O'qildi: 47
Iyul 27, 2025
/ 20 Safar 1447
Fatvo mavzusi: Er-xotin huquqlari » Er-xotinlik hayoti » Nikoh ahkomlari
Savol
Er-xotin nikoh kechasida jinsiy aloqa qilishi mumkinmi? Agar javob ijobiy bo‘lsa, er xotini bilan bir haftada qancha marta jinsiy aloqada bo‘lishi mumkin, bir martami yo ko‘proq yoki kamroqmi? Iltimos, so‘ramoqchi bo‘lgan narsani ifodalash uchun boshqa so‘z topa olmadim.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Ha, er-xotin xohlasa, nikohning birinchi kechasida jinsiy aloqa qilishlari mumkin. Shariatda er-xotinning jinsiy aloqada bo‘lishi mumkin yoki kerak bo‘lgan soni haqida aniq ko‘rsatma yo‘q, chunki bu vaziyat va shaxsiy xohishlarga qarab o‘zgaradi.
Insonlarning imkoniyatlari turlicha bo‘lgani uchun, shariatda bunday hollarda ma’lum bir sonni belgilash mumkin emas. Biroq jinsiy aloqa ayolning huquqi va erning burchidir.
Ibn Qudoma rahimahulloh aytadi:
«Jinsiy aloqa erkakning burchidir, ya’ni er o‘z xotini bilan jinsiy aloqada bo‘lishi kerak, agar uning uzrli sababi bo‘lmasa. Bu Molikning ham fikridir» («Mug‘niy», 7/30).
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo so‘zlab berdi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Ey Abdulloh, menga xabar qilinishicha, sen kunduzni ro‘za tutib, kechani bedor o‘tkazar ekansanmi?» dedilar. «Shunday, ey Allohning Rasuli», dedim. «Unday qilma. Ro‘za ham tut, og‘zi ochiq ham yur. Bedor ham bo‘l, uxla ham. Chunki jasadingning senda haqqi bor, ko‘zingning senda haqqi bor, xotiningning senda haqqi bor», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 5199).
Ushbu hadisning sharhida: «Er toat-ibodatda toliqib, jinsiy aloqa va tirikchilik jihatidan xotini oldidagi burchini ado etishga ojiz bo‘lib qolmasligi kerak» (Fathul boriy).
Kechasi u bilan birga bo‘lish xotinning erdagi haqqidir. Ibn Qudoma aytadi: «Agar erning xotini bo‘lsa, to‘rt kechadan bir kechani u bilan o‘tkazishi kerak, agar uzrli sababi bo‘lmasa» (Mug‘niy, 7/28; Kashshoful qino’, 3/144).
Shayxulislom aytadi: «Er xotinini qoniqtirish uchun zarur bo‘lgan darajada jinsiy aloqa qilishi vojibdir, faqat bu uni jismonan charchatmasa yoki tirikchilik qilishdan chalg‘itmasa boʻlgani… Agar ular bu masalada kelisha olmasalar, qozi nafaqa masalasida qanday hukm chiqarsa, jinsiy aloqa masalasida ham shunday hukm chiqarishi kerak» (Ixtiyorat al-fiqhiyya, 246-bet).
Shuningdek, shariat xotinni fahshdan saqlash uchun er bilan jinsiy aloqada bo‘lishni talab qiladi. Bu xotinni qoniqtirish va himoya qilish uchun zarur bo‘lgan darajada bo‘lishi kerak. Biroq buni ma’lum bir vaqt oralig‘ida, masalan, to‘rt oy yoki undan ko‘p yoki kam vaqtga cheklab bo‘lmaydi. Bu xotinning ehtiyoji va erning bu ehtiyojni qondira olish imkoniyatiga qarab belgilanishi kerak… Bularning barchasi odatiy holatlarda, er xotini bilan birga yashayotgan paytda amal qiladi.
Agar er shar’iy maqsad yoki yoki boshqa uzrli sabab bilan safarga ketgan bo‘lsa, u xotinidan uzoq vaqt ayro qolmaslikka harakat qilishi kerak.
Er hattoki umumiy musulmonlar manfaati uchun, masalan, Alloh yo‘lida jihod qilish yoki musulmonlarning chegaralarini qo‘riqlash kabi vazifani bajarayotgan bo‘lsa ham, unga har to‘rt oyda yoki undan kamroq vaqtda bir marta oilasi oldiga qaytishga ruxsat berilishi kerak. U oilasi bilan birmuncha vaqt o‘tkazib, so‘ngra Alloh yo‘lidagi soqchiligi yoki jihodiga qaytishi mumkin.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosati shunday edi: u askarlar va chegara posbonlarining xotinlaridan ayroliklarini to‘rt oyga cheklagan edi. Bu muddat tugagandan so‘ng, ularni qaytarib olib kelingan va o‘rniga boshqalar yuborilgan (Zaydon: Mufassal fiy ahkomil marʼa, 7/239).
Tavfiq Allohdandir.
Bu javob foydali bo’ldimi?