O'qildi: 100
Iyul 13, 2025
/ 20 Safar 1447
Fatvo mavzusi: Allohga iymon keltirish » Eʼtiqod masalalari » Farishtalarga iymon keltirish » Iymon
Savol
Farishtalar kimlar? Ularning vazifalari va ko‘rinishlari qanday? Ular qancha sonda va ismlari qanday? Qachon yaratilganlar? Nimadan yaratilganlar? Eng ulug‘ farishta kim?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Mundarija:
– Farishtalarning yaratilishi va maqomidagi farqlar
– Farishtalarning yemoq-ichmoqdan behojatligi
– Ular Allohni zikri va ibodatdan malollanmasligi
– Shakl o‘zgartirish qobiliyati
Hamdning barchasi faqat Allohga xosdir. Payg‘ambarimizga salavot va salomlar bo‘lsin.
FARISHTALARGA ISHONISH IYMON USTUNLARIDAN BIRIDIR
Farishtalarga ishonish – iymonning olti ruknidan biri bo‘lib, usiz iymon mukammal bo‘lmaydi. Kim bu ruknlarning birortasiga iymon keltirmasa, u mo‘min hisoblanmaydi. Bu ruknlar: Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga va qadar (yaxshilik va yomonlik) Alloh taolodan ekanligiga iymon keltirish.
FARISHTALAR KIMLAR?
Farishtalar biz tushuna olmaydigan «g‘ayb» olamining bir qismidir. Ular haqida Alloh taolo bizga Qur’oni karimning ko‘p o‘rinlarida va Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi va sallam orqali xabar bergan. Quyida farishtalar haqidagi bir qator ishonchli ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, ular sizga Yaratuvchining ulug‘vorligini va ular haqida bizga ko‘p narsalarni o‘rgatgan bu dinning buyukligini anglashga yordam beradi.
FARISHTALAR NIMADAN YARATILGAN?
Alloh farishtalarni nurdan yaratgan. Bu haqda sahih hadisda shunday deyiladi:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Farishtalar nurdan yaratilgan. Jinlar olovning alangasidan yaratilgan. Odam esa sizlarga vasf qilingan narsadan yaratilgan» (Sahihi Muslim, 2996).
FARISHTALAR QACHON YARATILGAN?
Ularning yaratilish vaqti haqida aniq ma’lumotga ega emasmiz, chunki bu haqda bizga ma’lumot beradigan oyat yoki hadis yo‘q. Ammo ular insondan oldin yaratilgani aniq, chunki Qur’onda shunday deyilgan:
«Eslang, (ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Parvardigoringiz farishtalarga: «Men Yerda (Odamni) xalifa qilmoqchiman», deganida…» (Baqara: 30). Alloh ularga insonni yaratmoqchi ekanini xabar bergani, ularning insoniyatdan oldin mavjud bo‘lganiga dalolat qiladi.
FARISHTALARNING ULKAN HAJMI
Alloh taolo do‘zax farishtalari haqida shunday deydi:
«Ey mo‘minlar, sizlar o‘zlaringizni va ahli-oilalaringizni o‘tini odamlar va toshlar bo‘lgan do‘zaxdan saqlangizki, u (do‘zax) ustida qattiqdil va qattiqqo‘l, Alloh o‘zlariga buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat o‘zlariga buyurilgan narsani qiladigan farishtalar turur» (Tahrim: 6).
Barcha farishtalarning eng ulug‘i Jabroil alayhissalom bo‘lib, u quyidagicha tasvirlangan:
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Jabroil alayhissalomni haqiqiy qiyofasida ko‘rdilar. Uning olti yuzta qanoti bo‘lib, har biri ufqni qoplab turardi. Qanotlaridan javohirlar, marvaridlar va yoqutlar to‘kildi, ular haqida faqat Alloh biladi» (Musnadi Ahmad, 3748; Bu hadis Shuayb Arnautga koʻra «zaif». Baʻzi ulamolar «hasan hadis» degan boʻlsa, Ibn Kasir «Bidoya»da (1/47) rivoyat zanjiri yaxshi ekanini aytgan).
Ammo sahihligida ittifoq qilingan hadisda:
Masruqdan rivoyat qilinadi: «Oisha roziyallohu anho: «Ana o‘sha Jabroil sollallohu alayhi va sallamdir. U u zotning huzurlariga odam suratida kelar edi, shu safar o‘zining asl suratida kelib, osmon yuzini to‘sib qo‘ydi», dedi» (Muslim, 177).
