O'qildi: 82
25.12.2025
/ 5 Rajab 1447
Fatvo mavzusi: Odob-axloq va maʼnaviyat
Savol
Islom dinida shaxsiy va ishdagi munosabatlarda rostgo‘ylikning ahamiyati qanday? Yolg‘on gapirish joiz boʻlgan holatlar bormi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Rostgo‘ylik bu – til va qalb mos keladigan haq so‘zdir, shuningdek, til nuqtayi nazaridan voqelikka va haqiqatga mos keladigan so‘zlar rostgoʻylik deyiladi.
Rostgo‘ylik insoniyat jamiyatining zaruratlaridan, ulkan manfaatga ega insoniy xulq fazilatlaridan biri bo‘lgani, yolg‘on esa jamiyat uchun katta buzg‘unchilik unsuri, ularning binolarini buzish, rishtalari va aloqalarini uzish sababi hamda o‘ta zararli axloqiy illatlardan bo‘lgani uchun Islom rostgo‘ylikka buyurdi va yolg‘ondan qaytardi.
Alloh taolo aytadi:
«Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va iymonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz!» (Tavba: 119).
Ibn Kasir rahimahulloh bu oyatning tafsirida aytadi: «Ya’ni: rostgo‘y bo‘linglar va rostgo‘ylikni mahkam tutinglar, (shunda) uning ahlidan bo‘lasizlar, halokatlardan najot topasizlar va (Alloh) sizlarga ishlaringizdan bir yengillik va chiqish yo‘li qilib beradi» (Tafsiri Ibn Kasir, 2/414).
Yana boshqa oyatda keladi:
«Agar ular Allohga (iymon keltirish va Uning jang qilish haqidagi amriga itoat etishda) sodiq-rostgo‘y bo‘lganlarida, albatta o‘zlari uchun yaxshiroq bo‘lur edi» (Muhammad: 21).
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Sizlar rostgo‘ylikni mahkam tutinglar, chunki rostgo‘ylik yaxshilikka, yaxshilik esa jannatga olib boradi. Kishi doim rost gapirsa va rostgo‘ylikda bardavom bo‘lsa, Allohning huzurida siddiq deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan hazir bo‘linglar, chunki yolg‘on fujurga, fujur esa do‘zaxga olib boradi. Kishi doim yolg‘on gapirsa va yolg‘onchilikda bardavom bo‘lsa, Allohning huzurida kazzob deb yozib qo‘yiladi» (Sahihi Muslim, 2607).
Bu hadis rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklashini ko‘rsatadi. «Yaxshilik» esa barcha xayr va solih amallarni o‘z ichiga oladigan, koʻp ma’nolarni oʻzida jamlagan soʻzdir. «Fujur» so‘zining asli esa haqdan og‘ish va uzoqlashish demakdir, fojir – hidoyat yo‘lidan og‘gan kishidir. Shuning uchun yaxshilik va fujur bir bir-biriga zid narsalardir.
Hasan ibn Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alay hi va sallamdan yodlab oldim: «Seni shubhaga soladigan narsani qo‘yib, shubhaga solmaydigan narsaga o‘t. Chunki rostgo‘ylik xotirjamlikdir, yolg‘on esa shubhadir» (Termiziy, 2518; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Targ‘ib», 2930).
Abu Sufyon roziyallohu anhuning uzun hadisida (Hiraql qissasida), Hiraql undan (Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqlarida): «U sizni nimalarga buyuradi?» deb soʻradi. Abu Sufyon: «Yolg‘iz Allohga ibodat qilinglar, Unga biron narsani sherik qilmanglar, otalaringiz aytayotgan narsalarni tark qilinglar», deydi. Bizni namozga, rostgo‘ylikka, iffatga va silai rahmga buyuradi», dedim» (Sahihi Buxoriy, 7).
Hakim ibn Hizom roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sotuvchi va oluvchi ajralmagunlaricha ixtiyorlidir. Agar rost gapirsalar, (molning aybini) ochiq aytsalar, savdolarida ularga baraka beriladi. Agar yolg‘on gapirsalar va berkitsalar, savdolarining barakasi o‘chiriladi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 2110; Sahihi Muslim, 1532).
Rostgo‘ylik Allohga ibodatni ixlos bilan qilish orqali Alloh bilan rostgo‘y bo‘lishni, o‘z nafsini Allohning shariatiga bo‘ysundirish orqali o‘z nafsi bilan rostgo‘y bo‘lishni va odamlar bilan so‘zda, va’dalarda va oldi-sotdi, nikoh kabi muomalalarda rostgo‘y bo‘lishni o‘z ichiga oladi. Aldov, g‘irromlik, soxtakorlik va ma’lumotlarni yashirish bo‘lmasligi kerak, shunday qilib insonning zohiri uning botini kabi, siri uning oshkorasi kabi bo‘ladi.
