Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Namoz bobi » Imomlik » Imomlikka eng haqli kishi
Fatvo: 1875

O'qildi: 22

Noyabr 2, 2025

/ 11 Jumadal-ula 1447

Fatvo mavzusi:

Imomlikka eng haqli kishi

Savol

Masjidimiz jamoatida ba’zi musulmonlar o‘zlarini doimo «eng taqvoli va eng bilimdon» deb hisoblab, namozda o‘zlari imom bo‘lishadi va hech qachon boshqa birodarlarni oldinga o‘tishga taklif qilishmaydi. Hatto iqomat aytilishidan oldin ular imom turadigan joyda turgan bo‘lishadi. Ular boshqa birodarga imomlikni taklif qilishmaydi, hattoki ulardan biri «bu yerda mendan ko‘ra layoqatliroq odam yo‘q», degan. Bu kishilarning nima sababdan o‘zlarini eng layoqatli deb hisoblashlarining aniq sababini bilmayman, lekin bu ularning jamoatdagi eng yoshi ulug‘ yoki uzoq vaqt yashagan, yoki ma’lum bir millatga mansub, yoki o‘ziga xos kiyinadigan kishi ekanligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, ba’zi birodarlar borki, alhamdulillah, Qur’ondan ko‘p juz’ yod olishgan, ammo ular kibrlilarga sherik bo‘lishni yoki ular bilan raqobatga kirishni xohlamaganlari uchun hech qachon imom bo‘lishni istamaydilar.

Savolim uzun bo‘lgani uchun uzr so‘rayman. Ammo bu bilimli musulmonlarning kamtarlik tufayli imomlikni rad etishlari joizmi? Bu ikki holat (imomlikka da’vo qilish va uni rad etish) Alloh rozi bo‘lmaydigan yomon holatmi? Agar shunday bo‘lsa, bu vaziyatda jamoatdagi odamlar nima qilishlari kerak?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Musulmonlarga namozda imomlikka eng munosib va eng haqli kishilarni tanlashga yordam beradigan juda ko‘p sahih hadislar kelgan. Shulardan biri:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: «إِذَا كَانُوا ثَلَاثَةً فَلْيَؤُمَّهُمْ أَحَدُهُمْ، وَأَحَقُّهُمْ بِالْإِمَامَةِ أَقْرَؤُهُمْ».

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qayerda uch kishi bo‘lsa, biri ularga imom bo‘lsin. Imom bo‘lishga eng haqlisi qiroati yaxshirog‘idir», dedilar» (Sahihi Muslim, 672).

سَمِعْتُ أَبَا مَسْعُودٍ يَقُولُ: قَالَ لَنَا رَسُولُ اللهِ ﷺ: «يَؤُمُّ الْقَوْمَ أَقْرَؤُهُمْ لِكِتَابِ اللهِ وَأَقْدَمُهُمْ قِرَاءَةً فَإِنْ كَانَتْ قِرَاءَتُهُمْ سَوَاءً فَلْيَؤُمَّهُمْ أَقْدَمُهُمْ هِجْرَةً، فَإِنْ كَانُوا فِي الْهِجْرَةِ سَوَاءً فَلْيَؤُمَّهُمْ أَكْبَرُهُمْ سِنًّا. وَلَا تَؤُمَّنَّ الرَّجُلَ فِي أَهْلِهِ وَلَا فِي سُلْطَانِهِ، وَلَا تَجْلِسْ عَلَى تَكْرِمَتِهِ فِي بَيْتِهِ إِلَّا أَنْ يَأْذَنَ لَكَ – أَوْ بِإِذْنِهِ -».

Abu Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga shunday dedilar: «Qavmga Allohning Kitobini eng yaxshi o‘qiydigani, qiroatda peshqadami, qiroatlari baravar bo‘lsa, avvalroq hijrat qilgani, hijratda ham baravar bo‘lishsa, yoshi kattasi imom bo‘ladi. Hech kimga uning ahli orasida ham, uning mulki bo‘lgan joyda ham hargiz imom bo‘lma, izn bermasa [yoki iznisiz], uyidagi xos joyiga o‘tirma» (Sahihi Muslim, 291).

Ushbu hadislardan chiqariladigan xulosa shunday: imomlikka eng munosib shaxs Allohning Kitobini eng yaxshi o‘qiydigan va namoz ahkomlarini biladigan kishidir. Sahobalar davrida eng mohir qori oldinga surilgan, chunki ular oyatlarni to‘g‘ri qiroat qilishni imomdan o‘rganib, undan ilm va amallarni puxta o‘zlashtirganlar. Ular ilm va amalni uyg‘unlashtirib, hozirgi kunimizdagi kabi quruq yodlash bilan cheklanib qolmaganlar. Bugungi kunda Qur’onni yoki uning bir qismini yod olgan, tilovati mukammal, ovozi yoqimli, ammo namoz ahkomlaridan bexabar kishilar juda ko‘p uchraydi.

