O'qildi: 55
06.02.2026
/ 18 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Qasamlar va nazrlar
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
«So‘ngra ular kirlarini ketkazsinlar va nazrlarini to‘la ado qilsinlar!» (Haj: 29).
Batafsil javob:
Savol yoʻllovchi aziz birodar, quyida nazr mavzusi haqida sizga va boshqa o‘quvchilarga Allohning izni bilan foyda beradigan, nazrning turlari va asosiy hukmlarini o‘z ichiga olgan bayonni taqdim etamiz:
Asfahoniy rahimahulloh aytadi: «Nazr – bir ish sodir bo‘lganda o‘zingizga vojib bo‘lmagan narsani vojib qilishingizdir. Alloh taolo:
«Men Rahmon yo‘lida ro‘za tutmoqni nazr (ahd) qilganman» (Maryam: 26), dedi» («Mufradotu alfoz al-Qur’on», 797-bet).
Demak, nazr – bu mukallaf kishining o‘ziga vojib bo‘lmagan narsani vojib qilishi, xoh darhol bajarish bo‘lsin, xoh muallaq (keyinchalik amalga oshirish) bo‘lsin.
Allohning Kitobida maqtov tarzida nazr zikr qilingan. Alloh taolo mo‘min bandalari haqida:
«Albatta (hayoti-dunyodan Alloh taoloning amru farmonlariga itoat qilib o‘tgan) yaxshilar (jannatda) mizoji-aralashmasi kofur maykosalardan (may) ichurlar. (Ular) Allohning (yaxshi) bandalari ichadigan (jannatiy) chashma bo‘lgan maykosalardan (may) ichurlar. Ular u (chashmani o‘zlari xohlagan joydan) chiqarib-oqizib olurlar. Ular (hayoti-dunyoda o‘z zimmalariga olgan) nazrlarini to‘la ado qilurlar va yomonlik-dahshatlari keng yoyilguvchi bo‘lgan (Qiyomat) kunidan qo‘rqurlar» (Inson: 5-7).
Alloh taboraka va taolo ularning najot topib, jannatga kirishlariga qiyomat dahshatlaridan qo‘rqishlari va nazrlariga vafo qilishlarini sabab qildi.
Shar’iy nazrni bajarish Alloh taoloning quyidagi oyatiga koʻradir:
«So‘ngra ular kirlarini ketkazsinlar va nazrlarini to‘la ado qilsinlar!» (Haj: 29).
Imom Shavkoniy aytadi: «Buyruq vojiblikni anglatadi» (Imom Shavkoniyning «vojib» degan soʻzlari Hanafiy mazhabidagi «farz» istelohiga toʻgʻri keladi – tarj.).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan nazrdan qaytarish va uning makruhligi haqida bir qancha hadislar vorid bo‘lgan.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ ﷺ قَالَ: «لَا تَنْذِرُوا فَإِنَّ النَّذْرَ لَا يُغْنِي مِنَ الْقَدَرِ شَيْئًا، وَإِنَّمَا يُسْتَخْرَجُ بِهِ مِنَ الْبَخِيلِ».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Nazr qilmanglar, chunki nazr qadardagi biror narsani qaytara olmaydi. U orqali baxildan (biror narsa) undiriladi, xolos» (Sahihi Muslim, 1640).
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ قَالَ: « أَخَذَ رَسُولُ اللهِ ﷺ يَوْمًا يَنْهَانَا عَنِ النَّذْرِ وَيَقُولُ: إِنَّهُ لَا يَرُدُّ شَيْئًا، وَإِنَّمَا يُسْتَخْرَجُ بِهِ مِنَ الشَّحِيحِ».
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni nazrdan qaytara turib, «U hech narsani daf qilmaydi, u orqali ziqnadan (biron narsa) undiriladi, xolos», dedilar» (Sahihi Muslim, 1639).
Agar biror kishi: «Qanday qilib oyatda nazriga vafo qiluvchilar maqtalib, keyin esa (hadisda) nazrdan qaytariladi?» degan shubhaga borsa, bunga javobimiz shuki, maqtalgan nazr – bu mutlaq toat nazri bo‘lib, inson o‘z nafsini toatga majburlab, dangasalik va yalqovlikdan to‘sish uchun yoki ne’matga shukr sifatida o‘zini biror narsaga majbur qiladi.
Qaytarilgan nazrga kelsak, uning bir necha turi bor. Ular orasida «badal nazri» bo‘lib, nazr qiluvchi unda toatni biror narsa hosil bo‘lishi yoki daf’ bo‘lishiga bog‘laydi, agar bu hosil bo‘lmasa, toatni bajarmaydi. Bu qaytarilgan nazrdir.
