O'qildi: 63
11.02.2026
/ 23 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Gʻayridinlarni Islomga chaqirish
Savol
Onam musulmon emas. U men bilan 13 yil oldin aloqani uzgan. Unga xat yozsam, javob bermaydi, qo‘ng‘iroq qilsam, telefonni oʻchirib qoʻyishi mumkin. Manzilini oʻzgartirgan, men uning yangi manzilini bilaman, lekin borsam, yana o‘zgartiradi. Agar biror kishi men haqimda yaxshi gapirsa, u uni men tomonga yon bosyabdi deb haqorat qiladi. Bilaman, u ruhiy kasal va ilgari kasalxonada yotgan. Uyda bo‘lganida yolg‘iz qolishni ma’qul ko‘radi. U Islomga qarshi ekanligini aytgan, shundan uning siqilishi sababi mening Islomni qabul qilganim ekanini bildim. Men nima qilishim kerak? Maslahat beringlar, Alloh sizlarni yaxshilik bilan mukofotlasin.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Aziz muslima singlim, siz diningizda sobit turishingiz va Alloh buyurganidek onangizga yaxshilik qilishingiz lozim. Agar onangiz sizdan yuz o‘girsa va yaxshiligingizni qabul qilmasa, sizda hech qanday gunoh yo‘q. Aksincha, siz hidoyatdasiz. Garchi bu ish sizni xafa qilsa ham, bu yoʻlda sabr qiling, chunki siz haq uzradirsiz.
Batafsil javob:
Sodiq mo‘min shuni biladiki, Alloh taoloning O‘zining sodiq bandalariga bo‘lgan sunnati ularni turli sinovlar bilan imtihon qilishdir. Bu orqali ularning sabr-u matonati va fazilatlari namoyon bo‘ladi, martabalari yuksaladi, sabr-qanoatlari uchun mukofotlari ko‘payadi hamda haqiqatga ergashishdagi samimiyatlari ayon bo‘ladi. Alloh taolo aytadi:
«Albatta Biz, to sizlarning orangizdagi (Bizning yo‘limizda molu-jonlari bilan) jihod qilguvchi va (yaxshi-yomon kunlarda) sabr qilguvchi zotlarni bilgunimizcha, hamda sizlarning holi-xabarlaringizni tekshirib — yuzaga chiqargunimizcha, sizlarni imtihon qilurmiz» (Muhammad: 31).
Sinov turlaridan biri insonning mushriklardan eshitadigan turli ozorlaridir. Ular insonni dinidan qaytarish uchun bor mahoratlarini ishga solishadi. Ruhiy bosim o‘tkazish orqali g‘azablantirishga harakat qilishadi. Alloh subhonahu va taolo bu ishni o‘z Kitobida zikr qilgan va bu ozorlarga qanday qarshi turish kerakligiga ishora qilib, shunday degan:
«(Ey mo‘minlar), albatta molu jonlaringizda imtihon qilinursizlar (ya’ni, Alloh taolo mol va jonlaringizga xilma-xil ofatu balolar yuborib, sizlarning iymoningizni tekshirib ko‘rar) va albatta sizlardan ilgari Kitob berilgan kimsalar (yahudiy va nasroniylar) tomonidan hamda mushriklar tomonidan ko‘p aziyat-malomatlar eshitajaksizlar. Agar (ozorlariga) sabr-toqat qilsangizlar va Allohdan qo‘rqsangizlar (najot topursiz). Chunki bu ish (ya’ni, sabr-toqatli bo‘lib, Allohdan qo‘rqish) ishlarning maqsadga muvofig‘idir» (Oli Imron: 186).
Modomiki zulm inson ruhiga qattiq ta’sir qilar, ozor esa uning qalbiga og‘ir botar ekan, endi bu insonga eng yaqin, u bilan goʻsht-u-qon rishtalari bogʻlangan kishilardan sodir boʻlsa, qanday og’ir boʻlmasin?! Endi bu ozor beruvchi oʻz tuqqan onasi bo‘lsa-chi?! Shoir aytganidek:
وَظُلمُ ذَوي القُربى أَشَدُّ مَضاضَةًعَلى المَرءِ مِن وَقعِ الحُسامِ المُهَنَّدِYaqinlarning jabri achchiq, alamliroqdir,
O‘tkir hindiy qilichdan ham tilimliroqdir.
