Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Eʼtiqod masalalari » Iymon » Alloh O‘z soyasida soyalantiradigan kishilar
Fatvo: 924

O'qildi: 65

Iyul 17, 2025

/ 20 Safar 1447

Fatvo mavzusi: »

Alloh O‘z soyasida soyalantiradigan kishilar

Savol

Qiyomat kuni quyosh yerga yaqinlashganida Alloh O‘z soyasida soyalantiradigan kishilar kimlar?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Alloh O‘z soyasidan boshqa soya bo‘lmagan Kunda U Zot O‘z soyasiga oladigan yetti toifa kishi haqida sahih hadislarda zikr qilingan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، عَنِ النَّبِيِّ قَالَ: «سَبْعَةٌ يُظِلُّهُمُ اللهُ فِي ظِلِّهِ يَوْمَ لَا ظِلَّ إِلَّا ظِلُّهُ: الْإِمَامُ الْعَادِلُ، وَشَابٌّ نَشَأَ فِي عِبَادَةِ رَبِّهِ، وَرَجُلٌ قَلْبُهُ مُعَلَّقٌ فِي الْمَسَاجِدِ، وَرَجُلَانِ تَحَابَّا فِي اللهِ اجْتَمَعَا عَلَيْهِ وَتَفَرَّقَا عَلَيْهِ، وَرَجُلٌ طَلَبَتْهُ امْرَأَةٌ ذَاتُ مَنْصِبٍ وَجَمَالٍ، فَقَالَ إِنِّي أَخَافُ اللهَ، وَرَجُلٌ تَصَدَّقَ، أَخْفَى حَتَّى لَا تَعْلَمَ شِمَالُهُ مَا تُنْفِقُ يَمِينُهُ، وَرَجُلٌ ذَكَرَ اللهَ خَالِيًا فَفَاضَتْ عَيْنَاهُ».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Yetti kishi borki, Alloh O‘zining soyasidan boshqa soya bo‘lmagan Kunda ularni O‘z soyasiga oladi: adolatli imom; Rabbisining ibodatida unib-o‘sgan yigit; qalbi masjidlarga bog‘liq kishi; Alloh yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rib, shu asosda birlashgan va shu holatda ajralishgan ikki kishi; nufuzli va go‘zal ayol (zinoga) chorlaganida: «Men Allohdan qo‘rqaman», degan kishi; o‘ng qo‘li berganini chap qo‘li bilmaydigan darajada maxfiy sadaqa qilgan kishi; xoli qolganda Allohni eslab, ko‘ziga yosh kelgan kishi» (Muttafaqun alayh: Buxoriy, 660; Muslim 1712).

Bu Allohning mo‘min bandalariga in’om qilgan ne’matlaridandir. O‘sha ulug‘ kunda odamlar qiyinchilik va mashaqqatda bo‘ladilar. Quyosh maxluqotlarga bir mil masofaga yaqinlashadi va odamlar qilgan amallariga yarasha terlaydilar. Biroq Alloh ba’zi mo‘minlarni O‘z soyasi bilan himoya qilib, quyosh va terdan asraydi.

عَن عُقْبَة بْن عَامِرٍ، يَقُولُ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «تَدْنُو الشَّمْسُ مِنَ الْأَرْضِ فَيَعْرَقُ النَّاسُ، فَمِنَ النَّاسِ مَنْ يَبْلُغُ عَرَقُهُ عَقِبَيْهِ، وَمِنْهُمْ مَنْ يَبْلُغُ إِلَى نِصْفِ السَّاقِ، وَمِنْهُمْ مَنْ يَبْلُغُ إِلَى رُكْبَتَيْهِ، وَمِنْهُمْ مَنْ يَبْلُغُ الْعَجُزَ، وَمِنْهُمْ مَنْ يَبْلُغُ الْخَاصِرَةَ، وَمِنْهُمْ مَنْ يَبْلُغُ مَنْكِبَيْهِ، وَمِنْهُمْ مَنْ يَبْلُغُ عُنُقَهُ، وَمِنْهُمْ مَنْ يَبْلُغُ وَسَطَ فِيهِ، وَمِنْهُمْ مَنْ يُغَطِّيهِ عَرَقُهُ»

Uqba ibn Omirdan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitdim: «Quyosh yerga yaqinlashib, odamlar terlaydilar. Ulardan ba’zilarining terlari toʻpiqlariga qadar koʻtariladi. Ayrimlarniki boldirining yarmigacha, ba’zilariniki tizzalarigacha, ba’zilariniki sonigacha, ba’zilariniki yonboshigacha, ba’zilarining beligacha yetadi. Ba’zilarning teri yelkasigacha, ayrimlarining bo‘ynigacha, yana ba’zilarniki og‘zining o‘rtasigacha yetadi. Ba’zilarini esa teri butunlay qoplab oladi» (Musnadi Ahmad, 16798; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Targʻib», 3577).

