O'qildi: 416
07.01.2026
/ 18 Rajab 1447
Fatvo mavzusi: Poklanish bobi
Savol
Ba’zida ertalab uyg‘onganimda ichki kiyimimda namlikni ko‘raman. Bu uyqudagi ehtilom yoki beixtiyor siyish emas, chunki maziy yoki yopishqoq suyuqlik odatda ertasi kuni ertalab uyg‘ongandan keyin chiqadi va ko‘pincha shu sababli ichki kiyimlarimni yuvaman. Avval bir kitobda o‘qigandim, unda «agar bu moddada maniy (sperma) bo‘lmasa va u shunchaki maziy bo‘lsa, g‘usl qilish shart emas, namoz uchun tahorat olish kifoya qiladi», deyilgan. Agar shunday bo‘lsa, kiyimlarni nima qilish kerak? Shuningdek, o‘zimni maziy chiqishga sabab bo‘ladigan barcha holatlardan uzoq tutishimga qaramay, ba’zi noqulay vaziyatlarda ham maziy chiqishini sezganman. Maniy bilan maziy o‘rtasidagi farq nima?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Maniy va maziy o‘rtasida quyidagi farqlar bor:
Maniy erkak kishida qalin oq suyuqlik, ayollarda esa suyuq sariq suyuqlikdir.
Ummu Sulaym roziyallohu anho aytadi: «Allohning Nabiysi sollallohu alayhi vasallamdan ayol tushida erkak kishi ko‘radigan narsani ko‘rishi haqida so‘ragan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ayol o‘shani ko‘rsa, g‘usl qilsin», dedilar. Bundan uyalib ketdim-da, «Shunday bo‘lishi ham mumkinmi?» dedim. Shunda Allohning Nabiysi sollallohu alayhi vasallam: «Ha, bo‘lmasa (boladagi) o‘xshashlik qaydan bo‘ladi? Erkakning suvi quyuq, oq, ayolning suvi esa suyuq, sarg‘ishdir. Qay biriniki ustun kelsa [yoki «o‘zsa»], o‘xshashlik o‘shanga bo‘ladi», dedilar» (Sahihi Muslim, 311).
Imom Navaviy «Sharh Sahih Muslim»da (3/222) Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Erkak suvi qalin oq, ayol suvi suyuq sariq» degan so‘zlari haqida shunday deydi:
«Bu maniyning sifatini tushuntirishda muhim asos. Bu uning sog‘lom va ko‘p hollardagi sifatidir. Ulamolar aytadi: Sog‘lom holda erkakning maniysi oq, quyuq, bo‘linib-bo‘linib, otilib, shahvat bilan chiqadi va chiqishidan lazzatlanadi. Chiqqandan so‘ng holsizlik paydo bo‘ladi. Xurmo gulining hidiga o‘xshash hidi bo‘ladi. Xurmo gulining hidi xamirning hidiga yaqin… (Maniyning rangi ba’zi sabablarga ko‘ra o‘zgarishi mumkin)… Kasallik tufayli suyuq va sariq bo‘lishi, maniy idishi bo‘shashib lazzat va shahvatsiz oqishi, jimoni ko‘paytirish tufayli qizarib go‘sht suviga o‘xshab qolishi va hatto toza qon bo‘lib chiqishi mumkin… Maniyning xususiyatlari uchta bo‘lib, bular orqali u maniy ekani aniqlanadi:
Birinchisi, shahvat bilan chiqib, keyin holsizlik paydo bo‘lishi.
Ikkinchisi, xurmo guli hidiga o‘xshash hidi.
Uchinchisi, to‘lqin-to‘lqin bo‘lib otilishi. Bu uchtasidan bittasi topilsa, uni maniy deb hukm qilish uchun yetarli, hammasining bo‘lishi shart emas. Agar bulardan hech biri topilmasa, uni maniy deb hukm qilinmaydi va maniy emasligiga gumon g‘olib bo‘ladi. Bu erkak maniysi haqida.
Ayol maniysi esa sariq va suyuq, kuchliroq bo‘lsa oqarishi mumkin. Uning ikki xususiyati bor: biri — erkakning maniysi hidiga o‘xshash hidi, ikkinchisi — chiqishidan lazzatlanishi va chiqqandan so‘ng holsizlik paydo bo‘lishi».