Farishtalarning eng kattalari orasida Arshni ko‘tarib turuvchilari bor. Ular haqida quyidagi rivoyat kelgan:
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Menga Allohning Arshni ko‘tarib turuvchi farishtalaridan biri haqida so‘zlashga izn berildi. Uning qulog‘ining yumshogʻidan bo‘ynigacha bo‘lgan masofa yetti yuz yillik yo‘ldir» (Abu Dovud, 4727; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 4727).
FARSIHTALARNING TAVSIFI
Alloh taolo aytadi:
«Hamdu-sano osmonlar va Yerni ilk yaratguvchi hamda (O‘zi bilan bandalari o‘rtasida) farishtalarni ikki, uch, to‘rt qanotli elchilar (vositachilar) qilguvchi Alloh uchundir. U zot (yaratgan) mahluqotida O‘zi xohlagan narsani ziyoda qilur. Albatta Alloh barcha narsaga qodirdir» (Fotir: 1).
Alloh taolo Jabroil alayhissalomni tasvirlab shunday deydi:
«(Muhammad sallallohu alayhi va sallamga) o‘ta kuchli va xushsurat farishta – (Jabroil alayhissalom) ta’lim berdi» (Najm: 5-6).
Ibn Abbos: «Zu mirro» – uning ko‘rinishi chiroyli» degani», deb tafsir qilgan. Qatoda esa: «U baland bo‘yli va chiroyli» degan.
Odamlar orasida farishtalarni go‘zallik timsoli sifatida tasvirlash keng tarqalgan. Shu sababli, ayollar Yusuf alayhissalom haqlarida:
«Qachonki uni ko‘rishgach (ular beixtiyor uni) olqishladilar va (o‘zlari sezmagan hollarida, qo‘llaridagi pichoqlari bilan) o‘z qo‘llarini kesa boshladilar. Hamda: «Ey pok Alloh, bu bashar (farzandi) emas, bu asil farishtaning o‘zi-ku», deb yubordilar» (Yusuf: 31).
Farishtalar yaratilish va maqomda bir xil emas, balki fazilatda ham farqlidirlar. Ularning eng afzali Badr jangida qatnashgan farishtalardir.
Mu’oz ibn Rifo’a ibn Rofe’ Zuraqiy otasidan – otasi Badr ahlidan edi – rivoyat qiladi: «Jabroil kelib, Nabiy sollallohu alayhi va sallamga: «Badr ahlini oralaringizda kim deb bilasizlar?» dedi. U zot: «Musulmonlarning eng afzallaridan deb», dedilar yoki shunga o‘xshash so‘z aytdilar. U (Jabroil): «Badrda hozir bo‘lgan farishtalar ham shunday», dedi» (Sahihi Buxoriy, 3992).
Bunga Allohning xalili – Ibrohim alayhissalomning u zotni ziyorat qilgan farishtalar bilan suhbati dalil boʻladi. Alloh taolo aytadi:
«So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (qovurilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib, «(Taomdan) yemaysizlarmi?», dedi. (Lekin mehmonlar ovqatga qo‘l cho‘zishmagach), ulardan xavfsiray boshladi. (Shunda) ular: «Qo‘rqmagin. (Bizlar farishtalarmiz, shuning uchun taom yemaymiz)», dedilar va (Ibrohimga) bir dono o‘g‘il xushxabarini berdilar» (Zoriyot: 28).
Boshqa oyatda esa:
«Endi qachonki u ovqatga qo‘l cho‘zmaganlarini ko‘rgach, ulardan shubhalandi va ulardan xavfsiray boshladi. (Shunda) ular: «Qo‘rqmagin. Bizlar (farishtalarmiz taom yemaymiz), Lut qavmiga (ularni halok qilish uchun) yuborilganmiz», dedilar» (Hud: 70).
Alloh taolo aytadi:
«Ular tunu kun sustkashlik qilmasdan (Allohni) poklaydilar» (Anbiyo: 20).
Yana aytadi:
«Endi agar (kofirlar Allohga sajda qilishdan) kibr-havo qilsalar, bas, (bilingki), Parvardigoringizning huzuridagi zotlar (farishtalar) kecha-yu kunduzi hech zerikmasdan-malollanmasdan U zotga tasbeh ayturlar — sajda qilurlar» (Fussilat: 38).
