O'qildi: 72
18.10.2026
/ 7 Jumadal-ula 1448
Fatvo mavzusi: Er-xotinlik hayoti » Ruhiy va ijtimoiy muammolar
Savol
Men 18 yil avval bir ayolga uylanganman. Ishim tufayli ko‘p safar qilishga va xotinimni yolg‘iz qoldirishga majbur bo‘lardim. Chet elga qilgan safarlarimdan qaytganimda, xotinim bir erkak uning yoniga kirib, uni o‘pganini va unga juda yosh ekanini aytganini xabar qildi.
Bugun, bu voqeadan 18 yil o‘tib, xotinim o‘sha erkak uning yoniga kirib, uni o‘pganini va u bilan jinsiy aloqa qilganini, o‘zi esa unga taslim bo‘lganini aytdi. Oʻshanda u meni aldagani, haqiqatni aytmagani va bu masalada meni bexabar qoldirgani sababli o‘zimni ruhan ezilgandek his qilyapman va qattiq g‘azabdaman. Bu ruhiy tushkunlik tufayli na masjidga borishga va na namoz o‘qishga rag‘batim qolmadi.
Iltimos, menga nima qilishim kerakligini maslahat bering. Nikohimiz shar’iymi? Uni taloq qilishim kerakmi? Menga yordam bering. Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Agar siz oxirida tasvirlagan ish sodir bo‘lgan onda ayol bu tajovuzkorga bo‘ysunib, unga taslim bo‘lib, qochishga, qarshilik ko‘rsatishga yoki yordam so‘rashga urinmagan boʻlsa – u holda katta gunoh va ochiq xiyonat qilgan bo‘ladi. Bu ishga boʻysungan va qarshilik koʻrsatmagan ayolning majburlanganligi haqidagi so‘zi qabul qilinmaydi, chunki u qurol bilan tahdid qilish, bog‘lab qoʻyish va shunga o‘xshash narsalarni zikr qilmagan. Agar bu haqiqatan ham aniqlanib, uning beparvoligi tasdiqlansa, nima qilishingiz lozim va unga qanday munosabatda bo‘lish kerak, degan savolga kelsak:
Avvalo, shubhasiz, siz unga va’z-nasihat qilishingiz, Allohni, Uning azobini, oxirat kuni va qiyomat dahshatlarini eslatishingiz, Allohning chegaralarini buzish, erga xiyonat qilish va uning to‘shagini bulg‘ashning xatarli ekanini, shariat zinokor muhson (nikoh koʻrgan ayol) uchun belgilagan toshbo‘ron qilib o‘ldirishdek dahshatli jazoni bayon qilishingiz lozim.
Va’z-nasihatdan so‘ng, agar uning pushaymonligi, afsusi va to‘g‘ri yo‘lga kirganini ko‘rsangiz, u bilan qolishingizning zarari yo‘q, nikohingiz ham sahih sanaladi. G‘olib gumon shuki, bu ayol pushaymon va tavba qilgan, chunki unutilgan bu mavzuni o‘zi ko‘tarib, sizga bayon-u oshkor qildi. Balki bu uning vijdon azobi, xolislikka intilish va eridan kechirim so‘rash istagi tufaylidir. Uning yoshligidagi va Amerikaning johiliyatidagi gunohi, zo‘rlashning boshida istamagan, so‘ngra yumshagan bo‘lishi ehtimoli bilan, ma’siyatga o‘z oyoqlari bilan borgan, uni rejalashtirgan va qasddan qilgan kishining gunohidek emas. Nasihat shuki, agar bu ayolning hozirgi holati istiqomat va qilgan ishiga pushaymonlik bo‘lsa, uni kechiring va afv eting, ayniqsa, undan farzandlaringiz bo‘lsa, uning talog‘i bilan ular zoye bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, bu ayolning tarbiyasi bilan shug‘ullanishda davom etish, uni nazorat qilish va undan uzoq vaqtga ayrilmaslik lozim. Allohdan barchamizning tavbalarimizni qabul qilishini so‘raymiz.
So‘ngra, savolingiz orasida xatarli bir gap oʻtdi, ya’ni sizning: «na masjidga borishga va na namoz o‘qishga rag‘batim qolmadi», degan so‘zingiz. Bu juda ajablanarli, ey musulmon birodar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga biror ish qiyinchilik tug‘dirsa yoki musibat yetsa, namozga shoshilar, Allohga duo qilib, Undan yordam so‘rar edilar va bizga ham shuni o‘rgatganlar. Allohning uylaridan yuz o‘girish, namozni tark etish va duodan yuz oʻgirishni emas. Bunday qilsangiz musibat oningizda kimdan panoh topasiz va baloingiz olovidan kimning himoyasiga qochasiz? Allohga qayting, ey birodar, Undan g‘amingizni ketkazishini va ko‘nglingizni davolashini so‘rang. Sabr va namoz bilan yordam so‘rang, albatta, Alloh sabrlilar bilandir.
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Shayx Muhammad Solih al-Munajjid
Bu javob foydali bo’ldimi?