O'qildi: 145
09.02.2026
/ 21 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Roʻzani buzadigan narsalar
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Imom Shofeʼiy va Imom Ahmad mazhablariga koʻra, Ramazonda hushidan ketgan kishi ikki holatdan birida boʻladi:
Birinchisi:
Butun kun davomida hushidan ketib yotish, yaʼni tong otmasdan oldin hushdan ketib, quyosh botganidan keyin oʻziga kelish.
Bunday holatda uning roʻzasi sahih boʻlmaydi va u Ramazondan keyin bu kunning qazosini tutishi vojibdir.
Roʻzasi sahih emasligiga dalil shuki, roʻza – qalbdagi niyat bilan roʻzani buzuvchi narsalardan tiyilishdir. Chunki Alloh taolo hadisi qudsiyda roʻzador haqida aytadi:
«(Bandam) taomi, ichimligi va shahvatini Meni deb tark qiladi…» (Sahihi Buxoriy, 1894; Sahihi Muslim, 1151).
Alloh taolo tark etishni roʻzadorga nisbat berdi, hushidan ketgan kishiga esa tark etish nisbat berilmaydi.
Unga qazo vojibligiga dalil esa Alloh taoloning quyidagi soʻzidir:
«Va kim xasta yoki musofir boʻlsa, u holda (roʻza tutolmagan kunlarining) sanogʻini boshqa kunlarda (tuzalgach yoki safardan qaytgach) tutadi» (Baqara: 185).
Ikkinchisi:
Agar kishi kunning bir qismida – hatto bir lahzaga boʻlsa ham hushiga kelsa, uning roʻzasi durust hisoblanadi. Bu hol kunning boshida, oxirida yoki oʻrtasida sodir boʻlishidan qatʼi nazar.
Imom Navaviy rahimahulloh ulamolarning bu masaladagi ixtiloflarini zikr qilib aytadi:
«Eng sahih qavl: kunning bir qismida oʻziga kelishi shart qilinadi».
Yaʼni, hushidan ketgan kishining roʻzasi sahih boʻlishi uchun kunning bir qismida oʻziga kelishi shart.
Kunning bir qismida hushiga kelgan kishining roʻzasi sahih ekanligiga dalil shuki, u umumiy maʼnoda roʻzani buzadigan narsalardan tiyilgan boʻladi («Ibn Qosimning Ravzul Murbiʼga hoshiyasi», 3/381).
Javobning xulosasi:
Agar kishi butun kun davomida – yaʼni tong otganidan quyosh botgunicha – hushidan ketsa, uning roʻzasi sahih boʻlmaydi va unga qazo vojib boʻladi.
Agar kunning biror qismida oʻziga kelsa, roʻzasi sahih boʻladi. Bu Shofeʼiy va Ahmad mazhabi boʻlib, shayx Ibn Usaymin rahimahulloh ham shu soʻzni ixtiyor qilganlar.
Qarang: «al-Majmuʼ» (6/346), «al-Mugʻniy» (4/344), «ash-Sharh al-Mumtiʼ» (6/365).
Vallohu aʼlam.
Manba: Islomiy savol-javoblar
Bu javob foydali bo’ldimi?