O'qildi: 34
16.02.2026
/ 28 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Gʻayridinlarni Islomga chaqirish
Savol
Men sahifangizni ko‘zdan kechirayotib, undan zavq oldim, chunki men diniy maktabda ta’lim olayotgan nasroniy talabaman va ko‘proq bilim olishni xohlayman. Quyidagi fikrlar haqidagi qarashlaringizni bilmoqchiman, ular to‘g‘rimi?
1. Islomda: Jannat may, ayollar va qo‘shiqlardan iborat. Jannatga erishish yo‘li ana shu narsalardan tiyilish, so‘ngra ular bilan mukofotlanish, shuningdek, Islomning besh rukniga amal qilishdir.
2. Islomda: Najot va azobdan qutulishning kafolati yo‘q. Faqat umr bo‘yi shu yo‘lda yursangiz, Allohning najotiga va xalos bo‘lishga erishasiz, deyiladi. Hech qanday kafolat mavjud emas. Kafolatsiz yashash menga yoqmaydi. Men musulmonlar asliy gunohga ishonmasliklarini bilaman, lekin inson gunohkor boʻlib tugʻiladimi yoki yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, inson xatokor va koʻp xato qiluvchi ekaniga qoʻshilmaysizmi? Inson o‘z xatolari va gunohlari bilan nima qiladi? Tavba haqida bilaman, ammo menga Alloh huzurida hech kim najot topolmaydigandek tuyuladi. Shu sababli, bizni o‘tmishdagi, hozirgi va kelajakdagi gunohlarimizdan xalos etish uchun O‘z O‘g‘lini bizning uchun qurbon qilib, xochga mixlanib oʻldirilishi uchun yubordi.
3. Islomda najot kafolati yo‘q, bunday kafolatsiz yashash haqiqatan ham dahshatli narsa. Hayotingizni yashab, qiyomat kunida xalos boʻlishingiz uchun yetarlicha solih amallar qildingizmi yoki yoʻqmi, bilmaysiz, yetarlicha namoz oʻqidingizmi yoki yoʻqmi, bilmaysiz va hokazo… Bu haqiqatan ham dahshatli.
Men koʻplab musulmon hamkasblarimdan o‘limdan so‘ng jannat yoki do‘zaxga borishlariga ishonchlari komilmi, deb so‘raganimda, ulardan ijobiy javob ololmadim. Islomda hech qanday kafolat yo‘q, chunki (bu din vakillari nasroniylardan farqli oʻlaroq, birgina) Iso Masihga ishonish orqali najot topishga ishonishmaydi; Islom insonning xatti-harakatlari va amallariga bog‘liq.
Men musulmon bo‘lishni xohlasam ham buni qila olmayman. Agar musulmonlar o‘zlarini xalq orasidan tanlangan deb hisoblashsa, nega dinlarini yoymaydilar? Bu faqatgina musulmon bo‘lib tug‘ilganingiz uchun omadli bo‘lishga asoslanganmi?
Agar kimdir nasroniy bo‘lishni istasa, u buni qila oladi. Har kim bir necha soniyada nasroniy bo‘lishi mumkin. Men tug‘ilganimda nasroniy bo‘lmaganman. Nasroniylar Iso Masih Allohga olib boradigan yagona yo‘l ekanligini ta’kidlaydilar.
Iso Masihning o‘zi shunday degan: «Men Yoʻl, Haqiqat va Hayotman. Hech kim Otaga mening yoʻlimsiz yeta olmaydi». U «Men yo‘llardan biriman» demadi, balki «Men yo‘lman» dedi.
U yana: «Men va Otam birmiz», deb aytgan.
Men qanday qilib biror kishi bu haqiqatlardan koʻr boʻlishi mumkinligini tushunmayman, magar ular buni avval eshitmagan boʻlsalar.
Men sizdan javob va izoh kutib qolaman.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Islom aqidasidagi masalalar:
Batafsil javob:
Ey savol beruvchi, Islom dinidagi masalalar haqidagi tasavvurlaringiz yuzasidan maʼlumot soʻrab murojaat qilganingizni qadrlaymiz. Umid qilamizki, siz yozgan baʼzi narsalarning muhokamasi va siz taqdim etgan baʼzi tasavvurlarning tuzatilishi haqiqatni oʻrganish va undan qanoatlanish yoʻli boʻladi.
