O'qildi: 150
May 30, 2025
/ 23 Zulhijja 1446
Fatvo mavzusi: Bidʼat — dindagi yangiliklar » Fiqh asoslari
Savol
Ashʼariylar va soʻfiylarning bidʼati hasana (yaxshi bidʼat) haqidagi bir qancha maqolalarini oʻqib chiqdim. Ular bunga dalil sifatida sahoba rukudan boshini koʻtarib, «Robbana va laka-l-hamd, hamdan kasiron, toyyiban, mubarokan fih» deganini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buni maʼqullaganini keltiradilar. Shuningdek, ular Ibn Hajar bu fikrni qoʻllab-quvvatlaganini va Ibn Taymiyani «boshqalarni zalolatga yetaklovchi kishi» deb taʼriflaganini aytishadi. Bu masalaga qanday izoh berasiz?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Birinchidan: Qanday qilib bidʼatning yaxshisi boʻlishi mumkin, holbuki, Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam:
«Har bir bidʼat zalolatdir, har bir zalolat esa doʻzaxdadir», deb aytganlar (Nasoiy, 1560). Agar bu soʻzdan keyin kimdir yaxshi bidʼat bor desa, bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qarshi chiqishdan boshqa narsa emas.
Ikkinchidan: Rukudan koʻtarilgandan keyin hamd aytish Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamdan sobit boʻlgan zikrlardan biridir. Sahoba esa shunchaki hamdning bir turini aytdi. Qanday qilib bu holatni shariatda hech qanday asosi boʻlmagan ibodat va zikrlarni oʻylab topishga dalil qilish mumkin?!
Uchinchidan: Sahobaning bu amali oʻz-oʻzicha dalil boʻla olmaydi. Bu amal Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning tasdiqlaridan keyin sharʼiy deb qabul qilindi. Agar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu ishni tasdiqlamaganlarida edi, u holda sharʼiy boʻlmasdi. Shunday ekan, bidʼatchilar bugungi davrda Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning tasdigʻiga qanday qilib erisha olishadi?
Toʻrtinchidan: Agar ular keltirgan dalil toʻgʻri boʻlganida ham, bu faqat xos bir voqyea sifatida qabul qilinib, umumiy hukmga ega boʻlmasdi. Biroq, «Har bir bidʼat zalolatdir» hadisi umumiy va qatʼiy maʼnoga egadir. Ulamolar orasida maʼlumki, mantuq (yaʼni ochiq bayon qilingan matn), mafhumdan (matnlarning siyoqidan tushuniladigan tushunchadan) ustun turadi.
Beshinchidan: Qurʼon va sunnat boʻlmasa, aqlimiz bilan oʻzimizcha yaxshini yomondan qanday ajratamiz? Axir, fikrlar farq qilish ehtimoli borku? Kimdir yaxshi deb bilgan narsani boshqasi yomon deb bilishi mumkin. Xoʻsh, mezon nima? Kimning aqliga suyanamiz va kimning hukmiga amal qilamiz? Bu chalkashlik va betartiblikdan boshqa narsa emas.
Oltinchidan: (Bu uchinchi nuqtani tasdiqlaydi) Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam biror sahobani qilgan ibodatini yoki aytgan zikrini tasdiqlagan boʻlsalar, bu amal Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning tasdigʻi bilan shariatga mos boʻladi va yaxshi amal (sunna hasana) deb hisoblanadi. Biroq, Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam vafot etganlaridan keyin, vahiy uzilganidan soʻng kimdir topgan zikr yoki ibodatni toʻgʻriligi va shariatga mosligini qanday bilamiz? Bu imkonsiz. Shuning uchun, hozirgi kunda ibodat masalalarida faqat shariatda kelgan narsalarga cheklanishimiz kerak.
Imom Ibn Hajar haqida gapiradigan boʻlsak, u kishi «Fathul Boriy» kitobida Shayxul Islom Ibn Taymiyadan koʻp soʻzlarni naql qilgan va baʼzilarini maʼqullagan, baʼzilariga esa eʼtiroz bildirgan. Bu ulamolarning odatidir. Ular haqiqatga erishish va toʻgʻrilikka yetishish uchun bir–birlarining soʻzlarini muhokama qilishadi. Haq gohida eʼtiroz bildiruvchi tarafda boʻlsa, gohida eʼtiroz bildirilayotgan tarafda boʻlishi mumkin. Ammo savolda keltirilgan yomon iboraga kelsak, Ibn Hajarning odobi, taqvosi va ilmli kishilarga boʻlgan hurmatini bilganimiz holda, bu gapning asossiz ekaniga iymonimiz komil. Alloh barchamizni magʻfirat qilsin va ularning ijtihodlari va ilmga boʻlgan eʼtiborlari uchun mukofotlasin.
Maʼlumot uchun: Bidʼat ahlining savolda kelgani kabi turli shubhalariga »Har bir bidʼat – zalolat» risolasida batafsil javob berilgan. Kitobning elektron nusxasini saytimizning «Kitoblar» boʻlimidan yuklab olishingiz mumkin.
Bu javob foydali bo’ldimi?