FARISHTALARNING SONI
Farishtalar soni juda ko‘p bo‘lib, ularning sonini faqat Alloh biladi.
Sahihi Buxoriyda kelgan uzun hadisda:
Molik ibn Sa’sa’a roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «So‘ngra menga Baytul-ma’mur [ya’ni «obod uy» deb atalmish osmon ahlining qiblasi] namoyon qilindi. Jabroildan so‘ragan edim, u: «Bu – Baytul-ma’mur, unda har kuni yetmish ming farishta namoz o‘qiydi. (Undan) chiqqach, unga qaytib kirmaydilar bu ular uchun oxirgisi bo‘ladi» dedi» (Sahihi Buxoriy, 3207).
Abdulloh roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «O‘sha kuni jahannam keltiriladi, uning yetmish mingta tutqichi bo‘ladi, har bir tutqichidan yetmish ming farishta sudrab keladi» (Sahihi Muslim, 2842).
FARISHTALARNING ISMLARI
Farishtalarning ismlari bor, biroq biz ulardan faqat bir nechtasining ismini bilamiz xolos. Ismi ochiq aytilganlar farishtalarning ismlari va tavsiflariga toʻliq iymon keltirish, qolganlariga esa umumiy iymon keltirish vojibdir. Bizga ismlari ma’lum bo‘lgan farishtalar quyidagilardir:
1, 2. Jabroil va Mikoil:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «Kim Jabroilga dushman bo‘lsa, (u Allohga dushmandir). Zero u (Jabroil) Allohning izni bilan qalbingizga o‘zidan avvalgi kitoblarni tasdiq etadigan va mo‘minlarga hidoyat va xushxabar bo‘lgan Qur’onni nozil qildi. Kim Allohga va Uning farishtalariga, payg‘ambarlariga, Jabroil va Mikoilga dushman bo‘lsa, bas, albatta Alloh (bunday) kofirlarga dushmandir» (Baqara: 97-98).
Abu Salama ibn Abdurrahmon ibn Avf aytadi: «Mo‘minlarning onasi Oishadan: «Allohning Nabiysi sollallohu alayhi va sallam kechasi turganlarida namozni nima bilan boshlardilar?» deb so‘radim. U: «U zot kechasi turganlarida namozlarini shunday boshlardilar: «Allohumma, Robba Jibrooiila, va Miikaaiila, va Isrofiila, Faatiros samaavaati val ardi, ’aalimal g‘oybi vash shahaada! Anta tahkumu bayna ’ibaadika fii maa kaanuu fiihi yaxtalifuun, ihdinii limaxtulifa fiihi minal haqqi bi’iznik, innaka tahdii man tashaa’u ilaa sirootin mustaqiim».
Ma’nosi: «Allohim, ey Jabroil, Mikoil va Isrofilning Robbi! Ey osmonlaru yerning yaratuvchisi! Ey g‘aybu shahodatni bilguvchi! Bandalaring o‘rtasida ular o‘zaro ixtilof qilgan narsalar xususida O‘zing hukm qilursan. Ixtilof qilingan haqqa meni O‘z izning ila hidoyat qil. Zero, Sen istaganingni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilursan!» (Sahihi Muslim, 770).
U do‘zaxning qo‘riqchisidir:
«Ular (do‘zax qo‘riqchisi bo‘lgan farishtaga) «Ey Molik, Parvardigoring bizlarga hukmini qilsin (ya’ni, tezroq jonimizni olsin, bizlar bu azobdan qutulaylik», deb) nido qilganlarida...» (Zuxruf: 77).
5, 6. Munkar va Nakir:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Sizlardan biringiz yoki oʻlik qabrga qoʻyilarkan koʻm-koʻk, moviy koʻzli ikki farishta uning huzuriga keladi. Ulardan biri Munkar, yana biri Nakirdir. U ikki farishta shunday deydi: «Mana bu Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) ismli inson haqida nima deysan?» U kishi esa oʻlmasidan avval gapirganlarini huddi oʻshanday takrorlab: «U Allohning quli va Elchisidir. Guvohlik beramanki, Allohdan boshqa iloh yoʻq. Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Uning quli va Elchisidir». U ikki farishta aytadi: «Sening shunday deyishingni bilardik». Keyin u qabr yetmish arshin kengaytiriladi va yorugʻ holga keltiriladi. «Osoyishta yot, uyqu shu yerdadir” deyiladi. U kimsa bu holatni oilamga qaytib xabar bera olamanmi?» deydi, u ikki farishta: «Kelin-kuyov kabi rohatlanib uxla! Kelin-kuyov boʻlgan kimsani oilasidan eng koʻp yaxshi koʻrgan kimsa uygʻotadi» deydilar. U kishi u qabr ichida mahsharda tirilgunicha osoyishta uxlaydi.