Siz Islom aqidasida jannat mavzusida aytgan jannat faqat may, ayollar va qo‘shiqlar ne’mati haqidagi fikrlaringiz to‘g‘ri e’tiqoddan ancha uzoqdir. Zero, jannat neʼmati faqatgina hissiy, jismoniy neʼmat emas, balki u shuningdek, xotirjamlik, U Zot subhanahu va taolodan va U Zotga yaqin boʻlishdan rozilik bilan bog‘liq ruhiy ne’mat hamdir. Aslida jannatdagi eng ulug‘ ne’mat, shubhasiz, Alloh subhanahu va taoloni ko‘rishdir. Jannat ahli Uning Karim Yuzini koʻrganlarida o‘zlaridagi boshqa ne’matlarni unutadilar. Unda nafslar xohlagan va ko‘zlar quvontiradigan narsalar bordir. U yerda bekorchi gaplarni, gunohlarni eshitmaydilar, faqat, faqat «salom, salom» degan so‘zlar bor. Hech bir inson ularga qilgan amallari uchun mukofot sifatida qanday ko‘z quvonchi berkitib qo‘yilganini bilmaydi. Bu yerda maqsad jannat ahlining ne’matlari siz aytgan narsalar bilan chegaralanib qolmay, balki undan ancha kengroq ekanini bayon qilishdir.
Siz aytgan, jannatga kirish ma’lum harom qilingan narsalardan tiyilish bilan amalga oshadi va inson ularning evaziga oxiratda mukofot oladi, degan gapingiz ham shu kabi mutlaq ma’noda katta xatodir. Chunki Islom nafaqat tiyilishni, balki amal qilishni ham buyuradigan dindir. Najotga faqat harom narsalarni tark qilish bilan emas, balki buyurilgan amallarni bajarish bilan erishiladi. U vojiblarni ado etish va haromlardan tiyilishdir. Shuningdek, jannatning har bir neʼmati ham dunyoda mukofot tariqasida harom qilingan narsalardan iborat emas. Jannatda dunyoda muboh boʻlgan qanchadan-qancha neʼmatlar bor. Nikoh bu yerda muboh, u yerda esa neʼmatdir. Anor, anjir va boshqa shirin mevalar bu yerda muboh, u yerda esa neʼmatdir. Sut va asaldan boʻlgan ichimliklar bu yerda muboh, u yerda esa neʼmatdir va hokazo. Bundan tashqari, dunyoda harom qilingan narsalardagi zarar oxiratda jannat ne’matlaridan chiqarib tashlanadi. Masalan, Alloh subhonahu va taolo jannatdagi may haqida aytadi:
«U (jannatdagi sharob)da mast qilguvchi — aqldan ozdirguvchi narsa bo‘lmas va ular (jannat ahllari) undan mast bo‘lmaslar» (Soffat: 47).
U na aqlni ketkazadi, na bosh og‘rig‘i, na qorin og‘rig‘i keltiradi. Uning tabiati dunyodagi holatidan farq qiladi. Maqsad shuki, jannat ne’matlari faqat dunyoviy haromlarning halol qilinishi bilan cheklanmaydi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, dunyoda tark etilgani uchun oxiratda uning o‘xshashi berilmaydigan haromlar ham bor. Bu xoh taom, xoh ichimlik, xoh amal, xoh so‘z bo‘lsin, barchasi bir xil. Masalan, zahar bu dunyoda harom qilingan bo‘lsa-da, oxiratda ne’mat hisoblanmaydi. Shuningdek, bu dunyoda besoqolbozlik, yaqin qarindoshlarga uylanish va boshqa shunga o‘xshash amallar harom qilingan bo‘lsa, oxiratda ham ularga ruxsat berilmaydi. Allohga hamdlar bo‘lsinki, bu haqiqat ravshan va aniqdir.
