Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Poklanish bobi » Tahoratni buzadigan narsalar » Qon topshirish tahoratni buzadimi?
Fatvo: 2570

O'qildi: 159

19.01.2026

/ 30 Rajab 1447

Fatvo mavzusi:

Qon topshirish tahoratni buzadimi?

Savol

Musulmon kishi donorlik qilib qon topshirishi joizmi? Agar qon topshirsa, qon topshirgandan keyin tahorat olmasdan namoz o‘qishi joizmi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Muqaddima

Javobning qisqacha mazmuni:

Agar qon quyishga zarurat bo‘lsa, bemorga ham, shifokorga ham, qon topshiruvchi donorga ham gunoh yo‘q. Quvvatliroq fikrga ko‘ra, qon chiqishi tahoratni buzmaydi, ammo bu holatda tahoratni yangilab olish mustahab sanaladi.

 

Javob:

 

Qon topshirish hukmi

Agar qon quyishga zarurat bo‘lsa, bemorga ham, shifokorga ham, qon topshiruvchi donorga ham gunoh yo‘q. Buning sabablari quyidagilardir:

Alloh taoloning quyidagi so‘zlariga binoan:

﴿وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَا أَحْيَا النَّاسَ جَمِيعًا﴾

«Va kimki unga hayot ato etsa, demak, u go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi» (Moida: 32).

Bu ulug‘ oyat daxlsiz jonni tiriltirishga sababchi bo‘lishning fazliga dalolat qiladi. Shubhasiz, shifokorlar va qon topshirgan shaxslar, agar qon quyilmasa o‘lim xavfi ostida qolgan bemorning jonini saqlab qolishga sababchi hisoblanadilar.

Yana Alloh taoloning ushbu oyatiga binoan:

﴿إِنَّمَا حَرَّمَ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةَ وَالدَّمَ وَلَحْمَ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ بِهِ لِغَيْرِ اللَّهِ ۖ فَمَنِ اضْطُرَّ غَيْرَ بَاغٍ وَلَا عَادٍ فَلَا إِثْمَ عَلَيْهِ ۚ إِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ۝١٧٣﴾

«U sizlarga faqatgina o‘laksa, qonni, to‘ng‘iz go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atalib so‘yilgan narsalarnigina harom qildi. Endi kimki zolim bo‘lmagan va haddan oshmagan holida nochor vaziyatda qolsa, gunohkor bo‘lmaydi. Albatta, Alloh mag‘firat qilguvchi, rahmlidir» (Baqara: 173).

Bu oyat harom narsaga majbur bo‘lgan kishi harom qilingan narsani qabul qilishida gunoh yo‘qligini ko‘rsatadi. Bemor esa qon bilan davolanishga majbur va boshqalar uchun qon topshirib, bu ishni amalga oshirishning zarari yo‘q.

Islom shariati qoidalari qon topshirish joizligini taqozo etadi. Chunki uning qoidalaridan biri shuki:

  • Zarurat taqiqlangan narsalarni mubohga aylantiradi;
  • Zarar bartaraf etiladi;
  • Mashaqqat yengillikni keltirib chiqaradi.

Bemor esa majbur, zarar ko‘rgan va uni halokatga olib boruvchi mashaqqatga duchor bo‘lgan, shuning uchun unga qon quyish joizdir.


Qon oldirish tahoratni buzadimi?

Qon chiqishi tahoratni buzishi masalasida ulamolar, rohimahumulloh, ixtilof qilganlar.

Tahorat buziladi deb aytgan olimlar Abu Dardo roziyallohu anhuning «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qayt qildilar, so‘ng tahorat qildilar» hadisiga asoslanganlar. Ular qonni qayt qilishga qiyoslaganlar, chunki ikkalasi ham tanadan chiquvchi najas (nopok) narsalardir. Bu hadis: «Musnadi Ahmad», 4/449, «Sunani Abu Dovud», 2981, «Sunani Termiziy», 87 hadis toʻplamlarida kelgan. Termiziy aytadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan va tobeinlardan bo‘lgan ko‘plab ulamolar qayt qilish va burundan qon kelishidan soʻng tahorat qilish lozimligini aytganlar. Bu Sufyon Savriy, Ibn Muborak, Ahmad va Is’hoq ibn Rohavayhning so‘zidir. Ba’zi ilm ahli «qayt qilish va burundan qon kelishidan tahorat vojib emas», deganlar. Bu Molik va Shofeiyning so‘zidir». Bu Ahmaddan yana bir rivoyatdir. Bag‘aviy aytadi: «Bu ko‘pchilik sahobalar va tobeinlarning so‘zidir».

