O'qildi: 32
Oktabr 15, 2025
/ 23 Rabiul-oxir 1447
Fatvo mavzusi: Gʻayridinlarni Islomga chaqirish
Savol
Agar kimdir boshqa bir insonni Islomga da’vat etmoqchi bo‘lsa, u da’vatni qanday boshlashi va nimaga da’vat qilishi kerak?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Savol beruvchi odamlarni Allohga da’vat qilishni xohlayotganga o‘xshaydi. Da’vatni hikmat, chiroyli nasihat va muloyimlik bilan amalga oshirish va unda tahdid, ta’na va tanbehlardan chetlanish lozim. Allohga da’vat qiluvchilar eng muhim masalalarga e’tibor qaratib, so‘ng navbatdagi masalalarga o‘tishlari kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam elchilarini turli oʻlkalarga yuborgan paytlarida, ularga eng muhim masalalardan boshlashni, so‘ngra ahamiyat darajasiga qarab boshqa masalalarga oʻtishni buyurar edilar. Bunga U zotning Muozni Yamanga yuborayotganlaridagi koʻrsatmalari yaqqol misol boʻla oladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muozni Yamanga yuborayotib, shunday dedilar: «Sen ahli kitob qavmning huzuriga boryapsan. Ularni dastavval da’vat qiladigan narsang Alloh azza va jallaning ibodati bo‘lsin. Ular Allohni tanigach, Alloh ularga bir kecha-kunduzda besh mahal namozni farz qilganini xabar qil. Buni ado etishsa, Alloh ularga boylaridan olinib, faqirlarga beriladigan zakotni farz qilganini xabar qil. Agar bunga itoat qilishsa, ulardan (zakot) ol, biroq eng yaxshi mol-mulki(ni olish)dan saqlan» (Sahihi Muslim, 19).
Shu tarzda, musulmon o‘z da’vatini eng muhim jihatlardan boshlab, keyin ahamiyat darajasiga qarab davom ettiradi va da’vat uchun qulay fursat, mos vaqt va joyni tanlaydi. Ba’zida bir kishini o‘z uyiga taklif qilib suhbatlashish ma’qul bo‘lsa, boshqa hollarda uning uyiga tashrif buyurib da’vat qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, da’vatni ayrim vaqtlarda amalga oshirish boshqa paytlarga qaraganda samaraliroq bo‘lishi mumkin. Har qanday holatda ham, dono va farosatli musulmon odamlarni haqqa da’vat qilishda bu masalaga qanday yondashishni yaxshi biladi.
Alloh taolodan bizni hidoyat qilib, to‘g‘ri yo‘lga boshlashini hamda oʻzlari adashmaydigan va boshqalarni ham adashtirmaydigan, o‘zlari ham hidoyatda bo‘lib, boshqalarni ham hidoyatga boshlaydigan kishilardan qilishini soʻraymiz.
Bu javob foydali bo’ldimi?