Kafolatlarning bor-yoʻqligi va agar insonda jannatga kafolat boʻlmasa, uning hayoti sizning taʼbiringizcha dahshatli, yomon va jirkanch boʻlishi masalasiga kelsak, buning izohi shuki, bunday notoʻgʻri tasavvur xato xulosaga olib keladi. Buning oʻrniga siz «Agar har bir insonda jannat kafolati bo‘lganida edi, bu katta falokatga aylanar edi, chunki bu kafolat bilan u har qanday harom ishni qilgan va har qanday taqiqni buzgan bo‘lar edi», deganingda to‘g‘ri bo‘lardi. Yahudiy va nasroniy jinoyatchilar koʻpincha oʻsha botil kafolatga, gunohdan ozod qilishlar va rohiblarning kechirim so‘raydigan ibodatlariga tayanib, xohlaganlarini qilishadi. Rabbimiz bizga ular haqida xabar bergan:
«Jannatga faqat yahudiy yoki nasroniy bo‘lganlar kiradi», deyishdi. (Ya’ni yahudiylar: «Biz kiramiz», deyishsa, nasroniylar: «Biz kiramiz», deyishdi) Bu ularning xom xayollaridir. (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «Agar rostgo‘y bo‘lsangiz, hujjatlaringizni keltiringlar!» (Baqara: 111).
Biz musulmonlar uchun jannat masalasi na o‘zimizning, na boshqalarning xohish-istaklariga bog‘liq emas, Rabbimiz aytganidek:
«Sizlarning xomxayollaringiz ham, ahli kitobning xomxayollari ham haq emas — kimki yomon amal qilsa, jazosini olur va o‘zi uchun Allohdan o‘zga na bir do‘st va na bir madadkor topmas» (Niso: 123).
Quyida taqdir kafolati borasidagi Islomiy e’tiqod haqida qisqacha ma’lumot beramiz:
Islom dini har bir ixlosli, Rabbisi Allohga itoatli musulmon agar shu holatda vafot etsa, jannatga kirishini kafolatlaydi. Alloh taolo O‘zining mustahkam Kitobida shunday marhamat qiladi:
«Iymon keltirib, yaxshi amallarni qilgan zotlarni esa ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritajakmiz — ular u Yerda abadiy yasharlar. Bu Allohning haq va’dasidir. Allohdan ko‘ra rostgo‘yroq kim bor?!» (Niso: 122).
Alloh taolo aytadi:
«Alloh iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun mag‘firat va ulug‘ ajr bo‘lishini va’da qildi» (Moida: 9).
U Zot yana aytadi:
«Ular Rahmon g‘oyibda (ya’ni, bandalar ko‘ziga ko‘rinmay) turgan holida O‘z bandalariga va’da qilgan mangu (yashaladigan) jannatlarga (kirurlar). Albatta, U zotning va’dasi amalga oshgusidir» (Maryam: 61).
Boshqa oyatda aytadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom, ularga) ayting: «Shu (do‘zax) yaxshiroqmi yoki taqvodor zotlarga va’da qilingan mangu jannatmi?!» U (ya’ni, jannat taqvodorlar) uchun mukofot va oqibat — borar joy bo‘ldi» (Furqon: 15).
U Zot yana shunday degan:
«Lekin Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar uchun (jannatda) ustma-ust qurilgan xonalar bo‘lib, ularning ostidan daryolar oqib turar. (Bu) Allohning va’dasidir! Alloh va’dasiga xilof qilmas» (Zumar: 20).
Shuningdek, Islom dini Alloh azza va jallaning amridan yuz o‘girgan, U Zotga kofir boʻlgan kimsaning muhaqqaq do‘zaxga kirishini kafolatlaydi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
«Alloh munofiq va munofiqalarga hamda kofirlarga ular abadiy qoladigan jahannam otashini va’da qildiki, o‘sha ular uchun yetarlidir. Alloh ularni la’natladi. Ular uchun doimiy azob bordir» (Tavba: 68).
U Zot yana shunday degan:
«Kofir bo‘lgan kimsalar uchun esa jahannam o‘ti bordirki, na ularga (ikkinchi bor o‘lish) hukm qilinib, o‘la olurlar va na ulardan (jahannam) azobi yengillatilur. Biz har bir kofirni mana shunday jazolarmiz» (Fotir: 36).
Kofirlarning qiyomat kunidagi holati haqida shunday degan:
«Sizlarga va’da qilingan jahannam mana shudir! Sizlar (hayoti dunyoda) kofir bo‘lib o‘tganlaringiz sababli mana bu Kunda (jahannamga) kiringiz!» (Yosin: 63-64).
