O'qildi: 81
07.02.2026
/ 19 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Ota-onaga yaxshilik qilish
Savol
Mening savolim musulmon yosh yigitlardan biri haqida. U, mashaalloh, jiddiy, ixlosli, ilmli, Islom taʼlimotlariga hamda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qiladigan va toʻgʻri aqidaga ergashishga bor kuchi bilan harakat qiladigan yigit. U beva onasi bilan yolgʻiz yashaydi. Biroq onasi Islomga to‘liq amal qilmaydi va Islomga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan ishlar bilan mashgʻul… Men u yigit va uning onasi bilan tanishman, ular bir-biriga mehribon va samimiy insonlar. Ba’zida yigit onasining uni noqulay ahvolga soladigan xatti-harakatlaridan xijolat bo‘layotganini ko‘raman, men esa unga to‘g‘ri maslahat bera olmayman.
Bunday vaziyatlarga baʼzi misollar: onasi uydan qisqa muddatga chiqqanida, o‘g‘il onasining bu ishidan uyaladi, lekin biror kishi unga gap otishidan qoʻrqib, u bilan birga yuradi… Onasi gʻarbcha uslubda boshqa erkaklar bilan koʻp tanishadi, kechki ovqat ziyofatlariga koʻp boradi. Bu ziyofatlar gʻoliban spirtli ichimliksiz oʻtmaydi, onasi esa erkak tanishlari va dugonalari bilan spirtli ichimlik qoʻyilgan stollarda ular bilan birga oʻtiradi, garchi oʻzi umuman ichmasa ham. Onasining doʻstlari amal qiladigan koʻplab bid’atlar va munkar ishlar bor. Oʻgʻil doimo onasini daʼvat qilishga va unga masalalarni tushuntirishga harakat qiladi, lekin onasi uni mutaassiblikda, haddan oshishda yoki tosh asridan qolganlikda ayblaydi. Iltimos, do‘stimga maslahat bering, u mendan boshqa hech kim bilan do‘stlashmagan. U oʻzini dayusdek his qilyapti. Shu bois onasi shunday xulq-atvorda boʻlganida u bilan birga qolishi toʻgʻrimi yoki yoʻqligini bilmoqchi. U onasiga begonalardan biri tegajogʻlik qilishidan xavotirda yuradi, chunki onasi noshar’iy va qisqa kiyimlar kiyib yuradi. U menga bu narsalarni aytmagan va oila sirlarini fosh qilmagan, lekin vaziyat men va atrofidagilar uchun aniq bo‘lib qolgan. Iltimos, yordam bering, Alloh taolo sizga yaxshi mukofot bersin.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Shubhasiz, ushbu hikoya og‘riqli va taʼsirlidir, ayniqsa, insonga eng yaqin kishisining dinida musibat yetsa va undan ozor cheksa. Lekin Alloh bizga kifoya va U Zot naqadar yaxshi vakildir. Albatta biz Allohnikimiz va albatta biz Unga qaytguvchimiz. Bu birodarimiz bilsinki, ota-onaga yaxshilik qilish insonlarning insonlar ustidagi eng vojib vazifalaridandir. Alloh taolo aytadi:
«Biz insonga ota-onasini (ya’ni, ularga yaxshilik qilishni) amr etdik. Onasi unga ojizlik ustiga ojizlik bilan homilador bo‘ldi (ya’ni, qornidagi homila kattargan sari onaning holi qurib, zaiflasha borur) uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (kelur). (Biz insonga buyurdikki), «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Yolg‘iz O‘zimga qaytajaksan!» Agar ular (ya’ni, ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalar-da), dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin va o‘zing menga ijobat-tavba qilgan kishilarning yo‘liga ergashgin! So‘ngra (ya’ni, Qiyomat Kunida) O‘zimga qaytursizlar, bas, men sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berurman» (Luqmon: 14-15).
Oyatda farzandini tish-tirnogʻi bilan shirkka chaqirayotgan ana shu ikki mushrik ota-onaga ham chiroyli muomalada boʻlish buyurilgan.
Shunday ekan, sizning onangizga nisbatan vojib boʻlgan vazifangiz – uni bu gunohlardan tiyilishga chaqirishingiz va uning harakatlarida gunoh hamda jazo borligini bayon etishdir. Agar chaqirigʻingizga ijobiy javob bersa, Allohga hamd bo‘lsin. Aks holda, undan chiroyli uslubda uzoqlashing, diningizga zarar yetkazadigan darajada unga qoʻshilmang, lekin unga ozor bermang, balki dunyoda u bilan yaxshilik bilan muomala qiling va vaqti-vaqti bilan unga nasihat qilishda davom eting. Uni tark etishingiz sizga zarar bermaydi, chunki siz Alloh uchun gʻayurlik qilib va munkarni inkor etib bu ishga qoʻl urdingiz.
Shayx Muhammad ibn Usaymin «Islomiy fatvolar» (4/196), Doimiy qo‘mita «Islomiy fatvolar» (4/204) va Shayx Abdulloh ibn Jibrin «Musulmon ayol fatvolari» (2/957) da bergan javoblariga murojaat qiling.
Onangiz bilan yashab qolish masalasida xulosa shuki, agar onangizni yonida bo’lishingiz unga dinida, imonida, boʻynidagi vojiblarini bajarishida, haromlardan uzoqlashishida yoki uning nazorat ostida ekanini his qilishi yoxud yomon odamlarni undan qaytarish va uzoqlashtirish orqali gunohni kamaytirishda foyda bersa hamda bu muomalada sizga zarar bo‘lmasa, u holda savob umidida onangizning yonida qoling. Sabringiz uchun Alloh sizni mukofotlaydi.
Agar sa’y-harakatlaringizdan charchagan bo‘lsangiz va yuqorida aytib o‘tilgan choralarning hech biri natija bermagan bo‘lsa, shuningdek, u bilan munosabatda bo‘lish e’tiqodingiz yoki obro‘yingizga putur yetkazayotgan bo‘lsa, oldin aytib oʻtganimizdek, undan uzoqlashishning hech qanday zarari yo‘q. Biroq, uning ahvolidan xabardor bo‘lib turing, moddiy ehtiyojlarini qondirishda davom eting va vaqti-vaqti bilan maslahat berib turing. Allohdan sizga sabr-toqat va amallaringiz uchun mukofot ato etishini so‘raymiz. U eng yaxshi mavlo va eng yaxshi madadkordir.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?