Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Oilaviy masalalar » Emizish » Xotinning sutini emish hukmi
Fatvo: 2864

O'qildi: 102

13.06.2026

/ 27 Zulhijja 1447

Fatvo mavzusi: »

Xotinning sutini emish hukmi

Savol

Emizikli xotinim bilan jinsiy aloqa qilayotganimda uning sutini ichib yubordim. Uning suti menga halolmi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Savolga javob berishdan oldin, emizish ahkomlaridagi ba’zi muhim masalalarni bayon qilish lozim:

  1. Emizish Kitob, Sunnat va ijmo’ bilan sobitdir.

Allohning kitobidan dalil, U Zotning ushbu so‘zidir:

﴿وَأُمَّهَاتُكُمُ اللَّاتِي أَرْضَعْنَكُمْ وَأَخَوَاتُكُمْ مِنَ الرَّضَاعَةِ﴾

«(Sizlar uchun) emizgan onalaringiz va emishgan opa-singillaringiz(ga uylanish harom qilindi)» (Niso: 23).

Sunnatdan dalil esa quyidagi hadisdir:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: «قَالَ النَّبِيُّ فِي بِنْتِ حَمْزَةَ: لَا تَحِلُّ لِي، يَحْرُمُ مِنَ الرَّضَاعِ مَا يَحْرُمُ مِنَ النَّسَبِ، هِيَ بِنْتُ أَخِي مِنَ الرَّضَاعَةِ».

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hamzaning qizi xususida: «U menga halol emas. Nasab tufayli nima harom bo‘lsa, emizish tufayli ham harom bo‘ladi. U emikdosh akamning qizidir», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 2645; Sahihi Muslim, 1447).

Ijmo’ga kelsak, ulamolar emizishning nikohni harom qilish, mahramlik, nazar solish va xilvatda qolishning joizligiga ta’sir qilishiga ijmo’ qilganlar.

  1. Emizishning ta’siri sutemizuvchidan go‘dakka o‘tishi uchun ma’lum shartlar mavjud, ular quyidagilardir:

– Emizish ikki yil ichida bo‘lishi kerak, Alloh taoloning ushbu so‘ziga binoan:

﴿وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ ۖ لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يُتِمَّ الرَّضَاعَةَ﴾

«Onalar bolalarini to‘la ikki yil emizadilar. (Bu hukm) emizishni benuqson qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchundir» (Baqara: 233).

– Emizishlar soni besh marta ma’lum emizish bo‘lishi shart, ya’ni bola uchun bir ovqatlanish kabi bo‘lishi, masalan, bir marta yeyish yoki bir marta ichish kabi. Bolaning nafas olish kabi biror sabab bilan ko‘krakni qo‘yib yuborishi yoki bir ko‘krakdan ikkinchisiga o‘tkazilishi esa bir emizish hisoblanmaydi. Bu Shofe’iy mazhabi va Ibn Qayyimning tanlovidir. Emizishning ta’rifi shuki, bola ko‘krakni og‘ziga olib, sut uning ichiga kirguncha emadi, so‘ng o‘z xohishi bilan qo‘yib yuboradi. Besh marta emizishga dalil Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisdir.

عَنْ عَائِشَةَ ، أَنَّهَا قَالَتْ: «كَانَ فِيمَا أُنْزِلَ مِنَ الْقُرْآنِ عَشْرُ رَضَعَاتٍ مَعْلُومَاتٍ يُحَرِّمْنَ، ثُمَّ نُسِخْنَ بِخَمْسٍ مَعْلُومَاتٍ، فَتُوُفِّيَ رَسُولُ اللهِ ﷺ، وَهُنَّ فِيمَا يُقْرَأُ مِنَ الْقُرْآنِ».

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Qur’onda nozil qilingan oyatlar ichida «O‘nta aniq emizish bilan mahram bo‘ladi» ham bor edi. Keyin u «Beshta aniq…» oyati bilan nasx qilindi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida Qur’ondan o‘qiladigan oyatlar ichida bu bor edi» (Sahihi Muslim, 1452).

Ya’ni, uning tilovatining nasx qilinishi juda kechikdi, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida ham ba’zi odamlarga uning tilovati nasx qilingani haqidagi xabar yetmagan edi. Ularga tilovatining nasx qilingani haqidagi xabar yetgach, uni o‘qishni tark etdilar va uning hukmi qolishi bilan birga tilovat qilinmasligiga ijmo’ qildilar. Bu hukmi qolgan holda tilovati nasx qilingan nasx turlaridan biridir. Shunday ekan, ikki yildan keyingi emizish hech narsani harom qilmaydi. Bu jumhur ahli ilmning fikridir. Ularning dalillaridan biri yuqoridagi oyat va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlaridir.

عَنْأُمِّ سَلَمَةَ قَالَتْ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «لَا يُحَرِّمُ مِنَ الرَّضَاعَةِ إِلَّا مَا فَتَقَ الْأَمْعَاءَ فِي الثَّدْيِ وَكَانَ قَبْلَ الْفِطَامِ».

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Emizishdan faqatgina ichaklarni to‘ldirgani va ko‘krakdan ajratishdan oldin bo‘lganigina (nikohni) harom qiladi», dedilar» (Termiziy, 1152; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 7633).

Imom Termiziy aytadilar: «Bu hadis hasan-sahihdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari va boshqalardan bo‘lgan aksariyat ahli ilm nazdida amal shunga ko‘radir, ya’ni emizish faqat ikki yildan oldin bo‘lganigina harom qiladi. To‘liq ikki yildan keyin bo‘lgani esa hech narsani harom qilmaydi», degan (iqtibos tugadi).