Alloh taoloning va’dasi har ikki toifa, jannat va jahannam ahli uchun ham birdek sodir bo‘ladi. Chunki ularning qiyomat kunidan keyingi holatlari haqida Alloh taolo shunday xabar bergan:
«(Shunda) jannat egalari do‘zax egalariga qarab: «Bizlar Parvardigorimiz bergan va’daning (ya’ni, jannat va undagi ne’matlarning) haq ekanini ko‘rdik, sizlar ham Parvardigoringiz va’da qilgan narsaning (ya’ni, do‘zax va undagi azob-uqubatlarni) haq ekanini ko‘rdingizmi?!» deganlarida, ular: «Ha», deydilar. Bas, ularning o‘rtalarida bir jarchi: «Zolimlarga Allohning la’nati bo‘lgay», deb jar solur» (A’rof: 44).
Demak, kim iymon keltirib, solih amallar qilsa va shu holatda vafot etsa, soʻzsiz jannatga kiradi. Kim kufr keltirsa va yomon amallar qilsa-yu, shu holida vafot etsa, shubhasiz, u do‘zaxga kiradi. Shuningdek, Islomning ulug‘ tamoyillaridan biri shuki, mo‘min kishi qo‘rquv va umid orasida yashaydi. U o‘zini jannatiy deb hukm qilmaydi, aks holda mag‘rurlanib qoladi, bundan tashqari, u qanday holatda vafot etishini bilmaydi. Shuningdek, musulmon o‘zini do‘zaxiy deb ham hukm qilmaydi, chunki bu Allohning rahmatidan noumidlik va shariat harom qilgan tushkunlik sanaladi. Musulmon solih amallar qiladi va Alloh buning uchun mukofotlashini umid qiladi, yomon amallardan tiyiladi, chunki Allohning jazosidan qo‘rqadi. Agar gunoh qilsa, mag‘firatga erishish uchun tavba qiladi va tavbasi orqali do‘zax azobidan saqlanadi. Alloh tavba qilgan kishining gunohlarini kechiradi, tavbasini qabul qiladi. Agar mo‘min sizning tushunchangizga ko‘ra amali yetarli emasligidan xavotirga tushsa, qo‘rquv va umid bilan amallarini ko‘paytiradi.
Ular qanchalik ko‘p solih amallar bajarmasin, ularga suyanmaydilar va kibrlanib halok bo‘lmaydilar, balki amal qiladilar va savob umid qiladilar. Shu bilan birga, Alloh taolo mo‘minlarni ta’riflaganidek, amallarining riyokorlik, maqtanchoqlik yoki behuda ketishidan qo‘rqadilar:
«Bergan sadaqalarini (Qiyomat Kunida hisob-kitob uchun) Parvardigorga qaytguvchi ekanliklaridan dillari qo‘rqib turgan holda beradigan kishilar» (Mo‘minun: 60).
Shunday qilib, mo‘min banda tavhid va solih amallar bilan Allohga yo‘liqquncha, Rabbisining roziligi va jannatiga erishguncha umid va qo‘rquv bilan yashaydi.
Agar siz bu masala ustida chuqur mushohada qilsangiz, bular amal qilish uchun to‘g‘ri sabablar ekanligini va faqat ular orqali hayotda barqarorlikka erishish mumkinligini anglab yetasiz.
Asl gunoh masalasida aytganlaringizga kelsak, bu masaladagi munozaraning bir necha jihatlari bor:
Birinchisi: Islom aqidasining inson gunohlari borasidagi tutgan o‘rni quyidagicha: inson o‘z qilmishining oqibatini o‘zi ko‘targani va boshqalar ko‘tarmagani kabi, o‘zgalar qilmishining javobgarligini ham bir inson oʻz zimmasiga olmaydi. Alloh azza va jalla aytganidek:
Ayting: «Allohdan o‘zgani Parvardigorim deyinmi?! Axir U barcha narsaning Parvardigori-ku?! Har bir jonning qilgan gunohi faqat o‘z ziyoniga bo‘lur. Hech bir ko‘targuvchi o‘zga jonning yukini (ya’ni, gunohini) ko‘tarmas. Keyin Parvardigoringizga qaytishingiz bor. Bas, U sizlarga ixtilof qilib o‘tgan narsalaringizning xabarini berur» (An’om: 164).
