O'qildi: 39
14.02.2026
/ 26 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Hadis sharhlari
Savol
Hadisda shunday deyiladi: «Sizlarni ayollarga yaxshi munosabatda bo‘lishga buyuraman, chunki ayol egri qovurg‘adan yaratilgan, qovurg‘aning eng egri qismi esa uning yuqori qismidadir» va hokazo. Iltimos, ushbu hadisning mazmunini tushuntirib bering, shuningdek, «qovurg‘aning eng egri qismi uning yuqori qismidadir» iborasining ahamiyatini ham izohlab bersangiz.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Bu sahih hadisni ikki shayx (Buxoriy va Muslim) «Sahihayn»da Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan Abu Hurayra roziyallohu anhu orqali rivoyat qilganlar:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ayollarga (yaxshi) muomala qilinglar, chunki ular qovurg‘adan yaratilgan. Qovurg‘aning eng egri joyi uning yuqorisidir. Uni to‘g‘rilashga urinsang, sindirib qo‘yasan, agar tashlab qo‘ysang, egriligicha qolaveradi. Shunday ekan, ayollarga (yaxshi) muomala qilinglar!» (Sahihi Buxoriy, 5186).
Bu erlar, otalar, aka-ukalar va boshqalarga ayollarga yaxshilik qilishni, ularga ehson qilishni, ularga zulm qilmaslikni, haqlarini ado etishni va ularni yaxshilikka yo‘naltirishni buyuruvchi amrdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Ayollarga (yaxshi) muomala qilinglar!», deganlari uchun bu amal barchaga birdek vojibdir.
Ayol ba’zida eriga va qarindoshlariga so‘zi yoki amali bilan yomonlik qilishi bu buyruqni bajarishga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek, ular qovurg‘adan yaratilgan va qovurg‘adagi eng qiyshiq narsa uning yuqorisidir. Ma’lumki, qovurg‘aning tepasi – qovurg‘aning boshlanish joyidan yuqori qismidir. Qovurg‘ada egrilik bo‘lishi ma’lum narsa. Shunday ekan, hadisdan tushuniladigan ma’no: ayolning tabiatida ba’zi egrilik va kamchiliklar bo‘lishi tabiiy.
Shu sababli boshqa bir sahih hadisda:
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurbonlik kuni [yoki fitr kuni] namozgohga chiqdilar. Keyin ayollarning oldidan o‘tdilar va: «Ey ayollar jamoasi! Sadaqa qilinglar, chunki menga do‘zax ahlining aksariyati sizlar ekaningiz ko‘rsatildi», dedilar. «Nima uchun, ey Allohning Rasuli?» deyishdi. «La’natni ko‘p aytasizlar va erga noshukrlik qilasizlar. Sabotli erkakning aqlini ketkazib yuborishda sizlardek aqli va dini noqislarni ko‘rmadim», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, dinimiz va aqlimiz noqisligi nima?» deyishdi. «Bir ayolning guvohligi erkak kishi guvohligining yarmicha emasmi?» dedilar. «Shunday», deyishdi. «Ana shu aqlining noqisligidir. U hayz ko‘rganida namoz ham o‘qimaydi, ro‘za ham tutmaydi, shunday emasmi?» dedilar. «Shunday», deyishdi. «Ana shu dinidagi noqisligidir», dedilar» (Sahihi Muslim, 80).
Aqlning noqisligi deganda, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek, ikki ayolning guvohligi bir erkakning guvohligiga teng bo‘lishidir. Dinning noqisligi esa, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek, ayol kishi bir necha kunlar-u tunlarni namoz o‘qimay o‘tkazishi, ya’ni hayz paytida, shuningdek, nifos sababli namoz o‘qimasligidir. Bu Alloh ayollarga bitgan kamchilik bo‘lib, ular buning uchun gunohkor bo‘lmaydilar.
Shunday ekan, ayol kishi, hattoki ilmli va taqvodor bo‘lsa ham, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam ko‘rsatgan yo‘l bo‘yicha bu kamchilikni tan olishi kerak. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam havoyi nafsdan so‘zlamaydilar, balki bu Alloh u zotga nozil qilgan vahiydir va u zot buni ummatga yetkazadilar. Alloh azza va jalla aytganidek:
«Botib ketayotgan yulduzga qasamki, Sizlarning sohibingiz (ya’ni, Muhammad alayhis-salotu vas-salom) zalolatga ham ketgani yo‘q, yo‘ldan ham ozgani yo‘q! Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi-xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan payg‘ambarga) vahiy qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir» (Najm: 1-4).
Bu javob foydali bo’ldimi?