O'qildi: 203
16.01.2026
/ 27 Rajab 1447
Fatvo mavzusi: Nikoh shartlari
Savol
Men «ahli kitob ayollaridan bo‘lgan iffatli ayollarga uylanish» iborasi nimani anglatishini bilmoqchiman? Qo‘l tekkizish va o‘pish kitobiya ayolga uylanishga to‘sqinlik qiladimi? Men sizning javobingizda musulmon kishi iffatli ayolgagina uylanishi kerakligini o‘qidim. Bu faqat kitobiya ayolga tegishlimi yoki musulmon qizga ham taalluqlimi? Qo‘l tekkizish va o‘pish «iffat» so‘zi ta’rifiga kiradimi? Nikohdan oldin qo‘l tekkizish zarur deb o‘ylaydigan yosh musulmon yigitga qanday maslahat berasiz?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy o‘zining «Jome’ ul-bayon an ta’viyli oyil-Qur’on» (8/165) asarida «muhsona» kalimasining ta’rifida shunday deydi:
U (ayol) iffatli bo‘lsa, «hasunat» (pokdomon bo‘ldi), «tahsunu hasonatan» (pokdomon bo‘lmoqda) deyiladi, u ayollar ichida «hosin», ya’ni iffatlidir… Shuningdek, agar u iffatli bo‘lsa va farjini (jinsiy a’zosini) buzuqlikdan saqlasa: «qod ahsana farjaha fahiya muhsona», ya’ni «u farjini saqladi, batahqiq u nomusini saqlagan ayoldir», deyiladi. Ulug‘ maqtovlar egasi Alloh taolo aytganidek:
«Yana (iymon keltirgan zotlar haqida) o‘z nomusini saqlagan ayolni — Maryam binti Imronni (misol keltirdi)» (Tahrim: 12) – ya’ni, farjini shubhadan saqladi va fujurdan himoya qildi».
Keyin u Alloh taoloning
«Sizlar uchun mo‘minalar orasidan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar va sizlardan ilgari Kitob berilgan kimsalardan bo‘lgan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar ham haloldir» (Moida: 5), qavlining tafsirida aytilgan fikrlarni keltiradi. Jumladan quyidagilarni aytadi: «Ba’zilar aytdilar: Alloh «Sizlar uchun mo‘minalar orasidan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar va sizlardan ilgari Kitob berilgan kimsalardan bo‘lgan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar ham haloldir» qavli bilan ikki toifaning iffatli ayollarini nazarda tutgan, ular cho‘ri bo‘lsinlar yoki hur bo‘lsinlar. Bu gapning aytuvchisi ushbu oyat bilan o‘z diniga e’tiqod qiluvchi ahli kitob cho‘rilariga uylanishni halol qilgan va mo‘minalardan hamda ahli kitoblardan bo‘lgan fohishalarni harom qilgan».
Keyin u kishi rahimahulloh bu qavlga doir tafsirlarni keltirgan. Yana shunday deydi: «Keyin tafsir ahli «Kitob berilgan kimsalardan bo‘lgan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar ham haloldir» qavlining hukmi haqida – u umumiymi yoki xosmi, deb ixtilof qilishdi. Ba’zilari aytadi: U ularning iffatlilari haqida umumiydir, chunki «muhsanat» – iffatlilar demakdir. Musulmon kishi har qanday hur va cho‘ri kitobiyaga uylanishi mumkin, u harbiya bo‘ladimi yoki zimmiya bo‘ladimi. Ular «Kitob berilgan kimsalardan bo‘lgan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar ham haloldir» qavlining zohiri bilan dalil keltiradilar va bu yerdagi ma’no – ulardan kim bo‘lishidan qat’i nazar, iffatli ayollar demakdir. Bu «muhsanat» so‘zi ushbu o‘rinda «iffatlilar» ma’nosida ekanini aytganlarning fikridir. Boshqalar esa bu yerdagi ma’no musulmonlar bilan zimma va ahdnomasi bor ahli kitob ayollari haqidadir, deyishadi. Ammo harb ahliga kelsak, ularning ayollari musulmonlarga haromdir, dedilar».
U kishi rahimahulloh, kufr yurtlarida ahli kitob ayollariga uylanishni xohlagan har bir musulmon kishi e’tibor qaratib, to‘xtalib o‘tishi kerak bo‘lgan muhim shartni keltiradi. Bu shart: «U (ayol) farzandining kufrga majburlanishidan qo‘rqilmaydigan joyda bo‘lishi kerak».
Bizning hozirgi hayotimizda bu so‘zning eng aniq tatbiqlaridan biri – kufr yurtlarida musulmon farzandini kufr ahli dinida tarbiyalashga majburlaydigan narsa bo‘lmasligi, masalan, farzandiga majburiy tarzda nasorolar dinidan biron narsa o‘qitilishi yoki yakshanba kuni cherkovga olib borilishi, yoki kofira ayol tomonda qonun bo‘lib, xohlasa farzandni olib, o‘z qavmining dinida tarbiyalashi kabi holatlar bo‘lmasligi kerak. Allohdan ofiyat tilaymiz va yordamsiz qolishdan Unga sig‘inamiz.
Shayx Sa’diy o‘z tafsirida (1/458) aytadi: «Sizlar uchun mo‘minalar orasidan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar va sizlardan ilgari Kitob berilgan kimsalardan bo‘lgan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar ham haloldir» (Moida: 5). Bu Alloh taoloning
«To iymonga kelmagunlaricha mushrika ayollarga uylanmangiz!» (Baqara: 221), qavlini xoslaydi (cheklaydi). Ammo fojira, zinodan iffatli bo‘lmagan ayollarga uylanish halol emas, ular musulmon yoki kitobiy bo‘lishidan qat’i nazar, to tavba qilmagunlaricha, Alloh taoloning
«Zinokor erkak faqat zinokor ayolga yoki mushrikaga uylanur» (Nur: 3) oyatiga binoan».
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?