Shu tarzda, asl gunoh tushunchasi inkor etiladi. Agar ota xato qilsa, boshqalarning xatosi uchun farzandlar va nabiralarning aybi nima? Nasroniylik ta’limotidagi farzandga otaning xatosini yuklash zulmning o‘zginasidir. Qaysi bir aql egasi gunoh insoniyatning asrlar davomida zanjir kabi davom etishini, ajdodning gunohi farzandlar, nabiralar va avlodlarga qora dog‘ bo‘lib qolishini tasdiqlashi mumkin?!
Ikkinchisi: Xato qilish inson tabiatiga xos.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Odam bolasining har biri xato qiluvchidir» («Termiziy», 2499; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi Termiziy», 2499).
Biroq Alloh insonni gunoh sodir etganida ojiz qilib qo‘ymadi, balki unga imkoniyat berdi va tavba eshigini, qaytish yo‘lini ochib qo‘ydi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi hadisni davom ettirib aytganlar:
«Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir» («Termiziy», 2499; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi Termiziy», 2499).
Rabbimizning Islom shariatidagi rahmati uning bandalariga aytgan quyidagi so‘zlarida yaqqol ko‘rinadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Mening o‘z jonlariga jinoyat qilgan (turli gunoh-ma’siyatlar qilish bilan) bandalarimga ayting: «Allohning rahmat-marhamatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta Alloh (O‘zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag‘firat qilur. Albatta Uning O‘zigina mag‘firatli, mehribondir» (Zumar: 53).
Bu, inson nafsining tabiati va gunoh qilganda uning yoʻli hamda muammosining yechimidir. Biroq, bu insoniy tabiatni, ya’ni xato qilish xususiyatini, banda bilan Parvardigor o‘rtasidagi o‘tib bo‘lmas to‘siqqa aylantirish, bandaning Parvardigor roziligiga erishishi faqatgina (sizlarning da’volaringizga ko‘ra!!!) U Zotning o‘z o‘g‘lini yuborishi orqali bo‘lishi, o‘g‘il esa (otasining!!!) buni ko‘rib-eshitib turganida xor-u zor holda xochga mixlanishi, chormixga tortilishi bilangina insoniyat magʻfirat qilinishi – bu gʻoyatda ajablanarli va safsata ishdir. Insoniyat faqat shu yo‘l bilan kechiriladi, degan tushuncha aqlga sig‘maydi.
Bu botil, yolg‘on bayonotni shunchaki aytishning o‘zi uni rad etish uchun yetarlidir. Bir kuni bir nasroniy bilan bu masalani muhokama qilganimda, undan: «Agar siz Xudo O‘z O‘g‘lini o‘sha davrdagi yoki xochga mixlanganidan keyingi insoniyat uchun qurbonlik sifatida yubordi deb da’vo qilsangiz, Iso tug‘ilishidan oldin gunoh qilib, gunohkor holda oʻlganlarning holi nima boʻladi? Ularga Isoni tanish va zikr qilingan xochga mixlanish aqidasiga iymon keltirib, magʻfirat qilinishlari nasib etmagan-ku?», deb soʻradim. U esa: «Bizning ruhoniylarimizda bu muammoga javob bordir!», deyishdan ortiq javob qila olmadi. Agar javob topilganda ham, u oʻzlari uydirgan javob bo‘lardi. Ular nima ham deya olardi?!
Agar xolis fikr bilan inson gunohi haqidagi nasroniylik ta’limotini ko‘rib chiqsangiz, ularning «Xudo Oʻz toʻngʻich, yagona oʻgʻlini bashariyatning xatolarini kafforat qilish uchun qurbon qildi va bu oʻgʻil ilohdir», deyishganini ko‘rasiz. Agar ilohni urish, haqoratlash, chormixga tortish va o‘ldirish mumkin boʻlsa, bu e’tiqod uning ichida Allohni inkor qilish (dahriylik), U Zot subhanahu va taoloni ojizlikda va kuchsizlikda ayblashini o‘z ichiga oladi. Rabbimiz bandalarining barcha gunohlarini bitta so‘z bilan kechirishdan ojizmi?! Agar U har narsaga qodir bo‘lsa (nasroniylar bunga shubha qilishmaydi), Uni o‘z o‘g‘lini bu maqsadda qurbon qilishga nima majbur qiladi?! Alloh zolimlar aytayotgan narsalardan oliy va buyukdir.