Quvvatliroq fikrga ko‘ra, qon chiqishi tahoratni buzmaydi, ammo bu holatda tahoratni yangilab olish mustahab sanaladi. Buning dalillari quyidagilardir:

  1. Asliy baroat (aybsizlik prezumpsiyasi). Asl shuki, aksi isbotlanmaguncha tahorat oʻz kuchida qoladi. Ya’ni, asl holat tahorat olgan kishining tahorati saqlanib qolishidir, uning ziddi, ya’ni tahorati ketgani isbotlanmaguncha. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan qonning tahoratni buzishiga dalolat qiladigan hadis sobit bo‘lmagan. Shuning uchun imom Navaviy rahimahulloh: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qon chiqishidan tahorat vojib bo‘lishini hech qachon aytmaganlar», degan.
  2. Shayx Ibn Sa’diy rahimahulloh aytadi: «To‘g‘risi shuki, qon, qayt qilish va shu kabi narsalar tahoratni buzmaydi, oz bo‘lsa ham, ko‘p bo‘lsa ham. Chunki bu narsalarning tahoratni buzishiga dalil kelmagan, asl holat esa tahoratning saqlanib qolishidir».
  3. Qonni boshqa narsaga qiyos qilish to‘g‘ri emas, chunki hukmning sababi bir xil emas.
  4. Qon chiqishi tahoratni buzadi degan fikr salafi-solihlardan kelgan asarlarga ziddir. Masalan: Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning jarohatidan qon oqib turgan holda namoz o‘qishi. Hasan Basriy rahimahulloh aytadi: «Musulmonlar badanlaridagi jarohatlari bilan doimo namoz o‘qiyverganlar».
  5. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qayt qilgandan keyin tahorat olganlari vojiblikka dalolat qilmaydi. Chunki qoida shuki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amrga bog‘lanmagan, shunchaki qilgan fe’llari vojiblikka dalolat qilmaydi. Buning eng yuqori darajasi shundaki, bu ishda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ergashishning mashru’ligiga dalolat qiladi. Shuning uchun Shayxulislom rahimahulloh: «Hijoma (qon oldirish) va qayt qilgandan keyin tahorat qilish mustahabligi aniq va ravshandir», degan.

Xulosa qilib aytganda, donorlik uchun qon topshirish joiz. Qon topshiruvchi kishi qon topshirgandan so‘ng tahorat qilishi mustahabdir. Agar tahorat qilmasa, hech qanday zarari yo‘q.

Alloh bilguvchiroqdir.

Qon topshirish masalasida quyidagilarga qarang:

  • Shayx Abdurrahmon ibn Sa’diyning «Al-Muxtorot al-Jaliyya» kitobi, 327-bet;
  • Doktor Abdulloh at-Tariqiyning «Shariatdagi taomlar hukmlari» kitobi, 411-bet;
  • «Majma al-Fiqhiy» jurnali, 1-son, 32-bet;
  • As-Sofiyning «Qon quyish va uning hukmlari» kitobi, 27-bet;
  • Doktor Muhammad Muxtor Shinqitiyning «Tibbiy jarrohlik hukmlari» kitobi, 580-bet.

Qon chiqishi tahoratni buzishi masalasida quyidagilarga qarang:

  • «Majmu’ al-Fatovo», 20/526;
  • Ibn Taymiyaning «Sharhi Umdatul Fiqh» kitobi, 1/295;
  • Ibn Qudomaning «Mug‘niy» kitobi, 1/234;
  • Bassomning «Tavdihul Ahkom» kitobi, 1/239;
  • Ibn Usaymiynning «Ash-Sharh al-Mumti’» kitobi, 1/221.

 

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Ayolga teginish tahoratni buzadimi?

    Inson kun davomida xotiniga biror narsa berish va olishdan xoli bo‘la olmaydi. Agar tahoratli kishi xotinining qo‘liga tegsa, tahorati buziladimi?
  • Me’dadan chiqqan narsa tahoratni buzmaydi

    Biror narsani ichganda yoki yeganda achchiq modda chiqsa-yu, lekin u oz miqdorda bo‘lib, og‘izni to‘ldirmasa yoki faqat tomoqning yuqori qismiga yetib, yana pastga tushsa, bu tahoratni buzadimi?
  • Qon tahoratni buzadimi?

    Qon chiqishi tahoratni buzadigan amallardan sanaladimi? Bu haqda ma’lumot berishingizni iltimos qilaman.
  • Ayolning old avratidan yel chiqishi

    Ayolning old avratidan chiqadigan havo tahoratni buzadimi?
  • Qorindagi gazlar harakati

    Agar kishi tahoratli bo‘lsa-yu, qornida gaz ovozini eshitsa, ammo bu gaz orqa avrat orqali chiqmasa, bunday holat haqidagi hukm qanday? U tahoratli holatda qoladimi yoki tahorati buzilgan sanaladimi?
  • Hojatdan keyin siydik tomib qolishi

    Peshob qilish asnosida jinsiy a’zosini siqib, siygandan so‘ng undan tomchi chiqayotgan kishiga nima vojib bo‘ladi? Bu tomchilar u hojatini tugatgandan bir daqiqa yoki undan ko‘proq vaqt o‘tgach, ba’zi hollarda esa tahoratni tugatgandan keyin beixtiyor paydo bo‘ladi. U nima qilishi kerak va agar bir necha marta yuvgandan so‘ng bu holat to‘xtasa, unga nima vojib bo‘ladi?