Maziy esa jimo haqida o‘ylash yoki uni xohlash paytida chiqadigan yopishqoq oq suyuqlik bo‘lib, chiqishidan shahvat sezilmaydi, otilmaydi va undan so‘ng holsizlik bo‘lmaydi. U erkak va ayollarda bo‘lib, ayollarda ko‘proq bo‘ladi, deydi Imom Navaviy «Sharh Muslim»da (3/213).
Maniy g‘uslni vojib qiladi, u uyg‘oqlikda jimo yoki boshqa sabab bilan chiqadimi yoki uyquda ehtilom bo‘lib chiqadimi farqi yo‘q.
Aliy roziyallohu anhu aytadi: «Sermaziy odam edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashga uyalib, Miqdod ibn Asvadga buyurdim va u so‘radi. Shunda u zot: «Unda tahorat lozim)», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 178).
Ibn Qudoma «Al-Mug‘niy»da (1/168) aytadi: Ibn Munzir aytdi: «Ahli ilm orqadan najas chiqishi, erkak zakari va ayol oldidan siydik chiqishi, maziy chiqishi va orqadan yel chiqishi tahoratni buzishiga ijmo‘qilganlar».
Amr ibn Maymundan rivoyat qilinadi: «Sulaymon ibn Yasordan kishining kiyimiga tekkan maniy haqida: «Uning o‘zini yuvadimi yoki butun kiyimni yuvadimi?» deb so‘radim. U shunday dedi: «Oisha menga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maniyni yuvib, keyin o‘sha kiyimda namozga chiqardilar. Men uning yuvilganining asarini ko‘rib turardim», deb aytib bergan» (Sahihi Muslim, 289).
Muslimning boshqa rivoyatida: «Men uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kiyimlaridan ishqab tozalar edim, u shu kiyimda namoz o‘qir edilar» va yana boshqa rivoyatda: «Men uni quriganda tirnoq bilan qirib tashlar edim» deyilgan.
Hatto Nabiy sollallohu alayhi vasallam ho‘l holida yuvmasdan, tayoqcha kabi narsa bilan artib qo‘ya qolishlari sobit bo‘lgan. Imom Ahmad «Musnad»da (6/243)
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kiyimlaridan maniyni izxir o‘tining tomiri bilan sidirib tashlar, soʻnga shu kiyimda namoz o‘qir edilar. Qurigan holida esa kiyimlaridan qirib tashlab, shu kiyimda namoz o‘qir edilar» (Sahihi Ibn Huzayma, 294. Hadis hukmi: «hasan». Manba: Irvoul g’alil, 1/197).
Maziy esa yuqorida zikr qilingan Ali roziyallohu anhu hadisining ba’zi yo‘llarida kelganidek, najasdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam zakar va moyaklarni yuvish va tahorat olishni buyurganlar (Abu Avona «Mustaxraj»da rivoyat qilgan, Ibn Hajar «Talxis»da: «Bu hadisning sanadi borasida biron tanqidga o‘rin yo‘q» degan). U najasdir, undan zakar va moyaklarni yuvish va tahorat olish kerak.
Maniy pok degan fikrga ko‘ra, u kiyimga tegsa kiyimni najas qilmaydi va kishi shu kiyimda namoz o‘qisa bo‘laveradi. Ibn Qudoma aytadi: «Agar uni pok deb aytsak, ishqalash mustahab, ishqalamasdan namoz o‘qisa ham joiz» (Mug‘niy, 1/763).
Maziyga kelsak, undagi mashaqqat sababli kiyimga suv sepish bilan kifoyalaniladi. Bunga dalil Abu Dovud «Sunan»da:
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Maziydan ko‘p qiynalar, u tufayli ko‘p g‘usl qilar edim. Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu haqda so‘radim. U zot: «U tufayli tahorat qilsang, yetarli bo‘ladi», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, uning kiyimimga tekkani nima bo‘ladi?» dedim. U zot: «Bir hovuch suv olib, kiyimingning (najosat) tegdi deb o‘ylagan joyiga sepsang, kifoya qiladi», dedilar» (Abu Dovud, 210; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 210). Termiziy ham rivoyat qilib: «Bu hasan sahih hadis, maziy haqida Muhammad ibn Is’hoqdan bundan boshqa bunday hadisni bilmaymiz» degan.
«Tuhfatul Ahvaziy» (1/373) sohibi aytadi: «Bu bilan maziy kiyimga tegsa, uni yuvish vojib emas, suv sepib ho‘llash kifoya qilishiga dalil qilingan».
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?