكُمْ فَأَكْمِلُوا عِدَّةَ شَعْبَانَ ثَلَاثِينَ».

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam [yoki Abulqosim sollallohu alayhi vasallam] dedilar: «Uni (hilolni) ko‘rib, ro‘za tutinglar va uni ko‘rib, ro‘zani ochinglar. Agar sizlarga bilinmay qolsa, Sha’bonning adadini o‘ttiztaga yetkazinglar» (Sahihi Buxoriy, 1909).

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Yangi oy masalasida davlatlar orasidagi farqlar

    Bir musulmon Ramazon ro‘zasini tutib, hayit namozini o‘qigach, sharqdagi o‘z yurtiga jo‘nab ketdi va u yerdagi odamlar hali ham ro‘za tutayotganini ko‘rdi. U ham ular bilan birga ro‘za tutishi kerakmi yoki safardan oldin Ramazon ro‘zasini yakunlagani uchun ro‘za tutmaydimi?
  • Oyni koʻrishga oid xilofning yechimi

    Muayyan sharoitlar tufayli Pokiston davlatiga yashash uchun ko‘chib o‘tdik. Men uchun bir qancha narsalar, namoz vaqtlaridan tortib boshqa narsalargacha o‘zgardi… Sizlardan so‘ramoqchi bo‘lganim, men Arafa kuni ro‘za tutishga rag‘batim bor, lekin Pokistondagi hijriy sana Saudiya Arabistonidagidan farq qiladi. Pokistondagi sana 8-kun bo‘lib, u Saudiyadagi 9-kunga to‘g‘ri kelishi mumkin… Men 8-kuni, ya’ni Saudiyadagi 9-kun sanasida ro‘za tutaymi yoki Pokiston sanasiga qarabmi?
  • Roʻza va hayitda yurtdoshlariga xilof qilish joiz emas

    Bizning shahrimizda bir guruh dinga amal qiluvchi birodarlar bor, lekin ular ba’zi masalalarda bizga xilof qilishadi. Masalan, Ramazon ro‘zasida ular oyni oddiy ko‘z bilan ko‘rmaguncha ro‘za tutmaydilar. Ba’zida biz Ramazon oyida ulardan bir yoki ikki kun oldin ro‘za tutamiz. Ular esa Ramazon hayitidan bir yoki ikki kun keyin og‘iz ochadilar. Har safar ulardan hayit kuni ro‘za tutishlari haqida so‘rasak, ular: «Biz oyni oddiy ko‘z bilan ko‘rmagunimizcha og‘iz ochmaymiz va ro‘za tutmaymiz», deyishadi. Bunga Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning: «Uni (hilolni) ko‘rib, ro‘za tutinglar va uni ko‘rib, ro‘zani ochinglar», degan so‘zlarini asos qilishadi. Lekin ular, siz bilganingizdek, oyning ko‘rilganini uskunalar bilan sobit bo‘lishini tan olmaydilar. Shuni ham aytish kerakki, ular ikki hayit namozini o‘z vaqtida bizga xilof qilib, faqat o‘zlarining oyni ko‘rishlariga qarab hayitdan keyin o‘qiydilar. Qurbon hayitida ham qurbonlikni so‘yishda va Arafotda turishda bizga xilof qiladilar. Ular Qurbon hayitidan ikki kun keyin hayit qiladilar, ya’ni barcha musulmonlar qurbonliklarini so‘yib bo‘lganidan keyingina so‘yadilar. Ularning qilayotgan ishlari to‘g‘rimi? Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
  • Hilolni kuzatish uchun qo‘mita tuzish

    Islomiy bo‘lmagan mamlakatda yashovchi musulmonlar Ramazon, Shavvol va Zulhijja oyining boshlanishini aniqlash uchun qo‘mita tuzishlari joizmi yoki yo‘qmi?
  • Ramazon oyining boshlanishi va tugashini aniqlashda astronomik hisob-kitoblarga tayanish hukmi

    Musulmon kishi ro‘za tutishni boshlash va tugatishda astronomik hisob-kitoblarga tayanishi joizmi yoki hilolni ko‘rishi shartmi?
  • Ramazon hilolini har bir kishi oʻz koʻzi bilan ko‘rishi shartmi?

    Boshqalar Ramazon hilolini ko‘rganini aytsa-da, o‘zi ko‘rmaguncha ro‘za tutmagan kishining hukmi qanday? Ular «Hilolni ko‘rganda ro‘za tutinglar va hilolni ko‘rganda og‘iz ochinglar» hadisiga asoslanadilar. Ularning bu hadisga tayanishi to‘g‘rimi?