O'qildi: 162
17.01.2026
/ 28 Rajab 1447
Fatvo mavzusi: Hadis sharhlari
Savol
Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so‘ng u zotning qabrlarini ziyorat qilish hayotlik paytlarida u kishini ziyorat qilishga teng ekanligi haqidagi hadisni oʻqib qoldim. Bu hadisga binoan, biz Madinada u zotning qabrlarini ziyorat qilganimizda, go‘yo tirik insonday murojaat qilib, qiyomat kuni Alloh taoloning huzurida biz uchun shafoat so‘rashlarini iltimos qilishimiz man etilmagan deb tushundim. Biroq, bu harakatim shirkning bir ko‘rinishi bo‘lishi mumkinligidan xavotirdaman.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Hotib xonadonidan bo‘lgan bir kishi Hotibning shunday deganini rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim meni vafotimdan keyin ziyorat qilsa, go‘yoki meni hayotligimda ziyorat qilgan kabidir», dedilar (Sunani Doraqutniy, 2694; Hadis hukmi: «zaif». Manba: «Zaifu targʻib», 766).
Bu hadisni ko‘plab hadis ulamolari botil deb hukm qilishgan va u Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan sahih emasligini aytishgan. Bunday hukm qilganlardan biri Hofiz az-Zahabiy bo‘lib, u «Lison al-Mizon» (4/285) kitobida bu hadisning roviylaridan biri Horun ibn Abu Qaz’a haqida so‘z yuritganda aytgan: «Horun ibn Abu Qaz’a al-Madaniy bir odamdan (Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning qabrini ziyorat qilish haqida rivoyat qilgan)». Buxoriy aytadi: «U bu hadisda mutobaat qilinmaydi».
Hofiz Ibn Hajar «Lison al-Mizon» (6/217)da aytadi: «Azdiy aytgan: Horun Abu Qaz’a Hotib oilasidan bo‘lgan bir odamdan mursal hadislar rivoyat qiladi. Men (ya’ni Hofiz) aytaman: Bu Azdiy nazarda tutgan kishidir va uni Ya’qub ibn Shayba ham zaif degan». Hofiz Ibn Hajar «at-Talxis al-Habir» (2/266)da ham bu hadisni zikr qilib aytadi: «Uning sanadida noma’lum (majhul) kishi bor». Hofiz zikr qilgan «kishi» – Hotib oilasidan bo‘lgan kishidir.
Shayxulislom Ibn Taymiya «at-Tavassul val-Vasila» (134-bet)da bu hadis haqida aytadi: «Bu hadisning yolg‘on ekanligi aniq ko‘rinib turibdi va u Islomga ziddir. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamni hayotlik paytlarida ziyorat qilgan va u kishiga iymon keltirgan odam sahobalardan hisoblanadi, ayniqsa u muhojirlardan yoki Payg‘ambar bilan birga jang qilganlardan bo‘lsa. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahih hadisda shunday kelgan:
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Mening sahobalarimni haqorat qilmanglar! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, birortangiz Uhud tog‘idek oltinni infoq qilsa ham, ulardan biri qilgan (sadaqa)ning bir muddiga ham, yarim muddiga ham teng kelmaydi» (Abu Dovud, 4658; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 7310).
Bu hadis sahihaynda ham rivoyat qilingan. Sahobalardan keyingi zamonda yashagan kishi, unga farz qilingan amallar – haj, jihod, besh vaqt namoz yoki Payg‘ambarga salavot aytish kabi sunnat amallar bilan ham sahobalarga teng bo‘la olmaydi. Shunday ekan, vojib emasligiga musulmonlar ittifoq qilgan, balki unga safar qilish shariatda joriy boʻlmagan, aksincha undan qaytarilgan amal bilan sahobalarga qanday tenglashish mumkin?!
Masjidun Nabaviyda namoz o‘qish uchun safar qilish va Masjid al-Aqsoga namoz o‘qish uchun safar qilish mustahab, Ka’baga haj uchun safar qilish esa farzdir. Agar biron kishi farz va mustahab safarlarni amalga oshirsa ham, u Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam hayotliklarida u zotning huzurlariga safar qilgan sahobalardan biriga teng bo‘lolmaydi. Endi qaytarilgan safar haqida nima deyish mumkin?!»