Buning hikmati quyidagicha:
Bu Alloh azza va jallaga toat bo‘lgan har qanday nazrdir. Masalan, namoz, ro‘za, umra, haj, qarindoshlik aloqasini bog‘lash, e’tikof, jihod, yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishni nazr qilish kabi. Bu kishining «Men ustimga Alloh uchun shuncha kun ro‘za yoki shuncha miqdorda sadaqa qilishni nazr qildim», deyishi, yoki «Alloh menga bergan shifo ne’mati uchun shukrona sifatida men ustimga Alloh uchun shu yil haj qilish yoki Masjidul Haramda ikki rakaat namoz o‘qishni nazr qildim», deyishi kabi. Yoki shartli nazr qilib, Allohga yaqinlashtiruvchi nazrni o‘zi manfaatlanadigan narsaga bog‘lab: «Agar musofirim qaytib kelsa yoki Alloh meni dushman yomonligidan saqlasa, men shuncha ro‘za tutishim yoki shuncha sadaqa qilishim lozim», deyishi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga toatni nazr qilgan bo‘lsa, Unga toat qilsin. Lekin kim Unga osiy bo‘lishni nazr qilgan bo‘lsa, Unga osiy bo‘lmasin», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 6696).
Agar kishi toatni nazr qilsa-yu, keyin uni bajarishga to‘sqinlik qiladigan sharoitlar yuzaga kelsa, masalan, bir oy ro‘za tutish, haj yoki umra qilishni nazr qilsa, ammo kasallik tufayli ro‘za tutishga, haj yoki umra qilishga qodir bo‘lmasa, yoki sadaqa qilishni nazr qilsa-yu, ammo u moddiy ahvoli tang boʻlib, nazr qilgan narsasini o’tay olmasa, bunday holda u nazrini qasam kafforati bilan bajaradi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kim nimaligini aytmay nazr qilsa, kafforati qasamning kafforati kabidir. Kim ma’siyatga nazr qilsa, kafforati qasamning kafforati kabidir. Kim toqati yetmaydigan narsani nazr qilsa, kafforati qasamning kafforati kabidir. Kim toqati yetadigan narsani nazr qilsa, nazriga vafo qilsin» (Abu Dovud, 3322; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Hidoyatur ruvot», 3/635).
Shayxulislom aytadilar: «Agar inson Allohga toat nazrini bajarishni maqsad qilsa, uni bajarishi lozim. Ammo agar Allohga nazr qilgan narsasini bajarmasa, salaf-solihlarning aksariyati fikriga ko‘ra, uning zimmasida qasam kafforati vojib bo‘ladi» («Majmu’ul fatovo»d, 33/49).
Bu quyidagi nazr turlarini o‘z ichiga oladi:
Gunoh-ma’siyat nazri: Alloh taologa ma’siyat (itoatsizlik) bo‘lgan har qanday nazr ushbu tur ostiga kiradi. Masalan, ba’zi qabrlar va ziyoratgohlarga zaytun yog‘i, sham yoki nafaqa nazr qilish, yoki shirkiy ziyoratgoh va mozorlarni ziyorat qilishni nazr qilish. Bu ba’zi jihatlardan butlarga nazr qilishga o‘xshaydi. Shuningdek, zino, aroq ichish, o‘g‘rilik, yetimning molini yeyish, oʻzganing haqqini inkor qilish kabi gunohlarni, shuningdek, shar’iy mone’liksiz qarindoshlik aloqalarini uzib, falonchi qarindoshi bilan aloqa qilmaslikni yoki uning uyiga kirmaslikni nazr qilish. Bular hech qanday holatda bajarilishi joiz emas. Aksincha, u nazrini qasam kafforati bilan oʻtashi kerak. Bunday nazrlarni bajarishning joiz emasligiga dalil:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga toatni nazr qilgan bo‘lsa, Unga toat qilsin. Lekin kim Unga osiy bo‘lishni nazr qilgan bo‘lsa, Unga osiy bo‘lmasin», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 6696).
Imron ibn Husoyn roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ma’siyatda nazrga vafo qilish yo‘q!», dedilar» (Sahihi Muslim, 1641).
Shar’iy dalilga zid bo‘lgan har qanday nazr: Agar musulmon kishi nazr qilsa va bu nazr sahih, ochiq dalilga zid ekani ma’lum bo‘lsa, bu nazrni bajarishdan to‘xtab, uni qasam kafforati bilan ado etishi lozim. Buning dalili:
Ziyod ibn Jubayrdan rivoyat qilinadi: «Ibn Umar bilan birga edim. Bir kishi unga: «Toki tirik ekanman, har seshanba [yoki chorshanba] ro‘za tutishni nazr qilgan edim. Endi esa manavi kunga – Qurbonlik kuniga to‘g‘ri kelib qoldim», dedi. Shunda u: «Alloh nazrga vafo qilishni buyurgan. Qurbonlik kunida esa ro‘za tutishdan qaytarilganmiz», dedi. U (savolni) qaytargan edi, (Ibn Umar) qo‘shimcha qilmay, yana shunday dedi» (Sahihi Buxoriy, 6706).
Hofiz Ibn Hajar aytadi: «Ramazon hayiti kuni ham, qurbon hayiti kuni ham nafl boʻlsin yoki nazr uchun boʻlsin, roʻza tutish joiz emasligiga ijmo’ qilingan».
