O'qildi: 57
03.02.2026
/ 15 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Gʻayridinlarni Islomga chaqirish
Savol
Islomni qabul qilishni orzu qilaman, lekin oziq-ovqat, ayniqsa cho‘chqa go‘shti masalasida ba’zi tashvishlarim bor. Men hali ham ota-onam bilan birga yashayman, biz asli xitoylikmiz va choʻchqa goʻshtidan tayyorlangan taom dasturxonimizdan aslo arimaydigan asosiy kundalik taomlardan hisoblanadi. Men Islomni qabul qilib, uyda ular bilan birga yashashda davom etsam, bilmagan holda yoki oldindan xabarim boʻlmay, choʻchqa goʻshtini tovuq goʻshti deb yeb qoʻyishdan xavotirdaman. Oilaviy yig‘inlar yoki tadbirlarda choʻchqa goʻshtidan tayyorlangan taomlardan o‘zimni tiyishga harakat qilaman, agar yeyishga majbur bo‘lsam, Allohga istigʻfor aytaman. Agar Islomni qabul qilsam va choʻchqa goʻshtini yeyishga majbur boʻlsam, Allohdan magʻfirat soʻrashim kerakmi? Men bu masaladan juda xavotirdaman va sizning maslahatingizga juda muhtojman.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Islomga kirishga dunyodagi hech bir neʼmat teng kela olmaydi. Kufrda qolishga esa hech bir balo, gunoh va fitna teng kelmaydi. Yaratilgan banda Yaratuvchining diniga kirishi va Islomdan boshqa dinni izlamasligi lozim. Yaratgan Zot O‘z bandalarining ahvolini, zaifligini, ojizligini, unutuvchanligini va xatolarini biladi, shuning uchun bilmasdan qilingan xatolarni kechiradi, hech kimga toqatidan ortiq yukni yuklamaydi. Alloh taolo shunday deydi:
«Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani yuklamaydi» (Baqara: 286).
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Darhaqiqat, Alloh mening ummatimning xatosini, unutishini va majburlangan narsalarini kechirdi» (Ibn Moja, 2033; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 1731).
Ey haromdan saqlanishga haris boʻlgan aqlli savol yoʻllovchi, yuqoridagi oyat va hadisning taqozosiga koʻra, bilmasdan harom narsani yeganingiz uchun gunohkor boʻlmaysiz va jazolanmaysiz. Modomiki, savolingizda aytganingizdek, Alloh harom qilgan narsalardan qochish uchun bor imkoningizni sarflar ekansiz, sizga hech qanday gunoh yo‘q. Agar inson bir man qilingan ishga tushib qolsa, Islomda har bir gunohdan chiqish yoʻli bor, u ham boʻlsa tavba, nadomat, haromga qaytmaslikka azm qilish va Allohdan magʻfirat soʻrashdir. Bu har qanday gunohni oʻchirishga kifoya qiladi. Shunday ekan, azm qiling, olgʻa intiling va ikkilanmang. Modomiki, siz Alloh rozi boʻlgan dinda boʻlar ekansiz, U Zot siz bilan birga va sizni tashlab qoʻymaydi. Sizga doimiy tavfiq va hidoyat tilab qolamiz. Paygʻambarimiz Muhammad Mustafoga salavot va salomlar boʻlsin.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?