U kishi yana soʻzining davomida: «U zotning qabrlarini ziyorat qilish haqidagi hadislarning barchasi zaif, ularning birortasiga tayanib boʻlmaydi. Shu sababli, «Sahih» va «Sunan» kitoblari sohiblari ulardan birortasini rivoyat qilmagan. Bu hadislarni faqat Doraqutniy, Bazzor va boshqalar kabi zaif hadislarni rivoyat qiluvchilar keltiradilar».
Shayx Alboniy «as-Silsila ad-Da’ifa» (1021-raqamli hadis)da bu hadis haqida aytadi: «Botil». U hadisning illatlarini keltiradi: ismi aytilmagan odam, Horun Abu Qaz’aning zaifligi va uchinchi illat – ixtilof va iztirob. Keyin shayx aytadi: «Umuman, hadisning sanadi juda zaif».
Yana u «as-Silsila ad-Da’ifa» (47-raqamli hadis)da aytadi: «Ko‘p odamlar Shayxulislom Ibn Taymiya va unga ergashgan salafiylar Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning qabrini ziyorat qilishni man etadi deb o‘ylaydilar. Bu yolg‘on va tuhmatdir, bu Ibn Taymiyaga qarshi birinchi tuhmat emas. Ibn Taymiyaning kitoblarini o‘qigan har bir kishi, u Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning qabrini ziyorat qilish mashru’ va mustahab ekanligini aytishini biladi, agar u bilan birga bid’at va xilofliklar – Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning: «Uch masjiddan boshqasiga safar qilinmaydi» degan umumiy so‘ziga binoan, o‘sha ziyoratga maxsus safar qilish kabi ishlar bo‘lmasa. Hadisda istisno qilingan narsa faqat masjidlar emas, ko‘pchilik o‘ylaganidek, balki Allohga yaqinlashish uchun qasd qilingan har qanday joy – u masjid bo‘ladimi, qabr bo‘ladimi yoki boshqasimi, barchasining hukmi bir. Buning dalili:
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: « Men Basra ibn Abu Basra al-Gʻiforiyni uchratdim, u: «Qayerdan kelyapsan?» dedi. Men: «Tur (tog‘i)dan», dedim. U aytdi: «Agar seni u yerga jo‘nashingdan oldin koʻrganimda, sen u yerga bormas eding. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Ulovlar faqat uchta masjidga (borish)dan boshqa (maqsad) uchun safarga hozirlanmaydi» (Musnad Ahmad, 23848; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Taxriji siyar», 19/250).
Bu sahobalar hadisni umumiy ma’noda tushunganiga ochiq-oydin dalildir. Buni tasdiqlaydigan narsa – ularning birortasidan biron qabrni ziyorat qilish uchun maxsus safar qilgani naql qilinmagan. Ular bu masalada Ibn Taymiyaning salaflari edilar. Kim uni ayblasa, u Sahobai kiromlarni ayblaydi. Alloh ulardan rozi bo‘lsin. Alloh aytgan kishiga rahm qilsin: «Barcha yaxshilik salaflarga ergashishda, barcha yomonlik esa keyingilar o‘ylab topgan bid’atlardadir».
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Payg‘ambar qabrini ziyorat qilish niyati bilan safar qilish bid’at va haromdir, chunki uch masjiddan boshqa joylarga ibodat uchun safar qilishni man etuvchi hadis bor. Ammo Madinada bo‘lgan kishining uning qabrini ziyorat qilishi sahih va mashru’dir. Shuningdek, Masjidi Nabaviyda namoz o‘qish niyati bilan safar qilish ham Allohga yaqinlashish, toat va ibodatdir. Xato va muammo mashru’ bo‘lgan narsa bilan man etilgan narsa o‘rtasidagi farqni tushunmagan kishilarda yuzaga keladi.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?