«U osmonlar va Yerni paydo qilguvchidir. Uning jufti yo‘q-ku, qayoqdan bolasi bo‘lsin! U hamma narsani yaratdi va U hamma narsani bilguvchidir» (An’om: 101).
Agar oddiy inson o‘z farzandiga yomonlik yetishiga rozi bo‘lmasa, balki uni himoya qilsa va dushmanga o‘z o‘g‘lini haqoratlashi yoki zarar yetkazishi yohud tahqirlash bir yoqda tursin, eng yomon o‘lim shakli – chormix o‘limiga topshirmasa, agar bu oddiy maxluqning holi bo‘lsa, unda Rabbimizning holi qanday bo‘lishi kerak?
Uchinchisi: Nasroniylar e’tiqod qiladigan asl gunohni kechirish aqidasi inson hayoti voqeligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Zero, nasroniy e’tiqodi, oʻzingiz ham e’tirof etganingizdek, insonga hech qanday majburiyatlarni yuklamaydi. Uning qilishi kerak bo‘lgan yagona narsa faqat Xudo o‘z O‘g‘lini bu dunyoga yuborgani va u insoniyat gunohlari uchun chormixga tortilib o‘lishi uchun joʻnatganiga ishonish kifoya qiladi va shu bilan u nasroniy boʻlib, Rabbning roziligiga erishish hamda jannatga kirishni kafolatlaydi. Nafaqat bu, balki ular Xudoning o‘g‘li boshidan kechirgan barcha narsalar ularning o‘tmish, hozirgi va kelajakdagi xatolari uchun tovon bo‘lgan deb hisoblashadi. Shundan soʻng nasroniy jamiyatlarda qotillik, zo‘ravonlik, o‘g‘irlik, ichkilikbozlik va boshqa gunohlar nega ko‘payib borayotganiga hayron bo‘lmang… Axir Iso ularning gunohlarini yuvish uchun o‘lmadimi?! Bularni kafforati, jarimasi oldindan to‘lanib, gunohlari o‘chirilmadimi?! Nima uchun ular gunohlardan tiyilmayaptilar?! Ayting-chi, Rabbingiz haqqi, nima uchun ba’zan qotillarni qatl etasiz, jinoyatchilarni qamoqqa tashlaysiz va turli jazolar bilan jazolaysiz? Axir sizningcha, jinoyatchining gunohlari yuvilgan va barcha jinoyatlari Isoning qoni bilan kechirilgan-ku? Bu ochiq ziddiyat emasmi?
Agar musulmonlar o‘zlarini insoniyat orasidan tanlangan deb hisoblasalar, nima uchun e’tiqodlarini tarqatmaydilar, degan fikringizga javob shuki, ulardan ixlosli va amal qiluvchilari Qur’onga amal qilib, buni bajarganlar. Aks holda Makkadan Indoneziya, Sibir, Marokash, Bosniya, Janubiy Afrika va boshqa Sharqu Gʻarbning barcha oʻlkalariga Islom dinini kim yetkazdi? Bugungi kunda baʼzi musulmonlarning xulq-atvoridagi xatolar uchun Islom javobgar emas va ularning sababchisi ham emas. Aksincha, ular faqat Islomga xilof qilish natijasida sodir boʻlgan. Tizimga qarshi harakat qilgan va undan chetlashgan ayrim izdoshlarning xatolarini butun tizimga yuklash adolatdan emas. Musulmonlar gunohkorlar tavba qilmasa, Allohning jazosiga duchor bo‘lishini, ba’zi gunohlarning bu dunyodagi chegarasi borligini, ularni to‘xtatib, oxiratda kafforat bo‘lishini, masalan, qotillik, o‘g‘rilik, zino uchun beriladigan jazolarni tan olishda nasroniylardan ko‘ra adolatliroq emasmi?!