Lekin moʻmin, garchi eng yaqin qarindoshlaridan eng qattiq ozor koʻrsa ham, boʻshashmaydi va ortga chekinmaydi, balki ozor beruvchi yoki aloqani uzib, yuz o‘giruvchi ona bilan muomala qilishda ham Qur’onga ergashadi, quyidagi qissada ko‘rsatilganidek:
Mus’ab ibn Sa’d otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Qur’onda u kishi (otam Sa’d) haqida bir necha oyatlar nozil bo‘lgan. Sa’dning onasi u dinidan qaytmagunicha unga gapirmaslikka va yeb ichmaslikka qasam ichgan ekan. U (onasi): «Alloh menga ota-onamga itoat qilishni buyurgan deysan, men onangman, men senga shuni buyuryapman», degan ekan, uch kun shu ahvolda turib, so‘ng qiynalganidan hushidan ketib yiqilgan ekan. Umora degan o‘g‘li borib, unga suv beribdi. U esa Sa’dni duoyi bad qila boshlabdi. Shunda Alloh azza va jalla Qur’ondagi «…insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni amr qildik. Agar ular seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishga majburlashsa… (…ularga itoat etmagin)» (Ankabut: 8) degan oyatni va «…dunyoda esa ular bilan ma’ruf-la yashagin» (Luqmon: 15) oyatini nozil qilgan ekan» (Sahihi Muslim, 1748).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam eng yaqin qarindoshlaridan, jumladan, amakilari Abu Lahab tarafidan yolgʻonchilikda ayblandilar. Lekin bu vaziyat qanchalik og‘ir bo‘lsa ham, bu narsa u zotni da’vatdan va dinni yetkazishdan to‘smadi.
Rabia ibn Ibod ad-Diyliydan rivoyat qilinadi — u johiliyatda yashab, so‘ng Islomga kirgan edi — u shunday deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Zul-Majoz bozorida o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. U zot: «Ey odamlar, «La ilaha illalloh» denglar, najot topasizlar», der edilar. U zot bozorning ko‘chalariga kirardilar, odamlar esa u zotning atrofiga yopirilib (to‘planib) olishgan edi. Biror kishining biron narsa deganini ko‘rmadim, u zot esa sukut qilmasdan: «Ey odamlar, «La ilaha illalloh» denglar, najot topasizlar», der edilar. Faqat u zotning ortlarida g‘ilayroq, yuzi nurli, ikkita o‘rilgan sochi bor bir kishi: «U sobi’ (ota bobosining dinidan qaytgan), yolg‘onchi», deb turardi. Men: «Bu kim?» dedim. Ular: «Bu Muhammad ibn Abdulloh, u payg‘ambarlikni da’vo qilmoqda», deyishdi. Men: «Uni yolg‘onchiga chiqarayotgan bu kishi kim?» deb so‘radim. Ular: «Amakisi Abu Lahab», deyishdi» (Musnadi Ahmad, 16023; Hadis hukmi: «sahih ligʻoyrihi». Manba: «Shuayb Arnaut taxriji», 16023).
Ey muslima singlim, diningizda sobit turishingiz va Alloh buyurganidek onangizga yaxshilik qilishingiz lozim. Agar u sizdan yuz oʻgirsa va yaxshiligingizni rad etsa, sizga gunoh yoʻq, balki siz hidoyatdasiz, garchi onangizni ishi sizni xafa qilsa ham. Oʻzingiz turgan yoʻlda sabr qiling, chunki siz haq uzradirsiz.
Qoʻshimcha foyda uchun 12099, 35914 va 5326-raqamli javoblarga qarang.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?