Quyida Ibn Hajar rahimahullohning ushbu hadisga bergan sharhini keltiramiz:

«O‘zining soyasida» – Soyaning Allohga nisbat berilishi sharaf belgisidir, chunki har qanday soya U Zotning mulkidir. Aytilishicha, bu Uning izzati va himoyasiga ishora qiladi, xuddi (arab tilida) «falonchi podshohning soyasida» deyilganidek (oʻzbek tilida ham: «bu ishlar falonchining soyasida amalga oshirildi», deyilgani kabi). Boshqa fikrga ko‘ra, bu yerda Allohning arshining soyasi nazarda tutilgan bo‘lib, bu haqiqatga yaqinroq.

«Adolatli imom» iborasi hokimiyat egasi ma’nosini anglatadi va bu musulmonlarning har qanday ishi ishonib topshirilgan va unda adolatli bo‘lgan har bir kishini o‘z ichiga oladi.

«Adolat» so‘zining eng to‘g‘ri ta’rifi – har bir narsani o‘z o‘rniga qo‘yib, haddan oshmasdan va e’tiborsizlik qilmasdan Allohning amriga amal qilishdir. Adolatli hukmdorning manfaati barchaga taalluqli boʻlgani uchun hadisda birinchi zikr qilingan.

«Yigit» so‘zi alohida ta’kidlanishiga sabab, yoshlar nafs istagi kuchli bo‘lgani uchun unga ergashishlari ehtimoli yuqori. Shunga qaramay, yosh yigitning ibodatga berilishi uning taqvosi kuchli ekaniga dalolat qiladi.

«Rabbisining ibodatida» iborasi Salmonning hadisida «yoshligi va kuch-quvvatini Allohga ibodat qilishga sarflagan» deyilgan.

«Qalbi masjidlarga bog‘langan» – iborasi majoziy ma’noda bo‘lib, go‘yo uni masjidda osib qo‘yilgan narsaga, masalan, chiroqqa o‘xshatilgandek. Bu uning tanasi tashqarida bo‘lsa-da, qalbi doimo masjidga intilishini anglatadi. Shuningdek, u «bog‘lanish» so‘zidan olingan bo‘lishi ham mumkin, bu uning masjidga bo‘lgan muhabbatining kuchliligiga ishora qiladi.

«Bir-birini yaxshi ko‘rgan» jumlasidagi ta’kid ularning muhabbati bir xil ekanligini va bir-birlarini xoʻjakoʻrsin tomondan emas, balki chinakamiga yaxshi ko‘rishlarini anglatadi..

«Shu asosda birlashgan va shu holatda ajrashgan» jumlasining ma’nosi shuki, ular din asosida muhabbatlashib, uni dunyoviy sabablar tufayli buzmaydilar. Birga bo‘lganlarida ham, ayo bo‘lganlarida ham, to o‘lim ularni ajratmaguncha shu holatda qoldilar.

«Nufuzli va go‘zal ayol chorlaganida» – «Nufuz»dan murod nasl-nasab yoki sharafni anglatadi va u ham nasab, ham boylikka ishora qiladi. Ayol eng mukammal sifatlar bilan ta’riflangan: go‘zallik, obro‘ va boylik, ayol kishida bularning barchasi mujassam bo‘lishi kamdan-kam uchraydi. Ko‘rinib turganidek, ayol uni axloqsiz ishlarga chaqirgan.

«Men Allohdan qo‘rqaman» – Zohiran u buni tili bilan aytgan, yo uni fahshdan qaytarish uchun, yoki uzr aytish uchun gapirgan. Biroq u buni qalbida aytgan bo‘lishi ham mumkin.

«O‘ng qo‘li bergan sadaqani chap qo‘li bilmaydigan darajada» – Bundan koʻzlangan asosiy maqsad sadaqani yashirishdir. Bu yerda sadaqani yashirishda shunchalik mubolag‘a qilinganki, chap qo‘l o‘ng qo‘liga yaqin va bir-biriga bog‘liq bo‘lishiga qaramay, yashirinlik darajasi yuqoriligidan o‘ng qo‘l nima qilayotganini bilmay qoladi. Bu majoziy o‘xshatishdir.

«Allohni zikr qilgan» iborasi qalbi yoki tili bilan zikr qilganini anglatadi.

«Xoli» so‘zi arab tilidagi «xuluvv» so‘zidan olingan bo‘lib, shar qanday riyokorlikdan xoli ekanligini bildiradi. Chunki u paytda inson riyokorlikdan yiroq bo‘lib, Allohdan boshqaga yuzlanishdan xoli bo‘ladi.