U qabrga qoʻyilgan kishi munofiq boʻlsa, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) haqida nima deysan, deb soʻralganda “Insonlarning paygʻambar, deb aytganlarini eshitganman, men ham, aynan, oʻshanday gapirdim, haqiqatdanmi (yaʼni, «Rostdan paygʻambarmi?» tarj.), unday emasmi, bilmayman deydi. Shunda u ikki farishta: «Sening shunday deyishingni bilardik» deydilar. U qabrga qisinglar buni deyiladi. Qabr ham uni qisadi, (hatto) qovurgʻa suyaklari oʻrnidan jilib ketadi. Alloh uni shunday mahshar kuni uygʻotgungacha azoblashda davom etadi». (Termiziy, 1071; Hadis hukmi: «hasan»; Manba: «Sahihul jome’», 724; Shu mazmundagi hadis «Sahihi Buxoriy»da (86) ham kelgan).
7, 8. Horut va Morut:
Alloh taolo aytadi:
«Va Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarga ergashadilar» (Baqara: 102).
Bulardan tashqari yana boshqa farishtalar ham bor:
«Parvardigoringizning qo‘shinlarini (ya’ni, farishtalarning qancha adadda va qanday sifatda ekanliklarini) yolg‘iz Uning O‘zigina bilur. U faqat insonlar uchun bir eslatmadir» (Muddassir: 31).
FARISHTALARNING QOBILIYATLARI
Alloh farishtalarga ulkan qudrat ato etgan bo‘lib, ular quyidagi qobiliyatlaga ega. Jumladan:
Alloh taolo farishtalarga o‘z qiyofalarini oʻzgartirish qobiliyatini bergan. U Zot Maryamga Jabroilni to‘liq inson qiyofasida yuborgan:
«Va ulardan berkinib olgan paytida, Biz unga o‘z ruhimiz — (ya’ni, Jabroil)ni yubordik. Bas, u (Maryamga) bus-butun (ro‘y-rost) odam bo‘lib ko‘rindi» (Maryam: 17).
Ibrohim alayhissalom huzurlariga farishtalar inson qiyofasida kelganlar, ammo ular o‘zlarini farishta ekanliklarini aytmagunlaricha, u kishi buni bilmaganlar. Xuddi shunday, Lut alayhissalomga ham farishtalar chiroyli yuzli yigitlar suratida kelganlar. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam huzurlariga turli qiyofada kelar edi: ba’zan juda chiroyli sahobiy Dihya al-Kalbiy qiyofasida, ba’zan badaviy qiyofasida ko‘rinar edi. Sahobalar uni inson qiyofasida ko‘rganlar, bu haqda Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan Buxoriy va Muslimning ikki sahih to‘plamlarida rivoyat qilingan. Hadisda shunday deyiladi:
Umar «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik. Birdan oldimizga oppoq kiyimli, sochlari qop-qora bir kishi kirib keldi. Unda safar alomati ham ko‘rinmas, oramizda hech kim uni tanimas ham edi. U kelib, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ro‘paralariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Kaftlarini sonlarining ustiga qo‘ydi va: «Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar bering», dedi»… (Davomi bor, uzun hadis. «Sahihi Muslim», 8).
Boshqa ko‘plab hadislarda farishtalarning inson qiyofasiga kirishi haqida xabar berilgan. Masalan, yuz kishini o‘ldirgan odam haqidagi hadisda: «Ularga inson qiyofasidagi farishta keldi», deyilgan. Shuningdek, ko‘r, kal va moxov haqidagi hadis ham bor.