Yolg‘on esa katta harom ish bo‘lib, uning haromligi va gunohi turlicha bo‘ladi. Eng yomon ko‘rinishi Alloh va Rasulga nisbatan yolg‘on gapirishdir. Chunki bu dinga fitna solish va Allohga qarshi katta jur’atdir. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning sifatlaridan biri Alloh yetkazishni buyurgan narsalarni yetkazishda sodiq bo‘lishdir. Shu sababli Alloh taolo aytadi:
«Bilmagan holda odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?!» Albatta, Alloh zolim qavmni hidoyat qilmas» (An’om: 144).
U Zot yana aytadi:
«Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Unday kimsalar (Qiyomat Kunida) Parvardigorlariga ro‘baro‘ qilinurlar va barcha guvoh: «Mana shular Parvardigor sha’niga yolg‘on so‘zlarini so‘zlaganlar», deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la’nati bo‘lur» (Hud: 18).
Shunga o‘xshash, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamga nisbatan yolg‘on gapirish to‘g‘risida, muttafaqun alayh bo‘lgan mutavotir hadisda:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim qasddan mening nomimdan yolg‘on gapirsa, o‘rnini do‘zaxdan tayyorlayversin», dedilar» (Sahihi Muslim, 3).
Islomdagi asl hukm – yolgʻonning joiz emasligidir, lekin buyuk manfaatni amalga oshirish yoki zararni daf qilish uchun yolg‘on gapirishga ruxsat berilgan holatlar bor:
Bunday vaziyatlardan biri ikki janjallashayotgan shaxsni yarashtirish holatidir. Agar nizoni yolg‘on gapirmasdan hal qilishning boshqa iloji bo‘lmasa va yarashuvga faqat yolg‘on so‘zlar orqali erishish mumkin bo‘lsa, u holda tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash maqsadidagina yolg‘on gapirishga ruxsat etiladi.
Ummu Kulsum bint Uqbaning xabar berishicha, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Odamlarning orasini isloh qilayotgan kishi yolg‘onchi emas, zero u yaxshilikni yetkazadi [yoki «yaxshilikni aytadi»]», deganlarini eshitgan ekan. (Sahihi Buxoriy, 2692)
Shunday holatlardan yana biri – erkakning ayoliga va ayolning eriga aloqani mustahkamlaydigan ittifoq va mehr-muhabbat borasidagi gaplari bo‘lib, bunday gaplarda mubolag‘a bo‘lishi mumkin,
Asmo bint Yazid hadisida kelganidek, u aytdi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Uch o‘rindan boshqasida yolg‘on halol bo‘lmaydi; kishi xotinini rozi qilish uchun gapiradigan so‘zi, urushdagi yolg‘on va odamlar orasini tuzatish uchun gapirilgan yolg‘on» (Termiziy, 1939; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi Termiziy», 1939).
Rostgo‘ylik va yolg‘onning eng buyuk ko‘rinishlaridan biri kelishuv va va’dada rostgo‘y bo‘lish yoki yolg‘on gapirishdir. Va’da va kelishuvda rostgo‘y bo‘lish mo‘minlar egallagan axloq fazilatlaridandir. Va’da va ahdning umumiy jihati shuki, ularning har biri xabar beruvchi qat’iy amalga oshirishga ahd qilgan ish haqida xabar berishdir, ayniqsa va’da bilan ahd Alloh taoloning huquqlariga tegishli bo‘lsa, Alloh taolo ba’zi bandalarini maqtab aytganidek:
«Ular (ya’ni, mo‘minlar) o‘zlariga ishonilgan omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahd-u paymonlariga rioya qilguvchi kishilardir» (Mo‘minun: 8).
Alloh taolo yana aytadi:
«Ahdlashganlarida ahdlariga vafo qilguvchilar» (Baqara: 177).
Yana aytadi:
«Mo‘minlar orasida o‘zlari Allohga bergan (U zotning yo‘lida jihod qilib, shahid bo‘lish haqidagi) ahd-u paymonlariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir. Bas, ulardan (ayrim) kishilar o‘z ahdiga vafo qildi, (ya’ni, shahid bo‘ldi), ulardan (ayrim) kishilar esa (shahid bo‘lishga) intizordir. Ular (munofiqlarga o‘xshab Allohga bergan ahd-u paymonlarini) o‘zgartirganlari yo‘q» (Ahzob: 23).
Alloh taolodan so‘z va amallarda ixlos va rostgo‘ylikni nasib etishini so‘raymiz.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?