Agar qiroatda teng bo‘lsalar, sunnatni eng yaxshi biladiganlarni oldinga qo‘yish kerak. Agar unda ham teng bo‘lsalar, avval hijrat qilganlarni afzal ko‘rish kerak. Agar ular bunda ham teng bo‘lsalar yoki hijrat bo‘lmasa, u holda yoshi kattasi ilgari surilishi kerak. Bunga Molik ibn Huvayris hadisi dalil bo‘ladi:

عَنْ أَبِي قِلَابَةَ، حَدَّثَنَا مَالِكٌ قَالَ: «أَتَيْنَا النَّبِيَّ ﷺ وَنَحْنُ شَبَبَةٌ مُتَقَارِبُونَ، فَأَقَمْنَا عِنْدَهُ عِشْرِينَ لَيْلَةً، وَكَانَ رَسُولُ اللهِ ﷺ رَفِيقًا، فَلَمَّا ظَنَّ أَنَّا قَدِ اشْتَهَيْنَا أَهْلَنَا، أَوْ قَدِ اشْتَقْنَا، سَأَلَنَا عَمَّنْ تَرَكْنَا بَعْدَنَا فَأَخْبَرْنَاهُ، قَالَ: ارْجِعُوا إِلَى أَهْلِيكُمْ، فَأَقِيمُوا فِيهِمْ، وَعَلِّمُوهُمْ وَمُرُوهُمْ. وَذَكَرَ أَشْيَاءَ أَحْفَظُهَا أَوْ لَا أَحْفَظُهَا: وَصَلُّوا كَمَا رَأَيْتُمُونِي أُصَلِّي، فَإِذَا حَضَرَتِ الصَّلَاةُ فَلْيُؤَذِّنْ لَكُمْ أَحَدُكُمْ، وَلْيَؤُمَّكُمْ أَكْبَرُكُمْ».

Abu Qilobadan rivoyat qilinadi: «Molik bizga shunday so‘zlab berdi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga keldik. Biz tengqur yigitlar edik. U zotning huzurlarida yigirma kun turdik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda muloyim edilar. U zot ahlimizni istab qolganimizni [yoki «sog‘inganimizni»] bilib, ortimizda qoldirib kelgan kishilarimiz haqida so‘radilar. Biz u zotga aytib berdik. U zot muloyim va rahmdil edilar, «Ahllaringiz oldiga qaytinglar. Ularning orasida bo‘lib, ularga o‘rgatinglar, buyuringlar – (Molik) esimda qolgan va esimda qolmagan bir qancha narsalarni aytdi – va mening namoz o‘qiganimni ko‘rganingizdek namoz o‘qinglar. Namoz vaqti kirganda biringiz azon aytsin, kattarog‘ingiz sizlarga imom bo‘lsin», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 7246)

Qachonki qiroat, ilm va hijratda barobar bo‘lsalar, ular orasidan yoshi kattasini imom bo‘lishga buyurdilar. Agar ular bu jihatdan ham teng bo‘lsalar, eng taqvodorlari imom bo‘ladi. Bunga Alloh taoloning:

﴿إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ﴾

«Albatta sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot: 13), degan oyati dalil boʻladi.

Agar ularning barchasi teng bo‘lsa va ular o‘rtasida kelishmovchilik chiqsa, bu masalani qur’a tashlash orqali hal qilish mumkin. Doktorlik unvoniga ega bo‘lganlar imom bo‘ladi deyilmaydi. Shuningdek, g‘ayridin yurtlarda uzoq yashaganlarga ham imomlik berilmaydi. Qur’onni eng yaxshi yod olgan va namoz qoidalarini eng yaxshi biladigan kishiga afzallik beriladi.

Musulmonlar shaxsiy istaklari asosida imomlikka da’vogarlik qilishlari to‘g‘ri emas. Buning o‘rniga, ular shariat afzal ko‘rgan kishini oldinga surishi lozim. Allohdan musulmonlarning ahvolini yaxshilashini so‘raymiz.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

1

O’xshash fatvolar

  • Imomning yashirin gunohlari bor; u imomlikni davom ettirishi kerakmi?

    Bir yosh yigit masjidlardan birida imom. U, oʻzining aytishicha, masjid jamoati orasida mahbub. Lekin ichida o‘zining kamchiliklari, ba’zi gunohlari borligini, imomlikka loyiq emasligini, odamlarning bu muhabbati va hurmatiga arzimasligini biladi. Masjidda imom bo‘lib qolsa, munofiq yoki riyokor bo‘lib qolishidan xavotirda. Bu holatda masjidda qolishi kerakmi? Odamlarga imomlik qilaversinmi yoki munofiqlik va riyokorlikdan qo‘rqib, bu vazifani tark etsinmi?