FARISHTALARNING TEZLIGI
Bugungi kunda insoniyatga ma’lum bo‘lgan eng katta tezlik – bu yorug‘lik tezligidir. Farishtalarning tezligi esa bundan ham ko‘p barobar yuqori. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga biror narsa haqida savol berilsa, savol bergan kishi so‘zini tugatmasidan Jabroil Allohdan javobni yetkazib kelardi.
FARISHTALARNING VAZIFALARI
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «Kim Jabroilga dushman bo‘lsa, (u Allohga dushmandir). Zero u (Jabroil) Allohning izni bilan qalbingizga nozil qildi» (Baqara: 97).
Yana aytadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), uni (ya’ni, Qur’onni) Ruhul-Amin — Jabroil nozil qildi. Siz (Oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga (nozil qildi)» (Shuaro: 193-194).
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «Sizlarga vakil qilingan o‘lim farishtasi jonlaringizni olur, so‘ngra Parvardigoringizga qaytarilursizlar» (Sajda: 11).
Muhim eslatma: Birorta sahih hadisda O‘lim farishtasining ismi «Azroil» ekani aytilmagan.
«Sizlarning orangizdagi o‘z gapini yashirgan kishi ham, uni oshkora qilgan kishi ham, kecha qorong‘usida yashirinuvchi ham, kunduzi ochiq-oshkora yuruvchi ham (U zot uchun) barobardir. Uning (ya’ni, har insonning) oldida ham, ortida ham ta’qib qilguvchi (farishtalar) bo‘lib, ular Allohning amri bilan uni saqlab-muhofaza qilib tururlar. Aniqki, to biron qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha Alloh ularning ahvolini o‘zgartirmas. Qachon Alloh biron qavmga yomonlik — balo yuborishni iroda qilsa, bas, uni qaytarib bo‘lmas va ular uchun Undan o‘zga hokim yo‘qdir» (Ra’d: 10-11).
«Ustingizga (qilgan amallaringizni) yodlab olguvchi farishtalarni elchi qilib yuborur» (An’om: 61).
Yana aytadi:
«Balki ularning gumonlaricha, Biz ularning sirlarini (bilmasmiz) va shivir-shivirlarini eshitmasmiz?! Undoq emas! Bizning elchilarimiz (farishtalar) ularning oldilarida (har bir qilgan ishlarini) yozib tururlar!» (Zuxruf: 80).
Yana aytadi:
«Zotan, o‘ng va chap (tomon)da o‘tirgan ikki qabul qilguvchi (yozib turguvchi farishta insonning aytgan va qilgan barcha yaxshi-yomon so‘z-amallarini) qabul qilib-yozib tururlar. U biron so‘z talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru-nozir bo‘lgan bir kuzatguvchi (farishta u so‘zni yozib olur)» (Qof: 17-18).
Yana aytadi:
«Holbuki, shak-shubhasiz, sizlarning ustingizda (qilgan har bir amalingizni) yod olib, yozib turguvchi ulug‘ (farishta)lar bordir» (Infitor: 10-11).
«Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga «haydaladilar». To qachon ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz», deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar: 73).
«Va kofir boʻlgan kimsa to‘da-to‘da qilinib jahannamga haydaldi. To qachon ular (jahannamga) kelib yetganlarida, uning darvozalari ochildi va uning qo‘riqchilari (kofirlarga): «Sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar — Parvardigorlaringizning oyatlarini sizlarga tilovat qilgan hollarida va sizlarni mana shu Kuningizdagi muloqotdan ogohlantirgan hollarida kelmaganmidilar», deganlarida ular: «Ha, (kelganlar), lekin azob so‘zi kofirlar ustiga haq bo‘lgandir, (bas, bizlar ham ularni yolg‘onchi qilganimiz sababli mana shu azobga giriftor bo‘ldik)», dedilar» (Zumar: 71).
Alloh taolo aytadi:
«Bas, u o‘zining jamoasini (yordamga) chaqiraversin! Biz esa azob farishtalari – Zaboniyani chaqirajakmiz!» (Alaq: 17-18).
