O'qildi: 42
12.12.2025
/ 21 Jumadal-oxira 1447
Fatvo mavzusi: Bidʼat — dindagi yangiliklar
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Ko‘pchilik Qur’on o‘qishni tugatganlaridan so‘ng «Sodaqallohul a’ziym» (Buyuk Alloh rost so‘zladi) deyishga odatlanganlar, biroq bu amal shariatda yo‘q. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bunday qilmaganlar va sahobalar roziyallohu anhumning ham bunday odatlari bo‘lmagan. Shuningdek, bu odat tobeinlar davrida ham yo‘q edi. Bu keyingi asrlarda ba’zi qorilarning buni yaxshi amal deb o‘ylashi natijasida, Alloh taoloning:
«(Ey Muhammad alayhis-salot-u vas-salom), «Allohning so‘zi rostdir», deb ayting!» (Oli Imron: 95), degan oyatiga tayanib paydo bo‘lgan.
Biroq, bu istihson (biror narsani yaxshi deb hisoblash) qabul qilinmaydi. Chunki bu haqiqatan ham yaxshi amal bo‘lganida edi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, u zotning sahobalari va bu ummatning dastlabki salaflari – tobe’inlar bu amalni tark etmagan bo‘lar edilar.
Alloh taoloning: «Allohning so‘zi rostdir», deb ayting!» degan qavliga kelsak, bunda qiroatni tugatgandan so‘ng shunday deyish nazarda tutilmagan, agar shu nazarda tutilganida, Alloh taolo: «Qachon qiroatingni tugatsangiz, «Alloh rost so‘zladi» deb ayting», deb buyurgan bo‘lardi, xuddi:
«(Ey mo‘min bandam), har qachon Qur’on qiroat qilsang, albatta, quvilgan — mal’un shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so‘ragin!» (ya’ni «A’uzu billahi minash shaytonir rojiym», deb ayt) (Nahl: 98), deganidek.
Qiroat tugagandan keyin «Sodaqallohul a’ziym» deyish bid’atini joriy qilganlar asos sifatida foydalangan ushbu oyat, aslida, Alloh taolo tarafidan Bani Isroilga barcha taomlar halol qilingani, faqatgina Isroilning o‘zi uchun harom qilgan narsalar bundan mustasno ekanligini tasdiqlash maqsadida nozil qilingan. U Zot shunday degan:
«(Ey Muhammad alayhis-salot-u vas-salom), «Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, Tavrotni keltirib o‘qib ko‘ringlar», deb ayting. Bas, kim mana shundan keyin ham Allohga bo‘hton qilsa, ana o‘shalar zulm qilguvchilardir. (Ey Muhammad alayhis-salot-u vas-salom), «Allohning so‘zi rostdir. Bas, haq yo‘ldan toymagan va mushriklardan bo‘lmagan Ibrohimning diniga ergashinglar!», deb ayting!» (Oli Imron: 93).
Agar undan qiroat tugashi qasd qilingan bo‘lganida, bu haqda birinchi bilishi lozim bo‘lgan va birinchi amal qiluvchi kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lardilar. U zot bunday qilmaganlari sabab, oyatdan ushbu ma’no ko‘zda tutilmagani ma’lum bo‘ladi.
Xulosa: Qori qiroatini tugatgandan so‘ng «Sodaqallohul a’ziym» deyishi yangi paydo bo‘lgan, bid’at amal bo‘lib, musulmon kishi bunga amal qilishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ammo kishining Alloh taolo aytgan narsalarini tasdiqlashi, U Zotni rostgo‘y deb e’tiqod qilishi farzdir. Kimki, Allohni yolg‘onchi desa yoki U Zot xabar bergan narsalarning rostligiga shubha qilsa, kofir bo‘lib, dindan chiqadi. Alloh asrasin.
Kimki munosib vaziyatlarda, masalan, Alloh xabar bergan biror voqea amalga oshsa, U Zotni tasdiqlash uchun «Alloh rost so‘zladi» desa, albatta bu joiz, chunki bu haqda hadis kelgan.
Abdulloh ibn Burayda otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga xutba qildilar. Shu payt qizil ko‘ylak kiygan Hasan bilan Husayn qoqilib-surinib kela boshlashdi. Shunda u zot tushib, ularni ko‘tarib oldilar-da, ikkisi bilan minbarga chiqdilar. So‘ng «Alloh rost so‘zladi: «Mollaringiz va bolalaringiz fitnadir» (Tag‘obun: 15). Bularni ko‘rib, sabr qila olmadim», dedilar, so‘ng xutbada davom etdilar» (Abu Dovud, 1109; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 1109).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?