Shunday nazrlar borki, ularga hech qanday hukm tatbiq etilmaydi, faqatgina nazr beruvchi o‘z nazri uchun kafforat sifatida qasam kafforatini bajarishi shart bo‘ladi. Jumladan:
Mutlaq nazr (ya’ni, nomi aytilmagan narsani nazr qilish): Agar musulmon nazr qilsa, ammo nazr qilingan narsani nomlamasa, balki uni nomlamasdan yoki tayin qilmasdan mutlaq qoldirsa, masalan: «Agar Alloh kasalimga shifo bersa, zimmamda bir nazr bor», deb, hech narsani nomlamasa, uning zimmasiga qasam kafforati lozim boʻladi.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nazrning kafforati xuddi qasamning kafforatidekdir», dedilar» (Sahihi Muslim, 1645).
Imom Navaviy aytadi: «Imom Molik va ko‘pchilik – balki aksariyat ulamolar – bu hadisni mutlaq nazrga yoʻyganlar, masalan, kishining «Zimmamda bir nazr bor», deyishi shu bobdandir» (Sahihi Muslim sharhi, 11/104).
Shunday nazrlar borki, nazr qiluvchiga nazrini bajarishi yoki qasam kafforati berishi o‘rtasida tanlov beriladi. Bu tur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Xusumat va g‘azab nazri: Bu har qanday nazr bo‘lib, unda nazr qiluvchi haqiqatda nazrni ham, qurbatni ham maqsad qilmasdan, biror narsani qilishga undash yoki undan qaytarish, tasdiqlash yoki yolg‘onga chiqarish uchun qasam qabilida aytadi. Masalan, kishi g‘azab holatida: «Agar shuni qilsam, menga haj yoki bir oy ro‘za, yoxud ming dinor sadaqa qilish vojib bo‘lsin», yoki «Agar falonchi bilan gaplashsam, mana bu qulni ozod qilish yoki xotinimni taloq qilish menga vojib bo‘lsin» kabi so‘zlarni aytib, so‘ngra o‘sha ishni (ya’ni, qilmayman degan ishni) qilib qo‘yadi. Holbuki, u bularning ortidan faqatgina bu ishni qilmasligini ta’kidlashni iroda qilgan boʻladi, boshqa narsani emas. Aslida esa, uning asl maqsadi shartni bajarmaslik va jazoni ijro etmaslikdir. Bunday nazrda (janjal yoki bir narsani qilish yoki qilmaslikning zarurligini ko‘rsatish holatidagi nazrda) u nazrini bajarish yoki qasam kafforati berish o‘rtasida tanlash huquqiga ega, chunki bu mohiyatan qasam hisoblanadi. Shayxulislom aytadi: «Agar nazrni qasam tarzida bog‘lasa, masalan, «Agar siz bilan safarga chiqsam, menga haj vojib boʻlsin, yo molim sadaqadir, yoki menga qul ozod qilish vojib boʻlsin», desa, bu sahobalar va jumhur ulamolar nazdida nazr qasami hisoblanadi, u nazr qiluvchi emas. Agar u zimmasiga olgan majburiyatini bajarmasa, qasam kafforati kifoya qiladi». U kishi boshqa oʻrinda: «Bizning nazdimizda mashhur qavlga ko‘ra, xusumat va g‘azab nazri ikki narsadan birini vojib qiladi: yo kafforat berishni, yoki bog‘langan ishni qilishni. Agar bog‘langan vojib amalni bajarmasa, kafforat vojibligi sobit bo‘ladi», degan.
Bu muboh ishlarga tegishli har qanday nazrdir, masalan, muayyan kiyimni kiyish, maxsus taomni yeyish, muayyan hayvonga minish yoki muayyan uyga kirish va hokazo.
Sobit ibn Zahhok roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bir kishi Buvona (Yanbu ortidagi joy) degan joyda tuya so‘yishni nazr qilgan edi (boshqa rivoyatda: o‘g‘il farzand ko‘rgani uchun). U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Men Buvonada tuya so‘yishni nazr qilgan edim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U yerda johiliyatda ibodat qilinadigan birorta but bo‘lmaganmi?» dedilar. «Yo‘q», deyishdi. U zot: «U yerda ularning birorta bayrami bo‘lmasmidi?» dedilar. «Yo‘q», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nazringga vafo qil, chunki Allohga ma’siyat ishda ham, Odam bolasi o‘zi molik bo‘lmagan narsada ham nazrga vafo qilish yo‘q», dedilar» (Abu Dovud, 3313; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 3313).
Bu kishi Alloh unga o‘g‘il farzand bergani uchun shukrona sifatida Buvonada tuya so‘yish nazrini qilgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam unga nazrini bajarib, tuyalarini o‘sha joyda so‘yishga ruxsat berdilar.
Allohdan Oʻzi suygan va Oʻzi rozi bo‘ladigan narsalarga muvaffaq qilishini so‘raymiz. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga Allohning saloti va salomi bo‘lsin.
Batafsilroq ma’lumot olish uchun quyidagi javoblarga murojaat qiling: (228331, 154219, 222188, 483363, 194650, 246843).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?