Alloh taolo aytadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Saqarning nima ekanligini siz qayerdan ham bilar edingiz. U (biron kofirni) qoldirmas — qo‘ymas (balki kuydirib halok qilur)! (U besh yuz yillik masofadan) insonlarga yaqqol ko‘rinib turguvchidir. Uning ustida o‘n to‘qqiz (farishta qo‘riqchilik-egalik qilur). Biz faqat farishtalarni do‘zax egalari-qo‘riqchilari qildik va Biz faqat kofir bo‘lgan kimsalarni sinash uchun u (farishta)larning sanog‘ini (o‘n to‘qqizta) qildik. Toki kitob berilgan kimsalar (ya’ni, yahudiy va nasroniylar o‘zlarining ilohiy kitoblari bo‘lmish Tavrot va Injilda ham do‘zax qo‘riqchilari bo‘lgan farishtalar sanog‘i o‘n to‘qqizta ekani aytilganini ko‘rib Qur’onning Alloh tomonidan nozil qilingan Haq Kitob ekanligini) aniq bilgaylar va iymon keltirgan zotlarning iymonlari esa yanada ziyoda bo‘lgay» (Muddassir: 27-31).
Alloh taolo aytadi:
«Ular (do‘zax xodimi bo‘lgan farishtaga) «Ey Molik, Parvardigoring bizlarga hukmini qilsin (ya’ni, tezroq jonimizni olsin, bizlar bu azobdan qutulaylik», deb) nido qilganlarida, u «Albatta sizlar (mana shu azobda mangu) qolasizlar», dedi» (Zuxruf: 77).
Abdulloh Ibn Mas’ud roziyallohu anhu dedi: «Sodiqu masduq (ya’ni, faqat rost so‘zlovchi va so‘zi o‘z tasdig‘ini topadigan) Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga shunday so‘zlab berdilar: «(Har) biringizning xilqati onasining qornida qirq kunda jam qilinadi. Keyin o‘shancha vaqt «alaqa (laxta qon)» bo‘ladi. So‘ng o‘shancha vaqt «muzg‘a (bir tishlam go‘sht)» bo‘ladi. So‘ng Alloh bir farishtani yuboradi va unga to‘rt kalima buyuriladi: «Uning amalini, rizqini, ajalini va badbaxt yoki baxtli ekanini yoz», deyiladi. So‘ngra unga ruh puflanadi. Bas, sizlardan bir kishi amal qilib boraveradi, hatto u bilan jannat o‘rtasida bir ziro’gina qoladi. Shunda uning bitigi ustun keladi-da, do‘zax ahlining amalini qiladi. Shuningdek, (bir kishi) amal qilib boraveradi, hatto u bilan do‘zax o‘rtasida bir ziro’gina qoladi. Shunda bitik undan ustun keladi-da, jannat ahlining amalini qiladi». (Sahihi Buxoriy, 3208; Sahihi Muslim, 2643).
«Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishtalar) Parvardigorlariga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar, hamda iymon keltirgan kishilarni mag‘firat qilishini so‘rarlar: «Parvardigoro, O‘zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas, tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O‘zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin» (Gʻofir: 7).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Allohning zikr ahlini qidirib, yo‘llarda aylanib yuradigan farishtalari bor. Agar birorta zikr qilayotgan qavmni topib qolishsa, «Izlagan narsalaringizga kelinglar!» deb bir-birlarini chaqirishadi. Keyin ular bularni (zikr qilayotganlarni) qanotlari bilan dunyo osmonigacha o‘rab olishadi. Robblari O‘zi ulardan yaxshi bilsa ham: «Bandalarim nima deyishyapti?» deb so‘raydi. Ular: «Senga tasbeh, takbir va hamd aytishyapti, Seni ulug‘lashyapti», deyishadi. U Zot: «Ular Meni ko‘rishganmi?» deydi. Ular: «Allohga qasamki, yo‘q, ular Seni ko‘rishmagan», deyishadi. U Zot: «Agar Meni ko‘rganlarda, qanday bo‘lar edi?» deydi. Ular: «Agar Seni ko‘rganlarida, Senga yanada qattiqroq ibodat qilishar, Seni yanada qattiqroq ulug‘lashar va Senga yanada ko‘proq tasbeh aytishar edi», deyishadi. U Zot: «Ular Mendan nima so‘rashyapti?» deydi. Ular: «Jannatni so‘rashyapti», deyishadi. U Zot: «Ular uni ko‘rishganmi?» deydi. Ular: «Allohga qasamki, yo‘q. Ey Robbimiz, ular uni ko‘rishmagan!» deyishadi. U Zot: «Agar uni ko‘rganlarida, qanday bo‘lar edi?» deydi. Ular: «Agar ular uni ko‘rganlarida, unga yanada harisroq, yanada qattiqroq intiluvchan va yanada ko‘proq rag‘batli bo‘lishar edi», deyishadi. U Zot: «Ular nimadan panoh so‘rashyapti?» deydi. Ular: «Jahannamdan», deyishadi. U Zot: «Ular uni ko‘rishganmi?» deydi. Ular: «Allohga qasamki, yo‘q. Ular uni ko‘rishmagan», deyishadi. U Zot: «Agar uni ko‘rganlarida, qanday bo‘lar edi?» deydi. Ular: «Agar uni ko‘rganlarida, undan yanada qattiqroq qochgan va qattiqroq qo‘rqqan bo‘lishardi», deyishadi. U Zot: «Sizlarni guvoh qilib aytamanki, Men ularni mag‘firat qildim», deydi. Bir farishta: «Ularning ichida falonchi ham bor, o‘zi ulardan emas, bir yumush bilan kelgan, xolos», deydi. U Zot: «Ular shunday suhbatdoshlarki, ularning suhbatdoshi ham baxtsiz bo‘lmaydi», deydi» (Sahihi Buxoriy, 6408).