Sizning Islom dinidan koʻra nasroniylikka kirish oson degan gapingiz, ochiqdan-ochiq xatodir. Zero, Islomga kirish kaliti ikki jumladan iborat: «Ashhadu alla ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan Rasululloh» (Allohdan oʻzga haq iloh yo‘qligiga va Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik beraman) deyish. Bu bilan inson soniyalar ichida Islomga kiradi, choʻqintirishga, ruhoniyga yoki biror muayyan joyga – masjidga yoki boshqa joyga borishga hojat yoʻq. Buni nasroniylar biror kishini nasroniylikka kiritmoqchi boʻlganlarida qiladigan kulgili choʻqintirish marosimlari bilan solishtiring. Ustiga ustak, nasroniylar Isoni xochga mixlanganida, chormixga tortilganda unga ozor bergan – ularning daʼvolariga koʻra – belini ogʻritib, azoblagan xochni muqaddas sanab, uni qoralash, yomon ko‘rish va zulmning ramzi hamda «iloh oʻgʻlining» qabihcha oʻldirilish shakli deb bilish o‘rniga, uni barakot va shifo manbai deb biladilar! Vaholanki, xoch uning belini ogʻritganini va uyqusini qochirganini unutmasliklari kerak edi.
Musulmonlarning haqiqatga boshqalardan ko‘ra ko‘proq haqli ekanini ko‘rmayapsizmi? Ular barcha anbiyo va rasullarga iymon keltiradilar, ularni ulug‘laydilar va ularning barchasi haqda va tavhidda ekanliklariga ishonadilar. Ular Alloh ularning har birini o‘z qavmlariga o‘sha zamon va makonga mos shariat bilan yuborib, payg‘ambar yoki elchi qilgan, deb biladi. Agar samimiy nasroniy musulmonlarning Muso, Iso va Muhammad alayhimussalomga, shuningdek, asl Tavrot, Injil va Muqaddas Qur’onga ishonishini ko‘rsa, keyin esa o‘z qavmidan bo‘lgan nasroniylarning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ishonmasligini, uning payg‘ambarligini inkor etishini va Qur’onni yolg‘onga chiqarganini ko‘rsa, ularning samimiyati musulmonlarning nuqtai nazarini afzal ko‘rishga olib kelmasmidi?!
Birinchidan: Iso alayhissalomga nisbat bergan «Mensiz hech kim Otaga yeta olmaydi» deya keltirgan soʻzingizga kelsak, avvalo bu so‘zni Iso alayhissalomga nisbatini va haqiyqiyligini isbotlash zarur.
Ikkinchidan: Bu so‘z botilligi ochiq-oydin, noto‘g‘riligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Odamlar Nuh, Hud, Solih, Yunus, Shuayb, Ibrohim, Muso va boshqa payg‘ambarlar davrida Allohni qanday taniganlar? Agar bu gap Banu Isroil Iso alayhissalom davridan to payg‘ambarlarning so‘nggisi Muhammad sollallohu alayhi vasallam davrigacha Allohning dini va qonuniga faqat Iso alayhissalom orqali erishishi mumkin edi, degan ma’noni anglatsa, buni to‘g‘ri va o‘rinli fikr deb hisoblagan bo‘lardik.
Siz savolingiz yakunida keltirgan, Iso alayhissalomga nisbat berilgan «Men va Ota bittamiz», degan so‘zga kelsak, bu rad etilgan e’tiqoddir. Agar siz samimiylik yo‘lini tutib, nafs-u havolardan xoli bo‘lganingizda, «Men va Ota» iborasi ikki bog‘langan unsur va ular orasidagi bog‘lovchidan iborat ekanini tushungan bo‘lardingiz. Tilshunoslikda bog‘lovchi farqlashni anglatadi, ya’ni «Men» bir narsa, «Ota» boshqa narsa degani. Agar kimdir «men va falonchi» desa, har qanday oqil kishi ular ikki alohida shaxs ekanini tushunadi. 1+1+1=1 tenglamani barcha aql egalari, matematiklar va boshqalar rad etadi.
Xulosa qilib aytganda, sizga maslahat beraman va bu maslahatni rad etmaysiz degan umiddaman: Alloh uchun o‘qiganlaringiz haqida oʻzingiz uchun tafakkur qiling, har qanday g‘arazli tushunchalar yoki maqolalardan, har qanday havoyi nafs yoki taassubdan xalos bo‘ling va sidqidildan faqat Allohning O‘zidan hidoyat so‘rang. Alloh bunday samimiy bandani noumid qilishdan koʻra Karamliroqdir. Alloh toʻgʻri yoʻlga hidoyat qiluvchidir va U bizga kifoya va eng yaxshi vakildir.
Vallohu a’lam.
Bu javob foydali bo’ldimi?