So‘ng sahobalardan bir qancha asarlar bor. Ulardan biri Abu Atiyya al-Vodi’iydan rivoyat qilingan. U aytadi: «Bir kishi Ibn Mas’udning oldiga kelib: «Xotinim men bilan edi, uning suti ko‘kragida to‘planib qoldi, men uni emib, so‘ng tupurib tashlay boshladim. Abu Musoning oldiga bordim. U: «Bunga nima deb fatvo berding?» dedi. Unga bergan fatvosini aytdi. Shunda Ibn Mas’ud o‘sha kishining qo‘lidan ushlab: «Buni emizuvchi deb o‘ylaysanmi? Emizish faqat go‘sht va qonni o‘stiradigan narsadir», dedi. Shunda Abu Muso: «Modomiki bu olim orangizda ekan, mendan hech narsa so‘ramanglar», deb aytdi» («Musannaf Abdurrazzoq», 13895-asar).

Ibn Umar roziyallohu anhumo: «Emizish faqat kichiklikda emizilgan kishi uchundir, kattaga emizish yo‘q», deganlar («Muvatto», 2/603. Bu xabarning isnodi sahihdir).

Abdulloh ibn Dinor aytadi: «Bir kishi Abdulloh ibn Umarning oldiga keldi, men ham u bilan birga qozixona yonida edim, u katta kishining emishi haqida so‘radi. Abdulloh ibn Umar dedi: «Bir kishi Umar ibn Xattobning oldiga kelib: «Mening bir cho‘rim bor edi, u bilan yaqinlik qilardim. Xotinim esa ataylab borib, uni emizib qo‘yibdi. Cho‘rimning oldiga kirsam, xotinim: «U sizga harom bo‘ldi, Allohga qasamki, men uni emizdim», dedi», deb aytdi. Shunda Umar: «Xotiningni jazolab qo‘y va cho‘ring bilan yaqinlik qilaver. Zero, emizish faqat yosh go‘daklikdagina e’tiborga olinadi», dedi» (Bu xabarni ham Imom Molik Muvattoda keltirgan, isnodi sahihdir).

Shundan ma’lum bo‘ladiki, xotinning sutini emish mahramlikka ta’sir qilmaydi.

Ibn Qudoma aytadi: «Emizishning harom qilishining sharti goʻdakning ikki yoshgacha bo‘lishidir. Bu aksariyat ahli ilmning so‘zidir. Umar, Ali, Ibn Umar, Ibn Mas’ud, Ibn Abbos, Abu Hurayra va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Oishadan boshqa zavjalaridan shunga o‘xshash xabarlar rivoyat qilingan. Sha’biy, Ibn Shubruma, Avzo’iy, Shofe’iy, Is’hoq, Abu Yusuf, Muhammad, Abu Savr va Molikdan bir rivoyat ham shunga ko‘radir», («Mug‘niy», 9/201).

Yuqoridagi dalillarga asosan, «xotinning sutini emish mahramlikka ta’sir qilmaydi», deb aytamiz, garchi bunday qilmaslik afzalroq bo‘lsa ham.

Shayx Muhammad ibn Solih Usaymindan bu masala haqida so‘ralganda, u kishi shunday javob berganlar: «Katta yoshdagi kishini emizishning (nikohga) ta’siri yoʻq, chunki emizishning ta’siri boʻlishi uchun ikki yoshlik chogʻida, sutdan ajratishdan oldin besh yoki undan ko‘p marta boʻlmogʻi lozim. Shunga ko‘ra, agar biror kishi xotinini emib qoʻysa yoki sutidan ichsa, u ayolga o‘g‘il bo‘lib qolmaydi» («Fatava Islamiya», 3/338).

Alloh bilguvchiroqdir.

Manba: Shayx Muhammad Solih al-Munajjid.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

1

O’xshash fatvolar

  • Ayolga teginish tahoratni buzadimi?

    Inson kun davomida xotiniga biror narsa berish va olishdan xoli bo‘la olmaydi. Agar tahoratli kishi xotinining qo‘liga tegsa, tahorati buziladimi?
  • Ayolning orqa avratiga yaqinlik qilish hukmi

    Muhtaram shayximiz, ushbu noqulay savolni berganim uchun uzr soʻrayman. Savolim: xotinning orqa avratidan yaqinlik qilishning hukmi qanday?
  • Er-xotin orasidagi jinsiy aloqalarning me’yori

    Er-xotin nikoh kechasida jinsiy aloqa qilishi mumkinmi? Agar javob ijobiy bo‘lsa, er xotini bilan bir haftada qancha marta jinsiy aloqada bo‘lishi mumkin, bir martami yo ko‘proq yoki kamroqmi? Iltimos, so‘ramoqchi bo‘lgan narsani ifodalash uchun boshqa so‘z topa olmadim.
  • Emizish miqdoridagi noaniqlik

    Men amakimning qiziga uylanmoqchiman, chunki men uni yaxshi koʻraman, u ham menga befarq emas. Lekin muammo shundaki, uning onasi chaqaloqligimda meni emizgan. Biz undan necha marta emizganini so‘raganimizda, u ancha vaqt o‘tgani uchun aniq eslay olmasligini aytdi. Bunday vaziyatda amakimning qiziga uylanishim joizmi?