Nabiy sollallohu alayhi va sallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday so‘zlab berdi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallamga: «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Darhaqiqat, menga qavmingdan yetadigani yetdi. Ulardan menga yetgan narsalarning eng qattig‘i Aqoba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abduyalil ibn Abdukulolga meni (himoyasiga) olishni taklif etgan edim. Biroq u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishli holda boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Qarnus-sa’olibga (Makka-Toif yo‘lidagi Makkaga yaqin joy – tarj.) kelgandagina o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, bir bulut menga soya solib turibdi. Nazar solsam, unda Jabroil bor ekan. U menga nido qilib: «Batahqiq, Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot ular haqida istagan narsangni buyurishing uchun huzuringga tog‘ farishtasini yubordi», dedi. Shunda tog‘ farishtasi menga nido qilib, salom berdi. So‘ngra: «Ey Muhammad! Nimani istasang, shu. Agar ularning ustiga «Ikki Axshab (Makkai Mukarramadagi ikki katta tog‘– tarj.)»ni to‘ntarib tashlashimni istasang (shunday qilaman)», dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Yo‘q! Alloh ularning pushtikamaridan yolg‘iz Allohga ibodat qiladigan, U Zotga hech narsani sherik qilmaydigan kishilarni chiqarishini umid qilaman», debdilar» (Sahihi Buxoriy, 3231).
Molik ibn Sa’sa’a roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «So‘ngra menga Baytul-ma’mur [ya’ni «obod uy» deb atalmish osmon ahlining qiblasi] namoyon qilindi. Jabroildan so‘ragan edim, u: «Bu – Baytul-ma’mur, unda har kuni yetmish ming farishta namoz o‘qiydi. (Undan) chiqqach, unga qaytib kirmaydilar bu ular uchun oxirgisi bo‘ladi» dedi» (Sahihi Buxoriy, 3207).
Abu Zarr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Albatta men sizlar ko‘rmagan narsani ko‘raman. Osmon g‘irchilladi va u g‘irchillashga haqlidir. Zero osmonda to‘rt barmoq miqdori biror joy yo‘qki, albatta u yerda bir farishta peshonasini sajdaga qo‘yur. Allohga qasamki, agar sizlar men bilgan narsani bilganingizda, oz kulgan, ko‘p yig‘lagan, to‘shaklarda ayollar bilan ayshu-ishrat qilishni tark etgan va Allohga iltijo va tavba-tazarru qilib, ko‘chalarga chiqib ketgan bo‘lar edingiz», dedilar» (Termiziy, 2312; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihul Jome’», 2449).
Bu Allohning ulug‘ farishtalari haqidagi ishonchli maʻlumotlarning qisqacha bayonidir. Allohdan bizni ularga iymon keltiruvchi va ularni yaxshi koʻruvchilardan qilishini so‘raymiz. Payg‘ambarimiz Muhammadga Allohning salavoti va salomi bo‘lsin.
Ko‘proq ma’lumot uchun quyidagi javoblarga qarang:
Farishtalar 14610
Farishtalarga bo‘lgan e’tiqodning haqiqati 9477
Farishtalarning jinsi va ular vafot etadimi? 105309
Bu javob foydali bo’ldimi?