«Ko‘ziga yoshi kelgan» degani ko‘zlaridan yosh to‘kilganini anglatadi. To‘lib-toshish ko‘zlarga nisbat berilishi ta’kid uchun bo‘lib, go‘yo ko‘zlarning o‘zi to‘lib-toshgandek tasvirlanadi.

Ushbu hadisda faqat erkaklar tilga olingan bo‘lsa-da, ayollar ham zikr etilgan fazilatlardan bahramand bo‘lishlari mumkin. Agar odil imomdan maqsad oliy imomlik bo‘lmasa, farzandlari bor va ularga adolatli munosabatda bo‘lgan ayol ham bu fazilatga ega bo‘lishi mumkin. Ayollar uchun masjidga borish sharti istisno qilinadi, chunki ular uchun uyda namoz o‘qish masjidda o‘qishdan afzalroqdir. Bundan boshqa barcha fazilatlarda ayol ham mushtarakdir, hatto ayolni erkak chorlashi ham, masalan boy, mansabdor, xushsurat, kelishgan erkak uni zinoga chorlasa, ayol esa muhtoj bo‘lishiga qaramay Alloh taolodan qo‘rqib rad uni etsa, u ham bu fazilatga ega bo‘ladi».

Alloh O‘z soyasida soyalantiradigan boshqa kishilar ham bor – yuqoridagi hadisda zikr qilingan yettitadan tashqari – ular boshqa hadislarda zikr qilingan bo‘lib, Ibn Hajar rahimahulloh ularni «Fathul Boriy» (620) kitobida quyidagicha sanab o‘tgan: «G‘oziyni himoya qilish, mujohidga yordam berish, qiynalgan va nochor kishiga muhlat berish, uning yukini yengillatish, qarzdorga yordam berish, mukotabga (ishlab oʻzini oʻzi ozod qiluvchi qulga) ko‘maklashish, axloqni oʻnglash, masjidlarga piyoda borish, savdoda rostgo‘y bo‘lish, haqni qabul qilish va xayr-saxovatli boʻlish»

Allohdan Oʻzining soyasidan boshqa soya bo‘lmaydigan kunda bizni O‘z soyasida saqlashini so‘raymiz.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Jannat ahli dunyodagi hayotlarini eslaydilarmi?

    Jannat ahli dunyoda qanday yashaganlarini eslaydilarmi? Ular yer yuzida orzu qilgan narsalarini jannatda ham istaydilarmi?
  • O‘qish-yozishni bilmaydigan Payg‘ambar

    Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi va sallamning o‘qish va yozishni bilmaganliklariga biror dalil bormi?
  • Shirk e’tiqodlar yoki g‘aybdan xabar berishga asoslangan filmlarni ko‘rish hukmi

    «Gerkules» kabi shirkka asoslangan afsonalar va g‘oyalarga tayangan filmlarni tomosha qilish musulmon uchun joizmi?
  • Mazhabim haqida so‘ralsa nima deyman

    Yaqinda kelgan ba’zi birodarlarim mendan tez-tez: «Hanbaliymisiz, Shofe’iymisiz va hokazo», deb mazhabim haqida so‘rashadi. Holbuki, men bu masalalarni yaxshi tushunmayman. Menga musulmon bo‘lishimning o‘zi kifoya, din masalalarida shubham tug‘ilsa, ulamolardan so‘rayman. Siz qanday maslahat berasiz?
  • Er-xotin Islomga kirganda nikohni yangilash shart emas

    Er-xotin Islomga kirsa, nikoh shartnomasini yangilashi kerakmi?
  • Allohdan boshqaga atab jonliq soʻyish

    Alloh taoloning Baqara surasi, 173-oyatidagi:﴿إِنَّمَا حَرَّمَ عَلَیۡكُمُ ٱلۡمَیۡتَةَ وَٱلدَّمَ وَلَحۡمَ ٱلۡخِنزِیرِ وَمَاۤ أُهِلَّ بِهِۦ لِغَیۡرِ ٱللَّهِۖ ﴾«U sizlarga faqatgina o‘laksa, qonni, to‘ng‘iz go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atalib so‘yilgan narsalarnigina harom qildi» degan soʻzining ma’nosi nima? Bu oyat Hindistonda Abdulqodir Jiyloniy kabi solih insonlar nomidan Fotiha surasini o‘qigandan so‘ng taklif qilingan har qanday taomni, garchi u Allohdan boshqaning nomiga so‘yilgan bo‘lmasa ham, qabul qilish yoki iste’mol qilishimga to‘sqinlik qiladimi?